Описание книги
Monografiyada atrof borliqda, hayotning barcha sohalarida juda katta tezlik bilan sodir bo'layotgan, ijobiy yo salbiyligini tez aniqlash qiyin bo'lgan global o'zgarishlar, ular bilan bog'liq bo'lgan ekologiyaviy, ijtimoiy, iqtisodiy, mafkuraviy, siyosiy, ilmiy, ma'naviy, axloqiy, oilaviy va boshqa xillardagi inqiroz jarayonlari hamda shu munosabat bilan harqachongidan keskinroq maydonga chiqayotgan hayotning ma'nosi muammosini yoritishga asosiy e'tibor qaratilgan. Muallif inson va insoniyat hayotining ma'no va maqsadi, taraqqiyoti muammosini faqat hozirgi davr emas, balki tarixning barcha davrlari, dunyoqarash barcha tarixiy shakllari, ya'ni shu kungacha butun insoniyat madaniyatini belgilab kelgan fan, falsafa, din, mifologiyaning qiyosiy tahlili asosida aniqlashga intilgan.Kitobda haqiqatning soxtalashuvi va dogmalashuviga olib kelgan o'tmish mafkurasi ta'siridan qutulgan va o'z milliy qadriyatlarimiz qayta tiklanayotgan mustaqillik davri talablaridan kelib chiqib falsafa, fan, din, mifologiyaga va ularning hozirgi hayotimizdagi o'rni masalasiga yangicha yondoshuv konsepsiyasi oldinga surilgan. Hozirgi davrning globallashuvday eng dolzarb muammosi, uning salbiy va ijobiy jihatlari va insoniyat kelajak taqdiri masalasi, shuningdek, dunyoqarash barcha tarixiy shakllarining ma'naviyat, inson hayotining maqsadi, rivojlanish, borliqning mohiyati, bilish va uning darajalari va uslublari kabi asosiy masalalari ham shunga muvofiq qayta ko'rib chiqilgan. Shu ma'noda kitob shu masalalar tahliliga qiziquvchi olimlar, aspirantlar va tadqiqotchilar, shuningdek, falsafa fakulteti va falsafani o'rganuvchi barcha oliy o'quv yurtlari talabalari, qolaversa, barcha hayotning ma'nosini bilishga intiluvchilar uchun foydali bo'lishi mumkin.