Читать книгу SEHRLI KETMON - Народное творчество, Народное творчество (Фольклор), Олег Петрович Котельников - Страница 1
ОглавлениеTurkiy xalqlar ijodiyoti
SEHRLI KETMON
Uyg‘ur xalq ertaklari
Toshkent «Ma’naviyat» 2014
Uyg‘ur xalqi boy og‘zaki ijod an’analariga ega bo‘lgan xalqlardan biridir. Mazkur to‘plamdan joy olgan ertaklarda uyg‘urlarning chuqur badiiy fantaziyasi, turmush tarzi, urf-odatlari o‘z aksini topgan. Ushbu ertaklarni o‘zbek xalq ertaklari bilan qiyoslar ekanmiz, ularning sujetida, kompozitsion qurilishida, voqealar bayonida ko‘pgina o‘xshash jihatlarga duch kelamiz. Bu esa turkiy xalqlarning tarixiy ildizlari mushtarakligidan dalolat beradi.
Ug‘yurchadan
Usmon Qo‘chqor
tarjimasi
PODAChI
O‘tgan zamonda bir karvonchi boy bo‘lgan ekan. Uning aqlli bir o‘g‘li va nihoyatda chiroyli bir qizi bor ekan. Kunlarning birida bu karvonchi safarga bormoqchi bo‘lib, o‘g‘lini ham o‘ziga hamroh qilib olibdi. Qizini esa unga saboq berayotgan domlasiga omonat qilib topshiribdi. Ular safarga ketgach, ikki oydan so‘ng domlaning xotin, bola-chaqalarini podshohning xotini ziyofatga chaqiribdi. Ular bilan birga qiz ham safarga tayyorlana boshlabdi. Buni ko‘rgan domla:
– Siz, – depti qizga, – birovning omonati, men to‘yga borishingizni ma’qul ko‘rmayman.
Qiz noiloj domlaning uyida qolibdi. Tushga yaqin domla qizni chaqirib:
– Uydagilar qaytmadi. Siz menga tahorat uchun suv hozirlab bersangiz, – debdi. Qiz oftobada suv keltirgan ekan, domla oftobadagi suvni olmay, qizning bilagidan tutib:
– Meni qiynamang… – debdi.
Qiz qo‘lidagi oftoba bilan domlaning peshanasiga tushirgan ekan, uning peshanasi yorilib ketibdi. U qon bilan ovora bo‘lib qolibdi. Qiz fursatni g‘animat bilib, domlaning qo‘lidan qochib o‘z hujrasiga kirib olibdi. Shu kuniyoq domla qizning otasiga: «Sizning qizingiz buzilib ketdi. Endilikda mening gapimga kirmay qo‘ydi. O‘zingiz bir chora ko‘ring…» – deb xat yozibdi. Xatni olgan karvonchi o‘z o‘g‘liga: «Borib singlingni o‘ldirib, bir qoshiq qonini olib kel!..» – deb buyuribdi. Yigit kelib singlisini cho‘lga olib chiqibdi, biroq o‘ldirishga ko‘zi qiymay:
– Singlim, sen o‘z joningning g‘amini ye. O‘z kuningni o‘zing ko‘r. Men sening o‘rningga birorta kuchuk topib, o‘ldirib qonini olib boray, – deya uni qo‘yib yuboribdi. Qiz cho‘l kezib ketibdi.
Endi so‘zni boshqa yerdan eshitaylik. Shu yerga yaqin bir shahar podshosining kelishgan bir o‘g‘li bor ekan. U vazirning o‘g‘li bilan ovga chiqib, qush solsa, qush uchib kelib bir buloq boshidagi chinorga qo‘nibdi. Shahzoda buloq boshiga kelib qarasa, bir sohibjamol qiz yashirinib turgan emish. Shahzoda qizning qoshiga kelib:
– Siz odamzotmi yoki parizotmisiz? Bu yerga qanday kelib qoldingiz? – deb so‘rabdi. Qiz boshidan o‘tganlarni aytib beribdi.
– Undoq bo‘lsa, – debdi shahzoda, – men sizga qiyomatlik yo‘ldosh bo‘lay.
Bu gap qizga ma’qul bo‘libdi. Shahzoda qizni shaharga olib borib, qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y qilib uni o‘z nikohiga olibdi. Oradan besh yil o‘tibdi. Ular ikki farzand ko‘rishibdi. Bir kuni qiz devorga chiqib qarasa, bir to‘p karvon o‘tib borayotgan ekan. Uni ko‘rgan qiz otasini eslab yig‘lay boshlabdi. Shu payt hovliga kirib kelgan shahzoda:
– Nega yig‘layapsiz? – deb so‘rabdi.
– Mening sizga tekkanimga besh yil bo‘ldi. Siz bir bora ham mening otamni eslamadingiz. Otamni ko‘rgim kelib qoldi, – deb javob beribdi qiz.
– Unda tayyorgarchilik ko‘ring. Men vazirning o‘g‘lini sizga hamroh qilay, – debdi shahzoda. Uch kundan so‘ng shahzoda vazirning o‘g‘li bilan malikani baquvvat navkarlar himoyasida otasining yurtiga kuzatib qo‘yibdi. Ular bir hafta yo‘l yurishibdi. Bir kuni tahorat olgani chiqqan vazirning o‘g‘li chodirning ichida o‘tirgan malikaga ko‘zi tushib, unga oshiq bo‘lib qolibdi. Shu zahotiyoq niyati buzilib, kunni ming azobda kech qilibdi. Oqshom chog‘i ular qo‘nalg‘aga qo‘nishgach, malikaga odam qo‘yibdi.
