Читать книгу Champo otli ilon - Erkin Malik - Страница 1
Champo otli ilon
ОглавлениеMen sizga Champo voqeasini aytib beraman. Champo deganim bu oddiy ilon. Bu nomni tasodifan o‘ylab topganman. Men bog‘hovlimizda ajoyib va g‘aroyib, zaharli va zaharsiz, uzun-qisqa ilonlar borligini, ularni hech qachon o‘ldirib, bezovta qilib bo‘lmasligini shu yerlik odamlardan eshitar edim. Aslida nafaqat ilonga, pashshaga ham ozor bermasam deyman. Biroq men o‘sha sirli ilonlarni juda-juda ko‘rishni xohlardim. Chunki men o‘z hayotimda ko‘plab ilonlarga duch kelgan, ularning tusi va angori o‘sha yashayotgan muhitiga o‘xshashini ko‘p kuzatgan edim. Keyin hayotimda ilonlar bilan bog‘liq ajabtovur, eslasa odamning eti junjikadigan voqealar ham bo‘lib o‘tgan edi.
Bahor oxirlab, pichanlar o‘rilgan payt. Bog‘hovlimizdagi hali o‘zlashtirilib ulgurilmagan yerlarga ham o‘roq tushgan. Navbatdagi dam olish kuni bog‘hovliga qadam qo‘yar ekanman, pichanlar bir tekis o‘rilib, so‘qmoqlar ochilib qolganligini ko‘rib dilim yayrab ketdi. Bolaligim o‘tgan Bo‘zsuv bo‘ylarini esladim. Ayni pichan o‘rilgan paytlarida ilonlarning ini buzilardi. Har qadamda suv ilonlarini uchratish mumkin edi. Ular shuvillab oyoq tagidan o‘tar va hali qurib ulgurmagan pichan tagiga kirib berkinardi. Ba’zilari pichan ustiga cho‘zilib quyoshdan bahra olardi. Men o‘shanday damlarda ham ilonlarni kam uchratardim. O‘rtoqlarim undoq katta, bundoq katta ilonni ko‘rdim deb maqtanishardi. Bir odamdan ilon yilida tug‘ilganlarning ko‘ziga ilon kam ko‘rinadi. It yilida tug‘ilganlarni it qopmaydi, deganini eshitgan edim. Bundan chiqdi, ilon yilida tug‘ilganlarning ilonlarga aloqasi bor ekan-da, deb o‘ylardim. Ammo bir kuni o‘sha ko‘zimga kam ko‘rinadigan ilonlardan biri… ha, meni zaharlab qo‘yishiga ozgina qoldi. O‘n-o‘n bir yoshlarda edim. Ammamlarning uyida yashardim. Ammamning eri Majid pochcham urushdan yarador bo‘lib qaytgan, tanasining allaqayerida qolib ketgan temir parchasidan azob chekar edi. U kishi o‘sha og‘riq bilan olisha-olisha olamdan o‘tib ketdilar. Ammamlar uch go‘daklari bilan beva qoldilar. Shundan keyin bu yerga kelib qoldim. Ammam kasalxonada ishlar, bir kecha-yu bir kunduz uyda bo‘lsalar, bir kecha-yu bir kunduz ishda bo‘lardilar. Bizning Zoya otliq oq echkimiz bo‘lardi. Sersut edi. Suti ham qaymoqli, shirin. Ammam yo‘q paytlarida echkini sog‘ish, uni kosalarga quyib, chambaraklarga o‘rnatish menga qolardi. Hovlimizdagi omonatgina qurilgan chaylaga to‘rtta chambarak o‘rnatilgan, ular kosalarning katta-kichikligiga qarab yasalgan edi.
Men kichkina chambarakka endigina emaklay boshlagan jiyanim Rixsining ulushini, undan keyiniga esa to‘rt yoshli Ergashning, undan keyiniga olti yoshli Yo‘ldoshning ulushini bir-bir joylardim. Oxirgi kattaroq chambarak meniki edi. Chambarakdagi sutlar kechasi bilan salqinda qaymoq olar, nonushtaga zog‘ora nonni bo‘ktirib mazza qilib yeb olardik.
Navbatdagi shunday nonushtadan keyin men o‘zimni nimagadir boshqacha, lohas seza boshladim. a’zoyi-badanim qizib, havo yetishmayotganday bo‘laverdi. Biroq biror yerimda qattiq og‘riq sezayotganim yo‘q. Jiyanlarimga qarayman: ular qorinlari to‘ygach, men bilan ishlari yo‘q, o‘ynab o‘tirishardi. Shu payt allanarsa meni bo‘g‘a boshladi. Nuqul qo‘llarim bilan o‘sha narsani olib tashlamoqchi bo‘laman, qo‘limga bo‘lsa hech narsa ilinmaydi. Oxiri madad istab qo‘shni hovliga yuzlandim. Mamariza tog‘a ko‘rindilar. U kishi domla edilar. Hovlida katta qanor qopni yo‘rmab o‘tirardilar. Aftidan somon olib kelishga otlangan. Men shoshmasam Mamariza tog‘a hali zamon ko‘k eshagini minib ketib qolishi tayin. Ikki hovlini bir-biridan ajratib turadigan ariqchadan sakrab, tog‘aning yonlariga o‘tdim. Tog‘a meni ko‘rdilar-da, nima deysan degandek yuzimga qaradilar, men u kishiga tovushim bo‘g‘ilib zo‘rg‘a salom berdim va bir amallab g‘alati holatni tushuntirdim.
Tog‘a qanor qop bilan bigizni bir chekkaga qo‘ydilar-da, shoshmay o‘rinlaridan turdilar. Keyin qani qo‘lingni ber-chi, deb bilagimdan bir zum tutdilar. Keyin ko‘zimning oqini ko‘rib:
– Nima yeding? – dedilar.
Men nonushtada nima yegan bo‘lsam o‘shani aytdim.
– Kosadagi sut qayerda turgan edi? – yana so‘radi tog‘a.
– …
Shundan keyin Mamariza tog‘a sal shoshib qoldilar. Qo‘limdan yetaklab hovlimizga o‘tdilar. Men ularga chayla tagidagi chambaraklarni ko‘rsatdim. Tog‘a bir zum chaylaning shox-shabbalari orasiga tikildilar-da, seskanib ketdilar. Seskanganliklarini bilagimni qisib ushlab turgan qo‘llaridan bildim. Ammo men tog‘a qarab turgan joyga qarab hech narsani ko‘rmadim. Aftidan ko‘zlarim ham xira tortib borar, havo yetmayotganidan chuqur-chuqur nafas olardim. Tog‘a yetaklaganicha ariqcha bo‘yiga olib bordilar. Va shu yerda o‘sgan toldan bir necha gavronni sindirib oldilar. Shu payt gavronlar qarsillab yelkamga tushib qoldi-ku! Iye, nimaga?! Tog‘aning qo‘lidan siltanib chiqdimda, qochdim. Tog‘a bo‘lsa meni quva boshladilar. Gavronlar goh yalang‘och oyoqlarimga, goh boshim aralash yelkamga tushib qoladi. Men kechirilmas bir ish qilib qo‘yganimni payqadim. Shunga jazo olardim chog‘i. U kishi har zamonda: “Ahmoq, bachchag‘ar! Yetib olsam go‘shtingni mayda-mayda qilaman”, deb qo‘yardilar. Jiyanlarim mening bu holimni ko‘rib, hang-mang bo‘lib qolishgan. Men hovli bo‘ylab tinimsiz yugurar, tog‘adan o‘zim bilmagan gunohim uchun yolvorib kechirim so‘rardim. Bu orada men ham, tog‘a ham terga botib, hansirab qoldik. Men boyagi azobni ham unutib, oxiri yiqilib qoldim. Ammo qahri qattiq tog‘a bas qilay demas edi. Kaltakdan qutulish uchun yana turib qocha boshladim. Endi men og‘zimga kelgan so‘zlar bilan tog‘ani bo‘ralab so‘kardim. Tog‘a battar jahl bilan meni quvar, gavron tegmagan joyim qolmagan, hamma yog‘im lovullab yonar edi. Oxiri yerga yotib qoldim. Tog‘a ham bir ahvolda yonimga cho‘kdilar. Duo o‘qib, dam soldilar. Men urganlari nimasi-yu, dam solganlari nimasi deb jig‘ibiyron edim.
– Qani, – dedi u kishi. – Ko‘zingni och-chi?
Men jahl bilan boshimni chetga burdim.
– Senga aytyapman? Ko‘zingni och! Yo, yana kaltak yeging kelyaptimi?
Men shundagina tog‘aning bu savalashlari va duo o‘qishlarida bir sir borligini angladim-da, tog‘aga itoat qildim. Tog‘a ko‘zimning paxtasini ag‘darib ko‘rdilar-da: “Ha, bo‘pti”, dedilar xotirjam. Keyin muloyim tikilib:
– Bundan keyin chambarakka sut qo‘yganda, albatta, ustini yopib qo‘y. Ilon sut ichaman deb zahar ham solib ketibdi. Yaxshiki anovi jiyanlaringni kosasiga tegmapti. Xudo saqlabdi.
Men qushdek yengil bo‘lib qolgan edim. Lekin azoyi badanim kuygandek jazillardi. Tog‘a yana dedilar:
– Bir yomonning bir yaxshisi, endi seni ari ham, iskabtoparlar ham chaqmaydi, mazza qilib yurasan. Uncha-muncha ilonning zahri ham zahmat yetkazmaydi. Shunaqa!
Endi bilsam rahmatli Mamariza tog‘a o‘shanda mening tanamdagi ilon zahrini xivchin-u va ter bilan haydab chiqargan ekanlar.
Ilonlarni qandoq qilib yeganimiz haqida
O‘sha yili qishlog‘imizga allaqanday tilini anglab bo‘lmaydigan ozg‘in, qoracha odamlar ko‘chib kelishdi. Kattalarning aytishicha, ular xitoyliklar ekan. O‘sha tomonlardan surgun qilinibdi. Surgun qilinganlar kimningdir bo‘sh uylariga, yerto‘lalariga, omborxonalariga joylashishdi. Bechoralarning na ko‘rpa-to‘shaklari, na qozon-tovoqlari bor. Qishloq odamlari ana shu zarur narsalar bilan ularning turmushini to‘kis qildilar. Kirdi-chiqdi, bordi-keldi boshlandi. Biz esa bolalari bilan o‘ynar edik. Ularning bolalari ko‘proq qishloqdagi dastyori yo‘q xonadonlarning mollarini boqishga yollanishdi. Biz har kuni Bo‘zsuv bo‘ylariga mollarni haydab ketardik. Avvallari dalada choy qaynatib ichish, dasturxon tuzash degan narsalarga e’tibor bermas ekanmiz. Xitoylik bolalar kelgach, tush paytida ham mollar yonida qoladigan bo‘ldik. Ular orasida bitta ozg‘in, uzun bo‘yli, hamma ish qo‘lidan keladigani bor edi. Biz oshpaz deb chaqirardik. U ba’zan bizga o‘sha dalani o‘zida hammaning sigiridan oz-ozdan sog‘ib, shirguruch pishirib berardi. Allaqanday o‘tlardan choy damlab ichirardi. Ammo bir kuni u boshqacha bir ovqatga urinib qoldi. Bizlarni ilon tutib kelishga buyurdi. Ilon tirik bo‘lishi kerak. Shirguruch tayyorlaydigan guruchimizni esa doka ro‘molga tugib, buloq suviga tashlab qo‘ydi. Ko‘p o‘tmay, bolalar uzun-qisqa ilonlarni tutib kelishdi. Oshpazimiz ulardan eng uzun, eng semizini tanlab oldi-da, boshqalarini qo‘yib yubordi. Keyin haligi katta ilonni non to‘rvaga solib bir chekkaga qo‘ydi. O‘zi esa o‘tlab yurgan sigirlardan oz-ozdan sut sog‘ib ola boshladi. Hatto, mening echkimdan ham sog‘ib oldi. Sutni har kuni choy qaynatib ichadigan qorni katta, og‘zi kichik mis qumg‘onga quydi. Keyin to‘rvadagi ilonni oldi-da, buloq suviga bir-ikki chayib, boshini qumg‘on ichiga tiqdi. Ilon jon-jon deb qumg‘onga kirib ketdi. Sal o‘tmay ilonning boshi qumg‘onning og‘zida ko‘rindi. Oshpaz qopqog‘ini yopib qo‘ydi. Keyin bizga o‘choqqa o‘t yoqishni buyurdi. O‘zi esa buloqdagi guruchni olib keldi-da, namagini rostlash uchun tuz sepdi va yaxshilab aralashtirdi. Shundan keyin oshpaz ko‘zani o‘choq ustiga qo‘ydi. Olov gurillab yona boshlagan edi, pastroq yoqishga buyurdi. Keyin qumg‘onning qopqog‘ini ko‘tardi. Ilon sapchib chiqmoqchi bo‘ldi. Ammo u qo‘lidagi sopi uzun yog‘och qoshiqcha bilan boshiga bir urgan edi, ilon yana sut ichiga sho‘ng‘ib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Qumg‘ondagi sut asta-sekin isiy boshlagani sari ilon tashqariga chiqish uchun boshini qumg‘ondan chiqarar va og‘zini kappa-kappa ochar edi. Shunda oshpaz ivitilgan muzdek guruchni uning og‘ziga epchillik bilan qoshiqchada sola boshladi. Ilon bu yoqimli muzdek luqmani mazza qilib yutar, yana-yana degandek to‘xtovsiz og‘zini ochardi. Ilon qancha og‘zini katta ochsa, oshpaz uning og‘ziga shuncha katta luqma tashlardi. Biz uning imo-ishorasi bilan olovni tezlatdik. Ilonning harakatlari ham, oshpazning harakatlari ham tezlashib ketdi. Nihoyat, doka ro‘moldagi guruch ham tugadi. Sut qaynashga kelib vijilladi-yu, ilon oxirgi marta og‘zini karrakdek ochib cho‘kib ketdi. Men o‘shanda ilonlarning og‘zi judayam katta ochilishini, uncha-muncha jo‘jalarni ham yutib yuborishi hech gap emasligini sezgan edim. Oshpaz sut ko‘zadan toshib chiqadigan bo‘lsa, suv quyib taftidan tushirib turdi.
Nihoyat oshpazning ishorasi bilan olov yoqishni to‘xtatdik. Oshpaz qizib turgan mis ko‘zani nam latta bilan ushlab g‘ir-g‘ir shamol esib turgan salqin joyga eltib qo‘ydi. Shundan keyin biz mollarni salqin joyga qantarib, tushlik qilishga shoshildik. Hammamizning fikri yodimiz mis ko‘za ichidagi ilonda. Nazarimizda ko‘zada guruch aralash ilon bo‘tqa pishgan edi. Lekin buni yeyish haqida hech qaysimiz o‘ylamasdik. Bir-birimizga “eysanmi” desak, “ey”, deb aftimizni bujmaytirar edik.
Odatdagidek, dasturxon yozildi. Kim obi non, kim zog‘ora non, kim chavati nonni o‘rtaga qo‘ydi. Oshpaz mis ko‘zani ushlab ko‘rib, sovuganini bildi-da, dasturxon yoniga ko‘tarib keldi. Piyolalarga ko‘zachadagi sutni taqsimlab quya boshladi. Sut ko‘kimtir tusga kirgan, yuzida tangadek-tangadek sap-sariq yog‘ tomchilari suzib yurardi. Xitoylik bolalar piyolaga quyilgan narsani huzur bilan xo‘play boshladilar. Ular shunday bir rohat tuyishardiki, beixtiyor biz ham piyoladagi nasibani qo‘limizga olib, ta’mini ko‘ra boshladik. Men ham shunday qildim. Tavba, men birinchi xo‘plamdayoq tuflab tashlasam kerak deb o‘ylagan edim. Ammo tomog‘imdan qanday o‘tib ketganini sezmay qoldim. U sal sho‘rtangroq, ammo eritilgan sariyog‘dek mazali edi. Men shu paytgacha bunaqa mazani birinchi marta his qilib turardim. Haligi narsani hammamiz pok-pokiza ichib oldik. Shundan keyin oshpaz urina-urina ilonning bosh tomonini qumg‘onning og‘ziga to‘g‘riladi-da, ovqat-cho‘p bilan qisib, tashqariga torta boshladi. Ular ana shunaqa ikkita cho‘p bilan ovqatlanishga usta edilar. Bundoq qarasak ilon biz o‘ylaganchalik bo‘tqasi chiqmapti. U qumg‘on ichidan bus-butun sirg‘alib chiqa boshladi. Va nihoyat, dasturxonga boyagi uzunlikdagi ilon emas to‘mtoqqina bir hasip qo‘yildi. Hammamiz har tomondan ilonning ustidagi yaltirayotgan po‘stlariga, to‘mtoq dumiga va xandon pistaning og‘zidek ochilib qolgan og‘ziga hayrat bilan qarardik. Oshpaz cho‘ntagidan ip chiqardi-da, bizni sanagandek ko‘z yugurtirdi. Va ipda bir xil o‘lchamda tugunchalar hosil qildi. Biz o‘n ikki kishi edik. Ipda o‘n ikkita tuguncha paydo bo‘ldi. Keyin haligi ipni ilonning ustiga qo‘ydi-da, o‘tkir pichoq bilan har bir tugun orasini bir xilda kesib chiqdi. Kesilgan bo‘laklarni oldimizga bir-bir qo‘ydi. Endi ko‘z oldimizda ilon emas, balki oddiy hasip turardi. Biz bu taomni qandoq yeyishni bilmas edik. Oshpaz o‘z nasibasini namoyishkorona qo‘liga oldi-da, uning ustidagi piyoz po‘stidek yupqa terisini osongina shilib tashladi. Keyin ikki qo‘llab yer ekan, “oh-oh” degandek boshini sarak-sarak qilib qo‘ydi. Boshqa xitoylik bolalar ham xuddi shunday qilib yeya boshlashdi. Qornimiz och edi… Shunday qilib birinchi marta xitoylik do‘stlarimiz bilan ilon hasip yedik. Hasip mazali va yog‘li edi. O‘sha kuni biz kechga dovur ochiqmadik. Ammo ilon hasipni ikkinchi marta yeyish nasib qilmadi. Bu voqeadan xabar topgan qishloq kattalari shovqin ko‘tarib, kelgindilarning uyiga bostirib borishdi. Ilon go‘shti harom ekan. Kelgindilar o‘g‘illarini tutib olib, rosa kaltaklashdi…
Men o‘z tomorqamizga olib boradigan so‘qmoqdan borar ekanman, ana shu voqealarni bir-bir xayolimdan o‘tkazardim. Vaqt o‘n ikkiga yaqinlashib, kun qizigan sari hammayoqni pichan hidi tutgan. Men qo‘shnimiz Berdirahmatning uyi yonidan o‘tib, hovlimizga burildim-u, xashak ustida yotgan kamarga ko‘zim tushdi. Pichan o‘ruvchilarniki qolib ketibdi-da, olib qo‘yay, kelishsa beraman deb shu tomon yurdim. Buni qarangki, kamar deganim uzunligi bir qulochcha keladigan qora chipor ilon edi. Uning tanasi pichan ustida-yu, boshi ko‘rinmasdi. Ko‘nglimdan jonivorni o‘roqchilar bilmay o‘rib yuborishibdi-da degan o‘y kechdi. Hali zamon Berdirahmatning sho‘x, to‘polonchi o‘g‘illari kelib qolsa, o‘takalari yorilmasin deb ilonni bir chekkaga olib qo‘ymoqchi bo‘ldim. Uning dumidan ushlaganimni bilaman birdan jon bitib, menga daf qilib qoldi-yu.Tirik ekan. Men ilonni qo‘yib yuborsam ish chappasiga ketishini angladim. Uni dast yuqoriga ko‘tardim. Ilonning gavdasi og‘irlik qilib, to‘lg‘ona boshladi. U jon-jahdi bilan siltanar, tanasini goh cho‘zib, goh qisqartirib qo‘limdan chiqishga urinardi. Ilon zaharli edi. Uning boshidagi qo‘shuv alomati shundan darak berardi. Men tasodifiy bu holdan hayron bo‘lib raqibimni nima qilishim kerakligini o‘ylab qoldim. Qo‘yib yuborsam, Berdirahmatning bolalariga biror-bir zarar yetkazishi mumkin. Chunki ular mana shu joylarda shataloq otib o‘ynab yurishardi. Bilmasdan bosib olishsa bormi! O‘ldirsammikin? Ha, boshini tutga bir ursam majaqlanadi. Ko‘mib yuboraman. Bu fikrimdan darhol qaytdim. Ilonlar qasoskor bo‘lishadi, deb eshitganman. Nima qildim endi…
Men ilonlar o‘z o‘rdasi – ini atrofidagina yashashini, uni boshqa joyga eltib tashlansa avvalgi joyini topib kelolmasligini eshitgan edim. Shuning uchun bu kutilmagan “tashvish”ni ko‘targancha, bog‘hovlidan chiqdim-da, asfalt yo‘lning narigi yog‘idagi soy bo‘yiga eltib tashladim. Yana shu yo‘l bilan izimga qaytar ekanman, o‘zimdan o‘zim mamnun edim. Ilonni o‘ldirmadim, buning ustiga bolalarni xavf-xatardan qutqardim. Harholda bu yerlarda ehtiyot bo‘lib yurish kerakligini ko‘nglimga tugdim. Shunday o‘ylar bilan boyagi joydan o‘tib borar ekanman, hayratdan qotib qoldim. Boyagi ilon yotgan pichan atrofida shunaqangi ilon bolalari g‘ij-bij ediki… Ular boshchalarini u yoq, bu yoqqa cho‘zib onasini izlashardi. Shundagina bildimki, ilon pichan ustida bekorga yotmagan, bolalari uni qora tortib atrofda sayr qilib yurishgan. Onalari birdan yo‘qolib qolgach… Mana endi izlashyapti…
Men xol qo‘yaman deb, ko‘z chiqarganimni payqadim. Ha, ilonlarning ini buzilgan edi. Ular uzunligi bir-bir yarim qarich keladigan qora, chipor ilonchalar edi. Hammasining uch burchak boshchasida “biz zaharlimiz” degan qo‘shuv alomatlari bor. Men qilgan ishimdan ko‘p pushaymon chekardim. Biroq endi kech edi. Xavotir olib bog‘ etagiga ko‘z tashladim. Shu tobda Berdirahmatning bolalari kelib qolishsa bormi? Ikkinchi bu yerlarga qadam qo‘ymasliklari aniq. Chunki bu qo‘rqinchli manzara ularning naq tomorqasida bo‘layotgan edi-da.
Xayriyat, Berdirahmatning bolalari bu hafta dalaga chiqishmadi. Ilon bolalari tarqalib ketdimi yo o‘rdalariga kirib joylashib olishdimi, har qalay ko‘rinmay qolishdi. Men bu voqeani hech kimga aytmadim. Keyingi hafta yana bog‘hovliga chiqdim. Yana o‘sha tanish so‘qmoqdan yurdim. Biroq sudralib yuruvchi “tanish”larimni boshqa uchratmadim. Qiziq voqea ertasiga, peshin mahali sodir bo‘ldi. Qo‘shnimiznikiga mehmonlar kelishgan, ularning orasida namozxonlari bor edi. Men namozxonlarni peshin namozini o‘qish uchun salqinroq deb uyga taklif qildim. Ulardan oldinroq ichkari kirib joynamoz to‘shar ekanman, mehmonlar “iye, iye” deganlaricha ostonada to‘xtab qolishdi. Men ularga qaradim. Ularning ko‘zi uy burchagida yalt-yult qilib sirg‘alib borayotgan ilonchada edi. Men ko‘rdim-u:
– Ha, bumi? Bu o‘zimizning Champo-ku, e’tibor bermanglar, o‘rgatilgan, – dedim.
Bu so‘z qanday qilib miyamga kelib qolganiga, hatto ilonchaga Champo deb nom topila qolganligiga hali-hanuz hayron bo‘laman. Albatta, men bu gapni mehmonlarni xotirjam qilish uchun aytdim. Ammo ular mening gapimga shu zahotiyoq ishonishdi va tinchlanishdi. Chindan ham namozni xotirjam o‘qib tugatdik. Mehmonlar xayr-xo‘shlashib chiqib ketishdi. Ammo Champo mening xayolimdan ketmagan edi. Uni izlay boshladim. Topdim ham. Champo burchakda, kulcha bo‘lib jimgina yotardi. Men uning bu yerga qanday qilib kirib qolganini tusmollay boshladim. Yoz bo‘yi eshiklar ochiq turadi. Demak, u eshikdan kirgan. Bundan buyog‘iga, eshik yopib yurilmasa, ish chatoq… Men Champoni zo‘rlab chiqarib tashlashga shoshilmadim, o‘zi qanday kirgan bo‘lsa, shunday chiqib ketsin dedim. Buning ustiga Champo bilan ovora bo‘lgulik holim yo‘q edi. Charchab, uyqu bosib kelardi.
– Sen, – dedim Champoga esnab, – bu yerda uzoq yotmagin, ana kirgan eshiging ochiq turibdi. Izzating borida chiqib ket. Men biroz uxlab olay.
Champo xuddi gaplarimni eshitganday bir qo‘zg‘alib qo‘ydi. Tashqari qizdirar, uy ichi salqin, shundoqqina karavotga cho‘zildim-u dong qotdim. Bir soatlar chamasi uxlab, tiniqib ko‘zimni ochdim. O‘rnimdan turar ekanman, Champoni esladim. Uning yotgan joyiga qarasam, yo‘q. Hartugul yana karavot taglarini, u berkinishi mumkin bo‘lgan shubhali joylarni ko‘zdan kechirdim. Taxminim to‘g‘ri chiqqan ekan. U qanday adashib kirgan bo‘lsa, shunday chiqib ketganligiga ishondim. Bu voqeani uydagilardan yashirdim. Oradan bir oylar chamasi vaqt o‘tdi. Tomorqada ishlab yursam, uyda baqiriq-chaqiriq bo‘lib qoldi.
– Ha, nima gap?
– Ilon… Nevarangiz ko‘ribdi, qo‘rqib ketdi!
– Ha, umi? U Champo-ku. Qo‘rqmanglar, o‘zimizni ilon. Axir uy bo‘lgandan keyin iloni ham bo‘ladi-da…
Shunday deyman-u, yana eshikni bilmay ochiq qoldirganimizni, yana ilon salqin joy izlab uyga kirib olganligini anglayman. Ammo “o‘zimizning Champo-ku, uy bo‘lgandan keyin iloni ham bo‘ladi-da”, degan gaplarni behuda aytganimni keyin payqadim. Chunki hech kim uyga kirmay qo‘ydi. Men katta-yu, kichik xonalarni burchak-burchaklarigacha, hatto, etik, tuflilarning ichigacha qaradim. Ilondan darak yo‘q. Faqat bir joyda sichqonning iniga ko‘zim tushdi. Taxminimcha ilon shu kovakka kirib ketgan edi. Qattiq loy olib kelib kovakni suvab tashladim. Ammo kechgacha uyga kirib chiqish bilan bog‘liq ishlar mening zimmamda qolib ketdi. Bir kulaman, bir achchiqlanaman. Axir ilon arqonmidiki bir yerda yotsa. Unga ham jon kerak. Agar o‘sha kovakka kirib ketgan bo‘lsa, qaytib chiqolmaydi, yo boshqa yoqdan yo‘l topadi. Kalamushga duch kelib qolsa, sho‘ri quriydi.