Malika:
– Ikki bolam bor, ularning yuziga oyoq qo‘yib nomusimni bulg‘amayman, – debdi. Vazirning o‘g‘li bu kunni g‘am bilan o‘tkazib, keyingi qo‘nalg‘aga borganlarida kechasi malikaning chodiriga kiribdi. Malika ikki o‘g‘lini ikki yoniga olib yotgan ekan. U vazirning o‘g‘lining talabiga ko‘nmagach, to‘ng‘ich o‘g‘lini bo‘g‘izlab o‘ldiribdi. Yana qiyin-qistovga olsa ham malika unamabdi. Vazirning o‘g‘li uning ikkinchi o‘g‘lini ham o‘ldiribdi, malika hasrat o‘tida yonib, oxiri bunday deb so‘z beribdi:
– Bugun men tunni ikki o‘g‘limning motami bilan o‘tkazay, ertaga sizning ixtiyoringizga o‘tay.
Vazirning o‘g‘li chorasiz qolib, «ma’qul» deb, qaytib chiqib uyquga ketibdi. Malika ikki o‘g‘lini chodirning ichiga ko‘mib, o‘zi erkakcha kiyinib qochibdi. Vazirning o‘g‘li uyg‘onib, chodirga odam kiritsa, malika yo‘q. Navkarlari bilan uni har qancha izlasa ham topa olmay, oxiri shahzodaning huzuriga qaytib:
– Sizning xotiningiz bir kechasi bizni uxlatib qo‘yib, ikki o‘g‘li bilan yo‘qolib qoldi. Har qancha izlasak ham topa olmadik, – debdi.
Shahzoda bu gapga ishonmay, qizni izlash taraddudiga tushibdi. Yana unga vazirning o‘g‘li hamroh bo‘libdi. Shahzoda qizning otasi yashab turgan shaharning nomini eslab, uni so‘rab-so‘roqlab topib borgunicha oradan ancha vaqtlar o‘tibdi. Nihoyat qizning otasi yashab turgan shaharni topib borib, bo‘lgan voqealarni gapirib beribdi. Hammalari yig‘i-sig‘i qilganlaridan keyin, ovqatlangani o‘tirishibdi. Qiz ham qochib kelib, otasining podachisiga uchrabdi. Oti bilan erkakcha libosini podachiga yechib berib, o‘zi podachining liboslarini kiyib, uni ozod qilib yuboribdi. Otasiga sezdirmay poda boqib yurgan ekan, otasi unga ziyofat uchun bir qo‘y keltirishni buyuribdi. Qizning otasi shu kungi ziyofatga podshoni, domlani chaqirgan ekan. Bazm rosa qiziganida o‘tirganlar ertak talab qilishibdi. Na boydan, na podshodan bir ertak chiqmabdi. Ziyofatda pishir-tushirga qarashib yurgan podachi suratidagi qiz buni ko‘rib:
– Shohimiz ma’qul ko‘rsalar, men bir ertak aytib bersam, – debdi.
– Mayli, ayta qol, eshitib ko‘raylik, – debdi podsho.
– Eshitganimni aytaymi, ko‘rganimnimi? – debdi malika.
– Ko‘rganingni ayt.
Malika boshidan o‘tgan savdolarni ayta boshlabdi. So‘z savdogarga yetganda, savdogar o‘z ko‘nglida «menga o‘xshagan yana boshqa birov shundoq qilgan ekan, shekilli», deb o‘ylabdi. Domla ham, vazirning o‘g‘li ham, shahzoda ham shundoq deb o‘ylashibdi. Oxirida qiz o‘zini oshkor qilgan ekan, podsho vazirning o‘g‘li bilan domlani dorga osishga hukm qilibdi.
UCh O‘G‘IL
Bor ekan, yo‘q ekan, qadim zamonda bir dehqon o‘tgan ekan. Bu dehqonning turmushi yaxshi ham emas, yomon ham emas ekan. U boshqa yurtlarni sayohat qilib kelish uchun uzoq safarga tayyorgarlik ko‘ribdi. Safarga chiqish oldidan o‘z bolalariga bir-ikki og‘iz vasiyat qilib, o‘g‘illarining keyingi ahvolini sinab ko‘rmoqchi bo‘libdi.
– Men uzoq safarga borib kelmoqchiman. Sizlarning har qaysingizga bir juftdan tovuq, o‘rdak, g‘oz berib ketaman. Men safardan qaytguncha ularning tug‘gan tuxumlarini sotib, pulini xarjlamay yig‘ib qo‘yinglar. Keyinchalik o‘zlaringizga asqatib qoladi, – debdi. O‘g‘illariga bu gap ma’qul kelibdi. To‘ng‘ich o‘g‘liga bir juft tovuq, o‘rtanchasiga bir juft o‘rdak, kenja o‘g‘liga bir juft g‘oz berib, o‘zi safarga yo‘l olibdi.
Bir necha hafta o‘tgach, tovuq, o‘rdak, g‘ozlar tuxum qo‘ya boshlabdi. O‘g‘illar ularni sotib pul qila boshlashibdi. To‘ng‘ich o‘g‘lining boshiga shunday fikr kelibdi: «Tuxumning pulini yig‘ib nima ovoragarchilik. Otam kelguncha pulini sarflab xursandchilik qilay. Otam kelib mendan tuxumning pulini so‘rasa, tug‘mas tovuq ekan deb qo‘ya qolaman». Shunday deya u tuxumlarning pulini xarjlay boshlabdi. O‘rtancha o‘g‘il o‘rdakning tuxumlarini ham, o‘rdakning o‘zini ham sotib yuborib, ko‘nglini xushlab yuraveribdi. «Otam kelib so‘rasa, o‘rdakni o‘g‘ri urib ketdi, deb aytaman», – deb o‘ylabdi u. Kenja o‘g‘il g‘ozning tuxumlarini yig‘ib, ularni bostiribdi. Shu zaylda avval g‘ozlarini ko‘paytirib, uning tuxumlarini zoye ketkazmay sotib, ancha-muncha pul yig‘ibdi. Otalari safardan qaytibdi. Keliboq to‘ng‘ich o‘g‘lidan ishning natijasini so‘rabdi. To‘ng‘ich o‘g‘il oldindan tayyorlab qo‘ygan javobini beribdi. Otasi ko‘nglida: «Sen odam bo‘lmabsan, bundan so‘ng menga asqatmaydiganga o‘xshaysan», – deb o‘ylabdi. O‘rtancha o‘g‘lidan so‘rabdi. U ham: «O‘rdak tuxum qilguncha o‘g‘ri urib ketdi», – deb yolg‘on so‘zlabdi. Unga ham g‘ing demasdan, ko‘nglida: «Sen bundan keyin menga asqatishing u yoqda tursin, o‘zingni ham o‘zing eplolmaydiganga o‘xshaysan», – deb o‘ylabdi. Kenja o‘g‘lidan so‘rabdi. U otasiga tuxum sotib yig‘gan pullarini beribdi. So‘ng ko‘paygan g‘ozlarini ko‘rsatibdi. Otasi kenja o‘g‘lidan xursand bo‘lib, o‘z ko‘nglida: «Mana, sen odam bo‘lasan», – debdi.
Oradan ancha vaqt o‘tibdi. O‘g‘illar otasi o‘ylagandek bo‘lib chiqishibdi. Dehqon avval ikki katta o‘g‘lini, so‘ng kenjatoyini uylantirib qo‘yibdi. Otalari o‘ylaganidek, ikki katta o‘g‘ilning ishi kundan-kunga orqa ketibdi. Uydagi buyumlarini sotib xarjlab, yana otalarining qo‘liga qaram bo‘lib qolishibdi. Kenja o‘g‘il g‘ozlarini boqib, turmushini ancha yaxshilab olibdi. Ota-onasiga ham qarashib turibdi. Otasi kenja o‘g‘lidan rozi bo‘libdi.
OLTINChI ChOL
Qadim zamonda bir podsho bo‘lgan ekan. U nihoyatda rahmsiz, zolim podsho bo‘lib, kecha-yu kunduz aysh-ishratdan bosh ko‘tarmas ekan. Davlat xaroblashib, xalqning turmushi kundan-kunga og‘irlashibdi va bora-bora kishilarning o‘n oyda ham qozoni bir bor qaynamay qolibdi. Shundoq bo‘lsa ham podsho amaldorlari soliq uchun xalq boshidan arimas ekan.
Bu zulmga chiday olmagan shahar xalqi bir kuni yig‘ilib maslahat qilibdi. Ba’zilar:
– Podsho tamoman aysh-ishrat bilan bo‘lib, bizning turmushimizdan xabar olmay qo‘ydi. Shuning uchun unga ahvolimizni bayon etib, oliq-soliqni yengillashtirish haqida iltimos qilaylik, – debdi. Bu fikr ko‘pchilikka ma’qul tushib, shunday qilmoqchi bo‘lishibdi. Shu topda jamoat ichidan bir chol chiqib bunday debdi:
– Sizlar bizning ahvolimizni bilmay turib podsho shunaqa qilmoqda deyapsizlar, bu fikr to‘g‘ri emas, podsho bilmay turib emas, atayin shunday qilmoqda. Biz arz qilib yurmasdan biror-bir tadbir bilan podshoni tuzoqqa tushiraylik. Men bir chora o‘ylab qo‘yganman.
– U qanaqangi chora ekan? – debdi ko‘pchilik ishonqiramay.
– Bu – mening ishim. Sizlar menga oltin yig‘ib bersangiz bo‘ldi. Qolganini o‘zim bilaman, – debdi chol.
Xalq cholga ishonib, ming mashaqqat bilan uch pud oltin yig‘ib beribdi. Chol oltinni olgandan keyin, podsho ovga chiqadigan yo‘l ustida bir qumlik bor ekan, shu qumloqqa borib, oltinning bir qismini qumga sochib, ustini ko‘mib qo‘yibdi. Bir mahal podsho o‘z lashkarlari bilan shahardan chiqib kelibdi. Podsho cholning yoniga kelib, uning ishiga hayron bo‘lib so‘rabdi:
– Bu yerda nima qilib o‘tiribsan?
– E podshohi olam, «hunarmand o‘lmas, hunarsiz o‘ngmas» deganlaridek, hunar qilib o‘tiribman, – debdi chol.
Podsho bu javobni eshitgach, yanada hayron bo‘lib:
– Bu qumloqda qanaqa ham hunar qilar eding? – debdi.
– Mening hunarim nihoyatda asl hunar, – deya javob qaytaribdi chol, – mana bu qumloqqa har payshanba kuni oltin ekib ketaman va har juma kuni hosilini yig‘ib olaman.
Podsho bunga ishonmay:
– Qani, oltinni qanday yig‘ishingni menga bir ko‘rsat-chi, – debdi.
Chol belgilab qo‘ygan qum tepachalarini kovlagan ekan, chindan ham sap-sariq oltinlar g‘alvirga chiqib kelibdi. Bundan podshoning ko‘zlari alaq-chalaq bo‘lib ketibdi. Uning xursand bo‘lib ketganligini ko‘rgan chol:
– Podshohi olam, mening hunarim shundoq yaxshi hunar bo‘lsa-da, hozir qo‘limda dastmoya yo‘q, – debdi.