Biz yoz paytlari uyda yotmas, tashqarida – so‘rida uxlardik. Bomdod namozini o‘qigach, bog‘ aylangani chiqdim. Bu taraflarda tong juda chiroyli bo‘ladi. Avval bir-biriga qalashib ketgan tog‘ o‘rkachlari ustiga shaftoli guliga o‘xshash harir bir parda – ro‘mol tashlanadi. Keyin u asta-sekin qizarib, lovullay boshlaydi. Sal o‘tmay qoyalar uchi oltinday tovlanib, ko‘zni qamashtiradi. Ana shunaqa dabdaba bilan quyosh chiqib keladi.
Men qandaydir ish bilan uyga kirganimda quyosh nurlari deraza osha uy ichini munavvar qilib turardi. Nur tushib turgan bo‘yradek joyda ko‘zimga bir narsa yalt-yult qilgandek bo‘ldi. Qarasam ilon! Ha, kattagina. Ey, tavba deyman o‘zimga-o‘zim. Eshiklar yopiq bo‘lsa, bu zahri qotil yana qayerdan paydo bo‘ldi? Ilon meni sezdi-yu, o‘zini karavot tagiga urdi. Men uni kuzata boshladim. Demak, shu tarafda men bilmaydigan biror joyda yotsa kerak-da. Balki karavotning oyoqlariga ilashib ko‘rpani ichiga kirib olar. Ilon mening ta’qib etayotganimni sezardi. U allaqanday qo‘rqinchli tovush chiqarib: “Yaqinlashma, meni tinch qo‘y”, degandek bo‘lardi. Ilon oxiri do‘q-po‘pisam bilan karavot tagidan chiqdi-yu, xona o‘rtasidagi fanerning tagiga kirib g‘oyib bo‘ldi. Qo‘rquvdan seskanib ketdim. Fanerning ustiga sholcha solingan bo‘lib, men uning ustida namoz o‘qirdim. Fanerni qabarib, yerga yopishmayroq qolgan joyi bor edi. Ilon, sezishimcha, o‘sha yerga kirib joylashib oldi. Men yana shuni angladimki, bu tasodifiy ilon emas, balki bundan bir yarim oylar muqaddam ko‘rganim – Champo. U shuncha vaqt ana shuning tagida yashagan, uyga to‘kilgan ushoqlar, pashsha va chivinlarni yeb ulg‘aygan. Xayolimda bu Champo deganim onasini adashtirib kelganligim uchun o‘ch olay, deb uyga kirgan va asta-sekin ulg‘ayib, zaharga to‘lishini kutayotgan qasoskorga o‘xshardi. Kim biladi, u qachon mendan qasos oladi? Axir men shuncha vaqt uning ustida namoz o‘qib kelgan edim-da. Niyatim buzildi. Tashqaridan ketmon ko‘tarib kirdim. Bu ishlarni imi-jimida, shovqinsiz qilardim. Oldin sholchani ko‘tardim. Keyin fanerni. Aytganimdek, men taxmin qilgan yerimda ilon uzala tushib yotardi. Ketmonning yuzi bilan dumidan ezdim. U ajabtovur kattarib kuchga kirib qolgan edi. Joni og‘ridi shekilli, o‘zini ketmon dastasiga bir-ikki urdi. Men ketmon yuzini uning silliq qop-qora tanasida yurgizib naq bo‘yniga olib keldim. Champo yolvorgandek, og‘zini ochib, tilini chiqardi. O‘zicha bir nimalar demoqchi bo‘ldi. “O‘ldirma, men senga shu paytgacha tegmadim-ku”, degandek bo‘lardi. Bir ko‘nglim uniyam bir yoqlarga eltib adashtirib kelay dedim. Lekin ilonni tushda ko‘rsang ganj, o‘ngda ko‘rsang yanch, degan naql xayolimga keldi-yu, bir zarb bilan boshini uzib tashladim. Keyin ketmon yuzida ko‘tarib, kecha ilon deb vahima ko‘targanlarga bir-bir ko‘rsatdim.
– Mana, ilonni o‘ldirdim. Endi uyga kiraveringlar.
Ammo o‘zimning toshbag‘irligimdan nafratlanib ketdim. Axir menga va menga o‘xshash allaqancha shaharliklarga bu go‘zal maskanlar o‘z bag‘ridan joy bersa-yu, biz uning boyligi bo‘lgan jonivorlarini mana shunday bitta-bittalab o‘ldiraversak. Champoni ko‘mar ekanman, xayr Champo, meni kechir, dedim. O‘zimning ovozimdan o‘zim cho‘chib ketdim.
O‘zim chaqirgan mehmon…
Yana bir ko‘rgilik uy shiftiga faner qoqishdan boshlandi. Uy tomini yopish paytida men bitta xatoga yo‘l qo‘ygan edim. Mustahkamroq bo‘lsin deb, lo‘mbozgacha tut, tol shoxlarini bosgan edim. Biroq ularning po‘stlog‘ini shilmagan ekanman. Shilinmasa yog‘ochga qurt tusharkan. Tun-u kun tinishmaydi. Qitir-qitir… Uyni un elagandek qipiqqa to‘ldirishadi. Ba’zan vahmim keladi. Bu yeb to‘ymaslar to‘sinlargayam o‘tib ketsa-ya…
Qilmagan dorim qolmadi. Isiriq, mingdevona tutatdim, bari bir bo‘lmadi. Shunda kimdir faner qoqishni maslahat berdi. Har qalay, qurtdan qutulmasak ham qipiqdan qutulamiz-ku.
Faner bitdi. Uy ham binoyidek chiroyli bo‘lib qoldi. Buni qarangki, oradan ko‘p o‘tmay qurtlar tinchidi. Bu ko‘zga ko‘rinmas mitti yog‘ochxo‘rlarga ham yorug‘lik, toza havo kerak ekan-da.
Lekin undan ham battarroq tashvish boshlandi. Faner orasini sichqon bosdi. Ha, bu joy ularning o‘yin maydoniga aylandi-qoldi. Bu g‘alamislar yong‘oqmi-ey, bodommi-ey, ishqilib shunga o‘xshagan bir narsalarni dumalatib u yoqdan-bu yoqqa chopishadi. Jo‘r bo‘lib shundoq chiyillashadiki, uxlab bo‘lmaydi. Endi ko‘z ilinganda gumbura-gumbur… Cho‘chib ketasan. Qo‘l yetmas joyga kirib olgan bu maxluqlarni la’natlashdan nariga o‘tolmaysan. Na qopqon va na sichqon dori qo‘yib bo‘ladi. O‘sha joyda o‘lib qolsa bormi… uyda yashab bo‘ladimi? Ana mashmasha-yu mana mashmasha!
O‘ylab o‘yimga yetolmayman. Dalahovliga dam olgani borib, horib-charchab qaytaman. Shunda xayolimga bir fikr kelib qoldi. Kimdandir, kalamush bor joyda sichqon bo‘lmaydi, degan gapni eshitgan edim. Ajabo sichqon kalamushdan qo‘rqarmikan?..
Uyimiz orqasidan ariqcha o‘tar, unda-bunda kalamushlar ko‘rinib qolardi. Suv bor joyda bu jonivor bor-da. Bir qaraganda beozor, hurkak, ziyon-zahmatsizday… Go‘yo o‘z kunini o‘zi ko‘rib yashaydigan jonivor. Kalamush meni sichqon balosidan qutqaradigandek, astoydil uni qidira boshladim. Tomimizga egilib o‘sgan bir tup achchiq bodom bor edi. Mevasini dori uchun terib olardim. Ana shu bodom tagida kalamushning ini borligini sezib qoldim. Va uni poylay boshladim. Oradan sal o‘tmay o‘tlar orasida kattagina, biqqigina kalamush ko‘rindi. Junlari yaltirab, tovlanardi. Kalamush suvsiz ariqqa sho‘ng‘idi-yu, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Lekin uni qanday tutaman-u qanday qilib fanerning ichiga olib kiraman? Kalamushlar ham yirtqichlar toifasiga kirishini, tishlari pichoqdek keskir bo‘lishini o‘qigan edim. Hayvonlar haqidagi bir kitobda kalamushlar och qolgan paytlarda odamlarga ham hujum qilishini yozibdi. Ular nuqul odamning qulog‘i va burnini mo‘ljalga olar ekan. Uning so‘lagida shunday bir modda bor ekanki, tegishi bilan o‘sha joy muzlab sezgini yo‘qotar ekan-u, qichisha boshlarkan, kalamush o‘sha a’zoni kemirishga tusharkan. Uyqudagi odamga bu xuddi qichigan joyni qashlagandek xush yoqarkan.
Xullas, kalamushni qanday qilib chordoqqa olib chiqish haqida bosh qotira boshladim.
Xo‘sh, qandoq qilib? Shu payt kalamushning o‘zi “mana bundoq qilib” degandek, bodom tanasidan o‘rmalab, uning ustiga yugurgilab chiqib ketdi. Ey, qoyil! Ana u, shoxdan-shoxga osongina o‘tib unda-bunda qolib ketgan achchiq bodomlarni pastga tushira boshladi. Keyin pastga tushib, bodomlarni iniga tashmalashga tushdi. Shu payt xayolimga bir fikr keldi. Bodomga chiqqan kalamush shoxlar oralab tomga chiqolmaydimi? Buning uchun uni chiqishga majbur qilish kerak. Birdan-bir yo‘l – uni bodom mevalaridan mahrum qilish. Shoxlardagi mevalarni qoqib, terib oldim. Bu ish kechga dovur cho‘zildi. Kechasi ozgina unni xamir qildim-da, achisin deb, sirkaga bo‘ktirdim. Ertasiga erta bilan xamirni chigitday-chigitday qilib daraxtning tomga engashgan shoxiga bir qarich-bir qarich masofada yopishtirib, chordoqqacha olib kirdim. Biroq ishimdan biror natija chiqishiga ishonmasdim. Tushgacha pana yerda poylab o‘tirdim. Kalamush nimagadir ko‘rinmadi. Axiyri toqatim toq bo‘lib, bor-e, dedim-da aylangani toqqa chiqib ketdim. Kechga tomon uyga qaytdim. Qaytdim-u, daraxtdagi boyagi xo‘raklarga e’tibor qildim. Bari joyida turibdi. Hatto qushlar ham qayrilib qaramabdi. Sirkaga o‘ldirib bekor qildim shekilli? Shu kuni qo‘shnimiz Sharifjon biznikida tunaydigan bo‘lib qoldi. U shu paytgacha temir vagonchada yotib yurardi. Havo sovib, temir uychaga kirib bo‘lmay qolibdi.
– Marhamat, – dedim men, – uxlay olsangiz, anavi karavot sizniki.
U menga hayron bo‘lib qaradi. Men sichqonlardan shikoyat qildim. U shiftga qarar ekan, uy qurganda shu tomonini ham o‘ylab ko‘rish kerak ekan-da, deb qo‘ydi.
Chindan ham kechasi uyqu bo‘lmadi. Tongga yaqin ikkalamiz ham turib o‘tirib oldik. Tepada allaqanday tushunib bo‘lmaydigan “jang” borardi. Biz fanerning lopillashidan hayron bo‘lardik. Sichqonlar chiyillashdan ko‘ra big‘illashardi. O‘zlarini jon holatda u yoqdan-bu yoqqa urishardi.
– Ha, – dedim suyunib, – niyatimga yetdim. Tuzoq ish berdi. Shu kuni tonggi poyezd bilan shaharga qaytdik.
Keyingi hafta dalahovliga borib, tokchadagi qutilar yerga dumalab tushganligini, quruq choylar to‘kilganini ko‘rdim. Bu kimning ishi bo‘lishi mumkin? Har qalay sichqonning ishi emas bu! Diqqat qilsam, uyning shifti suv quygandek jimjit. Tiq etgan tovush yo‘q. Demak, kalamush sichqonlarni tinchitgach, uy ichiga tushibdi-da. Qayerdan tushdi ekan? O‘h la’nati, burchak joydan fanerni kemiribdi. Yana qayerdan deng? O‘sha burchakda baland tokcha bo‘lib, samovar qo‘yilgan. Samovar shiftga tegib turardi. Yo tavba, deyman o‘zimga-o‘zim. Kalamush shu yerda samovar borligini qayerdan bildi ekan? Nahotki, uning ko‘zlari faner orqasidan ham ko‘ra olsa? Bu jonivor ham ilonga o‘xshab… Shunday deyman-u, bir tashvishimga ming tashvish qo‘shilgandek bo‘ladi. Uyga o‘rganib qolsa-ya. Uni qandoq qilib quvib chiqaraman. Men kalamushni xuddi Champoni qidirgandek hammayoqqa bosh suqib izlab ko‘rdim. Kalamush yo‘q. Xonaga taxtapol o‘rniga zich qilib g‘isht terib chiqqan edim. Kalamush g‘ishtlarni ko‘chira olmasdi. Shunda bildimki, u pastga qayerdan tushgan bo‘lsa, o‘sha yerdan yana chiqib ketgan…
Shu kuni maza qilib uxladim. Na dupur-dupur, na bir shovqin bo‘ldi. O‘zimcha xaloskorimdan minnatdor edim. Tashqarida oy to‘lgan, uning oppoq nurlari xona ichkarisini munavvar qilar, sokinlik kishi ruhini allalab, uyqu elitgandan elitar edi. Ajabo, mana shunaqa osoyishta tunlar ham bor ekan-ku. Avvaliga yog‘ochxo‘r qurtlar qitir-qitiri, keyinigi sichqonlar dupur-dupuri, e, ha… Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘ deganlari shu bo‘lsa kerak-da.
Kelgusi hafta dalahovliga borgach, dahlizga kirdim-u, atrofga alangladim. Tinchlik! Bu safar tokchadagi narsalar ham joy-joyida turibdi. Ammo ikkinchi xonaga o‘tdim-u hang-u mang bo‘lib qoldim. Uy o‘rtasiga kimdir bir dunyo tuproqni uyib tashlagan edi. Kimdir deganimcha bor. Bunchalik mashaqqatli ishni faqat odam bolasigina qilishi mumkin edi. Tavba, bu kimning ishi bo‘ldi? Men toshotar jinlar, uyga o‘t qo‘yadigan jinlar haqida eshitgan edim-u, lekin tuproq uyadigan jinlar haqida eshitmagan edim. Hayron bo‘lib tuproq uyumini sinchiklab ko‘zdan kechirdim. Men zich qilib tergan g‘ishtlar qimir etmagan. Beixtiyor shiftga qaradim. Shift ham joyida. Tuproq uyumidan bir qadam nari o‘tganimni bilaman, oyog‘im tagidagi yer surilganday bo‘ldi-yu, o‘zimni o‘rada ko‘rdim. Hayratdan bir zum o‘zimni yo‘qotdim-u, darrov es-hushimni yig‘ib oldim. Tavba, bu ahvolda uy ham bosib tushishi mumkin-ku? Nahotki, bu kalamushning ishi bo‘lsa? Shunda ko‘zim devor bilan g‘isht orasidagi kovakka tushdi. Bu kalamushning ishi edi.
O‘zi bog‘hovliga biroz tobim qochib, toza havo istab kelgan edim. Mana sizga toza havo! Tizzamgacha tuproqqa botib o‘tiribman. G‘ishtlarni birin-sirin ko‘chira boshladim. Endi kechagina do‘st bo‘lib, bugun haqiqiy dushmanimga aylangan raqibimni qidiraman. Qani endi ko‘zimga ko‘rinsa-yu, g‘isht bilan bir urib, bir yo‘la qutula qolsam. Xayolim uyning devorida. Yaxshiyamki tosh terib ustiga beton quyilgan, bo‘lmasa qulab tushishi hech gap emas.
Hayron bo‘laman. Nimaga buncha tuproqni qazidi ekan? O‘zimcha o‘ylayman. Hoynahoy u sichqonning izidan tushgan. Ularni yeb go‘shtiga o‘rganib qolgan. Mening nafsim balodir, yonar o‘tga solodir, deganlari shuda… Nazarimda tuproqni qayta shibbalay turib kalamushni ham shibbalab tashlagandek edim. Ana endi o‘zidan ko‘rsin.
Ikki kundan keyin uyga qaytdim. Voqeani tanish-bilishlarga aytsam biri ishondi, biri ishonmadi. Xayolimning allaqayerida sichqonlar sendan o‘chini olyapti, degan bir ishora bor edi. Chindan ham men yomg‘irdan qochib, do‘lga tutilgan edim. Eng alam qiladigani bu bosh og‘riqni o‘zim o‘ylab topgan edim. Nima qilardim kalamushni sichqonga tezlab. Ular ham bir kunini ko‘rayotgan edi. Taraqlatsa, uyquni buzsa nima qilibdi? Qayerda tinch hayot bor o‘zi?! Odamzod shunaqa besabr. Shukr qilmaydi.
Kelgusi hafta yana xavotirlanib bog‘hovliga bordim. Ko‘nglimni xira qilib turgan narsa dahlizga kirishim bilan o‘zini ko‘rsatdi. Endi oldingidek tuproq uyumi o‘choq oldida uyulib yotardi. Ha, men dahlizga ota-bobolarimiznikiga o‘xshatib, mo‘rili o‘choq qurgan edim. (Bu haqda keyinroq bafurja to‘xtalaman.) Shoshib katta xonaga qaradim. U tarafda tinchlik. Ajabo, bu tuproq endi qayerdan chiqdi ekan. Bu yalmog‘iz tamoman uyimni qulatib tinchiydiganga o‘xshardi. Shularni o‘ylab tursam bog‘hovlining qorovuli Boymurod aka kelib qoldilar.
– Anakka, – dedi u tuproq uyumiga ko‘zi tushib, – uyingizga kalamushlarning poshshosi kirib qopti. Sizni ko‘chiradiganga o‘xshaydi. Qarang qilgan ishini.
Men beixtiyor burchak tarafga qarab hayron bo‘lib qoldim. U yerda ikki chelak piyoz va yana shuncha kartoshka bor edi. Bir donasiyam qolmabdi. Qizarsin deb deraza tokchalariga terib qo‘yilgan pomidorlar ham “tinchibdi”.
Oldingi va hozirgi voqealarga endi tushuna boshlagan edim. Kalamush katta xonani kovlaganda mana shu narsalarni olib kirib, qishga g‘amlashni o‘ylagan-u, ulgurolmagan. Mana endi, dahlizdan yangi o‘ra ochib o‘z niyatiga yetibdi. Bu safar u yer tagiga o‘choq ichidan yo‘l topgan edi. Men qo‘limga kosov olib g‘ishtlarni asta-sekin ura boshladim. Oldingidek o‘raga tushib ketishdan qo‘rqdim. Uch-to‘rt g‘ishtning tagi gumburlab ovoz berdi. Demak, kalamush yasagan o‘ra shu yerda. G‘ishtlarni asta ko‘chira boshladim. Birozdan so‘ng ko‘z oldimda shunday manzara paydo bo‘ldiki, aqlim shoshib qoldi. Bu yer shunchaki o‘raga o‘xshamas edi. To‘rt burchakli shinamgina uychaga o‘xshardi. Ha, qizchalar xola-xolakam o‘ynaydigan uycha! Uychaning bir burchagiga piyoz uyulgan, ikkinchi burchagida pomidor, yana bir burchagida kartoshka. O‘rtaga kir qozonsochiq to‘shab qo‘yilgan edi. Qani endi bu manzarani suratga olsang? Hammasi batartib, faqat uy egasi kalamushxon ko‘rinmasdilar.
Men asta piyoz va kartoshka, pomidorlarni terib oldim. Shunisi ajablanarliki, birortasi ham zaxa bo‘lmagan edi. Bari bus-butun. Demak, kalamush ularni qo‘llari bilan buyoqqa olib kirgan. Tishidan zaxm yetsa ular chirishi, uzoq saqlanmasligini biladi.
Kalamushning qilib qo‘ygan bu ishlaridan goh hayratga tushib, goh jahlim chiqib, yana ishni o‘rani shibbalashdan boshlayman. Men bu aqlli jonivorni o‘tgan safar yerga ko‘mib ketdim, deb o‘ylagan edim. Afsuski, yanglishgan ekanman. Mana hozir ham u hech yerda ko‘rinmadi. Mening kelishimni bilgan. Qayerdandir kuzatib turibdi.
Bunday qaraganda raqibimning ishlariga tan berganim bilan bari bir uning o‘ylagan ishi bo‘lmayotganligidan befarosat, degim kelardi. Axir uyning egasi keladi-ku, bu qilayotgan ishim befoyda-ku, deya olmas ekan-da bu jonivor.
Kalamush deganlari bu safar ham meni ko‘p xayollarga toldirdi va charchatdi. Yozda pol o‘rniga chiroyli qilib terilgan g‘ishtlarimning tartibi buzildi. Baland-past bo‘lib qoldi.
Shaharga qaytar ekanman, bu ko‘rinmas dushmanimdan qanday qilib qutulish yo‘lini izlay boshladim. Qiziq, ikki kecha tunagan bo‘lsam, tiq etib qo‘ymadi-ya. Qilib qo‘ygan ishidan xijolatdamikan? Yana bir shumlikni o‘ylab yotibdimikan?
Kalamushdan qutulishning birdan-bir chorasi uni zaharlash edi. Shahardagi dorixonalarning biridan dorisini topdim-da, bog‘hovliga yo‘l oldim. Bu safar ikkala xonaning ham tartibi buzilmay, o‘rni-o‘rnida turardi. Nahotki kalamushdan qutulgan bo‘lsam? Biroq suyunchim uzoqqa bormadi. Taxmon tarafga ko‘zim tushdi-yu, yana avvalgidek holni ko‘rdim. Bu yirtqich endi xuddi shunday ishni taxmonda amalga oshirgan, tuproqni sandiq yoniga uyib tashlagan edi. Kechga dovur kalamushning bu ishiga e’tibor bermadim. Ko‘rsam ham ko‘rmaslikka oldim. Kechqurun ozgina piyozdog‘ qilib, doriga aralashtirdim-da, yelim xaltaga solib, tuproq uyumi yoniga qo‘ydim. “Ko‘p ishlab yubordingiz, tamaddi qilib oling”, dedim zaharxandalik bilan. Tun bo‘yi yelim xalta qitirlab chiqdi. Erta turib qarasam, kalamush o‘ziga qo‘yilgan luqmani to‘yganicha yegan-u, qolganini ham kovakka olib kirib ketmoqchi bo‘lgan. Ammo olib kirolmagan, kuchi yetmagan. Zahar ta’sir qilgan. Yana bir kun taxmonning tagini shibbalash bilan ovora bo‘ldim.
Osmondan tushgan Oqtosh
Oqtosh haqida yozish xayolimga ham kelmagan edi. Bog‘hovlidagi Champo, kalamush fojialari bir-biriga ulanib ketib, beozorgina jonivor – Oqtoshniyam joniga jabr bo‘ldi-yu qo‘limga qalam olishga to‘g‘ri keldi. Keling, yaxshisi bunisiniyam bir boshdan boshlay qolay.
U paytda hali kulbam qurilmagan, Champo-yu kalamushlar bilan bog‘liq hangomalar boshlanmagan. Bog‘hovlini shoir Aziz Abdurazzoqdan sotib olgan kezlarim… “Sotib oldim” deyapman-u, ustozga xiyonat qilayotgandekman. “Yer sotilmaydi ukam, u Allohning mulki”, dedilar u kishi. Biz sotib olish deganda tomorqaning gir aylanasidagi sim devorlarni, kattagina so‘ri, yog‘in-sochinli kunlarda asqotadigan brizent chodir, ketmon, cho‘kichlarni pulga chaqdik, xolos. “Bu joylarni obod qilishga kuchim yetmadi ukam, ko‘taray desam ketmon mendan og‘ir, yerning umrini o‘tkazib, qarg‘ishiga qolib yurmay”, deb bog‘hovli bilan xayrlashdilar Aziz aka. Shu bo‘yi boshqa qaytib kelmadilar.
Shunday qilib, Yaratganning marhamati bilan qo‘lga kirgan yangi joyni o‘zimcha sarishtalagan, uni-buni nari-beri surgan bo‘ldim. So‘rini soyaroq deb, qari tutning tagiga oldim. Simto‘rdan eshikcha yasab, qulflanadigan qildim, inson zoti borki, o‘zi shunaqa: chekiga bir nima tushdimi, bas, qulf uradi, it bog‘laydi, qorovul yollaydi. Aslida bog‘da qo‘lga ilinadigan narsaning o‘zi yo‘q. Yer o‘zlashtirilmagan ham. Unda-bunda ekilgan nihollarni ham ajriq, chirmoviq o‘rab yotibdi.
Navbatdagi shanbalardan birida borsam eshigim tagida bir notanish it yotibdi. U meni oldindan taniydigandek sakrab turib, peshvoz chiqdi-da, har xil qiliqlar qila boshladi. “Keldingmi, ja qopketding-ku”, degandek tumshug‘ini cho‘zib, o‘z tilida guvrandi. Qorovulning iti bo‘lsa kerak, Aziz akaga o‘xshatyaptimi, deb ko‘pam e’tibor bermay ishga tushib ketdim. Vaqt g‘animat. Yuz chaqirim joyga kelib-ketishning o‘zi bo‘lmaydi. Yer demagan zarang. Baquvvat belkurak, ketmon, lom, cho‘kich, og‘irligi bir pud keladigan bosqon kerak. Bo‘lmasa, bir qarich joyni ham ochib bo‘lmaydi. Bundan tashqari ozroq sabr, fildek kuch kerak. Aziz akada hamma narsa bo‘lgan-u, o‘sha oxirgisi bo‘lmagan. Yerning tosh-metinligi yetmagandek ajriq ildizlari naq o‘qlog‘idek bo‘lib ketgan. Buyam kamdek, har qulochda bitta tosh, bitta xarsang chiqib turadi. Tosh bundog‘roq bo‘lsa, cho‘kich bilan osongina qo‘porib olaman. Katta bo‘lsami, atrofini aylantirib kovlash kerak. Ana undan keyin bir pudli bosqon ishga tushadi. Ajabo, ba’zi toshlarda inson qo‘l izlarini ko‘rib qolaman. Qachonlardir bu toshlarga kimlardir ishlov berib, taroshlagan, yo‘ngan… Boshimni ko‘tarib, xayolga tolaman, bu joylar qanchalar qadim-a… deya uzoq-yaqinlarga tikilaman. Vah, yorug‘ olam bor ekan-u. Atrofimdagi go‘zallik meni o‘ziga rom qilib qo‘yadi. Hammayoq yam-yashil. Tog‘lar usti do‘lana, qizil olcha, yovvoyi olmalar bilan qoplangan – o‘rmonzor. Undan narida serviqor baland tog‘larning yalang‘och qovurg‘alari ko‘rinadi. Undan ham narida esa qorli cho‘qqilar… Ha, tog‘lar sobit, ularni Allohim yerga qoziq qilib qoqib qo‘ygan. Necha-necha asrlardan beri bu buyuk tog‘lar inson zotining g‘imir-g‘imirini hov o‘sha yuksakdan turib, jimgina kuzatadi.
Xayol yana ham nariga olib ketadi. Ajabo, qadimda sement, temir-beton degan narsalar bo‘lmagan. Shularsiz ham odamlar yashagan. Binolar poydevoriga jo‘ngina qilib, manovi toshlarni terishgan. Sinchli yoki paxsadan devor qilib, ustini yopishgan, vassalom. Mabodo imoratlari puturdan ketib, yangilash kerak bo‘lib qolsa, shundayla yiqitishgan-da, toshini yangi uyning poydevoriga, yog‘ochlarini kam-ko‘stiga yaratishgan. Kim biladi, hozir men kovlab olayotgan toshlar ham ne qo‘llardan o‘tmagan, ne uylarga poydevor bo‘lmagan. Men nechanchisidirman. Shunaqa, ota-bobolarimiz jo‘ngina, soddagina uylar qurib ham yashab o‘tishgan.
To‘g‘ri, zilzila, suv toshqinlaridan katta-katta shaharlar xarob bo‘lib, odamlar yashab turgan joylarini tashlab, bo‘lak manzillarga ketishgan. Shaharlar o‘rni tepaliklarga aylanib, o‘t-o‘lanlarga burkanib, avvalgi dovrug‘idan nom-u nishon qolmagan. Bunga Afrosiyob, Choshtepa, Dalvarzintepa, Ellikqal’a, ko‘hna Urganch va boshqa joylar misol bo‘la oladi.
Qiziq, nimaga biz ajdodlarimizga o‘xshab jo‘ngina yashashni xohlamaymiz? Nimaga o‘zimizga-o‘zimiz yangidan-yangi tashvishlarni sotib olaveramiz. Qayerdan ham shu sement degan ofat o‘ylab topildi ekan? Umrning yarmi uy qurish bilan o‘tadi. Sement, g‘isht, shifer, tunuka deb chopganimiz-chopgan.
Shunday deyman-u, bog‘hovlining bir chekkasiga betondan poydevor qurishni o‘ylayman. Keyin chiroyli beton yo‘lakchalar. Axir qo‘shnilarim shunaqa qilib qo‘yishgan-da. Ulardan qolib, qayoqqayam borardim.
Shunaqa, biz odamlar o‘zimizni deb yashamaymiz. Qo‘shnilarim nima derkin, deb yashaymiz. Beton yo‘lkalarni tugatib, beton hovuzlarga o‘tamiz. Bo‘lmasa, ikki qadam narida Chirchiq daryosi hayqirib oqib yotibdi. Undan teparoqda Chorvoq suv ombori. Yo‘q, har birimizning o‘z chirchig‘imiz, o‘z suv omborimiz bo‘lishi kerak…
Xayol daryosida oqib, mazza qilib ishlayotuvdim, ko‘z tegdi. Boyagi notanish it tuyqusdan akillab, o‘ylarimni to‘zg‘itib yubordi.
Qarasam, qorovul. Ancha narida men tomonga kelolmay “ana xolos”, degandek serrayib turibdi. It uni hadeganda bu yoqqa yo‘latmoqchi emas. Bundan chiqdi it qorovulnikimas ekan-da. Unda kimniki bo‘ladi? Ajabo, bu it nimaga mendan yotsiramadi? Aziz aka itimam bor deb qo‘ymagan ekanlar-da. Qo‘limdagi belni yerga sanchib, intiq bo‘lib turgan qorovul tomon yurarkanman, o‘zimcha itga hukm o‘tkazmoqchi bo‘ldim:
– Jim bo‘l-e…
Ajabo, itning chakagi o‘chib, boshini eggancha nari ketdi. Boymurod aka bilan ko‘rishib, hol-ahvol so‘rashdik.
– Itingizniyam obkepsiz-da, – dedi u “yaxshi qipsiz” degandek iljayib. U kishining itga ishqivozligini bilardim. (O‘zi bu hamma qorovullarga tekkan kasal bo‘lsa kerak.)
– Ha, “Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir bog‘lar dumiga”, deganlaridek hali boshpanam yo‘g‘-u, itimniyam obkeldim, – deya Boymurod akani ishlayotgan joyimga boshladim. Bilaman, u kishi odamga zor. Bizlarni u bir haftada bir ko‘radi. Boshqa paytlarda huvillagan bog‘hovlida bir o‘zi qolib ketadi. Bola-chaqasi daryoning narigi yog‘ida. Bechora gapini eshitadigan odam topsa bir xumordan chiqib oladi. Mana endi Boymurod aka gap beraveradi, men “innay kegin”, deb ishlayveraman. Boymurod akaning bir gap xaltasi ochilib ketsa bormi, to‘xtatib bo‘lmaydi. Qirq yil podachilik qilgan. Tog‘ma-tog‘ yurib, umri o‘tgan. Molni tuyog‘ining iziga qarab yoshigacha, nechta tuqqanigacha, hatto, egasigacha aytib bera oladi. Yoppiray, bu karomat-ku, deymiz yoqa ushlab. Ba’zida podadan ajrab qolgan daydi sigirlar qo‘radan hatlab o‘tib, tomorqalarimizni payhon qilsa, kaltaklab ham haydab chiqarolmaymiz. Yo biz shaharliklar durustroq kaltaklashni bilmaymiz, yo sigirlar shaharlik deb nazar-pisand qilishmaydi. Shunaqangi surbetki… Bunday paytda Boymurod aka uzoqdan bo‘lsayam hay-haylab qo‘ysa bas, dumlarini xoda qilib qochib qolishadi. Ovoziyam miltiqning o‘qidekda, o‘zi!
Boymurod aka qazib chiqarilgan katta tosh ustiga cho‘kib, o‘ngi-tersi bilinmay ketgan do‘ppisini tizzasiga qo‘ndirib, yarim kal boshini ancha vaqt hafsala bilan silab o‘tirdi. Men gapni nimadan chuvatsam ekan degan o‘yda zarang yerga hali belkurak, hali lom uraman. Peshanamdan marjon-marjon ter quyiladi. Shu payt Boymurod aka ming‘irlab bir nima dedi. Ishdan to‘xtab, u kishiga qaradim.
– Gapirdingizmi, Boymurod aka?
U kichkinagina chinoq qulog‘iga ko‘rsatkich barmog‘ini tiqib, silkitar ekan huzurdan ko‘zlari qisilib, dedi:
– Itingizni otini so‘rayapman?
Ol-a, topgan gaplarini-chi? Shoshib qoldim. To‘g‘risini aytib qo‘ya qolay dedim-u, qitmirligim tutdi. Xuddi “oting nimaydi” deb so‘rasam aytib beradigandek itni qidirib qoldim. Hozirgina shu yerda edi. Qayoqqa g‘oyib bo‘ldiykin?
– Itim ko‘rinmaydimi?
– Ana, – dedi Boymurod aka qo‘li bilan ishora qilib, – yotibdi-ku!
E, ha, yerdan chiqarib tashlagan oppoq toshlarning orasida yotganigami tusini darrovda ajratolmay qolibman. E’tibor qilmagan ekanman, itning rangi oppoq ekan. Dabdurustdan tilimga kelgan so‘z shu bo‘ldi:
– Oqtosh!
Ilonga “Champo” deb ot qo‘yishim ham shunaqa dabdurustdan bo‘lgan, tilimga kelib qolgan edi. Boymurod aka:
– Anak-ka-a-a, – deb do‘ppisini boshiga qo‘ndirib, hayrat bilan o‘rnidan turib ketdi. U kishi itimni endi ko‘rayotgandek tikilganicha qoldi. Oftobda qoraygan, etsiz yuzlarida uqib bo‘lmas bir ifoda bor edi. Mitti ko‘zlari yiltillab, naq Oqtoshni teshvoray derdi. O‘zimam hayron bo‘lib itga qarab qolibman.
– Buni qarang-a, ha-ha… – dedi Boymurod aka shang‘illab, – bu dunyoda oppoq itlaram bo‘lar-kan-a? Bay-bay-bay, paxtadaqa oppog‘-a, jonivor. Boya paqqos e’tibor qimappan. Qarang-a, otiyam o‘zi bilan ekan – Oqtosh! Ha, endi, o‘qimishli odamsiz-da ming qilsayam, mulla.
Zil-zalvor lomni gursillatib yerga urar ekanman, kulgim qistaydi. Oppoq bo‘lsa nima qipti? Oq it, qora it bari bir it-da. Tavba, o‘qimishlimish, itga nima aloqasi bor buning? Sodda odamlar-da. Bizni nuqul avliyo sanab, har ishimizdan bir hikmat qidirishadi. Bitta avliyo menmi? Birovning itini o‘zimniki deb, kap-katta odamni laqillatib o‘tiribman. Oshqozonida kasali bo‘lmaganida allaqachon otangiz yaxshi, onangiz yaxshi deb qo‘liga lomni tutqazib qo‘yardim. He, o‘rgildim o‘qimishli mug‘ambirlardan. Yana bitta o‘qimishlisi raisimiz Dadaxonmi? Uni qilgan ishini eshitgan odam uch kun yotib kuladi. Qarang Boymurod akani ishga solib, tomorqasiga tarvuz-qovun ektiribdi. Tog‘ joyda qovun-tarvuz bo‘maydi desa, siz ekovrung, u yog‘i bilan ishunguz bo‘masun, depti namanganchalab. Qovun-tarvuzlar palak otib, hosili mushtdek-mushtdek bo‘lib, bez bo‘lib turaveribdi.
Dadaxon urdu tilini bilgani uchunmi Pokiston-u Hindistondan Toshkentga mehmonlar kelib qolsa, tilmochlik qilib turadi. Ayniqsa, pokistonliklarga. Ora-chora Pokistongayam qadamranjida qilib turadi. U yoqda katta-katta davralarda bo‘ladi. Villalarda ziyofat yeydi. U yoqlarda xizmatkorlar bisyor. Ayol xizmatkorlar ayollarning atrofida parvona, erkak xizmatkorlari erkak sohiblarning har bir ishorasiga zor. “Dadaxon sohib, sizda ham villa bordir”, deb so‘rab qolishadi ular gap orasida. Dadaxon sohib, albatta, Chorbog‘dagi “villa”sini kiftini keltirib maqtaydi. O‘zbekistonga kelib qolishsa, jon-jon deb villasiga olib borishga va’da beradi. Dadaxonning “villasi” rostdanam ajoyib. O‘zimizning baxmaldek mayin bedalarimiz turganda, kirpining tikaniga o‘xshash, mol yemaydigan ajnabiy o‘tlar o‘sadi. Sap-sariq bo‘tana suvlarni buloq suvi deb toshlar orasidan shaldiratib oqizib qo‘ygan. Ajnabiy mehmonlar oldida shavla ketsa ketsin, obro‘ ketmasin-da, a, labbay!
Bir kuni Dadaxon kechki payt shoshib kelib qoldi. Mashinaning orqa kapotini ochdi-da, katta-katta ikkita qovun bilan ikkita tarvuzni olib, Boymurod akaga tayinladi:
– Manovilarni oborib, qovunni qovun palagining ichiga, tarvuzni tarvuz palagining ichiga qo‘ying. Qarang, yana almashtirvormang-a…
– Anakka, xomini obsizmi, – deydi Boymurod aka qovun-tarvuzlarning dumiga e’tibor qilib.
– I-i-i, dumugo tegmong, dumugo, dumu ertaga ish beradi-ya. Shu dumliguni topaman dab, bozor aylanovrib, oyog‘im qabardi.
Dadaxon iziga qaytar ekan, Boymurod akaga yana tayinladi:
– Ertaga pokistonluk mehmonlar keladi. Kelunungiz bilan shatta bo‘lung. Ha, bundoq tuzukroq kiyinub olunglar, hayitga kiyadiganlarudan bor-ku, o‘shanaqasudan. Mehmonlarnu olduda uyalib qolmayn tag‘un.
Ertasiga Dadaxon sohibning “villasiga” ikkita yengil mashinada mehmonlar keladi. Tog‘larni, go‘zal tabiatimizni ko‘rib, bosh barmoqlarini ko‘rsatib “voh” deb yuborishadi. Dadaxon oshga unnaydi. Chunki Pokistonda oshni o‘z qo‘lim bilan damlayman, xizmatkorlarimga ishonmayman, deb va’da berib qo‘ygan-da. Boymurod aka yelkasiga sochiq tashlab, erkaklar qo‘liga suv quygan. Kelini bo‘lsa ayollar xizmatida. O‘zbekchilik, mehmon kutishni o‘rniga qo‘yishni yaxshi bilishadi baraka topkur qaynota kelin. Mehmonlar “villa”dagi har bir ko‘ringan narsani bilgilari keladi. Ularni Dadaxon sohibning qo‘lbola “buloq” suvlari qiziqtirib qoladi.
– Dadaxon sohib, nimaga bu suv sap-sariq?
Bu paytda podadagi sigirlar ariqning boshiga suv ichgani tushishgan, tirroqlashib, suvni xo‘p bulg‘atishgan bo‘ladi.
Dadaxon sohib bo‘sh kelmaydilar:
– Bizzi tog‘larumiz ma’danga juda boy, janoblar, Mendeleyev jadvalidagi hamma elementlar bor. Bu judayam shifobaxsh, tarkibida serovadarod-oltingugurti bor suv. Oshqozon, ichak kasalluklariga koni foyda. Teridagi toshmalarnuyam bir zumda yo‘qotadu. Hov narida “Oqbuloq ota” degan bulog‘imiz bor. Uni rangi sutdek oppoq. Tarkibida kumush moddasi bor.
– Bu sariq suvingiz qanday ichiladi, Dadaxon sohib, – deya qiziqishlari tobora ortadi mehmonlarning.
– Oddiy suvni ichgandek ichilaveradu, janoblar.
– O‘zingiz ko‘rsatib bering, biz ichmoqchimiz, Dadaxon sohib, – deya shaylanib qolishadi mehmonlar.
– Kechirasuzlar, janoblar, meni oshqozonum soppa-sog‘-da, ichishga hecham ehtiyojim yo‘q.
– Shunday bo‘lsayam-da, bilasiz-ku, bizda mezbon boshlab bermasa mehmon tuz totmay o‘tirovradi.
– Bizdayam shunday, janoblar va xonumlar, odatlarumiz deyarli bir xil aslida.
Dadaxon noiloj sigirlar jo‘natgan sharbatdan hovuchida olib ichib ko‘rsatadi. Mehmonlar ham “tabarruk” suvdan ichishadi va zo‘r deya bosh chayqab qo‘yishadi. Buni kuzatib turgan Boymurod aka nimalar bo‘layotganiga tushunmay ko‘ngli aynib, nari ketadi.
Ana undan keyin antiqa, chinni laganlarga osh suziladi. Mehmonlar hayron, osh yesinlarmi yo laganni tomosha qilsinlarmi? Bilishmaydiki, laganlar antikvar do‘konidan ijaraga olib kelingan. Bunaqasi villalik mehmonlardayam yo‘q.
Oshdan keyin navbat qovun-tarvuzlarga keladi.
– Obchiqing, – amr qiladi Dadaxon sohib Boymurod akaga.
Boymurod aka tomorqaga kirib, bittadan qovun bilan tarvuzni qo‘ltiqlab chiqadi. Buni ko‘rgan kelinining aqli shoshib qoladi. Nahotki, qovun-tarvuzlar shunchalik bo‘lgan bo‘lsa-yu, bola-chaqamiz bilan ko‘rmagan bo‘lsak!
Mehmonlar qovun va tarvuzlarning bunaqa dodasini ko‘rishmagan ekanmi, hayratdan biri olib, biri qo‘yib ushlab ko‘rishadi. Dadaxon tantanavor bir harakat bilan, qovun bilan tarvuzning dumini uzib oladi-da, pichoq tortadi. Maqtab-maqtab yeyishadi.
Nihoyat, Dadaxon sohibning “villa”sidagi mehmondorchilik nihoyalaydi. Mehmonlar Dadaxon sohibning “xizmatkor”lariga minnatdorchiliklar bildirishib, xayrlasha boshlaydilar. Shunda Dadaxon sohib yana Boymurod akaga amr qiladi:
– Dehqonchulukdan obchiqung.
Dadaxon sohib qovun bilan tarvuzni mehmonlarning mashinasiga joylaydi. Ular shunaqangi suyunishadiki, go‘yo Dadaxon sohib ularga to‘n kiydirib, qo‘y yetaklatib yuborgandek…
Boymurod aka tushmagur ana shunaqa qip-qizil nayranglardanam bir hikmat qidiradi. Nimagaki biz o‘qimishli odamlarmiz. Qing‘ir ishlarimizam bu kishining ko‘ziga allambalo bo‘lib ko‘rinaveradi.
Shularni o‘ylab, odam degan shunchaligam sodda bo‘ladimi, deb Boymurod akaga qarayman. U kishining fikri-yodi itimda bo‘p qolgan. “Itim”ni sovg‘a qilvorsammikan, degan o‘y ko‘nglimdan kechadi.
– Itim sizga yoqib qoldi-a? – deyman kulib.
– Erkakmi, urg‘ochimi?
Qah-qah otib kulib yuboraman. Kasalni yashirsa, isitmasi oshkora qiladi, deganlari shu bo‘lsa kerak-da. “Itim”ning bunaqa tomonlariga e’tibor qilmagan edim. Endi ochiqdan-ochiq shumlikka o‘tdim.
– Sigirlarni qanaqaligini tuyoq izidan bilaman deysiz, itniyam biling-da, – dedim sir boy bermay.
Boymurod aka hamon serrayganicha tik turar, Oqtoshga tikilib bir nimalarni xayol qilardi. U cho‘ntagidan qoq non chiqardi-da: “Ma, Oqtosh”, deb engashganicha yerga tashladi. Jonivor ochiqqan ekan, nonni u jag‘idan bu jag‘iga o‘tkazib, qitirlatdi-yu, yutib yubordi. “Yana bormi” degandek labini yalab, ko‘zlarini o‘ynatdi.
– Urg‘ochiykan, – dedi Boymurod aka. – Bilasiz, bu yerga qanaqasini obkelishniyam.
– Sizga ma’qul bo‘lsa bo‘pti-da, Boymurod aka. Ana, qattiq non bilan bo‘lsayam do‘stlashib oldinglar.
– Yo‘q, – dedi Boymurod aka keskin bosh chayqab, – bu itingizga butun boshli qo‘y so‘yib bersamam menga el bo‘lmaydi. Bu itingiz uncha-muncha itlardanmas, – dedi Boymurod aka kutilmaganda.
– Gapingizga tushunolmadim, – deya navbatdagi toshni qo‘porib, nari olib qo‘ydim. Belim og‘rib qaddimni bazo‘r rostladim.
Boymurod aka bir xo‘rsindi-da, ishimni zimdan kuzatgan bo‘lib gapira ketdi:
– Sizga aytsam u paytlarda yurtning podasini boqardim. Odamlar elamaydi-yu, ammo podachilik og‘ir ish. Issiqni – issiq, sovuqni – sovuq demaysan-da. Jalalarda qolib ketasan. Qochadigan joy yo‘q. Sovuqqa chalinib qolganman. O‘pkamga o‘tib ketgan. O‘lar holatga kelganman. O‘shanda it yog‘i yedirishgan menga. Bu it o‘shani bildi.
– Opqoching-a, hash-pash deguncha sizam duppa-durust yozuvchi bo‘p qopsiz, Dadaxon sohibdan yuqibdi, – deyman huzur qilib kulib. – U kishidan uzoqroq yuring, bunaqada…
– Shu-da, ishonmaysiz, – astoydil xafa bo‘lib, yuzini teskari burdi Boymurod aka.
– Itti yog‘ini kecha yoki bugun yemagansiz-ku, axir.
– Ha, yo‘-o‘-o‘, qachonlar bo‘p ketdi-yu. Unda Poti-Zuram yangi tug‘ilgan, chaqaloq edi. Mana, yigirmaga kirishdi. Yigirma yil bo‘p qoptiya, qarang, xuddi kechagidaqa. O‘ladigan odam men yuribman hali, ikki o‘rtada soppa-sog‘ yurgan xotinim o‘lib ketdi. Rahmatlik yaxshi ayalidi.
Men bahaybatroq xarsang toshga duch kelib, halidan beri bir joyda depsinib yotardim. Peshanamdagi terni sidirib, Boymurod akaning gapini shunchaki safsataga yo‘yib, gapni ataylab chuvatdim:
– Yigirma yil narida yegan it yog‘ingizni shu it biladi deng? Qoyil, ayting-chi, shu itga qancha yosh berasiz?
– Ko‘rinib turibdi, yoshigayam yetmagan, hali qochmagan shekilli-a? – talmovsiradi Boymurod aka.
– U tomonlarini qo‘yaturing. Siz hozir bitta savolimga javob bering. Bu it tug‘ilmasidan oldingi yigirma yillik narsalarni qattan biladi-a?
– Biladi-da, mulla biladi. Xudo bildiradi. Ana, itingizni ko‘ziga qarang. Qo‘yib bersangiz xo‘pam meni g‘ajilasa. Siz bilan munday qaymoqlashib o‘tirishimam unga yoqmayapti. Mayli, nima bo‘lgandayam urg‘ochi ekan, shunisi yaxshi.
– Urg‘ochisi yaxshi deng, men bo‘lsam itning erkagi yaxshi bo‘ladi deb yurarkanman, – deya ish bilan kuymanaman. Boymurod aka “Xudo bildiradi” degandan keyin anovi gapga ko‘nib qo‘ya qoldim. Yarim beligacha ochilgan toshni bosqonlab uqalab olmoqchi bo‘ldim.
– Nariroq o‘tiring, tosh sachraydi, – dedim Boymurod akaga.
– Shoshmang, – dedi u o‘rgatgan bo‘lib, – bu toshni qandoq qilib maydalaysiz, axir, onasini qornida kuchga to‘lib, semirib yotibdi-ku. Ozgina shabadalab, tanasiga oftob tegsin. Ana undan keyin salga o‘zi uvalanib ketadi.
– Qoyil, – dedim, suhbatdoshimga tan berib, – tosham odamga o‘xsharkan-da, tavba.
– Siz nima deb o‘ylovdingiz?
Darvoqe, men nimayam deb o‘ylashim mumkin? Suhbatimiz qovushmay qolgan edi. Biri tog‘dan, biri bog‘dan. Bu kishimning aql-hushini it olib qo‘ygan. Odamam shunchalar itparast bo‘ladimi? Boymurod aka itning yog‘ini yeganman, shuni itingiz bilyapti deb o‘zinikini ma’qullayapti. Men bo‘lsam, ishonmayapman. Yana bu kishi itning urg‘ochisi ma’qul deydi. Men erkagi deyman. Bir zamonlar Sharik degan urg‘ochi itimiz bo‘lardi. Yiliga uch martadan tug‘armidi-ey. G‘anijon amakim kuchukchalarning urg‘ochisini ko‘zi ochilmayoq chuqur qazib, ko‘mib tashlardilar. Anchagacha kuchuklarning ingillashi eshitilib, ustilariga tortilgan tuproq ko‘tarilib-tushib turardi. Qaniydi Sharik boshqa tug‘masa-yu, bu dahshatli, ko‘ngilsiz manzarani boshqa ko‘rmasam derdim. Qayda, bolasini ko‘mib tashlashsayam tug‘averardi. Yana erkagidan urg‘ochisi ko‘p bo‘lardi. Urg‘ochi it yaxshi emas degan fikr o‘shanda kallamga o‘rnashib qolgan. Axir yaxshi bo‘lsa tiriklayin ko‘milarmidi? Nahotki, Boymurod akaning poda boqqandagi barcha bo‘ribosarlari urg‘ochi bo‘lgan?!
– Hov birda aytib bergan bo‘ribosaringiz ham urg‘ochimidi? – so‘radim u kishidan.
– Oling-a, hech mahal urg‘ochi it bo‘ri bosarkanmi? – kuldi Boymurod aka bepisand. – Xo‘p gapirasiz-da.... U kishi qo‘lini yelkasiga o‘tkazib, erinmay, rohatlanib qashindi. Bundan xijolat tortdimi, o‘zini oqlab dedi:
– Podachilik qilib yurgan paytlarim yelkammi so‘na chaqqanidi-da, qiztaloqni tuxumi qop ketganmi, turib-turib yomonam qichishib beradi.
– Urg‘ochi it bo‘ri bosolmasa, nimaga uni yaxshi deyapsiz, – mavzuga buraman suhbatdoshimni.
– Urg‘ochi it poyloqchilikka yaxshi-da. Mana siz itingizni tashlab keting. Shattan bir qaricham nari ketmaydi. Urg‘ochi it ayal kishiga o‘xshab uyparast bo‘ladi.
– Ochidan tirishib qolmaydimi? Uyparastligi yaxshi ekan.
– Be, nasibasini siz bilan mendan yaxshi topib yeydi. Sichqon-u kalamushlar to‘lib yotibdi. Erkak it turmaydi, sang‘ib ketib qoladi. O‘zimizam shunaqamiz-ku, besabrmiz, – qiqirlab kuldi Boymurod aka.
– Mollarni yaxshi bilasiz desam, itlarniyam bilarkansiz, – deya nihoyat u kishiga yon berdim.
– Tavba-a! – deydi Boymurod aka yana nimadandir hayratga tushib. Ha, yana nima bo‘ldi, degandek unga qaradim. – Itingizning dumini kesibsiz-u, qulog‘ini kesmabsiz-da?
Qarasam, chindanam Oqtoshning dumi cho‘ltoq ekan. Payqamaganimni-chi? Ammo o‘zimni oqlashga harakat qildim.
– Ha endi qulog‘i kesilsa, ziyrakligi qatta qoladi?
– Dumi-chi, dumi? – birdan qizishadi Boymurod aka, – dumi kerakmasmi?
– Ha, endi, – deya chaynaldim, – dumning o‘rni quloqchalikmas-da!
– Bekor aytibsiz, dumli it chopag‘on bo‘ladi. Dumsiz it ovga yaramaydi. Keyin bilsayz, itlar burgasini dumi bilan qo‘riydi. Dumsiz itlar erta kunda bit bosib, o‘lib ketadi. Burgasi talab tashlaydi. Bilmapsiz, dummi ishi ko‘p… Xudo bularga bekorga dum bermagan.
– Sigirlar dumi bilan pashsha qo‘rishini bilardim. Itlar ham qo‘rir ekan-da? – dedim cho‘kka tushib ajriq ildizlarini bittalab terar ekanman. Bu la’nati ajriqning tirnoqchasini ham qoldirmay kuydirish kerak. Buyam urg‘ochi itdek ana-mana deguncha ko‘payib ketarkan. Joniyam itning jonidek qattiq. Toshlarni yorib chiqqandan keyin… Shunday qilib mavzuni o‘zgartirmoqchi bo‘ldim.
– It zoti hech qachon dumi bilan burgasini qo‘riy olmaydi. Qanday qilib qo‘risin? – deydi Boymurod aka ezmalanib.
– Qo‘ying, bas qilaylik. Itdan boshqa gap yo‘qmi?
– Bilmasakansiz!
– Nimani?
– Qo‘rishini-da.
– Ey, menga bari bir…
– Mana bunday, mulla. Kun qizigan paytda burgalar ja g‘imirlab qolishadi. G‘imirlashi bilan it oqar suvning bo‘yiga boradi-da, asta-sekin suvga tusha boshlaydi. Burgalar suvdan qo‘rqib, chovlari orasidan tepaga qarab o‘rmalab qoladi. Shundan keyin it tumshug‘ini ko‘tarib, yelkasini suvga botiradi…
Boymurod aka xuddi itga o‘xshab, emaklab ko‘rsata boshladi, men esa angrayganimcha qotdim.