Podsho cholning gapini anglab, «tayyor o‘ljaga ega bo‘ldim-ku», deb o‘ylab:
– Undoq bo‘lsa senga urug‘lik oltinni men berayin. Ikkimiz o‘rtoq bo‘laylik, – debdi. Chol podshoning taklifini mamnuniyat bilan qabul qilibdi. Podsho chol bilan xayrlashib ketibdi. Ertasi kuni chol podshodan bir pud oltin olib, kelar jumada ikki pud qilib qaytaribdi. Bundan podsho juda xursand bo‘lsa ham, lekin, ko‘nglidagi shubha tarqamay, yana bir sinab ko‘rish niyatida ikki pud oltin beribdi. Bu ham ko‘ngildagidek chiqibdi. Shundan so‘ng podsho buning rostligiga ishonib, xazinasidagi oltinning hammasini beribdi. Chol bu oltinlarni olgandan keyin, hammasini xalqqa bo‘lib berib, o‘zi nihoyatda xafa holda podshoning huzuriga kirib boribdi. Buni ko‘rgan podsho choldan nima bo‘lganligini so‘rabdi.
Chol yig‘lamsirab:
– Podshohi olam, ekkan oltinning hammasi qurib ketdi, – debdi.
Podsho darg‘azab bo‘lib, o‘tirgan taxtidan yarim gaz irg‘ib tushibdi va:
– Men bundoq gapga ishonmayman, qumda ham oltin qurib ketadimi? – debdi.
Chol podshoning g‘azabiga pisand ham qilmasdan:
– Podshohi olam, qumda oltin unganiga ishonasiz, nega qurib qolganiga ishonmaysiz? Bu ham Xudoning amri, ziroat degani hamisha ham bir xil bo‘lavermaydi-ku, axir! Zora bundan keyin hosilimiz mo‘l bo‘lsa, – debdi.
Shunday qilib, bu chol podshoni nihoyatda ustalik bilan tuzoqqa tushirgan ekan.
ZIYRAK BILAN ZERIKKAK
Qadimning qadimida, ota-bobom zamonida birining yoshi to‘lgan, birining boshi to‘lgan ikki kishi bo‘lgan ekan. Kichigining laqabi Ziyrak, kattasining laqabi Zerikkak ekan.
Kunlarning birida Zerikkak shaharga bozor qilgani tushibdi, yo‘lida ketib borayotsa, ortidan bir otliq yigit shitob bilan yetib kelibdi.
– Assalomu alaykum! – debdi Ziyrak.
Zerikkak lom-mim demabdi. Ular yo‘l yurishibdi, yo‘l yurganda ham mo‘l yurishibdi. Zerikkak zeriksa-da, Ziyrakka qarab ham qo‘ymabdi. Yo‘l uzaygandan uzayibdi. Oxiri Ziyrak bir bahona bilan so‘z boshlab:
– Yo‘l rosa uzayib ketdi. Shundoq ketaveramizmi yoki yo‘lni qisqa qilamizmi? – debdi.
Zerikkak hayron bo‘lib:
– Ajabo, meni masxara qilyapsanmi, ikkimiz ham otda ketayotgan bo‘lsak, bu nima deganing? – deya xafalanib so‘rabdi.
Ziyrak:
– Men masxaralash uchun bu gapni aytmadim. Xayr, o‘zingiz bilasiz, – deb javob beribdi.
Ular yana lom-mim demay o‘z yo‘llarida davom etishibdi. Safar yana cho‘zilibdi. Shundoq ketib borishsa, oldilaridan rosa bo‘liq bug‘doyzor chiqibdi. Ziyrak bug‘doylarga zavqlanib qarab:
– Tog‘a, mana shu bug‘doylar dehqonning uyiga kirarmikan? – deb so‘rabdi. Zerikkak undan xafa bo‘lib, jahli chiqib ketibdi.
– Dehqonning uyiga kirmay qayga ketardi? Balli-balli, aqlingga qoyil! Yo‘qsa shuncha bug‘doyni sichqonlar tashib ketarmidi? – debdi sapchib ketib.
Ziyrak unga sabr tilabdi.
– Gapning tagi sichqonlarda emas, sichqondan ham o‘zganlarda, – debdi kulimsirab.
Bunga chiday olmagan Zerikkak:
– Bas endi, o‘rtamizda gap-so‘z tamom, vassalom, – debdi-da, anchagacha miq etmay ketaveribdi.
Ziyrak yana unga yondoshib:
– Men bir hamroh iningizman, yo‘lingizga sherikman, men bilan yurib zerikmang, – deya uni g‘azabdan tushiribdi. Shunday qilib, ular yana yo‘lda davom etishibdi. Bir necha kun o‘tgach, bir shaharga yaqin kelishibdi. Qarashsa, bir to‘p xaloyiq, bir tobutni ko‘tarib, yuzlari g‘am, ko‘zlari nam, qabristonga ketib borishayotgan ekan. Buni ko‘rgan Ziyrak chuqur bir «oh» tortib:
– Tog‘a, mana shu tobutda yotgan o‘likmikan yoki tirik? – deb so‘rabdi. Bu savol hammasidan oshib tushibdi. Zerikkakning g‘azabdan tepa sochlari tikka bo‘lib ketibdi.