– Shundan keyin burgalar dum tomonga qarab qochishadi, – deya engashgan ko‘yi do‘mpayib turgan orqasiga qayrilib qarab qo‘ydi Boymurod aka. Men o‘xshamagan bu ahvolni chetdan birov kuzatmayaptimi degan xavotirda u yoq-bu yoqqa qarab qo‘ydim. Boymurod aka esa beparvo davom etadi: – Itni fikri-yodi burgani dumga qarab haydash. Ana endi it dumini xoda qilib, butun boshli gavdasini suvga botira boshlaydi. O‘hho‘…G‘aflatda qolgan burgalar suvdan qochib dumning uchiga to‘p bo‘lishadi. Ana shundan keyin jonivor dumini lip etib, suvning ichiga tortib oladi. Burgalar g‘aflatda qoladi-yu suvda oqadi-ketadi. Endi bildingizmi, mulla?
– Bildim, bildim, o‘rningizdan turing, – dedim shoshib, – juda o‘xshatdingiz, xuddi o‘zi bo‘p ketdingiz. Ja-a zo‘rakan, bunaqasini hech qayerda ko‘rmagan edim.
– Shunaqa, – deydi Boymurod aka tizzalarini qoqib o‘rnidan turar ekan. – Xudo hamma narsani bekamu ko‘st yaratib qo‘yibdi. Shuningchun odamlar bo‘lar-bo‘lmasga Xudoning ishiga aralashavurmagani ma’qul.
Men hayron qolganim sari Boymurod akaning gap qopi ochilib borar edi.
– Sizga aytsam, mulla, anovi pul tikib urishtiriladigan itlar bor-ku, aslida o‘shalarning dumi bilan qulog‘i kesiladi. Siz bo‘lsangiz urg‘ochi itning dumini kesib yuribsiz. Shunchaki oliftagarchilikka kesgansizda-a?
– Kechirasiz, – dedim gapini og‘zidan olib, – dumini kesgandan keyin urg‘ochiligini bilib qoldim. Ha, sir boy berish yo‘q bu kishiga.
– Voh-h-h… dumini kesgandan keyin bildim deng, – qotib-qotib kuldi Boymurod aka. – Shunaqasiyam bo‘lib turadi, odam shoshadi-da.
Boymurod akaga qo‘shilib o‘zimam kula boshladim. Xo‘p hangoma bo‘ldimi. Hozir boshimga nimaiki balo yog‘ilayotgan bo‘lsa, bari tilimdan edi. Axir, nimaga birovning itini meniki deb turibman? Hay, mayli, bir yomonning bir yaxshisi. It haqida uncha-muncha bilmaganlarimni bilib oldim. Lekin bitta gap sal o‘rniga tushmay turardi. Uniyam bila qolay deb Boymurod akadan so‘radim:
– Shu deyman itlarning qulog‘i bilan dumini kesmasa, urushqoq bo‘maydimi, bunga nima deysiz?
– Bo‘ladi, shundog‘am bo‘ladiki…
– Unda nima zaril dumi bilan qulog‘ini kesib?
– Itning ikkita jon joyi bo‘ladi, mulla, – dedi suhbatdoshim oxiri bu haqda hech narsa bilmasligimga ishonch hosil qilib, – biri qulog‘i bo‘lsa, yana biri dumi. It qurmagurlar urushganda o‘sha joyning payidan bo‘lishadi. Buni itvozlar bilmaydi deysizmi, ja biladi-da.
– E, yashang, rosa akademik ekansiz-ku, oldingizga tushadigani yo‘q ekan bu sohada, – deb u kishiga yaqin bordim-da, qoyil qolganimni bildirib, yelkasiga qoqib qo‘ydim. Uning xursandligini ko‘rsangiz…
Oq kiyimli shayx
Boymurod aka “endi bo‘ldi”, deb o‘tirgan joyidan qo‘zg‘aldi. Boshqa kelganlarniyam ziyorat qilib, horma-bor bo‘l qilish kerak. Men hozirgi suhbat ta’siridan chiqolmay, qilgan ishimga nazar soldim. Chakkimas, gapga alahsib bo‘lsa ham ikki bo‘yracha yerni ochib qo‘yibman. Boymurod aka ketar jafosiga cho‘ntagidan qoq non chiqarib, Oqtoshga tashladi. Oqtosh nasibani u lunjidan bu lunjiga o‘tkazdi-yu, Boymurod akaning orqasidan akillab chopdi. U kishi “aytmadimmi, bu it bari bir menga el bo‘lmaydi”, degandek menga qarab, kesak olish uchun yerga engashdi.
– Oqtosh! – deb baqirdim. – He, esi yo‘q!
Oqtosh bo‘ynini qisib yonimga qaytdi. Ko‘nglimdan “Nahotki, Boymurod aka haq?!” degan o‘y kechdi-yu, judayam hayron qoldim. Shu daqiqadan Oqtoshga chin egalik mehri uyg‘ondi. Oqtosh endi mening itim, uning otiniyam o‘zim qo‘yib oldim.
O‘sha zahoti Oqtoshni o‘zim uchun olib kelgan nasiba bilan siyladim. Teshik bo‘lsa-da, chog‘roqqina tog‘oracha topdim. Pilik o‘tkazib, teshigini yamadim. Mana endi ovqatlanadigan yalog‘iyam bor. Bitta uycha yasasam bo‘ldi. Buniyam yo‘li topildi. Yerdan qazib chiqargan toshlardan qo‘rg‘oncha qildim-da, ustiga shox-shabba tashlab qo‘ydim. Hozircha bo‘ladi. Qishgacha bir gap bo‘lar.
Tushdan keyin mendan ikki tomorqa yuqorida turadigan va allaqachonoq uy qurib olgan shoir Yo‘ldosh Eshbek kelib qoldi. U shaharda galstuk taqib juda po‘rim bo‘lib yuradi-yu, bu yerga kelishi bilan shayx bo‘lib oladi. Oq ko‘ylak, oq ishton, oq do‘ppi. Oq kiyimning bitta siri bor. Pakana odamni uzun qilib, uzun odamni yanayam alp qomat qilib yuboradi. Yo‘ldosh Eshbek alplar toifasiga kiradi. Oq ko‘ylak-ishtonning yana bir siri mana bunday qora ishlarga odamni tepadan qaraydigan qilib qo‘yadi. Ha, savlat to‘kib u yoqdan-bu yoqqa yurishdan boshqaga yaramay qoladi. Axir oppoq ko‘ylak-ishton bilan terga botib yer ochib bo‘ladimi? Yo‘ldosh Eshbekning uyi katta yo‘lning shundoq bo‘yida. Shayxga o‘tganam ikki bukilib salom beradi, ketganam. Kiyimiga salom beryaptimi, o‘zigami – buning ahamiyati yo‘q. U o‘zi ekkan nihollarning tepasiga borib, soatlab turishi mumkin. Ko‘rgan odam daraxtga dam solyapti deb o‘ylaydi. Unday emas, shayxning ko‘zida shunday bir g‘alati quvvat borki, tikilgan narsasini ko‘kartiradi. Quritadigan ko‘zdan xudo asrasin. Shungami uning bog‘ida o‘t-o‘lanlar shu qadar o‘sadiki, o‘rmon bo‘lib ketadi. Buni qarang, qay kuni uyida tuvakka bitta pomidor urug‘ini tashlab ko‘z nuri bilan tajriba o‘tkazibdi. Tuproqdan endigina bosh ko‘targan niholcha bir kunda shoxlabdi, ertasiga gullab, uchinchi kuni hosil tugibdi. Keyin bola-chaqasi bilan shakarob qilib yeyishibdi. Xullas, Yo‘ldosh Eshbekning omadi kelgan. Ekstrosensligiyam bor. Boshqa sayyoralardan kelayotganlar bilan aloqa o‘rnata oladi. Bir marta jurnalistlarni shu yerga yig‘ib, kelgindilar bilan uchrashuv o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Jurnalistlar, reportyorlar, operatorlar kelishdi. Faqat kelgindilar kelishmadi. Ma’lum bo‘lishicha, zarur ishlari chiqib qolganmish.
Yo‘ldosh Eshbek men taraflarga umuman o‘tmas edi. To‘g‘ri qiladi, qora terga botib ishlayotganlar oldida nima bor, kayfiyatni buzib. Bu yerga dam olgani kelish kerak odam bolasi. Ha, o‘pkani mana bunday to‘ldirib-to‘ldirib nafas olganga nima yetsin. Havosi toza bo‘lsa! Yo‘ldosh Eshbek ana shunaqa o‘ylaydi va bunga qattiq amal qiladi.
Nima qilaylikki, bizning ko‘zimizda pomidor pishirib, daraxtlarni o‘stirib yuboradigan qudrat yo‘q. Quldek ishlaymiz-da.
Yo‘ldosh Eshbek qo‘lini orqasiga qilib, yelkasi bilan yurib viqor bilan salom-alik qilib, ochgan qo‘rig‘imni tepkilab, “shamollatish” uchun qoldirgan xarsang ustidan joy topdi. Elektr poyezdda birga kelgan edik. Vagondayoq menga bir nima demoqchi bo‘luvdi-yu, chalg‘ib gapi og‘zida qolib edi. Jiddiyroq gapi bo‘lsa kerak-da. Qimmatli vaqtini ayamay kepti-ku. Bir hisobda yaxshi bo‘ldi. Boymurod akaga o‘xshab bu kishimam gap berib o‘tirsalar bas, ishim yanayam siljib qoladi.
Aytganimdek, Yo‘ldosh Eshbekning keti toshga tegmay, gapni kelgan joyidan boshlab yubordi:
– O‘sha kuni deng, aka, Xudo bir saqladi-da. O‘lay agar, yolg‘on gapirsam, yigit yoshidaman, sal sizdan istihola qildim, bo‘lmasa… Bir hisobda keb qolganingiz durust bo‘ldi, – deya bundan bir hafta oldingi mashmashani eslatdi.
Biz har doim poyezddan tushgandan keyin bog‘hovligacha anchagina yo‘lni poyi-piyoda bosib o‘tamiz. Yo‘ldosh Eshbek jiyani shoir Rauf Subhon bilan tezlab, bizdan o‘tib ketishib edi. Biz “Chinor” choyxonasiga yetay deganimizda katta ko‘chada birdan olatasir bo‘lib qoldi. Qulog‘imga Yo‘ldosh Eshbekning hayqirig‘i eshitildi:
– Hov mishiqilar, qo‘ylaring uni, zo‘ring bo‘lsang bu yoqqa ke!
Tezlab borsam, mast bolalar Rauf Subhonga tirg‘alib turishibdi.
– Rauf o‘zingni bos, – derdi Yo‘ldosh Eshbek, – qo‘l ko‘tarma, bilasan senga mumkinmas.
Mishiqilarning bittasi birdan Yo‘ldosh Eshbekka tashlanib qoldi. Yo‘ldosh Eshbek uni o‘ziga yaqinlashtirmayoq bir qo‘li bilan yoqasidan tutdi. “Ya-a-a-a” deb mushtini mishiqining iyagiga tirab, shunday ko‘tardiki, naq esxonam chiqib ketdi. Axir bitta odamni bitta qo‘lda azot ko‘tarishni o‘zi bo‘ladimi?! Birdan Yo‘ldosh Eshbekning ko‘zi menga tushdi-yu, mishiqini qayerdandir kelib to‘xtagan yengil mashinaning kapotiga tashlab yubordi. Hammayoq taraq-turuq bo‘lib ketdi. Qarasam, janjal kattalashadigan. Mast bolalarni yalinib-yolvorib chetga tortdim.
– Qo‘yinglar, ukalar, yaxshimas, bir joyda turib… ertaga ko‘z-ko‘zga tushsa… axir biz yozuvchilarmiz-ku, dachaga dam olgani kelyapmiz…
– Yozuvchi! – deya bittasi chayqalib, xayriyat hushyor tortdi, – siz, siz… kimmm…siz?..
– Erkin Malikman… qo‘ya qol uka… Xo‘p de…
– A-a-a-a, – dedi u meni quchoqlab “Shaytanat”, “Shaytanat”! Gap yo‘q, gap yo‘q, zo‘r, zo‘r… Hov, hov deyapman, – deya sheriklarini o‘ziga qaratdi u, – qo‘ylaring, bular o‘zimizdan, – “Shaytanat” deya menga osilgancha yuzlarimdan o‘pdi. – Asadbekka salom… Bizning apoq-chapoq bo‘lib turganimizni ko‘rgan sheriklari birdan bo‘shashdi.
Bezorilar meni Tohir Malik deb o‘yladi shekilli. Lekin nimagadir shu ondayoq ko‘nglimda ularga nisbatan zig‘irchayam gidr qolmadi. Kitob o‘qisharkanda axir…
Men hozir Yo‘ldosh Eshbekning o‘sha paytdagi holatini yana bir marta ko‘z oldimga keltirdim-u, bosh chayqab, unga dedim:
– Jahl chiqqanda odam kuchga to‘lib ketarkanmi, a, Yo‘ldosh Eshbek? Oltmish kilocha boridiyov o‘sha bola?
Yo‘ldosh Eshbekning ko‘zlari kattarib, vujudi shijoatga to‘lib ketdi:
– Menga bari bir edi o‘shanda, aka, oltmishmi, yetmishmi, yuzmi… Zang‘arni shu turishda Chirchiqqa qarab otvormoqchi bo‘lib turuvdim. Sizga ko‘zim tushgandan keyin… bir o‘limdan qoldi bechora. Bo‘lmasa, siz Yo‘ldosh Eshbek deganlari g‘irt jallod ekan-ku, nima qilib shoir bo‘lib yuribdi, deyishingiz mumkin edida-a, aka?
– O‘zi, shu… – deyman Yo‘ldoshning so‘zlaridan zavqim toshib, – sichqonning o‘lgisi kelsa, mushuk bilan o‘ynashadi deganlari rost ekan.
– Xalq dono-da, aka… – entikib qo‘ydi Yo‘ldosh Eshbek.
– Bo‘lmasa kelib-kelib, kimsan Rauf Subhon-u, sizdek odamga tirg‘alishadimi u mishiqilar. Rauf Subhon kimsan qora belbog‘li karatechi bo‘lsa. Qo‘yib bersa unaqalarning mingtasini urar. Nima dedingiz?
– Uradi, urgandayam shunaqangi uradiki, – dedi Yo‘ldosh Eshbek keng yelkasiga yarashgan dumaloq boshini likillatib, – Rauf mening ham jiyanim, ham shogirdim. Sabrli bola, uncha-munchaga qo‘l ko‘tarmaydi. Ammo-lekin o‘sha kuni bezorilarni vaqtida o‘zimga qaratib oldim-da…
– Shunday, shunday. Lekin ulardan bittasi “Shaytanat”ni o‘qigan ekan, bezori bo‘lsayam mehrim tovlanib ketdi. – Ularni insofga keltirgan narsa “Shaytanat” ekanligini negadir Yo‘ldosh Eshbekka aytib o‘tirmadim.
Yo‘ldosh Eshbek boshidan jazirama oftob urib tursayam, ancha gap berib o‘tirdi. Ovozi o‘qdek, quloqni teshay deydi. Yo‘ldosh Eshbek gapirsa karnayning keragi yo‘q. Ba’zan o‘zining bo‘lar-bo‘lmas kuzatishlari bilan qo‘l olishib ketay deb kelgan odamni xit qilib yuboradi. Toqati toq bo‘lgan suhbatdoshi “Bo‘pti, Yo‘ldosh Eshbek, men shoshib turuvdim, keyinroq bafurja-a, gaplasharmiz?”, deydi ming mulohaza bilan. Yo‘ldosh Eshbek bo‘lsa o‘sha-o‘sha beparvo. “Ha… Siz borovring, borovring, yo‘lingizdan qolmang, men gaprovraman”, deydi. Uning bundayin gaplaridan ko‘pchilik hayron bo‘lib, tomi joyidami deb qo‘yishadi. Bilishmaydiki, Yo‘ldosh Eshbekni to‘rt tomonida to‘rtta muakillari bor. U gapirganda muakillariniyam e’tiboridan qochirmaydi. Suhbatdoshi zerikishi mumkin, ammo muakillari zerikishmaydi. Ro‘parasida qo‘l qovushtirib “shunday deng, taqsirim”, deb turaverishadi. Buni ba’zilar bilishmaydi, eng yomoni bilishniyam istashmaydi.
Mening halidan beri jonimni qiynab ishlayotganimga Yo‘ldosh Eshbek endi e’tibor qildimi, jimib qoldi. Uniyam g‘ayrati qo‘zidimi, har tugul “men boray” deb o‘rnidan turdi, xayrlashib, orqa-oldiga qaramay uppa-uzun bo‘lib keta boshladi. Shu payt hayratdan hang-mang bo‘lib qoldim. Oqtosh Yo‘ldosh Eshbekka kelgandayam, ketgandayam Boymurod akaga tashlanganidek tashlanmadi-da. Nomiga bo‘lsayam “ak…” deb qo‘ymadi. Yo oppoq kiyimdaligini ko‘rib “o‘zimizdan ekan” deb o‘yladimikin? Yo tanirmikin? Yo‘ldosh Eshbekni orqasidan to‘xtatib: “Mabodo manovi it sizdanmasmi”, deb so‘radim. Uyam bolaxonador qilib: “Bizdanmas, o‘limdan xabarim bor-u aka, itdan xabarim yo‘q”, dedi. Bundan chiqdi Yo‘ldosh Eshbek it yog‘i yalamagan, it go‘shti yemagan. Agarda shunday bo‘lganda Oqtosh uni tinch qo‘ymasdi. Tavba, qanday qilib bilishi mumkin-a? Ko‘ziga ko‘rinarmikin?
Xullas, bu Oqtosh deganlari yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, ishqilib men uchun bir jumboq bo‘ldi. Hoynahoy bu it nima bo‘lgandayam yaxshi bir odamning tarbiyasini olgan ko‘rinadi. Egasi bilan sayr-u sayohatga chiqqan-u, adashib qolgan bechora. Balki uni ataylab adashtirib ketishgandir. Shaharda nima ko‘p – buzilayotgan uylar ko‘p.
Tungi tashvishlar
Darhaqiqat, Oqtosh tarbiya ko‘rgan it chiqib qoldi. Itlarga o‘xshab suqatoymas. Bo‘lar-bo‘lmasga akillab, asabni buzmaydi. Ertalab Boymurod akaga bir jag‘ urdi-yu, shundan keyin miq etmadi. Kechga dovur u yoq-bu yoqqa ham ketib qolmadi. Tomorqadan nariga chiqmadi. Ko‘z oldimda iskalanib, nari borib, beri kelib yuraverdi. To‘g‘ri, u bilan osh-ovqatni bo‘lashishga to‘g‘ri keldi. Endigi kelganimda Oqtoshniyam g‘amini yeb kelishim kerak. Suyak-sayoqlar itning joni. Biz ularni axlatga tashlab yuboramiz. Bog‘imdagi yaxshi tashvishlar yoniga yana bittasi qo‘shilgan edi…
Bugun kun kech bo‘lganiniyam sezmay qoldim. Quyosh tog‘ orqasiga o‘tib dara ichini ko‘lanka qoplay boshlabdi. Qibla tarafdan muzdekkina shamol qo‘zg‘olgan edi. Kun bo‘yi terlab-pishib ishlaganim uchunmi, yotib dam olishni o‘ylab, huzurlanib ketdim. Allohim qanchalar mehribon. Qur’oni karimda “Va uyqilaringizni rohat qilib qo‘ydik”, deydi. Bu yerda chalg‘iydigan na televizor, na radio bor. Mazzaning mazzasi…
Qorong‘i tushmasdan so‘ri ustiga chodir tikdim. Uning ichiga buklama karavotni yoydim. Kulgili-a, karavot ustida karavot! Ko‘rpa-to‘shaklarni to‘shab, ichiga kirishga tayyor qilib qo‘ydim. Uyi yo‘qning chirog‘i yo‘q deganlaridek, bu tomonlarga hali sim tortilmagan.
Shu payt miyamda nimadir yarq etib ketdi. Ota-bobolarimiz mana, nimaga sog‘lom bo‘lishgan. Yorug‘ning ishlarini yorug‘da bitirib, kech kirishi bilan uxlashgan. Erta yotib, erta turishgan. Kun chiqib yoyilguncha g‘aflat bosib yotishmagan. Biz-chi, ishdan horib-charchab kelamiz, televizorga tikilgancha ovqatlanamiz. Taomni qoringa yedikmi, televizorning ichigami – farqi yo‘q. Nimagadir bunaqa paytda hamma kanallarda ur-yiqit, o‘ldim-kuydim seriallar boshlanadi. Naridan beri ovqatlanib, butun borlig‘imizni televizorga topshiramiz. Go‘yo buni dam olish deb o‘zimizga-o‘zimiz taskin beramiz. Axir ko‘z ham dam olishi kerak-ku. Yurak-chi, yurak? Kinolarning turgan-bitgani yurak o‘ynog‘i bo‘lsa! Kimdir odamlarga kishi bilmas, asal deb zahar yalatayotganga o‘xshaydi. Yana gap-gashtaklarda nimagadir buyuk allomalar tug‘ilmayapti-ya, deb zorlanib ham qo‘yamiz.
Shunaqa gaplar… Toqqa chiqib olgandan keyin pastga qarash oson… Dastlab bu yerda ham uyqimni topolmay yurdim. Ko‘rpaga kirib, chodirning bir chekkasini ochib, osmonga tikilaman. Yulduzlar katta-katta. Xuddi bir terak bo‘yi tepada turganga o‘xshaydi. Shaharda ko‘zingni yirib-yirtib ham bu yulduzlarni ko‘rolmaysan. Minglab mashinalarning dud-bo‘ronlaridan chiqqan gazlardan to‘lin oy ham kasalmand ko‘rinadi. Qarab ko‘zing yayramaydi. Bu yerda-chi, oymoma naq oppoq paxta. Ichidagi obkash ko‘targan odam bo‘lsa, jon bitib, mana-mana chiqib keladigandek. Yana yulduzlar orasida bir yulduzning sirg‘alib borayotganini ko‘rib qolaman. U yulduzmas, sun’iy yo‘ldosh…
Bolaligimda kechalari berkinmachoq o‘ynab yurganimizda, uchar yulduzlarni ko‘p ko‘rardim. “Yulduzlar, hay yulduzlar, bolalar qayga bekindi, aytinglar”, derdik. Birdan yulduz uchib, bir tomonni ko‘rsatardi. Biz o‘sha yoqqa yugurib ketardik, berkinganlarni topib ham olardik. Opoqbuvim yulduz uchishini mana bunday deb ta’riflab bergan edilar: “Shayton osmonning qorniga qulog‘ini qo‘yi-ib, farishtalardan gap o‘g‘irlamoqchi bo‘ladi, yulduzlar toshga aylanadi-da, ha, bachchag‘ar, ket deb uni quvib soladi”. Hozir shayton gap o‘g‘irlashni bas qilganmi yo unga otiladigan toshlar tugaganmi, ishqilib yulduz uchishini tog‘dayam kam kuzataman.
Bugungi tun juda besaranjom bo‘ldi. Yarim kechadayoq qandaydir shovqindan uyg‘onib ketdim. It akillardi. Tog‘da kechalari havo yanayam tiniqlashadi, maysalar-u dov-daraxtlar shudringda cho‘milib, olam shaffoflashadi. Tiq etgan ovoz aks-sado beradi. Itni tanidim, Oqtosh! Yana u shu atrofda emas, bog‘hovlining qaysidir burchagida akillayapti. Ovozi qurg‘ur qo‘ng‘iroqqa o‘xshaydi.
Uyqim o‘chib ketdi. Tavba, kun bo‘yi atrofimdan nari ketmadi. Endi yarim kechada u yoqlarda nima qilib izg‘ib yuribdiykin? Ha, birorta sigir podadan adashib qolib ketgan bo‘lsa kerak. It itligini qiladi-da. Boshimni ko‘rpaga burkayman. Ammo Oqtoshning ovozi tobora asabga tega boshladi…
Nimanidir tiriqtirib quvdimi, shamol ovozini boshqa yoqqa olib ketdi. Xayriyat-e! Ammo bu jimlik uzoqqa bormadi. Yana akillay boshladi. Obbo! Sabr kosam toshdi. Kechasi uxlamaydigan odati bor ekan-ku bu itni. Shahardan bir kun bo‘lsayam tinchgina uxlay deb chiqqan edim. Qorovulning iti xo‘p zo‘r it ekan-da. Na kunduzi, na kechasi xo‘ja ko‘rsingayam “ak” deb qo‘ymaydi jonivor. Tepaning tagida miq etmay yotgani-yotgan. Odatda, bitta it akillasa, boshqasi unga jo‘r bo‘lguchi edi. Qulog‘i karmikan-a? Oqtoshga qo‘shilib nomiga bo‘lsayam akillab qo‘ymasdi u.
Oxiri toqatim toq bo‘ldi. Yotolmadim. Nima qilsam ekan-a? Oy tog‘ orqasiga o‘tib ketgan. Osmon to‘la yulduz biri olib, biri qo‘yib yaraqlashadi. Oqtoshning ovozi naq osmon gumbaziga urilib qaytayotgandek.
Bir ko‘nglim Oqtoshlab chaqiray dedim. Yarim kechada-ya? Shundog‘am namozga azon chaqirsam ba’zilarga yoqmayman-ku. Fikrimdan qaytdim. Ovoz bersam, qo‘shnilar it meniki ekanini bilib qolishadi. Qayerdanam og‘rimagan boshimga Oqtoshni orttirib oldim?!
Yodimga bolaligim tushdi. Karim aka deganlari bo‘lardi. Kolxozning poliziga qorovullik qilardi. Iti zanjirini uzib ketsa: “Kampirlarga turshak, itlarga hushtak” derdi-da, chiyillatib bitta hushtak chalardi. Hushtagi tugamasdan iti oldida paydo bo‘lib qolardi. Meniyam shundan bo‘lak ilojim qolmadi. “Kampirlarga turshak, itlarga hushtak” dedim-da, hushtak chalvordim. Tavakkalda. Voybo‘-o‘… O‘zimning hushtagimdan o‘zim qo‘rqib ketdim. Xuddi osmondan bomba tushib kelayotgandek chiyillab ketdi-da, o‘ziyam.
Poliz qorovuli Karim aka baloni bilar ekan. Hushtak ish berdi. Oqtoshning uni o‘chib, saldayoq shatir-shutir qilib yetib keldi. Hushtagimni taniganini ayting. Bo‘lmasa, yaqin yigirma-o‘ttiz yil orasida hushtak chalganimni eslolmayman. Buning ustiga Oqtosh hushtagimga o‘rganmagan. Bu it meni savdoyi qilib qo‘ymasa edi.
– Bor, kir uyingga, yot! – dedim jahl bilan. Keyin chiqib ketmasin deb omonat eshikni yopib qo‘ydim. Olam tinchidi-qoldi. Lekin qani endi uyqu kelsa…
Jinlar
Sal ko‘zim ilingan ekan. Yana itning akillashidan uyg‘onib ketdim. Tong yorishib borardi. Sal bo‘lmasa, bomdodni qazo qilar ekanman. So‘ridan shoshib tushsam, sim devorning narigi yog‘ida shipdek bo‘lib Boymurod aka turibdi. Sim devorning bu yog‘ida Oqtosh. Naq “bu yoqqa kirsang g‘ajiyman”deb irillaydi. Men Boymurod akaga namozimni o‘qib olay ishorasini qildim. U kishi tushunib, nari ketdi. Oqtosh tinchidi.
Bomdodni o‘qib bo‘lganimdan keyin saldayoq kunbotar tarafdagi cho‘qqilarning uchi olovlandi. Bu yerda men quyoshning chiqayotganini yoki botayotganini qarama-qarshi tomondagi tog‘larning cho‘qqilaridan bilib olaman. Bo‘lmasa, ikki tog‘ oralig‘ida bomdodni boy berib, shomni erta o‘qib qo‘yish mumkin.