– Ha, ahmoqning kattasi mana endi chiqdi. Uka, seni bolamikan desam, soqol-mo‘yloving chiqib qopti, qarib aljirab qoldimikan desam, yoshgina yigitsan. Lekin yosh bo‘lsang-da, dunyodagi barcha ahmoqlardan o‘zib ketibsan. Tobutga kirgan odam o‘lik bo‘lmay tirik bo‘larmidi? E Xudoyim, befahm ahmoqlarga yo‘liqishdan o‘zing asragaysan! – deya otiga «chuh!» deya qamchi bosib qochishga tushibdi. Ziyrak hayron bo‘lib:
– To‘xtang, tog‘a, to‘xtang! Qandoq bo‘lmasin, bir necha kun hamsafar bo‘ldik. Xayrlashmay ayrilish nomardlik bo‘ladi, uylarini sog‘inib qoldilarmi yo? – debdi. Zerikkak to‘xtabdi, «uy» so‘zini eshitib o‘ylanib qolibdi. «Rost, nima bo‘lganda ham bir necha kun hamroh bo‘ldik. Endi uyimga yaqin qolganda, tashlab ketsam uyat bo‘lar. Bu-ku bir ahmoq. Shundoq bo‘lsa ham uni uyga taklif etib, bir piyola choy berib, keyin kuzatib qo‘yay», – degan xayolga boribdi.
– Uka, endi ahmoqona so‘zlarni qo‘y. Manavini shahar deydilar. Bema’ni so‘zlaringni xaloyiq eshitib qolsa, uyat bo‘ladi. Xayr, o‘tgan ishga salavot, safarimiz hurmati, endi, uka, sen bizning uydan bir piyola choy ichib ketgin, qani, yur, – debdi.
Ziyrak:
– Albatta, safarimizning hurmati, bu gapingiz menga ma’qul, tog‘a, – debdi. Zerikkak mehmonni hali mehmon qilmay turib yana zerika boshlabdi. Mehmonni ichkari uyga boshlab, «qizim, mehmonga qara!» – deb, o‘zi oshxonaga yo‘l olibdi. Ovqat tadorigini ko‘rayotgan xotiniga qarab, «uh, astag‘furulloh», debdi. Xotini:
– Nega «astag‘furulloh» deb qoldingiz? – deya so‘rabdi. Zerikkak past ovozda: «Ishingni qilsang-chi, mundoq mehmonga choy ham zoye ketadi», – deb, yo‘lda ro‘y bergan voqealarni so‘zlab beribdi. Zerikkakning bir qizi bo‘lib, u nihoyatda kelishgan, aqlli qiz ekan. Bu qiz mehmonga dasturxon solib, choy quyib berar ekan, ota-onasi sezmagan holda balog‘atga yetib qolgan qalbiga o‘t tushibdi. O‘zi ham mehmon yigit kabi chechan, dono bo‘lganligi sababli oshxonaga kirib-chiqib yurib otasining og‘zidan yigitning barcha hikmatomuz so‘zlarini eshitib olibdi. Qiz qo‘lida patnis, kiyikdek ortiga o‘girilib turib shunday debdi:
– Ota, so‘zlaringizni eshitib qoldim. Xafa bo‘lmang-u, biroq mehmon aytgan so‘zlarning hammasi joyida, nihoyatda ma’nili so‘zlar.
– Mana, onasi, mehmonga bir piyola choy quyar-quymay qizimga ham uning ahmoqligi yuqibdi. Qani, dono bo‘lsang, bu so‘zlarning ma’nosini menga bir tushuntirib ber-chi, – debdi.
Otasi bu so‘zlarni aytishi bilanoq qizi:
– Yo‘lni qisqartiraylikmi degani – «Hikoyatlar aytishib, suhbatlashib ketaylik» degani. «Shu bug‘doylar dehqonning uyiga kiradimi» degani – «Bug‘doy uchun rosa mehnat qilishibdi. Endi uning hosili boy-to‘ralarga qarzga ketib, dehqon hech narsa ola bilmay qoladimi» degani. «Tobutdagi o‘likmikan, tirikmi» degani – «Uning bolalari bormikan yoki farzandsiz, ya’ni haqiqiy «o‘lik»mikan degani, – deb javob beribdi.
Zerikkak bu mazmundor gaplarni zerikmay tinglagani uchun ma’nosiga tushunib yetib, qoyil qolibdi. Onasi ham qizini «o‘zimning aqlli qizalog‘im» deb bag‘riga bosibdi. Zerikkak hammasini anglab yetib:
– Yo‘lda Xizr qo‘shgan hamroh – ziyrak inim ekansan, endi menga o‘g‘il o‘rniga o‘g‘il bo‘l, – deya uni bag‘riga bosibdi.
PODShONING UCh QIZI
Qadim zamonda Xo‘tanning Ilichi degan yerida Rahim ismli bir podsho o‘tgan ekan. Uning uch qizi bo‘lib, bu qizlariga juda katta mablag‘ sarflab uch bog‘ yaratibdi. Uch qizning qirqtadan bir yuz yigirma kanizagi bor ekan. Ular yoz kunlarini butunlay bog‘da o‘tkazishar ekan. Bu bog‘ga qizlaridan boshqa hech kim kirmas ekan. Bir kuni podsho Yusuf degan vazirini chaqirib, unga:
– Siz qizlarning bog‘ini ko‘rib keling. O‘t-beti buzilib ketmaganmi, suvlari to‘xtab qolmaganmi, mevalari qurib qolmaganmi, tomlari teshilmaganmi? Hammasini ko‘rib kelib bizga ayting, buzilgan joylari bo‘lsa, darhol tuzataylik. Qizlar buzilgan joylarni ko‘rishsa ham bizga aytishmaydi. Shuning uchun oldindan o‘zimiz tekshirib ko‘raylik, – debdi.
Vazir «ma’qul» deb, bog‘ga borib hamma joylarni tekshirib chiqibdi. Hatto qizlar yotadigan ravoqlarni ham ko‘zdan kechiribdi. Qarasa, bog‘ning besh-olti tup mevalari qurib bitgan, suvlar to‘xtab qolgan, bir tom qulay-qulay deb turibdi. Qizlar yotadigan ravoqning ham g‘ishtlari ko‘cha boshlagan. Vazir yana bog‘ni oralab yurib bir joyga kelsa, qizlar o‘zaro suhbatlashib o‘tirishgan ekan. Vazir, bular nima haqida gapirishayotgan ekan, deb, pana bir joyga bekinib quloq solsa, qizlar bir-biriga: «Otamiz bizni saqlab nima qilmoqchi ekan? Erga bersa bo‘lmaydimi, biz ham balog‘atga yetib qoldik», – deb turishgan ekan. Vazir bu gapni eshitib, bog‘dan qaytib kelibdi va podshoga bog‘ning buzilgan joylarini aytibdi. Har bir buzilgan joyni tuzatishga alohida-alohida odam qo‘yishibdi.
Kunlardan bir kuni vazir xizmatkorlar qanday ishlayaptiykan, bir ko‘rib kelay deb bog‘ga kelsa, ular ish bilan mashg‘ul ekan. Vazir bog‘ni aylanib yursa, qizlar bugun boshqa bir chamanda o‘tirib olib turmush hasratini qilishayotgan ekan.
Podshoning qizlari bo‘y yetib qolganini ko‘rib, so‘zlarini eshitgan vazir podshoning yoniga qaytib kelib, podsho bilan birga orom olib o‘tirib, unga qizlaridan gap ochib:
– Podshohim, biz qizlardan taom tayyorlashni talab qilsak, turmushga chiqqanlarida taom qila olishmasa uyat bo‘ladi, – deb maslahat beribdi. Podsho bu maslahatni ma’qul topib, qizlarini taom pishirtirib sinab ko‘rmoqchi bo‘libdi. Vazir qizlarning yoniga borib:
– Otalaringiz sizga taom tayyorlashni buyurdi, – debdi.
Qizlar:
– Voy, juda yaxshi! – deya taom pishira boshlashibdi.
Katta qizi kabob pishiribdi, kabobning yarmi kuyib ketgan, yarmi xom qolgan emish. O‘rtancha qizi chuchvara pishiribdi, chuchvara rosa yaxshi pishgan emish. Kichik qizi chilgi pishiribdi, chilgining usti xomdek ko‘rinsa-da, ichi nihoyatda totli ekan.
Podsho katta qizining taomini yeb ko‘rsa, uning yarmi kuyib ketgan, yarmi xom emish. O‘rtancha qizining taomini yeb ko‘rsa, judayam yaxshi pishgan emish. Keyin chilgini tilsa, usti xom ko‘ringani bilan, ichi rosa totli ekan. Podsho bundan hayron bo‘lib xayolga tolibdi. So‘ng:
– Buning sababi nima? – deb vaziridan so‘rabdi.
Vazir:
– Bir qoshiq qonimdan kechsangiz, men bu sirning ma’nosini aytib beraman, – debdi. Podsho:
– O‘tdim, ayt, – debdi. Vazir bunday deb so‘z boshlabdi:
– Bu ikki katta qizingizning taomlarni xom, pishiq qilib pishirishiga sabab, bizning bo‘yimiz yetib qoldi, turmushga chiqadigan vaqtimiz bo‘ldi, degani. Kichik qizingizning usti xom ko‘rinsa-da, ichi nihoyatda totli taom pishirgani – men kichik ko‘rinsam-da, mening ham vaqti-soatim yetdi, degani, – debdi.
Podsho vazirdan:
– Endi nima qilamiz? – deb so‘rabdi.
Vazir:
– Biz ularning o‘zlari bilan kengashib, keyin erga beraylik, – debdi.
Podsho bu maslahatni ma’qul ko‘rib, saroy xizmatchilari orqali maslahat so‘raganda, qizlar, uch kundan keyin javobini aytamiz, deyishibdi. Uch kundan so‘ng ular saroy xizmatchilari orqali vazirga:
– Otam bizga egiz ravoq soldirsin. O‘n to‘rt kungacha butun xalq shu ravoq oldidan o‘tsin, biz shu ravoq ustida turib o‘zimizga yoqqan yigitga gul, olma otamiz, shu yigitga bizni bersa bo‘ladi, – deyishibdi. Vazir bu so‘zni podshoga yetkazibdi. Podsho darhol ravoq yasatib, butun xalq shu ravoq oldidan o‘tsin, deb amr qilibdi. Bu xabar butun mamlakatga yoyilib ketibdi. Har shahardan bu podshoning qizlarini ixtiyor etgan boshqa podsholarning o‘g‘illari, vazirlarning o‘g‘illari va boshqa yigitlar yopirilib kelishibdi. Ular ushbu ravoq oldidan o‘ta boshlashibdi. O‘n kun bo‘lganda bir podshoning o‘g‘li ravoq oldidan o‘tib qolibdi. Podshoning katta qizi ana shu shahzodaga gul va olma otibdi. Podshoning mulozimlari bu yigitni o‘rdaga olib kirib ketishibdi. Ertasi kuni o‘rtancha qizi bir vazirning o‘g‘liga gul va olma tashlabdi. Uni ham o‘rdaga olib kirib ketishibdi. Uchinchi qizi bir podachi yigitga gul va olma tashlabdi. Bu yigitning sarguzashti bundoq bo‘lgan ekan.