Xotirjam bo‘lib olgach, Boymurod akani izlab qoldim. Sahar mardondan nimaga kelibdiykin? Biron ishi bormikin? Bir hisobda yaxshi bo‘ldi kelgani. Bo‘lmasa, g‘aflat bosib bomdodni boy berar ekanman. Aslida Boymurod akani turg‘azib, Oqtoshni akillatib meni bomdodga uyg‘otgan ham Ollohning o‘zi-ku!
Tashqariga chiqib, Boymurod akani izlay boshladim. Hov naridagi tut tagida cho‘nqayib o‘tirgan ekan. Ko‘rib yonimga keldi. Xotirjamgina qo‘l olib so‘rashdik. Men u kishiga tinchlikmi, degandek qaradim. Nimagadir judayam horg‘in ko‘rinardi. Uyqudan turgan odamga ham o‘xshamaydi. Chigitdek ko‘zlari kirtayib ketibdi. Sezdimki bir joyi og‘riyapti. Hoynahoy, qornidir. Kechasi bilan “uzun borib, uzun kelganga” o‘xshaydi, bechora. Oshqozonida yarasi bor-da bu kishini. Bu dardniyam podachilikda orttirib olgan. Tog‘-u toshlarda ochin-to‘qin qolib shunday bo‘lgan. Podachi o‘z qornini o‘ylasa, podasi och qoladi. Shunisiga chidaganlar podachilik qiladi. Podachi zoti borki, yo o‘pkadan ketadi, yo qorindan. Bular Boymurod akaning gaplari. Bir amallab it yog‘i bilan o‘pkani asrab qolgan ekan. Qorni esa chatoq. Shundan ketib qolamanmi, deb qo‘rqib yuradi, bechora.
– Qorin bezovta qilyaptimi, – dedim achinib, – dori beraymi?
– Ha, yo‘-o‘… – dedi qo‘l siltab. – Endi doriga ishim qomaydi…
– Nimaga unday deysiz, oshqozon turibdimi?
– Turibdi, turmay qaqqayam borardi. Erman gullab qoldi. Shu desangiz tirnog‘dagini damlab ichsam bo‘ldi. Sen ko‘r, men ko‘r bo‘p yurovraman. O‘zi quritib, ancha-munchasini g‘amlab qo‘yuvdim, onangni emmagur kalamusham o‘ch bo‘ladi-da, o‘shanga. Erman – ming dardga davo derman deb bekorga aytganmi?
– Saharlab kelganingizga yana qorni og‘rib qoptimi debman-da.
Boymurod aka eshigim tagiga terib qo‘yilgan toshlarga qarab “o‘tiraylik” degandek ishora qildi. Sezdimki, maslahatli ishi bor. Qizlariga sovchi kelyapti deb eshituvdim. Bilaman, yoshlar nima bo‘lgandayam to‘ylarida nomdorroq xonanda bo‘lishini xohlashadi. Xotini o‘lib, o‘nta bolaning tashvishi shu chigitdekkina odamning yelkasida qolgan.
– Ertalabki uyquni mazza qilib olayotgan ekansiz, uyg‘otvordim-a mulla, – dedi Boymurod aka o‘zini aybdor sanab.
– Qaytaga yaxshi bo‘ldi, savobbi tagida qoldingiz, bomdodga ulgurib qoldim. Oqtosh qurg‘ur kechasi bilan akillab uyqi bermadi hisob.
– Barini bilib turdim, – dedi Boymurod aka horg‘in jilmayib, – ammo-lekin xo‘b ish qildingiz-da. Itingizni vaqtida chaqirib oldingiz. Bo‘lmasa, ketuvdi qulog‘ini ushlab. Iziniyam topolmasdingiz.
Bundan chiqdi Boymurod akayam uxlolmapti-da. Hushtagimni eshitgan bo‘lsa. Ajabo, itimni yarim kechada kim olib ketishi mumkin. Nahotki bu yerdayam…
– It o‘g‘rilari bor deng?
– Anakka, – dedi Boymurod aka ko‘zlari kosasidan chiqqudek bo‘lib. U kishi “ana xolos!” deya olmay, nuqul “anakka” der edi. – Sizzi hech narsadan xabaringiz yo‘qmi hali?
– Nimadan? – Boymurod akadagi hayajon menga ham o‘tdi. – Kechasi biron gap bo‘ldimi?
– Jinlar yomonam bazm qildi-ki! Hay… hay…
Jinlar?.. Qanaqa bazm? Shunisi yetmay turuvdi. Nima deyishimniyam bilmay talmovsirayman.
– Shu desangiz, mulla, bizzi qishloqda bir domla buva bo‘lguvchi edi. Qaytish qilgan. Xudo rahmat qilsin. Mendan oldin dachaylada qorovul bo‘lgan yigitti otasi. O‘sha odammi avliyo deyishardi, o‘lay agar avliyoligi rost ekan. Buni men shu kechasi bildim. Qarang, shundoq avliyo odam o‘tib ketibdi-ya, g‘aplatta qoppiz-a. Keling, o‘sha kishiga atab bitta Qur’on o‘qivoring.
Boymurod akaga jin tegibdi deb achinib ketdim. Gaplariyam biri bog‘dan, biri tog‘dan. Itdan gap ochib qo‘yib, jinga o‘tib ketdi. Endi domla buvani eslab qoldi. Qur’on o‘qing deyaptimi, albatta, o‘qish kerak. O‘qidim… Boymurod aka some bo‘lib o‘tirdi. Duoga qo‘l ochdik. Allohning oyatidan yetajak savobni shu yaqin oradan o‘tganlarga, xususan domla buvaga yo‘lladik.
– Ana endi yaxshi bo‘ldi, – dedi Boymurod aka xuddi domla buva oldidagi qarzini uzgandek. – Shu desangiz… Boymurod aka gapiravuraymi degandek menga bir qarab qo‘ydi. Men u kishiga hamon xavotir bilan qarab turardim. – Rahmatlik hovlida it boqmanglar, boqsaylaram nariroqda, chorbog‘dan beri kelmasin, – deb tayinlardilar. – Qarang, iti bor hovliga farishta kirmasakan. Bir kuni domla buvaga uchrab, axir men cho‘pon bo‘lsam, itsiz ishim bitmasa, tog‘da bo‘rilar ko‘p dedim. Rahmatlik juda ziyrak kishi edilar. Darrovda tushundilar.
– Boymurod, sen boqsang bo‘ladi. Podachiga, ovchiga it zarur. Bunga yo‘l bor. Agarda oq it bo‘lsa yanayam yaxshi dedilar.
– Uvvalo oq it qidiraman, qani topsam. Jonivorning har qanaqa xilidan bor deng. Ola-bula, kulrang, malla… Oqi yo‘q-da! Bor-e, yo‘g‘ni yo‘ndiramanmi deb duch kelgan it bilan podachilik qilib yurovurdim. Biroq, yurtchilik ekanda, yana oq itga ishimiz tushib qoldi. O‘shanda sizzikidaqa oq it topilmadi-da, topilgandami, eh attang mulla Do‘smat o‘lmasmidi, boyaqish.
– Nima bo‘lgan edi o‘zi? – so‘radim sabrim chidamay.
– Jin tekkandi mulla Do‘smatga, jin. Domla buva o‘qib bir amallab olib qolgan edilar. Keyingisida bo‘lmadi, obqololmadilar. Kuchlari yetmadi. Ha yetmay qoldi. Mulla Do‘smat uch kungacha og‘zidan ko‘pik sochib, alahlab-alahlab jon berdi bechora. Qurib ketgur jinlar shu bilan tinchirmikin desak, tinchimadi. Bitta odamning boshini yedig-u yetar, deyishmadi. Navbat mulla Do‘smatning xotiniga keldi. Nima qilishini bilmaydi, bechora. Yashovray desa hali o‘zi, hali u bolasi, bu bolasi shaytonlab qolyapti. Bosh olib ketay desa, boradigan joyi yo‘q. Hovlini sotay desa birov olmaydi. Jin tekkan hovli kimgayam kerak deysiz. Kattalarga arz qilib ko‘rdi, bo‘lmadi. Xudosizlik zamoni edi-da, jinlarga ishonishmasdi. Do‘xtirlar bolalarini ukol qilib, onasining qo‘liga xapdorilar berishdi. Domla buva oq it topib hovlidagi yong‘oq tagiga bog‘lab qo‘yishni buyurdilar. Qani o‘sha oq it? Yerdayam yo‘q, ko‘kdayam. Mulla Do‘smatning xotini tarafdan urug‘i topilib qolib, Sirdaryamiey, ishqilib o‘sha yoqlarga obketib qoldi. Keyin desangiz tepadagi tog‘ “qars” etib yorildi-yu, – deya Boymurod aka ro‘paraga ishora qildi. – Birakayiga hammamizni tinchimiz buzilib qoldi. Tog‘ suriladi deb bizni daryani naryog‘iga ko‘chirvorishdi. Bu joylar qirq yil yotdi tashlandiq bo‘lib. Qirq yil-a! Keyin sizlarga dacha qilib berishdi-da, mulla…
– E-e-e-e, – hayratim oshib o‘rnimdan turib ketdim, – gap shu joylar haqida borayotibdimi e yashang-e, gapni teskarisidan boshlab, esniyam teskari qivoray dedingiz. Sal bo‘lmasa sizzi … hay mayli… Bu, mulla Do‘smat deganning uyi qayerda edi? Bilsa bo‘ladimi?
– Ja, bo‘latta, – deya Boymurod aka halidan beri tizzasiga qo‘ndirib o‘tirgan do‘ppisini qo‘liga olib o‘rnidan turdi va qibla tomonga yuzlandi, – hov anovi yong‘oqni ko‘ryapsizmi, o‘sha joy-da.
Boymurod aka ko‘rsatayotgan yong‘oq daraxti mendan bir tomorqa narida – o‘rtada Berdirahmatning hovlisi bor edi. Yong‘oq juda tarvaqaylab o‘sgan, qadimgiligi shundog‘am sezilib turardi.
– O‘sha yong‘oq haliyam turibdi deng, – deyman daraxtni ko‘rib turgan bo‘lsam ham.
– Turadi-da. Turmay qayoqqa boradi. Yildan-yilga ayqirib, semirib yotibdi. Kesishga yurak borakanmi? Xudosizlaram unga bolta urolmagan. Bo‘lmasa o‘tindan boshqaga yaramaydi. Mag‘izi yopishqoq.
Men bu gaplarga ishonishniyam-ishonmaslikniyam bilmay, hayron edim. Shundog‘am har go‘shasi sirli ko‘rinadigan bu joylar ko‘z oldimda yanayam sirli tus olmoqda edi.
– Endi, – dedi Boymurod aka salmoqlanib, – jindan qo‘rqmasayam bo‘ladi. – Shunday deb u menga xursand jilmaydi. Etsiz yuzlarida, peshanasida chiziqchalar paydo bo‘ldi. Mittigina ko‘zlari yosh bolanikidek yiltiradi.
– Siz shunday deb o‘ylaysizmi? Boymurod akaga yana shubha aralash qaradim. Xayolimda u kishi tun bo‘yi jinlar bilan maishat qilib o‘tirgan-u jinlarni aldab-suldab, otang yaxshi, onang yaxshi deb yelkalariga qoqib, bog‘hovlimizdan chiqarib yuborgan.
– Mulla deyman, – dedi Boymurod aka menga ziyrak ko‘z tashlab, – sizzi rostdanam hech narsadan xabaringiz yo‘qqa o‘xshaydi-a?
Men yelka qisdim.
– E, omon bo‘ling, bilsangiz itingiz jinlarni haydab chiqardi, ha, voybo‘-o‘-y… Jinlar-chi, sizga aytsam, oldin yong‘oqni tagiga olovni gurullatishib, undan keyin ey gumba-ka-gum, gum-baka-gumlab eze-e-eb o‘yinga tushib ketishdi…
Boymurod aka qo‘lini orqasiga qilib, yer suzgandek goh o‘ngga, goh chapga tashlab jinlarning o‘yinini ko‘rsata boshladi. Sal o‘zimni chetga oldim.
– Shu payt, – deya qaddini rostladi Boymurod aka, itingiz iskalanib, yong‘oq tagiga borib qoldi-yu, voh, voh, voh… Akillab jinlarni shundoq to‘zg‘itdiki…
– It sizga akillagandir, – dedim Boymurod akaga astoydil rahmim kelib.
– He-ey, mulla-ey, menga qandoq akillaydi, men hov tepada, vagonda bo‘lsam. Jinlar bu yoqda, yong‘oq tagida bo‘lsa…
– Shunga hayron bo‘lyapman-da, siz qayoqda-yu yong‘oq qayoqda. Qanday qilib siz jinlar yoqqan olovni, yana shox tashlab raqsga tushganlarini ko‘rasiz?
– E, u yog‘ini qo‘yovring, o‘zimam hayronman. Hamma gap itingiz baraka topkurda… Jinlar itingizdan qo‘rqib to‘zg‘ib ketishdi. Qo‘tir buloqqa qarab yo‘l solishdi. It demagan orqalaridan quvib akillab borovurdi… Oh, it endi asfalasofilinga ketti dedim o‘zimcha. Jinlar hiyla qilisharkan-da, mulla. Dushmanini orqasidan ergashtire-eb borisharkan-da, birorta chuqur o‘ragami, jargami tushirvorisharkan. Xayriyat, vaqtida hushtak chalib, itingizni chaqirib oldingiz. Men bo‘lsam hammasini ko‘rib, bilib turib hushtak chaldingiz deb o‘ylabman.
– Yo‘-o‘q, – dedim bosh chayqab, – Oqtoshning ovozidan uyg‘onib ketdim, keyin qo‘shnilarning joniga tegmasin deb, chaqirvoldim. Bor gap shu!
– Xudo uyg‘otgan-da sizzi, Xudo.
– Albatta, – dedim, – Xudo kechqurun o‘ldiradi, erta bilan yana tiriltiradi. Uyqiyam o‘lgandek gap. Bari Xudodan…
Boymurod akani bir kechada savdoyi bo‘p qopti deb o‘ylasam… o‘zimam bir vaqtlar Boymurod akaning holiga tushganim yodimga tushdi. Talabalik yillari edi. Qo‘qonga praktikaga borgandik. Og‘aynim Mirvohid bilan yotoqxonada turgimiz kelmadi. Qo‘qonning mashhur G‘ishtli masjid deb nom chiqargan choyxonasida ovqatlanib o‘tirib, choyxonachidan ijaraga uy topib berishini iltimos qildik. Choyxonachi bizga boshdan-oyoq qarab oldi-da, ko‘rinishimiz ma’qul kelib qoldimi “kechga tomon bir xabar olinglar”, dedi.
G‘ishtli masjidning hovlisi yozgi choyxonaga aylantirilgan, xonaqolariga kutubxona, qiroatxonalar ko‘chib kelgan edi. Biz kutubxonashunoslik fakultetining talabalari bo‘lganimiz uchun ham xonalarni miriqib tomosha qilgan edik.
Mirvohid ikkimiz kelishilgan vaqtda samovarchiga ro‘baro‘ bo‘ldik. Samovarchiyam ishlaridan bo‘shab, bizni kutib o‘tirgan ekan. U kishi bizni G‘ishtli masjidning shundoqqina orqa tarafidagi torgina yo‘lakka boshladi. Yo‘lak oxirida bir tabaqali eshik ko‘zga tashlanardi. Ijaraning shundoq ajoyib joydan topilganiga quvonib ketdik. Hovli torgina bo‘lib, uniyam bitta daraxt-u va bitta so‘ri egallab turardi. O‘ng tarafda bir uy dahlizi bilan, ro‘parada yana bir xona ko‘rinardi. Ichkarida temir karavotlar. Ma’lum bo‘ldiki, bu yer choyxonachining mehmonxonasi. Boshqa odam qo‘ymaslik sharti bilan bir oyga kelishdik. Choyxonachi har kuni tushlik paytida sho‘rvaning yog‘liq joyidan suzib, dastyor boladan kiritib turishga va’da berdi. Lekin ijara haqini oldindan qurtdek sanab oldi.
Biz boshqa kursdoshlarimiz nazarida, birimiz yozuvchi, birimiz shoirmiz. Ijodkorga tinchlik kerak-da. Yotoqxona degani – kirdi-chiqdi, vag‘ir-vug‘ur joy. Kursdoshlarimizam bir-ikki kelib so‘rida o‘tirib, miriqib ketishdi.
Bir kuni yonimizdagi guzarchaga birov bir tog‘ora doroyi uzum olib chiqibdi. Qo‘qonda qizil chilgi uzumdanam oldin pishadigan shunaqa uzum bor ekan. Rangi qandaydir oqish, ko‘kimtir. Ko‘ksultonga o‘xshab ketadi. Mevasi maydaroq, tig‘iz. Ta’mi shirin, oq tutning mazasini beradi. Karsildoq. Lekin yangi bo‘lgani uchun narxi osmonda. Talabaning cho‘ntagiga to‘g‘ri kelmaydi. Ko‘nglim sust ketib turganini ko‘rgan Mirvohid:
– Men Yakkatutga ketdim, ertalabki nonushtaga jizzali non, bir savat doroyi, qaymoq yetkazib kelaman, – deb qoldi.
Mirvohidning Yakkatutda xolasi, xolasi bilan yashaydigan opasi bor edi, kelgandan beri boraman deb yurgan edi. Bahona topilib qoldi. Mirvohidni avtobusga kuzatib, uyga qaytdim. Qulfni ochib, hovliga kirsam qo‘shni qiz o‘rtadagi tuynukdan o‘tib, hovliga suv sepib, supurib yuribdi. U har kuni biz kelguncha hammayoqni chinnidek qilib qo‘yardi. Toshkentga o‘qishga borsa yordam berishimizga o‘ziyam, ota-onasiyam umid qilardi. U o‘ninchini bitirayotgan edi. Bizning kursdosh qizlarimiz bilan allaqachon apoq-chapoq bo‘lib ketgan, hammamizni uyiga mehmongayam taklif qilgan edi. Bizni akasidek ko‘rar, o‘zi durkungina ko‘ringani bilan qiliqlari g‘irt bolacha edi. Har kuni o‘rtoqlarining nomini aytib she’r yozdirib olardi. Mirvohid bilan o‘z holimizcha xayol suribmi, kitob o‘qibmi o‘tirsak, sezdirmay kelardi-da, “vah” deb qo‘rqitgan bo‘lar, kutilmaganda suv sepib qochardi. Biz undan ba’zida bezor ham bo‘lib ketardik. Onasiga devor osha shikoyat ham qilardik. Onasi bo‘lsa u yoqdan: “Ayb o‘zlaringda, popoch, popoch qilib boshlaringga chiqarvoldilaring, ayamasdan bir-ikki jonini achitinglar, esi kirib qoladi”, derdi. Keyin orqasidan qo‘shib qo‘yardi: “Hoy, qiz o‘lgur, bu yoqqa qara, bunaqada seni o‘qishga yuborib bo‘pman, erga bervoraman”. “To‘g‘ri qilasiz, xola”, deb biz ham bu yoqdan tasdiqlardik.
Popoch hovliga yolg‘iz kirganimni ko‘rdi-yu:
– Mirvoit akam qanila? – deb so‘radi.
– Yakkatutga ketdi. Popochga doroyi uzum obkelaman dedi.
– Qachon obkeladi?
– O‘zi hozir ketdi-ku, gapini qaranglar, ertaga nonushtaga obkeladi. Choy ichmay o‘tir, xo‘pmi?
– Ey, – dedi qiz, uzumga hushim yo‘q deganday. Keyin oldiga tushgan bir o‘rim sochini orqasiga tashlab, supurgiga tayangancha menga angrayib qaradi.
– Bir o‘ziz yotassimi?
– Nima qipti, ajina chaladimi?
– Qo‘rqmissimi?
– Nimadan qo‘rqay?
– Ajinadan.
– Ajina bo‘lsa senchalik bo‘latta, Popoch.
– Hali shunaqami, – deya Popoch tushmagur supurgini teskari ushlab quvib qoldi. Hovliga qandoq kirgan bo‘lsam, shundoq ko‘chaga qochib chiqdim-da, darvozaga qulf solib, aylanib kelgani ketdim. Popoch supurgini dastasi bilan darvozani urganicha qoldi. Biz turgan hovlining orqasidan o‘tgan tor ko‘chaning narigi beti katta qabriston edi. Bir-biriga tutash qurilgan katta-kichik hovlilarni qabristondan shu ko‘cha ajratib turardi. Ba’zan Mirvohid o‘zicha falsafa so‘qirdi: “Tasavvur qiling azizim, devorning narigi yog‘ida, bir dahlizcha joyda minglab odamlar qalashib yotibdi, biz bo‘lsak shuncha joyda ikki kishi xonlardek yashayapmiz. Qiziq-a?!”
Men qabriston yoqalab ancha joygacha borib keldim. Buzilgan, nurab tushgan sag‘analarni ko‘rib, Mirvohidning gapini esladim. “Bu dunyo tiriklarniki ekan-da, o‘lgandan keyin, xuddi o‘rilgan xashakdek qabristonga g‘aramlashaverar ekan… Qulayroq joy topib “Qulhu Ollohu ahad”ni o‘qiyman. Savobini shu joyda yotganlarga bag‘ishlayman.
Bu orada quyosh botib, issiqning tafti ketib, Qo‘qon shamoli esib qolgan edi.
Yotoqxonaga borib, kursdoshlar bilan ancha vaqtgacha gurunglashib, “uyim”ga qaytdim. Oy to‘lgan, qadim shahar tomlarini, ko‘chalarini sutdek yoritar edi. Karavotim xona darchasiga taqab qo‘yilgan, darcha qanotlari tashqariga ochilar edi. Xonada qandaydir zax hidi bor, darichalarni ertadan kechgacha ochib qo‘yganimiz uchun rutubat kundan-kun ko‘tarilib borardi. Men uyga kirganimda oy nuri qabriston tarafdan tushib, hovlining yarmini yoritib turar, uning shu’lasi xonaga ham yoyilardi. Shuning uchun chiroq yoqib o‘tirmadim. Chiroq yoqsam iskaptoparlarning dastidan uxlab bo‘lmaydi. Ertalabgacha olishib chiqadi odam. Popochlarning hovlisiyam haligacha g‘ala-g‘ovur. Otasi qassob, do‘konini kech yopadi.
Yotibman-u qotibman. Tushumdami, o‘ngimdami bilmayman isib ketdimmi ishqilib ustimdagi choyshabni nari surmoqchi bo‘ldim. Ammo nimagadir qo‘lim o‘zimga bo‘ysunmas, qimirlata olmasdim. Xayolimda yelkam aralash birov meni bosib turardi. Azbaroyi uyquning shirinligidan ko‘zim ochilmas, miyamning allaqaysi hujayralari g‘ira-shira ishlab, kim bo‘ldi ekan degan o‘ylarga borar edi. Kallamga kelgani Popoch bo‘ldi. Voy shumtaka-ey, kunduzi qo‘rqmissimi deb bekorga so‘ramagan ekan-da. Yengiltak, shayton qiz deyman-da, sal o‘zimga kelib ko‘zimni ochaman. Ammo… e-e-e… hayratdan qotib qolaman. Meni qimirlatmay qo‘ygan Popoch emas, boshqa… ha boshqa qiz edi. Voybo‘-o‘… uni! Odam ham shunaqa chiroyli bo‘ladimi? Esim og‘ib qoldi. Biz talabalar shu paytgacha besh ketib o‘zimizcha hur deb yurgan qizlarning birortasiga o‘xshamas edi. To‘g‘rirog‘i, ularning husni-jamolini bir qilganda uning birgina g‘amzasiga alishib bo‘lmas edi. Oy nurlari uning sutdek oppoq yuzini, taralgandek uzun-uzun kipriklarini, chaqnab turgan ehtirosli ko‘zlarini yoritib turardi. Ajabo, oymoma deraza tarafga qachon o‘tib ulgurdi ekan? Qizning ko‘zlari qo‘lga tushdingmi sen yigit degandek tobora ayyorona suzilar, jilmayganda tishlari sadafdek yarqirardi. Sochlari to‘lqin-to‘lqin bo‘lib, uyning qorong‘uligiga qo‘shilib ketgan edi. Uning qarashlarida senga yomonligim yo‘q, ey yigit degan bir ishoralar bor edi-yu, ammo kulib turib yer parchin qilib meni ezardi. Ko‘krak qafasim qisilib, nafasim og‘zimga tiqila boshladi. Qiz ukpardek yengil ko‘ringani bilan unda qandaydir yovuz, yovvoyi kuch bor edi. Ana shu kuch o‘zining kimligini menga sezdirib qo‘ydi. Ko‘zimni chirt yumdim-da, bilgan suralarimni takror va takror o‘qiyverdim. Sezib turibman ustimdagi “yuk” asta-sekin yengillasha boshladi. Yengillashgan hamonoq uxlab qolibman. Bir mahal childirma ovozi-yu g‘alati qiyqiriqlardan uyg‘onib ketdim. Oymoma hamon derazamdan nari ketmagan, shu yaqin atrofda to‘y bo‘lardi chog‘i. Hayron bo‘lib soatimni oy nuriga tutib ko‘raman. Uchdan oshibdi… Qo‘qonda to‘ylar kech boshlanib, tongotar tugar ekan-da deb, uyquli ko‘zlarimni yumaman… Bir ko‘nglim chiqsam-chi, Qo‘qonning to‘ylari qanaqa bo‘larikin, ko‘rsam-chi deyman. Uyqu zo‘r keladi…
Erta bilan uyqudan tiniqib uyg‘onsam, tungi voqealar shundoq ko‘z oldimda turibdi.
Biz olov yoqib, samovar qo‘yib, choy qaynatmasdik. Choynakka quruq choy solib choyxonadan dog‘suv burab kela qolardik. Erinsak Popochdan iltimos qilardik. Ularnikida ertadan kechgacha samovar jig‘illab yotardi. Qarasam, Mirvohiddan darak yo‘q. Qotgan-qutgan non bilan tamaddi qilib bo‘lsayam, praktikaga borishim, Mirvohid uchun ham bir bahona topishim kerak edi. Choyxonadan dog‘suv burab kelishimga Mirvohid opasi bilan kelib qoldi. So‘riga joy qildik. Dasturxon shohona bo‘p ketdi. Qo‘shni hovlida qassob tog‘aning gurillagan ovozini eshitib, choyga taklif qildik. Tog‘a yo‘q demadi. Tuynukdan yonlamachasiga o‘tib keldi. Ko‘rinishdan juda polvon odam edi. Popoch otasiga tortgan edi.
Oling-oling bilan choy ichar ekanmiz, qassob tog‘aga gap qotdim:
– Qo‘qonning to‘ylari tongotar bo‘larkan-a, qassob tog‘a?
– Qattagi to‘yga bora qoldingiz, jiyan? – dedi pishillab.
– Shetta bo‘ldi-yu…
– Shetta? Him… – deb kuldi qassob.
– Shu yaqin-atrofda-da, ertametangacha gumbir-gumbir to‘xtamadi-ku, eshitmadingizmi?
Qassob tog‘a non chaynashdan to‘xtab, ko‘zlarini lo‘q qilib menga qaradi-da, eshitmadim degandek boshini sarak-sarak qildi.
– Tushunarli, – dedim men kulib, – kecha ko‘payib ketibdi-da, a?
– Vohidjon, yaqinroq o‘tiribsiz, og‘aynizzi peshanasini ushlab ko‘ring-chi, isitmasi yo‘qmi? – deb qalin qoshlarini uchirib kuldi qassob tog‘a.
Mirvohid kaftini peshanamga bosdi-da:
– Joyida-yu, – deya xandon otib kuldi.
– Tavba, – dedi qassob tog‘a taajjubda, – mahallada to‘y bo‘larkan-u, mensiz o‘tarkanmi, naq ko‘chirtirvorarman. Hovlida jinlar bazm qilgandir, – dedi pinagini buzmay.
– Voy, tog‘a, unaqa demang qo‘rqaman, – dedi Mirvohidning opasi ko‘zlari alang-jalang bo‘lib.
Men tunda bo‘lib o‘tgan voqealarni birma-bir, oqizmay-tomizmay gapira boshladim. Mirvohid bilan opasi nonushtayam eslaridan chiqib angrayib o‘tirishar, qassob tog‘agina beparvo, hali piyozli nonni qaymoqqa bulab urar, hali doroyini g‘ujumlab og‘ziga tashlar edi.
Tungi sarguzashtlarim tugagach, Mirvohidning opasi kapalagi uchib, “bu gaplarga nima deysiz”, degandek qassob tog‘aga qaradi.
Qassob tog‘a sovub qolgan bir piyola choyni og‘ziga ag‘dardi-da, naq supradek kaftlari bilan lab-lunjini artib dedi:
– Bir balosi bo‘lmasa shudgorda quyruq na qilur, degan ekan mashoyihlar. Bu uyni ijaraga olayotganda sal o‘ylamadilaringmi olim yigitchalar. Nimaga shunday uy egasiz huvillab yotibdi deb. Yana shaharning qoq o‘rtasida-ya. He… Bu hovlida ko‘p ishlar bo‘lgan sizlarga aytsam. Ha, yomon bo‘lgan, yomon. Oldingi egasini qora buqa bo‘lib suzib o‘ldirgan. Xotini arzon-garovga issig‘ida pulladi-da, bola-chaqasini olib, jo‘nab qoldi. Keyingi sotib olgan odamni qora mushuk bo‘lib bo‘g‘ib o‘ldirdi. Bola-chaqasi sotolmay ketib qutuldi. Choyxonachi u yoq-bu yog‘iga qarab, bir kun, yarim kunga musofirlarni qo‘yib foydalanib turadi. Siz yigitni Xudoga yoqqan joyingiz bor ekan yo palagingiz toza… hartugul sizga hurqiz bo‘lib ko‘rinibdi…
Dasturxonga fotiha o‘qilgach, Mirvohidning opasi shoshib qoldi:
– Tur uka, tezroq chiqib ketaylik bu yerdan. Gap shu, endi betta yotmaysan, tamom.
Shunday qilib ko‘rpa-to‘shagimizni orqalab yotoqxonaga qaytib ketdik…
Shularni o‘ylab, Boymurod akaning sarguzashtlarini o‘zimcha tushungan bo‘laman va so‘rayman:
– Nima deysiz, Boymurod aka, jinlar yana o‘rdasiga qaytishadimi, yo‘qmi?
– Kemaydi, – dedi u kishi qat’iy ohangda, – ular siz bilan mendan ko‘ra mardroq bo‘lishadi. Quvilgan joylariga qaytib kelishmaydi. Buniyam rahmatlik domla buva aytganlar.
Shunday qilib bog‘hovliga qilgan bu galgi safarim kutilmaganda ajoyib va g‘aroyibotlarga boy bo‘ldi. Yakshanba kuni kechga qarab qolgan-qutgan yeguliklarni Oqtoshning idishiga ag‘dardim-da, omonat eshigimning tagidan it sig‘adigan joy qoldirib, poyezdga shoshdim. Boshqa qo‘shnilarim ham otlanib yo‘lga chiqishgan, uzun-qisqa bo‘lib oldinda borishardi. Ro‘paramdan kelayotgan mashina guvillab yonimdan o‘tdi-yu orqamdan itning hurib, mashinaga tashlanganini eshitdim. Qayrilib qarasam, Oqtosh!
Orqamdan quvib kelyapti. Bo‘lmasa, “sen aqlli it ekansan, shu hovlidan chiqma” deb necha marta uqtirgan, Oqtosh gaplarimga jimgina quloq solib qolgan edi. “Qayt orqangga” deya jo‘rttaga ko‘zlarimni ola-kula qilib, po‘pisa qildim. “He o‘rgildim, sendaqa aqlli itdan, esing bo‘lsa kelib-kelib mashinaga tashlanasanmi? Temir-ku bu. Nahotki, joni bor bilan joni yo‘qni bilmasang!” Qayda, gaplarimga parvoyam qilmadi. Qaytaga o‘ynoqlab, erkalanib oldinga tushib oldi. Shu nasihatni haddan oshirvordimov. Buning ustiga Oqtosh o‘tgan har bir mashinaga hurib, tashlanishni qo‘ymasdi. Unga sari Oqtoshni ajal haydab keldiyov, deya xavotirga tushaman. Boymurod aka ko‘rsaydi buning ahmoqona qiliqlarini. Bu it hali orqamdan vagongayam chiqib, sharmanda qilmasaydi. O‘zi vagonda it olib yurganlarni jinim suymaydi. O‘tirishga joy bo‘lmaydi-yu, eshshakdek-eshshakdek itlarini cho‘ziltirib oyog‘ing tagiga yotqizib qo‘yishadi. “O‘zing-ku toqqa sayr-sayohatga chiqibsan, itingga balo bormi”, deb g‘udranardim.
Bekatga borsam poyezd jo‘nashiga besh daqiqa qopti. Yo‘lovchilar joylashib olgan, ochiq derazalardan boshlarini chiqarib, poyezd jilishini sabrsizlik bilan kutishyapti. Kun issiq. Oqtosh bir-ikki marta poyezdga chiqib yurgandek mendan oldin perronga borib oldi.
Taxminim to‘g‘ri chiqdi. Oqtoshni kimdir o‘zi bilan poyezdda olib kelgan-u, adashib qolib ketgan. Aftidan kamina egasiga judayam o‘xshasam kerak. Mana endi shaharga qaytib ketmoqchi. Boshga bitgan balo bo‘ldi-ku bu it. Xayolimda Oqtosh mensiz ham vagonga chiqib oladigandek edi. Ha chiqaversin, tezroq daf bo‘lsin, men o‘zimni boshqa vagonga uraman-u undan qutulaman. Qayda, it perronda meni sabr-toqat bilan kutardi. Bu dahmazani shaharga olib borib qayoqqa joylayman. Hovlim bo‘lgandayam boshqa gap edi. Axiyri bo‘lmadi, qo‘limga tosh oldim-u rostakamiga dag‘dag‘a qildim. Oqtosh pildillab kelgan iziga qarab qochdi. Ha, shunchaki emas, rostdan jahlim chiqqanini bildi, jonivor. Orqasidan toshniyam mana bo‘lmasam deb otib yubordim. Paytdan foydalanib o‘zimni vagonga urdim. Tavba, halidan beri shu ishni qilmaymanmi? Vagonga chiqib Oqtoshni ko‘rish mumkin bo‘lgan qanotga o‘tdim. Shu ketgancha ketdimikan, yo?
Deraza ko‘zidan panalab qarasam, qaytib kelyapti. Meni ko‘rib qolmasin yana degan hadikda boshimni sal ichkari oldim-u, ammo ko‘z qirimni uzmadim. Mabodo men chiqqan vagonga chiqadigan bo‘lsa… unda boshqasiga o‘tib ketishni o‘ylardim. Oqtosh atrofga iskalanib, olazarak bo‘lib qaray-qaray, to‘g‘ri men chiqqan vagon yonida to‘xtadi. Keyin vagon tagiga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Poyezdning jo‘naydigan vaqti bo‘lib qolgan edi. Bosib ketsaya! Derazadan rostmana boshimni chiqarib qaray boshladim. Vagon tagidan chiqib kelayotgan Oqtoshni tepadan ko‘rdim-u, ilkis boshimni tortib, birovga urib oldim. “Vah” deya kimdir yelkamga bir musht tushirib qoldi. Ayol kishi ekan, astoydil kechirim so‘radim. Boshini ushlab tik turgancha yerga qarab oldi. Bechoraya, it bilan bekinmachoq o‘ynayotganimni qayerdan bilibdi. Ha, la’nati Oqtosh-a, boshga bitgan balo bo‘lding-u sen. Ishqilib bu ayolning tish-pishi sinmagan bo‘lsin. O‘zimniyam boshim endi zirqiray boshladi. Iltimos qildim. Yoshlardan biri ayolga joy berdi. Gunohimni yuvgandek yengil tortdim. Poyezd joyidan qo‘zg‘algan, bekatdan uzoqlashib borardi. Oqtosh esimga tushdi-yu shoshib orqaga qaradim. Oqtosh kimsasiz perronda shu tomonga qaragancha cho‘nqayib o‘tirardi… Tavba, vagonning tagidan bo‘lsayam, mening qayerdaligimni bildi-ya.
Ko‘ktoy
Shaharga qaytdim-u, xayolim bog‘hovlida bo‘lib qoldi. Yashirib nima qilaman, Oqtoshni o‘ylardim. Uning huvillagan perronda cho‘nqayib o‘tirishi ko‘z oldimdan ketmasdi. Tavba, u meni kuzatib qoldi-ya… Men bo‘lsam uni shafqatsizlarcha tashlab kelaverdim. Hazil-hazil bilan bog‘hovlimizda kaminani ham sabrsizlik bilan kutadigan bir jonzot paydo bo‘lgan edi. Endi uni ham o‘ylashim, o‘ziga yarasha sovg‘a-salomlar bilan borishim kerak. Yana u Boymurod akaning ta’biri bilan aytganda qanaqa itki!..
Beixtiyor xalqimiz orasida yuradigan maqollar yodimga tushdi: “It vafo, xotin jafo”, “Itni qopmaydi deb, otni tepmaydi deb bo‘lmaydi”, “Qovunning shirinini it yeydi”, “Oq it, qora it – bari bir it”, “It – itligini qiladi”…Bularni eslashdan murod o‘zimcha Boymurod akaning bashoratlariga biror-bir dalil izlab ko‘rish edi. Ha, odamzod o‘zi shunaqa. Eshitsa – ko‘rsam deydi. Ko‘rsa – ushlasam deydi. Ushladimi – kesib olsam deydi. Shu antiqa fe’li bilan odam boshqa maxluqotlardan farqlanib turadi. Bo‘lmasa meni bu hardamxayol narsalarga hech kim boshingni qotir demayapti. Bor-e, deb qo‘l siltab qo‘ya qolsam ham bo‘ladi. Miyani suyultiradigan bundan boshqayam tashvishlar ko‘p. Balki Oqtosh Yo‘ldosh Eshbekniyam Boymurod akaga o‘xshab akillab kutib olganida yoki bo‘lmasam meni bunchalik izzat bilan kuzatib qo‘ymaganida chindanam boshim qotmas edi. Boymurod akaning jinlar haqidagi gaplari-chi? Jin o‘zi bor narsa. Uni yo‘q deyish gunohi azim. Alloh o‘zining muborak Kitobida inson va jinlarni menga ibodat qilishlari uchun yaratdim, deb marhamat qiladi. Qur’onda, hatto, alohida jin surasi ham bor. Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam jinlarga Qur’on o‘qib berganlar. Kofir jinlar iymon keltirib, musulmon bo‘lishgan.
Bolaligimizda bularni chala-yarim bo‘lsayam eshitganmiz. Shayton, jin, alvasti, pari degan narsalarni odamlarni qo‘rqitish uchun o‘ylab topishgan deyishardi maktabda. Ota-onalarimiz rost gapni aytgani qo‘rqishardi. Xudoga ishongan ota-bobolarimiz sovuq o‘lkalarga surgun qilingan, qamalgan, otilgan, osilgan-da. Shungami, butun bir avlodlar og‘izlariga talqon solgandek jim-jim o‘tib ketishdi. Biroq jinlar ham odamlar bilan birga-birga yashayverdi. O‘rni kelganda gohi-gohida o‘zlarini ko‘rsatib ham turdi.
O‘zim ham hayotim mobaynida necha bor jinlarga duch keldim. Shunchaki tush ko‘rdim shekilli, bosinqiradim chog‘i, deb sarkashlik qilganman. Mana endi… Dinga erkinlik berilgach Alloh yaratgan har bir jonivor, olamning har bir go‘shasi ko‘zimizga mo‘jiza bo‘lib ko‘rinyapti. Oqtosh shularning bittasi…
Sizga Sharik degan itimizni aytgan edim. Sharikning rangi oq ham, qora ham, ola ham emasdi. Mallaroq edi shekilli. U qishlog‘imizda ko‘p tug‘ishi bilangina mashhur edi, xolos. Ammo Ko‘ktoy degan bir it bor edi. U Oqtoshga o‘xshab qishloqda mashhur bo‘lib ketgandi. Ko‘ktoy Oyto‘ra xola deganning iti edi. Uning junlari ko‘kimtir, bo‘yi baland, o‘zi xipcha, xuddi yangi tug‘ilgan toychoqqa o‘xshardi. Shuning uchun ham uni Ko‘ktoy deyishgan bo‘lsalar kerak. Ko‘ktoy hamisha bo‘sh yurardi. Beozor edi. Katta-yu kichikka, tanish-u notanishga el bo‘lib ketaverardi. Ammo qishloq odamlariga bir beminnat dastyordek xizmat qilardi. Birov kechasi tegirmonga boradigan bo‘lib qolsa, hamrohlik qilardi. Yakka yolg‘iz odam kunduz kunlari Bo‘zsuv bo‘ylariga tushgani qo‘rqardi. “Ko‘ktoy” deb ovoz bersa bas, osmondan tusharmidi, yerdan chiqarmidi, ishqilib bir zumda paydo bo‘lib qolardi. “Xizmat” degandek boshini bir tomonga qiyshaytirib, dumini likillatgancha, jilpanglab qarab turardi. Ammo uning hushtakka tobi yo‘q edi. Shuning uchun ham u bolalar bilan unchalik chiqisholmasdi. Biz jig‘iga tegib ataylab hushtak chalaverardik. Jon-poni chiqib akillab berardi. Boshqa itlar bilan urishtirmoqchi bo‘lardik. Ko‘ktoy ozg‘in bo‘lgani bilan qishloqdagi hamma itlardan daroz edi. Lekin biron martayam it bilan urishganini ko‘rmaganman.
Urushdan keyingi – elliginchi yillarning o‘rtalari. Tekis, yaxshi yerlarga paxta ekilar, odamlar suv chiqmaydigan tepalarda istiqomat qilishardi. Shuning uchun ham bu joylar katta qo‘rg‘oncha, kichik qo‘rg‘oncha yo falonchining qo‘rg‘onchasi, katta tepa, kichik tepa degan nomlar bilan yuritilardi. Tepalar bahor paytlarida yashnab ketardi. Kuzgi bug‘doylar ko‘zni quvontirib mavj urar, cho‘g‘dek bo‘lib lolaqizg‘aldoqlar ochilar, binafsha rangli chuchmomalar ko‘zga tashlanardi. Chuchmomaning ildizi shirin bo‘ladi. Biz uni shimgancha varrak uchirardik. Osmon ko‘m-ko‘k. Ana-mana deguncha bug‘doylar pishib, o‘rib olinardi-yu tepalar qizib, bamisoli do‘zaxga aylanardi. Jaziramadan nafas olib bo‘lmasdi. Ba’zi odamlar hovlining o‘rtasidan chuqur handaq qazib, ichiga tok ekkan edilar. Handaq qish bo‘yi qor, yomg‘ir suvlarini yig‘ib olardi. Tok novdalari handaqdan o‘sib chiqib, so‘rilarga taralar, katta-katta, shirasi tilni yoradigan uzum boshlari solardi. Tepalar chinqiroq ilonlar, rangi pesga o‘xshagan kaltakesaklar, cho‘l baqalari, tegib ketsa o‘zidan badbo‘y hid chiqaradigan qora qo‘ng‘izlar, ko‘k qarg‘alar makoniga aylanardi.
Odamlar kun o‘tkazish uchun Bo‘zsuv bo‘ylaridagi jar-jurlar, qamishzorlarni ochib dehqonchilik qilishar, omonat chaylalar qurib, mol-holi-yu bola-chaqasi bilan ko‘chib chiqishardi. Ammo qishloqdagi eng katta ish – bu g‘o‘za parvarishi edi.
Biz ham tepa oralig‘idagi tashlandiq yerni tomorqa qilib ko‘chib chiqqan edik. Tomorqalarga makkajo‘xori, qovun-tarvuz ekilardi. Qovun-tarvuz shaharga olib borib sotilar, puliga kiyim-kechak olinardi. Makkajo‘xori eng ko‘p ekiladigan ekin edi. U paytlardagi makkajo‘xorilar hozirgidek sariq bo‘lmasdi. Oppoq, xuddi katta marvarid donasidek bo‘lardi. Kuchli yerlarda uchta, beshtagacha so‘ta quchoqlardi. Oftobda quritilib, to‘qmoqlanardi. Doni ajratilib, tegirmonda un qilinar, zog‘ora nonlar yopilardi. Xamir qorilganda sut, qovoq yoki lavlagi qo‘shilardi. Bo‘lmasa zog‘ora tandirda turmasdi. Nochor oilalar xamirni shundoq qo‘rga ko‘mib, ko‘moch qilib yeyishardi. Unisiyam, bunisiyam shirin bo‘lardi. Bug‘doy nonni kam ko‘rardik. Bug‘doy uni faqat xamir ovqatga ishlatilardi. Ahyon-ahyonda atala qilinardi.
Bir kuni chaylamizdan shisha bankadagi sariyog‘imiz yo‘qolib qoldi. Men sariyog‘dan ham ko‘ra bankasiga achindim. Axir bunaqasi qishlog‘imizda bitta edi-da! Uni Majid pochcham urushdan olib kelgan edilar. Uni yaltiroq temir qopqog‘i bo‘lib, tutqichiyam chiroyli edi. Qopqog‘ining bir chekkasini bossa ochilardi, qo‘yib yuborilsa, o‘z-o‘zidan yopilib qolardi.
Ammam katta boylikdan ajrab qolgandek, bir ahvolga tushdilar. Nuqul qo‘ygan joylarini qayta-qayta qaraydilar. Xuddi yo‘qolgan sariyog‘ topilib qoladigandek.
Qiyinchilik yillari bo‘lgani bilan birovning narsasiga birov ko‘z olaytirmasdi. Qaytaga bori bo‘lishib yeyilardi. Bir qoshiq yog‘ ko‘zga surtgulik, bir burda non boshga qo‘ygulik. O‘zim ko‘rganman ammam qo‘shnining qozoniga sariyog‘ni bankasi bilan olib chiqib, bir qoshiqqina solib bergan edilar. O‘sha bir qoshiq yoqqa piyozdog‘ qilinar, suv solib qaynatilar, uning otini piyava deyishardi. O‘zimiz ham qozonga bir qoshiqdan ko‘p yog‘ solmasdik. Ammam bir haftada bir kuv pishar, undan mushtumdekkina sariyog‘ tushar, eritib bankaga solib qo‘yardilar. Ammam sariyog‘ni yo‘qolganiga tamoman ishonib bo‘lgach, qarg‘andilar:
– Ha, tiqilib o‘lgur, hoynahoy o‘sha olgan, – deb shahd bilan o‘rinlaridan turdilar-da, o‘choq boshidan kosovni olib, meni ergashtirdilar. – Uzoqqa ketmagan u yer yutkur… Men ham o‘g‘ri topilganidan suyunib darrov tut po‘stlog‘idan o‘rilgan jing‘il sopli qamchinimni olib, havoda bir-ikki qarsillatib, ammamning oldiga tushib yura boshladim. Shu payt ammamning o‘rtoqlari O‘g‘iloy opa kelib qoldilar.
– Ha, o‘rtoq, kosov ko‘tarib obsan, tinchlikmi?
Ammam “Otasining og‘ziga…” deb bolaxonador qilib qarg‘andilar-da, arz qila ketdilar:
– Boya bitta qorang o‘chkir mardikor qorin to‘yishga ish so‘rab keluvdi. Qarasam, ko‘zlari olmakesak… ish qiladiganga o‘xshamaydi, ish yo‘q, deb haydavoruvdim. Qirilib ketgur o‘sha bankadagi sariyog‘imni o‘marib ketibdi. Hoynahoy, uzoqqa ketmagan, tepaning naryog‘idagi jarga bekingan. Yuragim sezib turibdi…
Safimizga O‘g‘iloy opa ham qo‘shildilar. Men yanayam dadillashdim. Axir uch kishi bitta daydini tutolmaymizmi?! Qamchin bilan oyog‘iga o‘xshatib turib bir solsam guppa yiqiladi… Shunday xayollar bilan ammam va O‘g‘iloy opani orqada qoldirib, jar tomon yugurdim. Nima bo‘lganda ham men o‘g‘il bolaman-da. O‘g‘rini birinchi bo‘lib ko‘rishim, qamchi o‘qtalib, “to‘xta, o‘lasan” deyishim kerak. Yaxshilikcha sariyog‘ni bersa berdi, bermasa… Sariyog‘ni yeb qo‘ygan bo‘lsa-ya?!
Halloslagancha jar yoqasiga yetib keldim. Jarda odam bolasi ko‘rinmasdi. Hafsalam pir bo‘ldi. Ammo shu payt ko‘zim Ko‘ktoyga tushib qoldi. Yanayam botirlashib ketdim. Endi Ko‘ktoy bilan har qanday o‘g‘rining iziga tushish mumkin. Qochib, qutulib bo‘pti. Ko‘ktoyni chaqirdim.
– Ko‘ktoy, Ko‘ktoy, mah-mah…
Ko‘ktoy menga bir qarab qo‘ydi-yu, parvoyam qilmadi.
– Jarda o‘g‘ri yo‘q, Ko‘ktoy bor, – dedim ammam bilan O‘g‘iloy opa yetib kelishgach.
Ammam jar yoqasiga kelib, atrofni diqqat bilan ko‘zdan kechirdilar-da:
– Hay, Ko‘ktoy o‘lgur, – dedilar, – baqqa ke…
Ana endi Ko‘ktoy chopib kelsa kerak degan o‘yda edim. Ko‘ktoy ammamgayam parvo qilmadi. Aftidan u biz bilmaydigan bir nima bilan mashg‘ul edi.
– Voy, jonivor Ko‘ktoy, qopqonga tushib qopti shekilli, – dedi O‘g‘iloy opa. Bo‘zsuv bo‘ylarida tulki, chiyabo‘rilar ko‘p bo‘lar, kechalari kelib tovuqlarni qiyratib ketardi. Ularga qarshi pana-pastqam joylarga qopqon qo‘yilardi.
Yuragim jaz etib achishib ketdi. Bechora Ko‘ktoy oyog‘idan ajrabdi-da. Qopqonga ilingan chiyabo‘riniyam, tulkiniyam ko‘rganman. Qopqonning o‘tkir tishlari panjalarini majaqlab tashlagan edi. Hatto, qopqon bitta chiyabo‘rining panjasini cho‘rt uzib yuborgan. Chiyabo‘ri qochib qolgan. Ko‘ktoyni qopqondan o‘zim bo‘shataman, qopqonning og‘zini qandoq qilib ochishni bilaman. Ko‘ktoyning tepasiga bordim-u, hang-u mang bo‘lib qoldim.
– Amma-a-a, – deya yig‘lab yubordim. Nimaga ammamni chaqirdim-u, nimaga yig‘lab yubordim, o‘zim ham bilmayman. Ammam bilan O‘g‘iloy opa yetib kelishdi. Nuqul ammamni quchoqlab hiqillayman. Sariyog‘ni Ko‘ktoy o‘g‘irlagan edi. Ko‘ktoy bir panjasi bilan qopqoqni bosib, ikkinchi panjasini bankaga tiqib, sariyog‘ yalab o‘tirardi. Ammam hozir qo‘lidagi kosov bilan boshiga tushirsalar kerak deb o‘ylovdim. Unday qilmadilar. Ko‘ktoyning ishiga ular ham hayron-u lol edilar. Men qamchin bilan itga tashlanmoqchi bo‘ldim. Ammam ushlab qoldilar:
– Qo‘y, bolam, shuning nasibasi ekan, Ko‘ktoyning odamlarga ko‘p foydasi tegadi…
Ammam sabr-toqat bilan banka bo‘shashini kutib turdilar. Axir bunaqa banka qishlog‘imizda bitta-yu bittaligini aytdim-ku. Axiyri Ko‘ktoyning nafsi qonib, qo‘lini bankaning ichidan tortib oldi-da, bizga bir qarab, jilpangladi. Men bankani olmoqchi bo‘ldim.
– Tegma, – dedilar ammam, – boshqa idish bo‘lganda qatron qilardik, bankani qatron qilib bo‘lmaydi, endi u harom, – dedilar-da, kosov bilan bir urib chil-chil qildilar.
– O‘l, o‘rtoq, hech bo‘lmasa tuz sop qo‘ysa bo‘lardi-ku, – dedilar O‘g‘iloy opa achinib.
– Bo‘maydi, – dedilar ammam bosh chayqab. – Harom narsaga qandoq tuz sop qo‘yasan?!
Shundan keyin davralarda Ko‘ktoyning qanday qilib bankadan sariyog‘ni olib yeganlari anchagacha gap bo‘lib yurdi. Keyinchalik uning yoniga “qovun ovi” ham qo‘shildi.
Qovun ovi
Oldi qovunlar dum berib, dehqonlarning kaftlari qichisha boshlagan… Kolxozning otboqari Karimboy choldan tortib, aravakashlargacha shoshib qolishgan. Kolxozda bor-yo‘g‘i ikkita avtokachka bor. Avtokachka deganlari poson arava. Rusiyadan keltirilgan. G‘ildiraklari og‘ir. Tekis yo‘lda yaxshi yuradi. Qirli joylarda otlar tortolmay qiynaladi. Pastga tushishda arava og‘irlik qilib, otlarni surib ketadi. Shuning uchun g‘ildiraklariga tormoz o‘rnatilgan. Aravakash tormozni bor kuchi bilan bosadi. G‘ildiraklar chiyillab aylanadi. Ba’zan tormoz deganlari uzilib otlarni surib ketadi, mayib qiladi. Aravakashlar “o‘zimizning aravalar ming marta yaxshi edi, bu matoh otniyam, aravakashniyam o‘ldiradi” deb so‘kinishardi. Ammo shahar joyga avtokachkaga ruxsat bor edi. Shuning uchun avtokachka talash, navbat bilan berilardi. Qani endi qovun-tarvuzlar ham navbati bilan pishsa. Yo‘q, hammaniki bir vaqtda pishadi. Qishloqni obinovvot, bosvoldi, ichi qizil, cho‘giri, ananas, ko‘kcha degan qovunlarning xushbo‘y hidi tutib ketadi.
Bir kuni bolalar orasida g‘alati mish-mish tarqab qoldi. Nimaymish poliz qorovuli Karim aka kechasi Ko‘ktoy bilan qovun ovlarmish. Kolxoz raisi Qozoqboy ota tepadan kelgan mehmonlarni faqat o‘sha qovun bilan siylarmish. Ko‘ktoy ovlagan qovun shirinligidan labni labga yopishtirib qo‘yarmish…
Rosa boshimiz qotdi. It bilan Bo‘zsuv bo‘ylarida tulki, tustovuq, jayra ovlashlarini eshitardik. It bilan qovun ovlash… O‘ylab o‘yimizga yetolmas edik.
Karim aka baland so‘kichak ustida qorovullik qilardi. Bu yerdan polizzor kaftdek ko‘rinib turardi. Biz qo‘yarda-qo‘ymay Karim akaning so‘risiga chiqib,”sir”ni bilmoqchi bo‘ldik. U kishi: “Bitta “Bayanshirin” obkesalaring ko‘rsataman” dedi. Karim aka aytgan narsa musallas edi. Pul to‘plab, musallas oldik-da, Karim akaning yoniga chopdik. Karim aka musallasni ichib, “E, quyosh”ni boshlab yubordilar. O‘sha paytlarda “Tohir va Zuhra” kinosi urf bo‘lgan. Hammaning og‘zida shu qo‘shiq edi. Karim aka yana allaqancha qo‘shiqlar aytdi. Ovozi xirillab qolguncha aytdi. Allaqachon qorong‘i tushgan, bizni esnoq tutib, uyqu bosar, ovdan darak yo‘q edi. Oy to‘lgan, yon-atrofni uzoq-uzoqlargacha kunduzgidek yoritar edi. Biz bunaqa oydin kechalarda bekinmachoq o‘ynashdan ko‘ra kitob o‘qishni yaxshi ko‘rardik. Kim xuddi kunduzgidek sharillatib o‘qisa, o‘shaning ko‘ziga besh ketardik. Bir xil og‘aynilarimiz o‘qiy olmasdi. Biz ularni “traxoma” derdik. Shunaqa ko‘z kasalligi tarqalgan edi.
– Ja, qiziqsiz-da, Karim aka, – dedim men u kishidan xafa bo‘lib.
– Gapir, akang bo‘yingdan, nima deysan?
– Musallasni ichvoldiz, ov qachon?
Karim aka tomog‘ini qirib, so‘ridan pastga qarab tupurdi-da, oymomaga qarab:
– O‘hho‘,– dedi bamaylixotir, – ovga hali uzoq-ku. Oymomani ko‘ryapsanlarmi-a, hozir osmonning yonboshida turibdi-a? Yurib, yurib manovi ro‘paraga kelsin, – deb olisni ko‘rsatdi. – O‘shanda tikka tursang soyang orqangga uzaladi. Uqdilaringmi? Ov o‘shanda boshlanadi.
– Hozir boshlay qolaylik, jon Karim aka, boshlasayiz ertaga yana bitta musallas obkelib beramiz.
– Shu bugunoq ikkita qilib kelsalaring o‘larmidilaring, qurumsoqlar, odamni na u yog‘lik, na buyog‘lik qilib qo‘ydilaring.
– Bo‘pti, ertaga ikkita qilib obkelamiz, ovni boshlay qoling, – deya og‘zimizni kappa-kappa ochib esnaymiz. Yig‘lagudek bo‘lib yalinamiz.
– Voy, tushunsalaring-chi, enag‘arlar, oy manovi ro‘paraga kelmaguncha bo‘lmaydi deyapman-ku, – dedi-da, pastga engashib, – ha akangni Ko‘ktoyi, yotibsanmi, – deb qo‘ydi. – Itchalik ham sabrlaring yo‘g‘a, nomardlar.
Karim akaning nayrangini payqagandek bo‘ldim. Yaxshiroq bilib olay deb so‘radim:
– Ovni qattan boshlaysiz, Karim aka?
Karim aka tilini chiqarib yana pastga tupurdi. O‘zi bu odamning odati ichib olsa tupuraverar ekan. Halidan beri “qih-qih…”layverib jonimizga tegib ketdi.
– Qattan bo‘lardi, bo‘yingdan akang, senikidan-da, – dedi. Keyin boshqa o‘rtoqlarimniyam nomini sanay ketdi.
– Ey, – dedim hafsalam pir bo‘lib, – kettik bolalar, shunchaki qovun o‘g‘irlash ekan-u, ishonib o‘tiribmiz-a…
Bolalarning uyqusi o‘chib, Karim akaga hezlanib qolishdi:
– To‘lang “Bayanshirin”ni.
– Ha, to‘lang.
– Rezinka ishtonbog‘ omoqchiydim attordan.
Karim aka so‘kindi:
– Rezinka ishtonbog‘mish, boshingga urasanmi uni? Omonatdan-omonat. Rezinka ishtonboqqa ishonib bo‘larkammi? Gappi qaranglar… Xo-xo-xo-o-o… o‘zimiznikidan qo‘ymasin. Kurmak qilib bog‘lab qo‘ysang birov u yoqda tursin, o‘zingam yecholmiysan. Duch kelgan joyda bexavotir, bemalol uyqini urovrasan, akang bo‘ylaringdan… xo-xo-o-o…
Darhaqiqat, biz rostdanam rezinka ishtonboqqa oshiq bo‘lib qolgan edik. Cho‘milishga ja bop edi. Bir zumda yechasan-u suvga sho‘ng‘iysan. Chiqasan-u kiyib olasan. Bunaqa ishtonbog‘li ishtonni birinchi bo‘lib raisning o‘g‘li Ilhom kiydi. Biz u yoqqa o‘tsak ham, bu yoqqa o‘tsak ham ishtonini tushirib, Ilhomning rosa jig‘iga tegardik. Ammo cho‘milishga borganda, hammadan oldin Ilhom suvga kalla tashlar, suvning “qaymog‘i” unda ketardi. Bu bizga judayam alam qilardi. Shunga hamma o‘zicha pul yig‘ib, attor kelishini kutardi. Mana endi Karim akaning nayrangiga uchib ishtonbog‘dan quruq qolib o‘tiribmiz. Alam qiladi-da…
Karim aka rezinkani pulini bermasa so‘kichakli qorovulxonasini buzadigan bo‘ldik. O‘ziyam liqillab zo‘rg‘a turardi.
– Hazillashdim, it emganlar, hazillashdim. Senlarning qovunlaring hammani qo‘yib ov qilishga arzirkanmi. Ha, itga bersang it yemaydi senlarnikini. Ov shetta bo‘ladi, shetta. Senlar qovunga bir hovuchdan ko‘mma solgan bo‘lsalaring, men har birining tagiga bir zambildan go‘ng tashlatganman, enag‘arlar.
Dehqonlar qovun-tarvuz ekishdan oldin ikki ketmon bo‘yi chuqurcha qazishib, ularni ot go‘ngi bilan to‘latib chiqishardi. Keyin qayta ko‘mib, ketmon orqasi bilan urib qo‘yishardi. Buni ko‘mma deyishardi. Urug‘lar o‘sha ko‘mmaga ekilardi. Ot go‘ngi qizib, urug‘ni tez yetiltirardi. Havo sovib ketsa o‘zidan issiq chiqarib ikki, uch quloq bo‘lgan nihollarni bahorgi ayozlardan asrardi. Mol go‘ngi solishmasdi. Qizdirmaydi, ekinni ildiziga qurt tushirib yuboradi, deyishardi. Shundog‘am mol go‘ngi yerga ortmas, qish bo‘yi yig‘ilib, yozda tappi qilib, qishga g‘amlanardi.
Karim akaning dag‘dag‘asidan keyin jimib qoldik. Ovni qanaqa bo‘lishini har birimiz o‘zimizcha xayol qilardik. Axir hech vaqtda odam o‘z qovuniniyam o‘zi ovlaydimi? Ovlab nima qiladi? Shundog‘am olovurmaydimi? Yana Ko‘ktoy bilan ovlarmish. Nimaga endi Ko‘ktoy bilan? O‘ziniyam iti bor-ku? Ertadan-kechgacha tut tagida bog‘log‘liq, angillab yotadi. Yana bu ovning oymomaga bog‘lab qo‘yilgani g‘alati. Oymoma bo‘lsa hadeganda Karim aka aytgan “miyya”ga kela qolay demasdi.
Kayfi tarqab bo‘ldi shekilli, Karim aka tilini bir qarich qilib tupurishni bas qildi. Og‘ir tortib, dardmand odamdek ingranib, chuqur-chuqur xo‘rsinib qo‘ydi. Ming‘irlagan ovozda dedi:
– Rostiylarni aytiylar ukalar… shu…
Karim aka qandaydir aytib bo‘lmaydigan gapni aytmoqchi bo‘lardi-yu, ikkilanardi. Biz Karim akaga yon-atrofdan tikilib qolgan edik.
– “E quyosh…” yaxshi chiqdimi? – dedi u entikib.
– Zo‘r…
– Kinodagidaqami-a, aldamayapsanlarmi? – yosh boladek umid bilan so‘radi u.
– Xuddi o‘shanaqa, ha…ha Karim aka, paqat choladiganlari yo‘q-da, – deb chug‘urlaymiz biz.
Karim akaning g‘amgin yuzlari oy nurida chiroyli bir turlanib ketdi. Qo‘shiqni qayta boshlamoqchiday tomoq qirib qo‘ydi. Keyin yonboshlab yotgan Qo‘chqorga qaradi.
– Sen uka, xafa bo‘magin-a?
Qo‘chqor hayron bo‘lib yotgan joyidan turib, chordana qurib o‘tirib oldi. Karim akaga hayron bo‘lib qaradi. Karim aka bizlarga o‘girilib so‘radi:
– Nima deysizlar? Eshitdimikin-a, “E quyoshni…”?
Biz bir-birimizga qarab oldik. Karim aka shunaqa ipakdek mayin tortib, sirli qilib so‘radiki…
– Kim eshitadi, Karim aka, kim? Kutilmaganda bizning ham ovozimiz mayinlashib, sirli tus oldi.
– Gulsum-da, Gulsum, – dedi-yu, Karim aka “o‘-o‘-o‘-o‘h…” deb yubordi.
Qo‘chqor shartta boshini pastga egib oldi. Gulsum uning xolavachchasi. Kolxozchi qizlar orasida eng chiroylisi. O‘g‘il bolalardek shaddod, quvnoq. Gulsum opaga oshig‘-u beqaror bo‘lganlarning son-sanog‘i yo‘q. Bundan chiqdi Karim akaniyam yuragidan urgan ekan-da.
– Bilasizlarmi, ukalar, – dedi Karim aka xo‘rsinib,– meni ichimam-tashimam lovullab yonib yotibdi… Eh… buni boshlaringga tushganda bilasanlar. Oh… Men bu dunyoda Gulsum borligi uchun yuribman. Bo‘lmasa yashashni hecham qizig‘i yo‘q. Bugun “Bayanshirin” obkelib ko‘p yaxshi ish qildilaring. Bir yozildim-da. Ha, ko‘nglim bo‘shadi, ukalar. Ishqilib “E quyosh…” Gulsumning qulog‘iga yetgan bo‘lsin-da.
– Sovchi qo‘ying, – dedim.
– Oh, qaniydi, tilginangga shakar, bo‘yingdan. Bu hech bo‘maydigan ish. Biz kimmiz, kelgindimiz. Peshanamizda quloqning bolasi degan tamg‘a bor. Begona itning dumi hamisha qisiq bo‘ladi. Gulsum kim? Osmondagi oy-ku u. Sovchi qo‘yingmish-a…
Qo‘chqor boshini yerdan ko‘tardi. “Bilib qo‘ylaring, biz shunaqamiz”, degandek bo‘ldi go‘yo.
Birdan hammamiz jimib qoldik. Ov ham esdan chiqdi, xuddi bu yerga Karim akaning dardini eshitgani kelgandek.
– Men o‘z yurtimda bo‘lganimda bormi, – dedi Karim aka jimlikni buzib, – do‘ppim yerga tushsa pulga oldiradigan boyvachcha bo‘lardim. Bu yerda mana yozda polizga qorovulman, qishda idoraga.
U do‘ppi o‘rniga boshiga tang‘ib olgan oppoq durrani yechib, qayta bog‘ladi. Oyga qarab:
– Vaqt ham bo‘p qopti, – dedi va keti bilan narvonga qarab surildi. – Orqamdan shovqin ko‘tarmay tushinglar. Hammamiz soqovmiz – tamom.
Pastga tushsak Ko‘ktoy ham bir nimani sezgandek quloqlarini ding qilib, qotib turibdi. Ko‘zi polizda. Karim aka nimagadir Ko‘ktoyni pana qilib, cho‘nqayib o‘tirib oldi. Biz ham cho‘nqaydik. Oymoma naq ro‘paraga kelgan. Soyamiz orqaga cho‘zilgan. Dalalar oy nurida cho‘milib yotar, tiq etgan tovush yo‘q. Hatto, chirildoqlar ham bir nimani kutgandek jimib qolgan. Quloqlarim shang‘illab, yuragim gup-gup ura boshladi. Bolalar bir-birimizga suyanishib, g‘uj bo‘lib o‘tirardik. Ko‘ktoy hamon bo‘ynini oldinga cho‘zgancha hid olar, quloqlari hali u yoqqa, hali bu yoqqa borib kelardi. Shu payt birdan qarsillagan “o‘q” ovozi eshitilib qoldi. Cho‘chib tushdik. Ko‘ktoy turgan joyida bo‘ynini bukib bir cho‘kdi-yu yugura ketdi. “Ketdik”, dedi Karim aka Ko‘ktoyning orqasidan tushib. Qayerdandir yana “o‘q” ovozi keldi. Ko‘ktoy qovun palaklarini bosib chopardi. Biz uni qora qilib, egatdan egatga o‘tardik. Nihoyat Ko‘ktoy bir joyga yetib, iskalana boshladi. Karim aka o‘sha joydan bitta katta qovunni uzib oldi-da, menga tutqazdi:
– Chop, chaylaga tashlab ke…
Ko‘ktoy endi boshqa tarafga qarab chopa ketdi. Karim aka bolalarni o‘sha tomonga boshladi. Qovunni chaylaga tashlab qaytayotsam sheriklarimam birin-ketin qovun qo‘ltiqlab kelishyapti. Karim aka Ko‘ktoyning orqasidan hali u yoqqa, hali bu yoqqa chopib yuribdi. “O‘q” otishlar uzoqqa cho‘zilmadi. Shu bilan “ov” ham tugadi. Chayla tagiga ancha-muncha qovun to‘plandi.Ular shunaqangi xushbo‘y ediki, hidi dimoqqa kirib ishtahani qitiqlardi. Lekin hammasi tars-tars yorilgan edi. Qovunlar yorilganda miltiqqa o‘xshab ovoz berar ekan.
– O‘hho‘, – dedi Karim aka qovunning cho‘g‘ini ko‘rib, – bugun ov rosa baroridan keldi-ku. Yasha, azamat, bittayam qoldirmay hammasini topding-a, – deya Ko‘ktoyni erkalab qo‘ydi. Keyin qovunlardan bitta kattasini oldi-da, chetroqqa qo‘yib Ko‘ktoyni chaqirdi:
– Ol jonivor, haloling bo‘lsin, yevol… Ko‘ktoy bunday siylovni kutib turgan ekanmi, jon deb o‘zini qovunga urdi.
– Qovunlarni tepaga olishvorasizlar endi, bo‘lmasa hid olib hali zamon hammayoqni jayra bosadi. “Ov”dan ajrab qolamiz.
Karim aka haq edilar. Palaklar ichiga jayra kirib qolsa uni haydab chiqarib bo‘lmasdi. Yaqinlashding deguncha nayza otadi. Nayzasi zaharli bo‘ladi. Bundan chiqdi jayra, chiyabo‘ri, tulki, itlar qovunlar qachon yorilishini bilib yarim kechada “ov”ga chiqisharkan-da. “Qovunning shirinini it yeydi”, deganlari shu ekan!
Qovunlarni tepaga chiqargach, Karim aka bittasini so‘yib bizni mehmon qildi. Biz qovun emas, xuddi novvot chaynayotgandek bo‘lardik. Bir tilimdan ortiq yeya olmadik. Karim aka bilan xayrlashib, uy-uyimizga tarqaganda xo‘rozlar qichqira boshlagan edi…
Yong‘oq tagidagi jin
Boymurod akaning yong‘oq tagiga makon qurib olgan jinlar haqidagi hikoyasi Ko‘ktoy bilan bog‘liq yana bir voqeani yodimga solib qo‘ydi.
Biz qishloq bolalari doimo bir xil tashvish bilan yashardik. Hayotimiz ko‘proq Bo‘zsuv bo‘ylarida kechardi. Sigirning qornini to‘ydirishdan tashqari, bir ovqat pisharlikmi, choy qaynarlikmi ishqilib o‘tin ham topib kelishimiz kerak edi. Pishirgulik topsa kuydirgulik, kuydirgulik topsa pishirgulik topilmaydigan dardi bedavo zamonlar edi. Biz uchun qurigan ajriqning ildizi ham, mol yemaydigan xashak-xushak ham o‘tin edi. Bir kuni sigirning qornini bir amallab qappaytirdim-u, bir tutamam o‘tin topolmadim. Kuz boshlangan, dala-yu dasht bo‘shab qolgan. G‘o‘zapoyaga ruxsat yo‘q, paxta terimi davom etardi. Ammam urishmadilar-u, yig‘lavorgudek bo‘lib dedilar:
– Kechqurunga-ku amalladim, ertalabki choyga nima qilaman endi, otam?
Ammam juda xursand bo‘lganlarida yoki xafa bo‘lganlarida “otam” so‘zini qo‘shib qo‘yardilar. Agarda xursand bo‘lib aytsalar “otam” deyishlari yog‘dek yoqardi. Birdaniga katta odam bo‘lib qolgandek shishinib ketardim. Ammo hozirgidek paytlarda musht yegan odamdek a’zoyi badanim zirqirab ketar, o‘zimni qo‘yishga joy topolmay qolardim. Rost-da, uyimizda erkak kishi men bo‘lsam, jiyanlarim yosh, o‘tinni men topmay kim topishi kerak?!
– Hozir topib kelaman, – dedim-da, chilvirni qo‘ynimga solib, ko‘chaga otlandim. Ammam:
– Kech bo‘ldi, qattanam toparding, qo‘ya qol, – deganlaricha qoldilar.
Uyimizdan sal naridagi tepalikda kolxozning o‘tinxonasi bor edi. Lekin o‘tinxonaga yaqinlashishning o‘zi bo‘lmasdi. Bir yoqda kolxoz idorasi, undan keyin magazin, temirchi Mihtiyning ustaxonasi, omborxona, otxona, ana undan keyin o‘tinxona edi. Men uchun bitta yo‘l bor. Ana shu bir-biriga tutash qurilgan binolarning orqa tarafi. U tarafda derazalar yo‘q. Faqat temirchi Mihtiyning kul tashlaydigan tuynugi bor, xolos. Tepalikning pasti qator yong‘oqzor. Narigi yog‘i paxtazor. O‘tinni bir amallab o‘g‘irlaydigan bo‘lsam, albatta yong‘oqzordan o‘tishim kerak. Shunday qilsam meni hech kim ko‘rmaydi. Yong‘oqlarning barglari to‘kilib, ustida yakkam-dukkam qolgan barglar meni botirlantirdi. Yoz paytlari barglari shunaqangi quyuq bo‘lardiki, odam kunduzi yurgani qo‘rqadi. Shunday bo‘lsa ham yolg‘izoyoq so‘qmoq tushgan, undan rahbarlarni ko‘ziga tashlanishni xohlamaganlar yurardilar. So‘qmoq yong‘oqzor yoqalab Bo‘zsuv bo‘yiga olib tushadigan ko‘chaga tutashib ketardi.
Otxona darvozasi ro‘parasiga yetguncha men bilan birovning ishi bo‘lmadi. Ko‘cha otxona darvozasiga borib, chapga burilardi-da, otxona yoqalab pastga tushib ketardi.
Nima bo‘ldi-yu, otxona darvozasiga yetganimda otboqar Karimboy cholga duch kelib qoldim. U meni ko‘rdi-yu, “Ha” degandek tikilib qoldi. Jin ursin. Qo‘rqib ketdim. Sir boy bermay darrov salom berdim:
– Assalomalaykum, Karimboy tog‘a.
– Ja, – dedi Karimboy chol, – eri nomoshshomda qo‘yvorgan xotindek nima qilib ivirsib yuribsan bu yerlarda?
Bunaqa paytda kallayam darrov ishlab ketadi:
– Sigirimmi temir qozig‘i tushib qopti…
Biz podamizni Bo‘zsuv bo‘yiga shu yo‘ldan olib tushib, shu yo‘ldan haydab chiqar edik. Yolg‘onimga Karimboy chol ishonmadi.
– He, sigiring o‘lib sigirsiz qol, bedaga aylanishsang, kallangni olaman.
Birdan xo‘rligim tutib, ko‘zlarimga yosh quyilib keldi.
– Bedayz boshshiyzdan qosin, sigirimni qarg‘amang. Pochcham o‘lib, ukalarim yetim qoldi, endi sigirimizam o‘lsinmi? Ochimizdan bizam o‘laylikmi? – dedim hiqillab.
Karimboy chol birdan yumshadi:
– Bo‘pti, bor, bor, toshingni ter, – dedi-yu otxonaga kirib ketdi.
Yo‘qolmagan temirqoziqni qidirgan bo‘lib, otxonaning orqa tarafiga o‘tdim-da, jahl bilan shartta devordan oshib, kolxozning o‘tinxonasiga tushdim. Hech zog‘ yo‘q. Kimam bo‘lardi namozshomda. Oftob botib ketgan, shafaq ham o‘chib bo‘lgan. Karimboy chol xo‘jayinligini g‘aramdagi bedalarga qilsin! O‘tin bilan uning nima ishi bor?! O‘tinxonada to‘nkalar, shox-shabbalar ayqash-uyqash bo‘lib yotardi. Qo‘ynimdagi chilvirga bir ko‘tarim tut shoxini bog‘ladim-da, yong‘oqzor tarafdagi devordan oshirib otdim. Orqasidan o‘zimam oshib o‘tdim. Xayolimda kimgadir jahl qilardim-u, aslida qo‘rquvni yengaman deb o‘zim bilan o‘zim olishardim. Bu taraf ko‘zimga zimziyo qorong‘i ko‘rindi. O‘tinni yelkamga oldim-u, so‘qmoqdan keta boshladim. Ko‘zim oyog‘im tagida, u yoq-bu yoqqa qarash yo‘q. Biron narsaga qoqilib ketishdan qo‘rqaman. So‘qmoqni ko‘zdan qochirmasam bo‘ldi, u uyimizga olib boradigan ko‘chaga olib chiqadi. U yog‘i bir qadam. Aksiga olib so‘qmoqni yong‘oq xazonlari bosgan, shitirlab vahima solardi. Nimadir yon-verimdagi xazonlarni bosib kelayotgandek bo‘lardi.
Shu payt orqalab olgan o‘tinimga yong‘oq shoxidan bir nima sakrab tushdi. O‘tinning butog‘i kuragimga qattiq botdi. Chilvirning bir uchi bilagimga o‘ralgan. Bo‘shata olmayman. Odatda, bunaqa joylardan kunduzi o‘tgan odam yo hushtak chalib yoki biron bir qo‘shiqni varanglatib o‘tadi. Shu bilan o‘ziga-o‘zi dalda bergan bo‘ladi. Hozirgi ahvolimda na hushtak chala olardim, na… O‘tin ustidagi mahluq yelkamdan oshib peshanamni silay boshladi. Nafasim bo‘g‘izimga tiqilib, dod devorishimga oz qoldi. Jon holatda boshimni chayqab yubordim. Qurg‘ur yong‘oqni bargi ekan. Shu payt otxonada ot kishnadi. Buyam ancha dalda. Bildimki, o‘tinxona orqada qopti, otxonaning ro‘parasiga kelib qolibman. Otxonadan keyin omborxona, temirchi Mihtiyning ustaxonasi, maktab, Isog‘jon tog‘aning hovlisi…
Shu payt ko‘z oldim yorishib ketdi. E, olov!.. Ha, ha, olov chor atrofni yoritib, gurillab yonardi. Xayolimda kimdir uni yoqqan-u, o‘zi ko‘rinmasdi. E, deyman o‘zimga-o‘zim, bu temirchi Mihtiyning ishi-ku. Otlarni taqalab bo‘lgandan keyin, tirnoqlarni shu yoqqa obchiqib kuydiradi. Ustaxonada kuydirsa, hammayoqni qo‘lansa hid tutib ketadi. Olovni yoqib o‘zi uyiga ketgan shekilli.
Men yorug‘lik – qo‘rqmaslik, qorong‘ulik – qo‘rqoqlik ekanini o‘shanda birinchi marta his qildim. Olovni ko‘rish bilan qo‘rquvni unutib, ichim yorishib ketgandi. Hatto, yelkamni bosib turgan anovi alvasti ham olovdan qo‘rqib, yong‘oq shoxiga chiqib ketdiyov. Men o‘tinni yerga qo‘yib, yelkamga botayotgan joyni almashtirib olmoqchi ham bo‘ldim. Shu payt mo‘jiza yuz berdi. Olovga jon bitib, pildirab, yarim doira yasadi-da, yo‘limni to‘sib chiqdi…
Ajina degan o‘y miyamga urildi-yu nimagadir Ko‘ktoyni chaqira boshladim:
– Ko‘ktoy! Ko‘ktoy!
Osmondan tushdimi, yerdan chiqdimi bilmayman. Ro‘paramda, harsillaganicha Ko‘ktoy turardi. U bir o‘ynoqladi-da, meni aylanib o‘tib oldimga tushib yura boshladi. Ko‘zimni chirt yumib, tusmol bilan Ko‘ktoyga ergashdim. Uyga qandoq yetib kelganimni bilmayman. Hartugul o‘tinni olib kelibman. O‘zimni yerga tashlab, yerparchin bo‘lib yotaveribman, yotaveribman. Ammam suv sepib o‘zimga keltiribdilar. Ertalab tursam og‘zim, burnim to‘la uchuq. Ammam ikki dona tuxum berib, kinnachi xolaga jo‘natdilar. Kinnachi xola kirdan yag‘iri chiqqan bir yostiqni boshimga qo‘yib, qoq bo‘yraga yotqizdi-da, kinna sola boshladi:
“Qirq sulton, qirq bir chilton,
Kinna-kinna kirmasmu, kirsa aslo chiqmasmu.
Qorni katta boylarga bor,
Dumbasi katta qo‘ylarga bor,
Qon yalagan qassobga bor,
Un yalagan allobga bor,
Bu yetimchada nima gunoh?!
Ha, chiq-chiq!.. Chiqmaganingga qo‘ymayman, badbaxt chiq!..”
Kinnachi xola “hov, hov” deb kekirar, ko‘zlaridan shashqator yosh oqardi. Xolaning zamzamalari xush yoqib, uxlab qolibman. Shu payt meni kimdir dast ko‘tarib, olib ketmoqchi bo‘ldi. Men tipirchilab unamadim. U meni ko‘targan joyidan bo‘yra ustiga tashlab yubordi. Ko‘zimni ochsam, bo‘yra ustida o‘tiribman. Kinnachi xolaning sopol kosadagi kullari sochilgan, o‘zi orqaga ketib, oyoqlari laylak bo‘lib yotardi.
– Voyy!.. – kinnachi xola dumalab-sumalab o‘rnidan turdi. Ko‘zlarining paxtasi chiqib dedi:
– Bunaqasi bo‘magan, bolam, ha… hecham bo‘magan, sen yetimchani xudo bir saqlabdi. Yomon cho‘chiding-a?
Qushdek yengil tortib, uyga qaytdim. Ko‘ktoyni eslayman. Kecha u kelib qolmaganida bormi, jinlar meni hoynahoy Bo‘zsuv taraflarga olib ketardi. Bo‘zsuvni ko‘zimga kichkinagina ariqcha qilib ko‘rsatardi-da: “Qani hatla, hatlab o‘t”, derdi. Shu bilan tamom edi… Ko‘ktoy o‘zi boshqacha-da!
Lekin Ko‘ktoy keyingi paytlarda kechalari osmonga qarab uliydigan odat chiqardi. Ayniqsa, oy to‘lgan kechalari u avjiga chiqadi. Bunday kunlarda qishloq oy nurida judayam chiroyli ko‘rinadi. Balandqo‘rg‘on, Pastqo‘rg‘on, Kenjaqo‘rg‘on hammasi kunduzgidek olamga o‘zini ko‘z-ko‘z qiladi. Hatto, Bo‘zsuvning narigi tomonidagi “To‘qson bir” degan joylar ham yarqirab ko‘zga tashlanadi. Faqat Bo‘zsuv va uning ikki chekkasidagi jarliklar ustida qoramtir bir sharpa suzib yurganga o‘xshaydi. Ko‘ktoyning osmonga qarab ulishi bu chiroyli olamni yanayam sirli, g‘amgin qilib yuboradi. Ko‘ktoy Balandqo‘rg‘onda yashaydi. Shungami ovozi uzoq-yaqinlarga ketadi. Uning tinimsiz ulishini birovlar yaxshilikka yo‘yar – yurt boshiga tushadigan balo-qazolarni daf qiladi deyishar, boshqalar xosiyatsiz – balo-qazoni chaqiradi, nima balo urush boshqatdan boshlanib qoladimi, deyishardi. Biz Ko‘ktoy uliganda yaqindan borib tomosha qilardik. Ko‘ktoy cho‘nqaygancha tumshug‘ini oyga cho‘zib ulirdi. Uliganda tumshug‘i bo‘yniga qo‘shilib, allaqanday qo‘rqinchli tus olardi. Xayolimda Ko‘ktoy oymoma ichidagi obkash ko‘targan odamni taniydigandek, ular ilgari birga-birga yurishgan-u nimadir bo‘lib egasi oyga chiqib, Ko‘ktoy yerda qolib ketganga o‘xshardi. “Balandqo‘rg‘on” kunchiqar tarafda bo‘lib, quyosh ham, oy ham shu tarafdan chiqib kelardi. Oymoma to‘lib, dum-dumaloq bo‘lgan paytlarda, shundoqqina “Balandqo‘rg‘on”dan ko‘tarilayotgandek bo‘lardi. Ichidagi obkash ko‘targan odam shundoq qadam qo‘ysayoq bas, o‘zini “Balandqo‘rg‘on”da ko‘radigandek. Yoki Ko‘ktoy yugurib egasinig oldiga chiqib olsa bo‘ladigandek…
Qishlog‘imizda it ko‘p edi. Kechasi bittasi akillasa, butun qishloq itbozor bo‘lib ketardi. Ammo Ko‘ktoy uliganda nimagadir itlar jim turishardi. Go‘yo qishloqda Ko‘ktoydan bo‘lak it yo‘q.
Shunday kunlarning birida Oyto‘ra xola o‘lib qoldilar. Sal o‘tmay, institutda o‘qiydigan Ismoiljon degan o‘g‘li ham orqalaridan ketdi. Ha, “Balandqo‘rg‘on”da yig‘i ovozi tinmay qoldi. Ikkita o‘lik chiqsa ham Ko‘ktoyning ovozi o‘chmadi.
Bir kuni tunda “Balandqo‘rg‘on” tarafdan gumburlagan o‘q ovozi eshitildi-yu, qishloq bir qalqib tushdi. Kataklardagi tovuqlar qaqog‘lab, itlar shovqin ko‘tarishdi. Biroq Ko‘ktoy jimib qoldi. Ertasiga ma’lum bo‘ldiki, uni kimdir cho‘chqao‘q bilan otibdi.
Qishloq huvillab qoldi. Ammo Ko‘ktoyning o‘limi boshqa bir tashvishni boshlab keldi. Cho‘chqao‘q ov miltig‘idan otilmas ekan. Bundan chiqdi qishloqda berkitib qo‘yilgan jangovar qurol bor. Uni urushdan qaytganlar harbiy komissarlikka topshirishmagan. Uylarni tintish boshlandi. Ammam bilan G‘anijon amakim shoshib qolishdi. Bizzi uydayam uchta cho‘chqao‘q bor edi. Kosa ichida turardi. Bittasini men o‘rtoqlarimga maqtanish uchun cho‘ntagimda olib yurardim. O‘qning uchi uchlik, qop-qora, gilzasi oltindek yaltirardi. Orqasida pistoniyam bor edi. Otilganda gilzasi qolarkan-u qorasi uchib chiqib, tekkan narsani teshib o‘tar ekan. Ko‘ktoy xuddi shunaqa o‘q bilan otilgan. Bo‘lmasa, sochma o‘qqa Ko‘ktoy o‘lmasakan. Itni joni qattiq bo‘larkan.
Ammam kosa ichidagi o‘qni tomorqaga uloqtirib yubordilar. Keyin amakimdan so‘radilar:
– G‘anijon, o‘q ikkitamidi?
– Yo‘q, uchtaydi. Qarang, bolalaringiz olgandir.
Amakim meni eshikka poyloqchi qilib, shoshib taxmondagi ko‘rpani qulatdilar. Ammam ishlatilmaydigan choynaklarni ag‘darib o‘q qidirib ketdilar. Jiyanlarim Yo‘ldosh bilan Ergashning cho‘ntaklarini titkiladilar. Topolmay jig‘ibiyron bo‘ldilar. Amakim sandiqning bir tarafini bazo‘r surib, orqasidan quvuri ingichka miltiq oldilar. Ko‘rib qo‘rqib ketdim. Amakim sandiqni joyiga surib, ammamga shosha-pisha dedilar:
– Ko‘rpalarni tezda yig‘ib qo‘ying…
– Sen bolaga shuni yo‘qotgin deb necha marta aytdim-a. Oborib Bo‘zsuvga tashlavorsang o‘larmiding. Haliyam shunday qil. Ana, qopga o‘ra, jo‘na…
– Nima deyapsiz, opa, qishloq o‘rab olingan-ku. Hech kim uyidan chiqmasin deyishgan…
– Voy sho‘rim qursin… nima qilasan endi buni?
Amakim nima qilarini bilmay, bir zum o‘ylanib turdi-da, hech kim yo‘qmi degandek menga bosh irg‘adilar. Men tashqariga qarab boshimni sarak-sarak qildim. “Hech kim yo‘q! Amakim miltiqni quvuridan ushlagancha yerda sudratib hovliga chiqdilar. Keyin ilkis ko‘tarib, qo‘ndog‘ini to‘nkaga shundoq urdilarki, qo‘ndog‘i samovar o‘tin bo‘ldi-qoldi. Keyin quvurni ko‘ylaklari ichiga tiqib, hojatxonaga o‘tib ketdilar. Birozdan keyin keldilar-da:
– Qo‘rqmang opa, hammasi gatop, – dedilar. – Ha, siz o‘qqi toptizmi?
– Quribgina ketsin, topolmayapman-da shu!
O‘q mening cho‘ntagimda edi. Nimagadir mendan gumon qilishmasdi. Ammam o‘qni qidirishdan charchab dedilar:
– Hech yerda yo‘g‘u?
– Bollariz yutvormadimikan ishqilib? – kuldilar amakim.
– O‘lar… nimalar deyapsan G‘anijon…
– Bo‘pti, bitta o‘q nima bo‘pti. Topishsa, pochchamiz rahmatlik esdalikka obkelganidi deb qo‘ya qolamiz.
G‘anijon amakim samovar o‘tin bo‘lib ketgan miltiqning qo‘ndog‘ini urchug‘igacha terib, tandir ichiga tashladilar. Keyin xotirjam: – Anovi ikkita o‘qni nima qildingiz, – deb so‘radilar.
– Otvordim, nima qilardim.
– Qaqqa otvordiyz?
– Tomorqaga, – dedilar ammam.
– Bu yil och qopmiz-da.
– Nimaga unday deysan, nafasingni issiq qil uka,– hayron bo‘ldilar ammam.
– Yer chopganda, ketmonim pistonga tegib ketsa, o‘lamanku, opa.
– Ja, topding bahonani.
– Rost-da, hech bo‘lmasa, hojatxonaga tashlavormaysizmi, opa.
– Qattan bilay, shoshib qoldim-da, otam.
Ammam beshikdagi Rixsi jiyanimni emizgancha gap sotardilar. G‘anijon amakim tikka turar, men ochiq eshikdan ko‘chaga qarab-qarab qo‘yardim. Ammam menga ish buyurdilar:
– Hay, tovuqlarga bir siqim jo‘xori sepib qo‘y… Sigiram och qoldi! Qachon kelisharkin u zormandalar. Uyda qamalib o‘tirovramizmi? Shularni bari Ko‘ktoyni otganni jatiga. Ha, otmay, otilgurlar-a. Shundoq itni otvorishdi-ya… Qo‘llaring singurlar, – deb qarg‘andilar ammam.
Hujraga kirib, siniq sopol kosada jo‘xori oldim-da, daydib yurgan tovuqlarni “tu-tu”lab chaqira boshladim. Hammasidan oldin tojisi qip-qizil, chipor xo‘roz yetib keldi. Biz tovuqlarni ko‘proq shu xo‘rozga ishonib bo‘sh qo‘yib yuborardik. U tovuqlarga tulki u yoqda tursin, hatto begona odamniyam yo‘latmasdi. Begona sharpa sezdi deguncha shovqin ko‘tarib, qanotlarini qars-qars urib, patlarini hurpaytirib, tovuqlarni atrofiga yig‘ib, “urush” holatiga tushib olardi. Xo‘rozimiz judayam kekchi edi. Bir kuni qo‘shnimiz Turob aka uyiga o‘tib ketayotsa, kayfi bor ekanmi, to‘satdan qichqirib, o‘takasini yoray debdi. Turob aka erinmay xo‘rozni tiriqtirib quvibdi. Shu-shu Turob aka uyiga idoradan barvaqtroq qaytsa, “urush” e’lon qilib, uyigacha kuzatib qo‘yadi. U kishi buxgalter bo‘lib ishlardilar.
Xo‘roz men sepgan donga tumshug‘am urmadi. O‘zini terib yegan qilib ko‘rsatardi-yu, shundog‘am yiqilib-surilib qanot qoqib kelayotgan tovuqlarni donlashga chaqirardi. Hovli yuzi oq, chipor tovuqlarga to‘ldi. Bitta tepada o‘zimiz yolg‘iz yashaganimiz uchun, kattakka qamamasdan tovuq boqsa bo‘lardi. Ammamning bevaligi uchun tepamiz tagidan, tomorqaga deb yer ajratishgan edi. Ammam ham kelib-kelib cho‘chqa o‘qlarni shu yoqqa uloqtiribdilar.
Men xo‘rozning don cho‘qish o‘rniga, kermachog‘lik qilib, aylanishini tomosha qilib turib, ko‘chadagi ikkita shapkalikka ko‘zim tushib qoldi. Xayolimga cho‘ntagimdagi o‘q keldi. Hali uni bekitib ulgurmagan edim. Qarasam, o‘choqni oldida turgan ekanman, shapkaliklardan ko‘z uzmay o‘qni cho‘ntagimdan oldim-u o‘choqqa tashlab yubordim. O‘q kulga ko‘mildi-ketdi. Keyin “kelishyapti” deb ammamga xabar berdim. O‘zim yana o‘choq oldiga turvoldim. Ular uyimizga olib chiqadigan so‘qmoq boshida nimagadir yurmay turib qolishdi. Orqalaridan partkom yetib keldi. Uchovlari turvolib, o‘rischalab ancha chug‘urlashdi. Pochchamlarning ismini tilga olishdi. Qo‘llaridagi qog‘ozga bir nimalar yozishdi. Keyin biznikiga kirmay, keta boshlashdi. Men shoshib, o‘qni o‘choqdan olmoqchi bo‘ldim.
Kosov bilan kulni titkilaganimni bilaman, xuddi kul ichida tuxum yorilganday paqillagan ovoz chiq-di-yu, chotimning orasidan vizillab bir nima o‘tib ketdi. Don cho‘qilayotgan tovuqlar tumtaraqay bo‘lib ketishdi. Xo‘roz shunday bir qo‘rqinchli ovoz chiqardiki, uni ko‘rib hayron qoldim. Xo‘rozning tojdor kallasi yo‘q, ikki oyoqda dikonglab sakrab yuribdi. Hovli yuzi qon. Qarasam shapkaliklar pusib olib, biz tomonga yugurib kelishyapti.
Ichkariga chopqillab kirib, jon holatda, “kelishyapti”, deb baqirdim. G‘anijon amakim deraza tokchasida o‘tirgan ekanlar, lip etib sakradilar-u, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar.
Kimdir eshik tagiga keldi-yu, ichkariga kirmay buyruq qildi:
– Ichdagilar tishga chiqig‘iz. Bulmasa, bez purudupurejeniya atam…
Hozirgina amakim o‘zini tashlab qochgan derazada yana bittasi paydo bo‘lib, ichkariga to‘pponcha o‘qtaldi:
– Nu, nu, bistro, bistro!
Qo‘lida to‘pponchasi bo‘lsayam ko‘zlari ola-kula edi. Ammam Rixsi jiyanimni beshikdan bo‘shatib, ikkita jiyanimni ergashtirib tashqariga yurdilar. Deraza ko‘zida turgan to‘pponchalik lip etib ichkariga sakradi. Taxmonlarni, sandal ichlarini qaradi. Men serraygancha qotib qolgan edim. To‘pponchalik mushukka o‘xshab hammayoqni titib tashladi… U bir zumda dahliz-u, hujralarimizgacha qarab chiqdi. Bilib turibman, u o‘q otgan odamni qidirardi. U hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, “chiq” degandek yelkamga bir turtdi.
Ammam hovli yuzidagi qonni va bir chekkada cho‘zilib yotgan xo‘rozimizni ko‘rdilar-u jon-ponlari chiqib ketdi. Partkom hech narsaga tushunmay ko‘zining paxtasi chiqib, tinimsiz u yoqdan-bu yoqqa yurardi. Ammam Rixsini menga tutqazdilar-da:
– Otayni og‘ziga sendaqa zo‘ravonlarni, – deb to‘pponchalikka tashlanib qoldilar-u. – Xo‘rozimni nima qilib qo‘yding, qirilib ketkur… Nimaga otasan, o‘qing o‘zmay o‘lsin seni… Yetimlarimmi uvoli tutsin…
Partkom bilan yana bitta shapkalik o‘rtaga tushib, ammamni ajratib olishdi.
Ammam ko‘zlaridan duv-duv yosh to‘kib, ezilib-ezilib yig‘lardilar. Qo‘rqib ketishgan jiyanlarim ham ammamning etagiga yopishib, dod solishdi. Hovlimiz birpasda qiyomat-qoyim bo‘p ketdi.
– Hov, Tursun, aylanay jiyanim, gapga quloq sol. Biz seni uyingga kirmasdan o‘tib ketayotgan edik. Shu tomondan birov o‘q otdi. Eshityapsanmi, o‘q otdi! Tepamizdan vizillab o‘tib ketdi. Shundan keyin orqaga qaytdik. Bu yoqqa chiqsak hammayoq qon, anov yoqda xo‘rozing tipirchilab o‘lolmay yotibdi, ha ishon gapimga, Tursunxon jiyan…
Ammam jon-jahdi bilan yopishganlarida boshidagi shapkasi uchib ketgan kishi “plaxoy baba-plaxoy baba”, deb yoqalarini tuzatar, shapkasini yerdan olib, yaltiroq joyini zo‘r berib yengi bilan artar edi. Yana bittasi bo‘lsa ammamning dod-voyi bilan ishi yo‘q, hovlining u yog‘idan bu yog‘iga borib kelib, bir nimalarning mo‘ljalini olar, o‘tirar-turar, engashardi. Xuddi esi og‘ib qolgan odamga o‘xshardi. Oxiri orqasidan it quvgandek yo‘lakdan yugurib, ko‘chaga tushib ketdi. Keyin ko‘chada turganicha biz bilan bekinmachoq o‘ynayotgandek o‘tirib, oyog‘ining uchida turib bo‘ylay boshladi. Siroj tog‘am ammamga bir nimalar deb uqtirar, gaplari qulog‘imga kirmas, xayolim anovi masxarabozda edi. Men ham unga javob qilgandek bir pastlab, bir balandlab, o‘zimni goh o‘ngga, goh chapga tashlab tirjayar edim. Bir mahal u pastdan meni qo‘rqitgandek yugurgilab chiqib keldi-da, birdan qo‘limdagi kosovga yopishdi. Men bo‘lsam anovi “plaxoy baba” deyayotgani ammamga tashlanib qolsa kosov bilan boshiga tushiraman deb, mo‘ljallab turgan edim. Kosovni ikkalamiz talashib qoldik. U o‘ziga tortdi, men o‘zimga. Oxiri u zo‘r chiqdi. Kosov bilan uradi endi deb, qo‘llarim bilan boshimni pana qilgancha o‘tirib olibman. U bo‘lsa men bilan ishiyam bo‘lmadi, o‘choqning oldiga borib, kulni tita boshladi.
– Vot, vot, – deb baqirib yubordi u birdan. Shoshib kul ichidan bir nimani qo‘liga oldi-yu, qo‘li kuyib, uni tashlab yubordi. Yerda archilib ketgan gilza yotardi. Sherigiyam shoshib borib, gilzaning ustiga cho‘nqaydi. Unisi o‘rischalab, o‘qni o‘choqning ichidan otilganini zo‘r berib tushuntirardi. Qochib qolmasin degandek mengayam qarab-qarab qo‘yardi. Sirim fosh bo‘lib qoldi. Siroj tog‘ayam bariga tushunib yetdilar. Tepamga kelib, ko‘zlarini paxtasi chiqib, to‘mtoq ko‘rsatkich barmog‘i bilan peshanamga nuqiy ketdilar:
– Sen yot unsur, yomon bolaykansan. Men-ku mayli, o‘zimizzi odamman, o‘qing manovilarning bittasiga tekkanda bormi, a? Naq onangni uchqo‘rg‘ondan ko‘rarding. Yo‘-o‘q, bitta senmas, qaniydi shu bilan qutilib bo‘lsa, butun qishloq onasini uch qo‘rg‘ondan ko‘rardi. Ha, qishloq yer bilan bitta bo‘lardi… tekislashvorardi, bachchag‘ar, odam-podami bilan tekislashvorardi…
Ammam angrayganicha menga qarab qoldilar. Axir ular G‘anijon amakim bilan shu bitta o‘qni qidirib tinkalari quridi-ku. Jiyanlarimni qorinlaridan bo‘lak hamma joylarini titkilab chiqishdi. Men bo‘lsam, ko‘rib-bilib turib bez bo‘lib turaverdim. Ammam judayam soddadil, ishonuvchan edilar. Do‘xtirxonada farrosh bo‘lib ishlar, oylik olsalar menga sanatardilar. Bir so‘mlik bilan uch so‘mlikni ajrata olmasdilar. Ammamning menga g‘alati qilib qarashi “hali kelib-kelib senga ishonib yurganmidim, otam” degandek yuragimni ezib yubordi. Kishi bilmas ich-etimni yer edim. Qaniydi, shu turishimda yerga kirib keta qolsam…
– Ayda malay, konturda viyasnit itabiz, – dedi meni fosh qilgan askar yelkamga turtib. U totor abziylardan ekan. Ular meni aristondek oldilariga solib olishdi. Ammamga, jiyanlarimga “xayr, yaxshi qolinglar” degandek qarab qo‘ydim. Ammam emizikli Rixsi jiyanimni bag‘riga bosgancha, indamay ko‘zyosh to‘kardilar. Ergash bilan Yo‘ldosh bo‘lsa xuddi men o‘ynagani ketib, ular quruq qolayotgandek g‘ingshib orqamdan ergashishdi.
– Voy o‘lay, – dedilar nihoyat ammam o‘zlariga kelib, – buni ota-onasiga men nima deyman, Siroj tog‘a?..
– Nima derding, tavba? Shuyam gap bo‘pti-yu yot unsur deysan, ko‘rib turibsan-ku qib qo‘ygan ishini. Astag‘firullo, bunaqa ishlar paqat yot unsurlardan chiqadi! Shunday deb Siroj tog‘a ukalarimni orqaga qaytardilar, – borilar jiyanlarim, borilar, akaylar bir xuttaga borib o‘ynab kelsin…
Jiyanlarim xuttani eshitib battar dodlashdi…
Meni selitra va allaqanday sassiq dorilar saqlanadigan omborxonaga qamashdi. Partkom kalitni choyxonachi Isoqjon tog‘aga berarkan dedi:
– Bu yot unsurga rahm qilib yurmang tag‘in, xo‘pmi?
– A? Nima ishkal chiqardi bu yetimcha, firqa ukam?
– Naq otib qo‘yayozdi bizzi…
– Yoppiray, Tursunxonni uyida o‘qotar borakanmi, yo qudratingdan! Rahmatlik Abdumajid topshirmay ketgan ekan-da.
– Otaman desa miltiqsizam otsa bo‘larakan. Tavba shuncha yil qon kechib… Bir Xudo saqladi-da, meni. Ajal o‘lgur bir enlik teppamdan o‘tib ketdi-ya…
– Yo qudratingdan, – deya eshik orqasida g‘udrandi Isoqjon tog‘a, – kelib-kelib o‘zimizzi pirqani otasanmi yetimcha – yetti kulcha. Anovilarni otmaysanmi, anovilarni! Padaringga la’natlar kevolishib, naq mening choyimga tikilib qolishdi. Choyni biram kakra qilib ichishadiki, ko‘knorimi deysan… Boraqolay… ha qo‘rqma jiyan, osh-ovqating bo‘ynimga. Kechqurun bo‘lsin qo‘yvoraman uyingga borib maza qilib uxlabam kelovrasan. Xohlasang qochiribam yuboraman… Menga nima…
Men Ko‘ktoyni G‘anijon amakim otgan ekanlar-da degan gumonda qoldim. Ular shu ketganlaricha Qozog‘istondagi ammamnikiga ketib qoldilar. Ancha yillar o‘sha tomonlarda qolib ketdilar. Qishlog‘imizda Ko‘ktoydaqa it boshqa paydo bo‘lmadi. Davralarda Ko‘ktoyning qiliqlari, vafodorliklarini ancha yillar gapirib yurishdi.
Najot Allohdan
Oqtosh menga o‘sha olis va yorqin bolalik xotiralarimni eslatib yuborgan edi. Boymurod akaning urg‘ochi itning vafodor bo‘lishi haqidagi gaplari to‘g‘ri chiqdi. Oqtosh daydib u yoq-bu yoqqa ketib qolmadi. Qachon borsam, sadoqat bilan ancha beridan kutib oladi. Tavba deyman o‘zimga-o‘zim, poyezddan tushishim bilanoq hidimni olsa kerak-da. Jonivor cho‘ltoq dumini likillatib uzoqdan chopib keladi. Hozir itligiga borib, suykalanib tahoratimni sindiradiyov deb xavotirga tushib qolaman. Yo‘q, Oqtosh fikrimni uqqandek ikki qadam narida tappa yerga yotib, ko‘zlari munchoqdek yiltirab, tumshug‘uni ko‘tarib guvranadi.
– Ha jonivor, yaxshi yuribsanmi, “Bog‘dod”da nima gaplar, tinchlikmi? – deb qo‘yaman.
Oqtosh gaplarimni aniq-tiniq tushunadi, sakrab turadi-da, “Bog‘dodda tinchlik” degandek o‘ynoqlab, oldinga tushib, yo‘l boshlaydi. Bog‘hovlidagi hayotim Oqtoshni yaxshilab mehmon qilishdan boshlanadi. U yalog‘ining oldiga borib, sabr-toqat bilan cho‘nqayib o‘tirib oladi. Bilaman, judayam ochiqqan, ammo uning toqatini ko‘rib, hayratga tushaman. Odamda bunchalik sabr-toqat bo‘lmasa kerak. Idishiga siylovi tushgandan keyin ham yutoqib, ochko‘zlarcha tashlanmaydi. Uzoqlashishimni kutadi. Keyin siylovni bir hidlaydi-da, menga, albatta, qarab qo‘yadi. Bu uning minnatdorchilik bildirgani.
Oqtosh poyezdgacha kuzatib qo‘yishni kanda qilmas edi. Endi u poyezdning qorasi yo‘qolguncha perronda o‘tirib qolmas, vagonga chiqishim bilan pana-pasqam yo‘llar bilan kelgan yo‘liga qarab chopar edi. Yo‘lda daydi itlar ko‘p, ba’zilariga menga ishonibmi, bir-ikki irillab ham qo‘ygan. Endi ulardan omon-eson o‘tib, bog‘hovliga yetib olishi kerak. Faqat ko‘chadagi mashinalarga tashlanishidan qo‘rqardim.
Ajriqdan tozalagan bir parcha yerimga jo‘xori, bodring ekib, uy qurishni boshlab yubordim. Ha, qurilish ishiga birovni aralashtirgim kelmadi. Loyihasidan tortib, to yog‘och ishigacha bismillo aytib, o‘zim qurishga niyat qildim. Bular poydevor kovlash, g‘isht quyish, devor urishdan iborat ishlar edi. Sandalli uy odatda kengroq bo‘lishi kerak. Chunki to‘rt tarafida odamlar o‘tirishini hisobga olganda, ancha-muncha joyni egallab qo‘yadi. Keyin mo‘rili o‘choq ham salkam bir metr joyni egallaydi. U devorning o‘rtasiga qurilishi, ikki chekkasida bir tomoniga o‘tin-cho‘p, ikkinchi tomoniga qozon-u idish-tovoq qo‘yiladigan joylari bo‘lishi kerak. Shuning uchun sandalli uyni to‘rtga-to‘rt, keyingi katta xonani to‘rtga-besh qilib reja oldim. Katta xonaning yarim metri taxmonga chiqib, to‘rt yarimga-to‘rt metr chorsi bo‘ldi. Yana bu xonada muzlatkich ham bo‘lishini o‘ylardim. Muzlatkich – uzunligi bir metr, eni oltmish, chuqurligi yetmish santimetr bo‘lgan oddiy o‘ra. O‘raning to‘rt tomoni yarim g‘isht qalinligida urilib, ichi sement qorishmasi bilan suvalgach, uning tashqi gir aylanasidanam yarim g‘isht sig‘adigan handaq qaziladi. U qish chillasining qori bilan to‘latiladi. Chillada yoqqan qorning joni qattiq va quruq bo‘ladi. Qor uchun salafan xaltachalar qo‘l kelishi mumkin. Men bolaligimda ko‘rgan muzlatkich menikiday uyning ichidamas, hovlida bo‘lardi. U kattakon xum bo‘lib, atrofi sholi poxol-u muz bilan o‘ralgan, tuproq tortib ko‘milgan edi. Yozda bu xumda issiqda tez aynib qoladigan narsalar saqlanardi. Yoz chillasida xumning gir aylanasidan bir chekkasi ochilib, muz parchasi olinar, doriga so‘rab kelganlarga berilardi. Muzni shu yerning o‘zida qirg‘ichda qirib yeyishardi. Ko‘proq qari odamlar so‘rab kelishardi. U qanday dardga davo bo‘lganini hali-hanuz bilolmayman. Harholda yoz kunlari yurakka davo bo‘lsa kerak-da. U paytlarda qishda hovuzdagi suvlar bir qarich-bir qarich qalinlikda muzlardi…