Bu podachi yigit ilgari boshqa bir shaharda bir boyning mollarini boqib yurar ekan. Bir kuni u mollarni tog‘ga haydab borganida qattiq bo‘ron turib, u hamma mollaridan ayrilib qolibdi. Bu ahvolda yigit molsiz boyning oldiga borishdan qo‘rqib, boshqa tomonga yo‘l solib ketibdi; boshqa bir tog‘ga yetib kelganida bir cholga yo‘liqibdi; chol mana shu tog‘da hayot kechirar ekan. U yigitdan qanday qilib bu yerlarga kelib qolganini so‘rabdi. Yigit o‘z boshidan kechirganlarini aytib beribdi. Chol yigitga:
– Sen bir yetim ekansan. Endi men seni o‘qitaman. Ushbu tog‘da bir buloq bor, shu buloqning suvidan ichsang pahlavon yigit bo‘lasan, – debdi. Bu yigitga ma’qul tushibdi. Chol yigitni o‘qitibdi, tog‘dagi bir buloqning suviga cho‘miltiribdi, yana boshqa bir buloqning suvidan ichkizibdi. Shundan so‘ng chol va yigit yetti kunlik safarga chiqishibdi, bir joyga kelganlarida qaroqchilarga yo‘liqishibdi. Qaroqchilar ularni o‘z xizmatiga olishibdi. Bir kuni qaroqchilar qimor o‘ynab, rosa qizishib turganlarida chol bilan yigit ularning huzuriga kirib kelishibdi. Qaroqchilar:
– Nega keldilaring, o‘z ishlaringni qilsanglar bo‘lmaydimi? – deyishibdi. Chol:
– Sizlardan mana shu hunarni o‘rganib olaylik deb kirdik, hamma ishimizni bitkazib qo‘yganmiz, – debdi.
Qaroqchilarning boshlig‘i:
– Bo‘pti, o‘tirib o‘rganib olishsin, – debdi. Qaroqchilar yana qimorni davom ettirishibdi. Birozdan so‘ng chol:
– Men ham o‘ynayman, – debdi. Qaroqchilar:
– Sen nimangga o‘ynaysan, quruq joningni tikasanmi, – deyishibdi. Chol yiroq bir tog‘ni ko‘rsatib:
– Ana o‘sha tog‘dagi mollar meniki, men yuttirib qo‘ysam, sizlarga o‘sha tog‘dagi hamma mollarni beraman. Agar sizlar yuttirib qo‘ysanglar-chi? – deb so‘rabdi.
Qaroqchilar:
– Biz yuttirib qo‘ysak, senga mana shu mol-dunyomizning hammasini, yana ikki uyda podsho va boshqalarning chiroyli qizlaridan yigirma nafari bor, shularning barchasini beramiz, – deyishibdi. Qirq qaroqchi tonggacha hamma narsalarini yuttirib qo‘yishibdi. Chol ularni yutib olibdi. Qaroqchilar bunga chiday olmasdan yana o‘ynashibdi. Chol ularni yetti bora yutib olibdi. Oxiri qaroqchilar chiday olmasdan chol bilan jangga kirishibdi. Chol qizg‘in janglardan so‘ng qirq qaroqchini o‘ldirib, uydagi qiz va boshqa jonivorlarni ozod qilibdi. Uylari yaqin qizlarni erkakcha kiydirib, uylariga yetkazib qo‘yibdi. Qolgan to‘rt qizning uyi yiroq bo‘lganligidan, uch qizni chol yetkazib qo‘ymoqchi bo‘libdi. Bir qizni esa yigitga topshiribdi. Yigit bu qizning hurmatini joyiga qo‘yib, ota-onasining shahriga yetkazib, uni ota-onasiga topshiribdi. Qizning ota-onasi yigitni rosa izzat-hurmat qilishibdi. Hatto qizlarini unga bermoqchi ham bo‘lishibdi. Biroq yigit unamabdi. Podsho yigitga yetti qur boshdan- oyoq sarpo beribdi. Qaytar chog‘ida qiz uni ziyofat qilib, ilgari bobosidan qolgan bir qilich, nihoyatda asl shahzoda liboslarini beribdi. Qizning bir «vafodor ot» degan juda yaxshi oti bor ekan. Uni ham yigitga in’om etishibdi, podsho cholga salomlar yo‘llab qolibdi. Yigit in’omlarni olib yo‘lga ravona bo‘libdi. O‘n kun deganda cholning oldiga kelib, unga atalgan sovg‘a-salomlarni topshiribdi. Chol juda xursand bo‘libdi. U yigitga qarab:
– O‘g‘lim, sizning uylanadigan vaqtingiz bo‘ldi. Siz endi bu asl kiyimlarni, ot, qilichlarni bir joyga qo‘yib, o‘zingiz hozir shaharga boring. Bu ot, kiyim-kechaklar qachon lozim bo‘lsa, o‘shanda ishlatasiz, – debdi.
Yigit cholga:
– Bobo, siz mana shu otlarimni qo‘ygan joyda turib tursangiz, u yer shaharga yaqin ekan. Men bot-bot sizning yoningizga kelib tursam, – debdi. Cholga bu ma’qul tushib, yigit aytgan joyga ko‘chib o‘tibdi.
Yigit esa shaharga qarab ravona bo‘libdi, yo‘lda bir qo‘tosni tutib olib, shu qo‘tosga minib shaharga kirib boribdi. Naq shu kuni podshoning kichik qizi ravoqqa chiqib o‘ltirgan payt ekan. Odamlar qo‘tosni ko‘rib tum-taraqay qochib qolishibdi. Qo‘tos esa odamlardan hurkibdi, shundoq qilib, bu yigit bir podshoning o‘g‘lidan keyin ravoq oldidan o‘ta boshlabdi. Podshoning kichik qizi shu podachi yigitga olma va gul tashlabdi. Shunday qilib, uni ham o‘rdaga olib kirishibdi. Endi bu yigitlarni qizlarning huzuriga olib chiqmoqchi bo‘lishibdi. Podsho ikki katta kuyovini yaxshilab kiyintiribdi. Bu yigitni esa shu podachi kiyimi bilan olib chiqishibdi. Podshoning kichik qizi juda dono ekan, u podachi yigitga mehr bilan tikilibdi. Har uchala qiz yigitlardan savol so‘ramoqchi bo‘lishibdi, katta qizi o‘zi tegadigan yigitdan:
– Dunyoda odamzotga eng zarur narsa nima? – deb so‘rabdi. Yigit:
– Odamzotga eng zarur narsa – xotin, – debdi. Buni eshitgan haligi podachi yigit unga tuzatish berib bunday debdi:
– Dunyoda odamzotga havo, shu bilan birga suv zarur, xotin degani esa shunchaki bir odam, – debdi. Katta qiz o‘zi tanlagan yigitga qarab, bu savolga javob berolmagani bilan, o‘zi chiroyli shahzoda ekan, men roziman, debdi. O‘rtancha qiz o‘z yigitidan:
– O‘zi ovlab otgan kiyikning go‘shti totlimi yoki bozordagi tayyor go‘sht totli? – deb so‘rabdi. Yigit:
– Bozordan pulga sotib olingan go‘sht totli, o‘zi charchab ov qilganidan keyin odam rosa mashaqqat chekadi. Undan ko‘ra, pul bo‘lsa, bozordan sotib olingan go‘sht totli bo‘ladi, – debdi. Uning so‘ziga ham podachi yigit tuzatish qilib:
– O‘zi ovlab otgan kiyikning go‘shti totli bo‘ladi, chunki kishi qanchalik jafo cheksa, shuncha rohat ko‘radi, – debdi. Endi kichik qiz podachi yigitdan:
– Odamlarda necha xil mijoz bor, – deb so‘rabdi. Yigit:
– Odamlarda yetmish xil mijoz bor, ba’zi odamlar janjalkash, ba’zilari vazmin keladi, mijozlar bir-biriga o‘xshamaydi, – debdi. Bu savolga podachi yigit to‘g‘ri javob berganligi uchun qiz juda xursand bo‘libdi.
Podsho qizlariga to‘y qilib beribdi, ikki qiziga ikki bog‘dan kattakon uylarni in’om etibdi, kichik qizidan achchig‘i chiqib, bu bir podachiga tegib meni nomusdan o‘ldirdi, deb, bir og‘ilxonani ajratib beribdi. Bu qiziga qaramay, uni xizmatkorlar uchun ovqat tashishga, podachi yigitni esa qo‘y boqishga qo‘yibdi.
Bir kuni kichik qizi onasining huzuriga yig‘lab kirib:
– Sizlarning bizning uyga oyda bo‘lsa ham bir marta kirgingiz kelmaydi, opalarimning uyiga har kuni borasizlar, men sizlarni uyimga taklif qilib keldim, – debdi.
Onasi qiziga achinib:
– Hammasiga o‘zing sabab, odam topilmagandek bir podachiga tegding, mayli, biz bir haftadan so‘ng otang, opalaring, kuyovlarimiz bilan siznikiga mehmon bo‘lib boramiz, – debdi. Qiz qaytib kelib bu gapni yigitga aytibdi. Bu ikkisining turmushi nihoyatda ko‘ngilli ekan. Yigit bu gapni eshitib, kelishsa bo‘pti, deb, haligi cholning oldiga borib, unga qaynota-qaynonasi, qaynopa va bojalari mehmon bo‘lib kelishini aytibdi. Chol yigitga bir tog‘ni ko‘rsatib: «Sen shu tog‘ga borsang, turli yovvoyi mevalar bor. Ular nihoyatda totli. Shundan olib borib mehmon qil», – debdi. Yigit chol ko‘rsatgan haligi tog‘ga borib, mevalaridan terib, kiyiklaridan, bug‘ularidan tutib, choldan turli-tuman noz-ne’matlar olib kelib xotiniga beribdi. Qiz ularni saralab terib, kiyiklarning go‘shtlarini turli taomlar uchun hozirlab qo‘yibdi. Ertasi tush paytida ota-onalari va boshqa mehmonlar kelishibdi. Qiz tayyorlagan mevalarini ota-onasi, opalarining oldiga qo‘yibdi. Podsho mevalardan yeb, «judayam mazali ekan», deb, kuyoviga:
– Bolam, mevalardan bo‘lsa, yana yesak, qayerdan olib keldingiz? – debdi.
Yigit:
– Tog‘dan olib keldim, ota, – deb javob beribdi.
Podsho:
– Tag‘in bormi? – deb so‘rabdi.
Yigit:
– Bor, men hozir olib kelaman, – deb, tashqari chiqib, qo‘tosini minib borib yana haligi mevalardan terib kelibdi. Podsho yana yebdi, unga qadar taomlar ham tayyor bo‘libdi. Taomni yeb ko‘rishsa, u rosa mazali ekan. Podsho bilan opalari bu qizni maqtab ketishibdi; podsho katta qizlarining uyida bundoq totli taom yemagan ekan. Kichik qizi atigan choy1ga otasini, opalarini yana taklif etibdi. Ular yana kelib taomlardan yeb ketishibdi. Oradan bir necha kun o‘tgach podsho va boshqa mehmonlar yana kelishibdi, qiz bu kuni ham mazali taomlar tayyorlabdi-da, sho‘rvaning ichiga qo‘yning qumalog‘ini solib qo‘yibdi. Podsho va mehmonlar sho‘rvani icha boshlashibdi. Oxirida qarasa, podsho sho‘rva ichgan kosaning tagidan qumaloq chiqibdi. Podsho qiziga: