Читать книгу Қутлуғ қон - - Страница 2
ОглавлениеIKKINCHI BOB
I
Mirzakarimboyning qizi Nurinisoning tabiatida yengillik bilan makr ustun edi. Uni sinamagan ba’zi ayollar, yengilligini ko‘rib: «Bir qop yong‘oqday shaldir-shuldur, quvnoq qiz ekan» desalar-da, lekin Nurinisoni yaqindan taniganlar u bilan har vaqt juda ehtiyot bo‘lib muomala qilar edilar. Otasining davlati, katta og‘iz, hovliqma va takabbur onasining erkalashi qo‘shilib, qizga ortiqcha g‘urur bergan, harakatlariga o‘zboshimchalik, qiliqlariga noz-karashma bag‘ishlagan edi. Ota va akalarining huzurida jilla oshib-toshmasa ham, ular yo‘q vaqtda qiz o‘zini «uy boshi» hisoblar, har bir ishda o‘z ra’yini o‘tkazishga astoydil urinar, o‘jarlik bilan qorani oq deb isbot qilishga tirishar edi. Uning qahqahasi bir lahzada arazga aylanar, qanday bo‘lmasin bir bahona topib, kelinoyilari va hatto onasi bilan ham tez-tez aytishib olar edi.
Nuri kiyinishni, bezakni sevar edi. Zirak, bilaguzuk, zarkokil, qo‘ltiqtumor, tillaqosh zebigardon kabi zargarlar to‘qib chiqargan oltin, kumush bezaklarga g'oyat o‘ch edi, bunday qimmatbaho buyumlardan quti-quti yiqqan… Har hayit uch kungina yasanib-tusanib, og‘irligi taxminan bir pudga yetadigan haligi bezaklarini taqib, uncha-muncha boy oila qizlarini taajjublantirar, kambag‘al, hatto o‘rta hol oila qizlarini oyoq uchi bilan ko‘rsatib, tomosha qilar, «kelin ko‘rish»ga yurar edi.
Qizini yer-ko‘kka ishonmagan, uning butun nuqsonlarini bir maziyat bilgan onasi Lutfiniso erining davlatidan mumkin qadar ko‘proq qo‘porib, shu kenja arzandasiga sarf qilish uchun urinar, bu qizni katta shavkat va dabdaba bilan uzatishni orzu qilar edi. Shuning uchun ko‘p yillardan buyon uning yagona mashaqqati – qizga bezak mollari tayyorlash, yangi nusxalar toptirish, chevarlarga tiktirish va hokazodan iborat, qo‘sha-qo‘sha palak, qo‘sha-qo‘sha paranji, uch-to‘rt uyni yasatishga yetadigan dorpechlar, gulko‘rpalar, choyshablar, elliklab qoziqlungi, yuzlab sanama ro‘mollar sandiqlarni to‘ldirgan bo‘lsa ham, bu narsa Lutfiniso va uning qizini hali qanoatlantirgan emasdi.
Nurinisoning es-hushi erga tegish… U ikki, balki uch yildan buyon o‘z to‘yini kutar edi. Bu to‘g‘rida ichkarida xotinlar orasida, ko‘pdan buyon gap-so‘z qaynaydi, go‘yo erta-indin to‘y-nikoh bo‘ladiganday. Kelinoylari deyarli har kuni unga xushxabar topshirishadi: «Otaboy o‘rtaga kishi qo‘ydiribdi: kichik o‘g‘liga sizni so‘ratibdi»; yoki «Musabeklarnikidan yaqinda sovchi kelarmish. Salim akangiz gapirdi, yigit juda chiroyli emish…» Nuri bunday gaplarni beparvolik bilan eshitishga urinib boqardi: «Ayajonimning bag‘rida o‘tiribman-da, shoshmasalar ham bo‘lar edi». Lekin ichida sevinchdan yuragi qoq yorilayozar, quloqlari karnay-surnay ovozlarini, «tortishmachoq» hangamalarini eshitganday bo‘lar, ortiq sabr-qarori qolmas, kechalari uzoq o‘ylab shirin xayol qanotlarida uchar, sirli kechinmalarga sho‘ng‘ir edi. Faqat, kelinoyilarining xabari bir necha kun ichida birdan yo‘qqa chiqardi, ular endi boshqa bir boyvachcha to‘g‘risida shivir-shivir gaplasha boshlashardi…
Mirzakarimboy qizini sevsa-da, «musulmon ota» va «ulug‘vor erkak» bo‘lgani uchun, u bilan ko‘p gaplashmas, «bolam-bo‘tam» deb ba’zi yumushlarni buyurar edi, xolos. Qizni ulg‘aytirmasdan, o‘n uch, o‘n to‘rtda erga berish – har bir musulmon ota uchun «farz» ekanini yaxshi bilar, qizining yoshi o‘n sakkizga yetib qolganidan ba’zi vaqt ko‘ngli xira bo‘lar edi. Lekin birinchi kuyovning fe’l-atvori unga ma’qul tushmagani uchun, kuyov bo‘lajak yigitni har yoqlama tekshirishni, sinashni istar edi: yigit boy va obro‘li oiladan bo‘lishi bilan baravar, aql ham nazokat sohibi bo‘lsin!.. Uncha-muncha boyvachchalarni chol nazar-pisand qilmaydi. Ba’zan yigit unga yoqsa, o‘g‘illariga ma’qul tushmaydi. O‘g‘illariga yoqqan kuyovdan yo uning oilasidan Mirzakarimboyning o‘zi biron qusur topadi.
Akalarining mehmonlariga, bog‘ va shahar hovlisiga qatnab yuruvchi do‘stlariga va umuman yigitlarga, sharoitga ko‘ra, goh eshik tirqishidan, goh devor orqali, goh daraxtlar orasidan mo‘ralashni sevgan Nuriniso, Yo‘lchi bu yerda ishlarkan, uni ham uzoq-yaqindan ko‘p marta ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan, u qomati kelishgan yosh yigitga o‘z yuragida kuchli bir intilish sezgan edi. Keyin bir necha kun o‘ylab Yo‘lchi bilan maxfiy uchrashuvga qaror qildi. Bu orzu kundan-kun kuchaysa ham, o‘ng‘ay fursatni kutdi. Nihoyat, uyda yolg‘iz qolgan kun o‘z orzusini juda ustalik bilan amalga oshirdi.
Nuriniso bog‘da, ishkom ichida Yo‘lchi bilan uchrashib, uning kuchli qo‘llariga bir zum o‘zini tashlab, quchoqlash, o‘pishga uyatchan, sodda yigitni majbur etgach, bundan so‘ng uning xayoli kambag‘al, unutilgan qishloqi ammaning o‘g‘liga bog‘landi. Lekinuchrashuvni takrorlash mumkin bo‘lmadi. Chunki ertasiga Yo‘lchi katta yerga jo‘nadi. Mana hozir ikki haftadan buyon Nuri xafa, Yo‘lchining yaqin o‘rtada qaytishiga ishonmaydi. Katta yerga borish u uchun mumkin emas. U ba’zan onasiga deydi: «Oyi, ammam boyoqishning o‘g‘lini dadam musofirlar, mardikorlar orasiga qo‘shib qo‘ydi. Dadamda sira insof yo‘q-da. O‘z urug‘ini shu yerda ishlatsa ham bo‘lardi. Nima ko‘p – ish ko‘p ..» Qizining ichki maqsadidan bexabar ona loqayd javob beradi: «Ixtiyor mendami? O‘z urug‘i, qayerda ishlatsa dadang o‘zi biladi bolam», yoki «Unaqa bemaza urug‘larning uzoqda turgani tuzuk. Uning nimasi ortiqcha? Ishlagani kelgan ekan, ishlasin…»
Yo‘lchi dalaga – katta yerga kelgan kundan boshlab, bundagi qarollar, mardikorlar bilan opoq-chopoq bo‘lib ketdi. U muloyim tabiati, soddaligi, oz bo‘lsa ham, mazali, ma’nili gapi, kuch-quvvati bilan odamlarga yoqdi. Yormat esa Yo‘lchini o‘z qo‘ltig‘iga olib, boshqalarga qarshi qo‘yishni istar edi. Chunki bu yerda qarol va mardikorlar u bilan yaxshi chiqisha olmas edilar. Yormat ular bilan birga yashab, birga oshab, birga ishlasa-da, ularga to‘ng muomala qilib, o‘zini xo‘jayinning sodiq vakili sifatida ko‘rsatganidan, hammaga yot ko‘rinar edi. Ular Yormatning ko‘z oldida unga qarshi bir nima demasalar ham, orqavoratdan uni masxaralashar, hatto so‘kishar edi: «Xo‘jayinning laychasi-ku, burnini bir qarish ko‘targaniga hayronmiz…»
Yo‘lchi chakki odamlarni topmadi. Yormatning haqsiz ekaniga ishonchi kundan-kun ortdi.
Yormat bu yerda doimiy yashamas edi. Uch-to‘rt kun ishlab, jo‘nab ketar, yana tez qaytib kelar edi. U oziq-ovqat bilan baravar, xo‘jayindan har xil buyruqlarni keltirar edi. Buyruqlarning ko‘pini xizmatkorlar Yormatning o‘zi to‘qiganiga ishonardilar.
Yo‘lchi o‘z hamqurlari bilan birga tong shabadasida ishga tushar, quyosh tik kelganda ovqatlanib, to qorong‘ilik tushguncha yana mehnat qilar edi. Ba’zi vaqtda sug‘orish paytlarida, kechalari ham tinimi bo‘lmas, suvni uzoqdan haydab kelishga to‘g‘ri kelar edi. Yo‘lchi ba’zan yolg‘iz, ba’zan o‘z yoniga birovni hamroh qilib qancha jar, qancha to‘g‘on va quloqlarni kezib, suv keltirar edi.
Suv tinchlik bilan kelmaydi. Suv o‘z yo‘lida bir necha yerda shovqin-suron, ur-sur ko‘taradi. Suv tepasida odamlar o‘t bo‘lib yonadi, boshqa vaqtlarda eng sokin, eng halim odamlar, suv boshida janjal chiqsa, so‘z va dalil o‘rniga musht bilan, ketmon ko‘tarish bilan ish ko‘rishga tirishadilar. Lekin Yo‘lchi suv janjalini juda yomon ko‘rar edi. Miroblar bilan og‘iz-burun o‘pishgan katta yerlilar, boy dehqonlar zo‘ravonligidan, ekini qurib qaqragan kambag‘al dehqonlarga do‘q qilib, g‘alva ko‘tarishdan nafratlanar edi. Bir kun u suvni kambag‘al dehqonga berib, o‘zi keyinroq olmoqchi bo‘lib qaytganda, Yormat uni odamlar oldida bo‘sh-bayovlikda aybladi.
– Yigit serzarda bo‘lishi, yiqilsa yer tishlab turishi kerak. Bu nima, og‘izdagi oshni birovga oldirish? Bo‘yraday joyga sholg‘om ekkan odamga ham suvmi!.. Eh-he, paxtamizga qancha pul sarf bo‘ldi, buni tushunish kerak…
Yo‘lchi pinagini buzmay, odatda gapirganday, dedi:
– Hechqisi yo‘q, bechora odam ekan, duosini olay dedim. Ikki haftadan beri suv ololmay xunob ekan.
– Balli, – qovog‘ini solib dedi Yormat, – oltin olma, duo ol, degan qadimgilarning so‘zi bor. Lekin duo olaman deb xo‘jayinga zarar yetkazish yaramaydi.
– Bir ozdan keyin sug‘orsak, nima zarar bo‘ladi? – Yo‘lchi o‘qrayib qaradi Yormatga, – hech bir!.. Bir bechoraning ekini qovjirasa durustmi? Balki u odam butun bola-chaqasi bilan ekiniga ko‘z tikib yotgandir, ekini bitmasa, och qolar, yalang‘och qolar… Biz suvga serobmiz, dehqon chanqoq, juda chanqoq.
– Suv hozirgi kunda tanqis, harna oldinroq kelgani yaxshi. Boy otam yerga ko‘p pul to‘kdi-ya.
Yo‘lchi indamasdan teskari burilib o‘tirdi. Faqat, bunda mardikor ishlovchi qashqarlik Alioxun chiday olmadi shekilli, og‘ziga yangi solgan nosvoyini tuplab, so‘lagini siyrak soqollaridan cho‘ziltirib, tajang gapirdi:
– Sizni egam so‘zga pichib qo‘ygan ekan-da. Suv xudoyimning mulkimi? Xaloyiq tekis ichadi. Men bilsam, boyning paxtasi suvni ortiq ichib turibdi.
– O‘lma, Alioxun, so‘zingda bitta xato bo‘lsa, Oppoqxo‘jam ursin! – deb qichqirdi bir mardikor.
O‘jar Yormat taslim bo‘lishni istamadi, ming‘illayverdi. Shu vaqtgacha boshini egib, xomush o‘tirgan qarol Shoqosim qaddini rostladi va o‘shshayib, titrab gapirdi:
– Bizdan Mirzakarimboy hech vaqt zarar ko‘rgani yo‘q. Paxta yildan-yilga mo‘l bo‘lib, foydasi ham oshib turibdi. Bo‘lmasa, paxtani bunchalik kengaytirmas edi xo‘jayin. Mana, Hakimboyvachchaning ovozasi olamni tutadi, nimadan? Insof bilan gapirganda, Yormat aka, bizga o‘xshash xizmatkorlarning sho‘ri quridi. O‘zingiz bilasiz, to‘rt yildan beri bu yerda ishlayman, tinim yo‘q, ishdan boshim chiqmaydi. Lekin hali ham bir choponim ikki bo‘lmadi. Hali ham qish-yoz bitta choriqni sudrayman. Mana, xotinim yotib qoldi, yostiqdan boshini uzishga darmoni yo‘q. Kissamda sariq chaqa yo‘qki, bechoraning og‘ziga yoqar ovqat bersam… Durust, xo‘jayin beradi, lekin qarzga… Qarzga yo‘liqqandan ko‘ra, baloyi nogahonga yo‘liqqan yaxshi. Hammasini sinadik. Xotinimni ham kambag‘allik yiqitdi, bu yerdagi og‘ir ish nobud qildi. Bu tomonlarga andak fikr yurgizib, keyin gapiring, Yormat aka.
Hamma bir nafas jim qoldi. Hamma o‘z yarasining yorilganini sezganday bo‘ldi. Shoqosim o‘rnidan turdi, etigining changini qoqib, ketmonni yelkaga olib, o‘z chaylasi tomon asta jo‘nadi. Yormat ham uning so‘zidan ta’sirlangan kabi, orqasidan g‘amgin tikilib qaradi-da, dedi:
– Har holda fig‘on-nola yaxshi emas, har banda qudrat qalami bilan yozilganni ko‘radi. Dunyo o‘zi shunday yaratilgan. Yo‘lchi, chirog‘im, suvni tezlating!
II
Yozning kuchi ketib, havo bir oz salqinlangan bo‘lsa ham, shamolsiz kunlarda quyosh tik kelgach, hali ham kishining boshidan olov quygan kabi kuydirar edi. Manglayini ro‘molcha bilan bog‘lab, yalang‘och holda ketmon urayotgan Yo‘lchi bilan yonma-yon ishlovchi Alioxun keng, qahva rang yuzidan terlarini artib, harsillab:
– Qorinda hech nima qolmadi. Yo‘lchi polvon, xotin taloq Yormating bizni o‘ldirmoqchi shekilli. Pirimning haqqi, shu keldi-yu, oshdan, nondan baraka ketdi, – dedi.
– Picha vaqt bor hali, Oxun.
– Yo‘q, vaqt o‘tdi, qornimning o‘zi yaxshi soat, to‘g‘ri ko‘rsatib turibdi.
Ular yana yarim soat ishlab, ketmonlarini yelkaga solib paxtazordan qaytishdi. Boy yerining yuqorisida, balandgina bir parcha sahn xizmatkor va mardikorlarning qo‘shxonasi edi. Bu joydan boyning butun paxta dalasi ko‘zga tashlanib turardi. Besh tup katta jiyda daraxti bu yerga har vaqt qalin soya tashlar, ishdan horib-tolib kelganlarga o‘z salqini, shabadasi bilan birpasgina orom bag‘ishlardi.
Alioxun ham ko‘rpasi, ham choponi bo‘lgan juldurni jiyda butoqlari orasidan olib, pichan ustiga soldi va oyoqlarini keng yoyib, qo‘lini yostiq qilib cho‘zildi. Bir necha minutdan so‘ng turib, kir, moy bosgan qatirma do‘ppisi ichidan to‘g‘nalgan ignani oldi, qayerdandir ip topib, eski seryamoq ko‘ylagining yirtig‘ini tikishga o‘tirdi. Yo‘lchi uning yoniga cho‘qqayib, «chevar»ning ishini tomosha qila boshladi. Yoshgina qirg‘iz yigit O‘roz va boshqa mardikorlar ham kelishdi. Har qaysisi har tarafda cho‘zildi. Ba’zilari so‘zlashga ham madorsiz kabi jimgina mudradi. O‘roz har kungi odati bo‘yicha, jiydaga suyanib, o‘zi yasagan kichkina do‘mbirasini chala ketdi. Yo‘lchi hammadan ko‘ra bu qirg‘izni ko‘proq sevardi, uning do‘mbirasini zavq bilan tinglar, aksar kechalari u bilan suhbatlashar edi.
Bundan sakkiz yil avval, u o‘n yetti yashar o‘spirin ekan, «Qarqara»ga qatnovchi bir qo‘ychi boy, yiliga sakkiz so‘mdan yollab, Toshkentga keltirgan. Boynikida uch yil ishlagan, lekin butun mahrumiyatlarga ko‘niksa ham, tayoqqa chiday olmagan. O‘z yurtiga qaytishga bir yil qolganda, xo‘jayini bilan achchiqlashib, boshqa bir yer egasiga qarol yollangan. Yangi xo‘jayinda ham ikki yil ishlab, ajralishga majbur bo‘lgan. So‘ng yana bir necha boylarda sargardon kezgan. Yurtiga qaytishga imkon topa olmagach, nihoyat, o‘tgan yil Mirzakarimboyga qarol bo‘lib yollangan, ust-boshi kir, uvada bo‘lishiga qaramay, chiroyli, xush-fe’l, yoqimtoy yigit edi. Qovoqlari va bir qadar yirik yuz yonoqlarining farqiga bormagan odam, uni aslo qirg‘iz demas, «sartcha»ni juda yaxshi gapirar edi.
U Alioxunga tegajaklik qilishni yaxshi ko‘rgani uchun, do‘mbirasini chertib-chertib, gap otadi:
– Alioxun, hammamizga bir kampir kerak edi, yaxshi bo‘libdi, o‘z ichimizdan chiqdi. Cholvorimni yamab berasiz-da!
Ketmon tutishga odatlangan dag‘al qo‘llar, igna ushlashga, qatim tortishga kelishmaganidan diqqati oshgan Oxun bir ko‘zini qisib, tikishda davom etarkan, tovushi shang‘illaydi.
– Sen hali go‘daksan, ochib yuraver… Musofirchilik qursin, jonga tegdi. Tikmasam ko‘ylakdan ajralaman… Kambag‘allik kishini yurtdan yurtga sudraydi. Besh-o‘n qog‘ozni belimga tugib, ust-boshimni but qilib, yurtimga o‘ynab ketay degandim, niyatga yetolmay turibman. G‘ariblik qursin, o‘z shahrimda igna ushlamagandim. Hech vaqt, azbaroyi xudo. Qizil gulday xotinim qoldi… Voh, voh, peshonam. Qizil gulday…– Oxun peshonasiga shartta urib davom etdi.– Yodimga tushsa, jigarim xun bo‘ladi.., O‘rozboy, shamol seni sahrodan uchirgan, unda nimang qoldi?
– Xotin chindan bormi, yo anchayin hangamami? – kulib dedi O‘roz.
Oxun: «Nahotki, yolg'on so‘zlasam!» deganday labini burib, o‘rtoqlarcha o‘qrayib qaradi O‘rozga:
– Aytdim-ku, xumso, qizil gulday. Qashqirning qizi, juvoni olmaday bo‘ladi. Sen sahro bolaga so‘zni uqtirish ham qiyin…
– Mingta qal’adan dalam yaxshi, Oxun. Bizning qizlarimiz ham juda sho‘x bo‘ladi. So‘z bilan, noz bilan, hangama bilan yigitlarning ko‘kragiga o‘t soladi qirg‘iz qizlari. Men dalada har kun qizlar, kelinchaklar orasida yurardim, Yosh bo‘lsam ham, sevganim bor edi. Juda suluv qiz, o‘lanchi qiz. Endi erga tegib, oldi-keti bolalar bilan to‘lgandir. Ovuldan chiqar kun kechasi dalaga chiqib, ikkovimiz talay vaqtgacha quchoqlashib o‘tirdik. U yig‘ladi, men yig‘ladim. Qolishga chora yo‘q. Otam meni boyga sotib, aqchani olgan, ularga ovqat, kiyim kerak… Jo‘naymiz, Oxun, sen Qashqarga, men «Qarqara»ga…
– Yo‘l yo‘q devona, piyoda jo‘naysanmi?
– Hamma gap pulda ekan, Oxun, – toshkentlik bir indamas mardikor so‘zga aralashdi, – men o‘ttiz qironning yurtini ko‘rmadim, lekin oqpodshohning o‘ttiz shahrini kezdim. Bir vaqtlar sayoq yigitlarga qo‘shilib qolgandim-da. Sayoq uchun ikki dunyo bir qadam. Shohmashrab ham shunday ekanlar: kechqurun bir shahardan chiqsalar, ertalab boshqa bir shaharning darvozasidan kirar ekanlar.
– U kishi avliyo-da, – shaqillab qaynagan katta qora qumg‘onni keltirgan Yormat uning so‘zini kesdi, – Shohmashrab yo‘lga chiqsalar, xudoning qudrati bilan yerning tanobi tortilib, yo‘l qisqarar ekan.
– Nega men uchun yerning tanobini tortib, yo‘lni qisqartirmaydi! – O‘roz qichqirdi.
– Bu zamonda puldorlar uchun yerning tanobi tortilgan, – so‘zini davom ettirdi haligi mardikor.– Ko‘p joyni ko‘rdim. Puldorga sahroyam bamisoli jannat. Senlar yurtlaringni maqtaysanlar, yurtlaringda to‘q bo‘lsalaring, bu yerga kelarmidinglar? Rostmi? Mana men toshkentlikman. Bundan nima foyda? Pulim bo‘lsa, har qayerda gashtimni qilaman. O‘ttiz to‘rtga kirdim, hali uylanganim yo‘q. Paranji ko‘rsam, esim og‘adi. Kampir enam qiz qidira-qidira tinkasi quridi. Qaysi eshikka bosh tiqsa, so‘rasharmish: savdogarmi, bog‘i bormi, uy-joyi bormi? Mardikorni, xizmatkorni, kosibni odam o‘rnida ko‘rishmaydi bu zamonda…
– Ahli savdogar yurtning guli bo‘ldi, uka! – dedi Yormat.
– Bizlar yurtning tikanimi? – dedi Yo‘lchi.
– Qani, choy ichaylik, ish qolmasin, kechqurun gaplashaverasanlar, og‘iz, quloq senlarniki…– qopdan yasalgan bir dasturxonni Yormat o‘rtaga yozdi. Alioxun o‘rnidan turib keng, sertuk ko‘kragini qavartirib, kerishdi, barmoqlarini qisirlatdi va jimjit mudragan uzoqliklarga ko‘zini tikib, yangroq ovozini baland qo‘yib birdan kuylab yubordi.
Men safarga chiqqanda
Yer eshigida qolgan.
«Qachon kelasan, yor?» dap
Qora ko‘zga yosh olgan.
Kunda ko‘rmadim yorni,
Kunida ko‘rarman dap.
Umid uzmadim yordin,
O‘lmasam suyarman dap…
Odamlar jonlandi. Ba’zilari chindan, ba’zilari esa hazil-mutoyiba bilan Oxunning tovushini maqtashdi.
Sodda va samimiy hangoma bilan choy ichilar ekan, daraxtlar orqasidan ho‘ngrab yig‘lagan tovush eshitildi. O‘tirganlar hayrat bilan u tomonga boqishdi. Yig‘idan ko‘zlari, qovoqlari qizarib shishgan Shoqosim yetib keldi.
– Vafot qildi, jonkashim, dardkashim. Hozir qo‘limda jon berdi. Holimga voy!
Hammaning halqumini iztirob bo‘g‘di, og‘zidagi nonni yutishni ham, tashlashni ham bilishmay qoldi. Bir minut qadar cho‘zilgan sukunatdan so‘ng Yo‘lchi, Alioxun va boshqalar Shoqosimga ta’ziya bildirib, uni yupatishga tirishdilar.
– Ota-onasiga xabar bering tezroq, – maslahat berdi Yo‘lchi.
– Bechoraning hech kimi yo‘q, yetim qiz edi. Ikki g‘arib bir yoqadan bosh chiqargan edik.– Yana qattiqroq yig‘lab yubordi Shoqosim va yig‘i aralash Yormatga yalindi: – Endi xo‘jayindan bir oz pul qarz keltirib bering. Bu kun shomgacha o‘z makoniga eltib qo‘yaylik. Chaylada, yosh bolaning oldida jasadni saqlash qiyin.
– Kun issiq, ertaga qoldirib bo‘lmaydi…– dedi O‘roz. Yormat katta mushkulot qarshisida qolgan odam kabi, boshini tebratib bir tutam soqolini yula boshladi.
– Xo‘jayinlar shaharda, – dedi u odamlarga qarab, – shahar borib kelgunimcha – kun tamom. Bugun ko‘mishga ulgura olmasmiz…
– Xo‘jayinning ayollarida pul topilib qolar, – dedi Yo‘lchi kuyunib, – yo siz, yo man g‘izillab borsak…
– Ularda pul bo‘ladi, bilaman. Lekin ayollarning fe’li tor. Kafanlikka doka berishsa ham katta gap, – dedi ming‘irlab Yormat.
– Bir bechora oshnamizni qarzga botiraveramizmi? – bo‘g‘ilib qichqirdi Oxun va odamlarni bir-bir ko‘zdan kechirib davom etdi. – O‘likni ko‘mib kelish qiyin emas, lekin yo‘g‘on chiqimlari keyin keladi, bilasanlar. Hali Shoqosim ko‘p qarz so‘raydi. Hozir unga besh-olti so‘m kifoya: go‘rkovga ikki so‘lkavoy, domla imomga ikki qog‘oz, yug‘uvchiga bir so‘m. Ish tamom.
– Osh-suv qilmasam bo‘lmaydi, Oxun aka! – dedi Shoqosim, – sho‘rlik xotin dunyoda nima ko‘rdi. Jilla bo‘lmasa o‘ligini odamday ko‘may, arvohi quvonsin!
– Keyin qilasan! – Oxun odamlarga orqasini o‘girdi. Juldur choponini timirskilab, u yoq-bu yog‘ini ag‘darib, uch so‘mlik shaldiroq qog‘oz olib o‘rtaga tashladi va o‘rnidan turib qayoqqadir ketdi.
Oxunning shafqatiga hamma chuqur sezgi bilan qaradi, bu his ularning ko‘zlarida, yuzlarida ravshan mavjlandi. Qirg‘iz O‘roz belbog‘iga mahkam chandib tugilgan bittagina so‘lkavoyni (kim biladi, buni qachonlardan beri saqlab kelgan u) chiqarib, sekingina tashladi.
– Hammaga pul kerak, o‘lik ham pul bilan yuradi, – dedi toshkentlik mardikor va ishtonining ipchasiga qistirilgan bir bo‘z xaltachani – hamyonni olib, tanga, chaqa aralash bir so‘mni sanab to‘kdi.
Yo‘lchi shu chog‘da qancha aqchasi bo‘lsa ham berishga tayyor edi, lekin yonida bir siyqa tiyini yo‘q edi. Pul bergan o‘rtoqlarini quchoqlab o‘pgisi keldi, ular shu topda dunyoda eng himmatli, eng qadrdon, eng mehribon odamlar bo‘lib tuyuldi. Ko‘zlariga quyulib kela boshlagan tomchilarni yashirish uchun boshini quyi soldi.
Yormat o‘rtadan pulni yig‘ib olib, kaftida qisdi:
– Qolgan xizmat bizdan bo‘lsin, darrov ashqol-dashqolni tayyorlayman. Choyni ichib, sizlar ishga tushinglar. Jo‘na, Shoqosim, chaylangga! Hozir atrofdan ayollarni topib olib boraman. Ularsiz ish bitmaydi.
– Yaxshiliklaringni ikki dunyoda unutmayman sira! Azalaringga emas, to‘ylaringga yordam qilay! – Shoqosim o‘z chaylasiga yugurdi.
Kechki ovqat oldida, nim qorong‘ilikda, qarol va mardikorlar tiz cho‘kib, qo‘llarini qovushtirib o‘tirishdi, ularning boshlari egilgan edi. Yo‘lchi yoshlikda onasidan o‘rgangan qisqa bir surani o‘z bilganicha qiroat bilan o‘qidi. Hamma qo‘l ochib marhumaning ruhiga bag‘ishladi. Ovqat ustida hech kim ortiqcha so‘z so‘zlamadi. Faqat kimdir, shunday dedi:
– Pokiza ayol ekan. Go‘ri naq saroyday keng-katta ochilibdi…
III
Quyosh botganiga anchagina bo‘lgan. Qorong‘ilik quyuqlasha borar, ko‘kdagi yulduzlar chamani ham borgan sayin yorqinroq chaqnar, havo badanga sezilarli sovir edi.
Dalada ishning tig‘iz vaqti o‘tgani uchun mardikorlarga bundan bir necha kun ilgari javob berilgan, paxta terimiga qadar qilinajak ishlar Yo‘lchi, O‘roz ham Shoqosimga yuklatilgan edi.
Yo‘lchi jiydaning ostiga pichanni qalinroq yoyib, ustiga choponini qiya tashlab yotdi. O‘roz daraxtga suyanib do‘mbirasini chertar edi. Kechaning jimjitligida do‘mbira mungli, yig‘lagansimon jaranglar edi.
Qani bir nay bo‘lsa, Yo‘lchi ham chalsa-da, butun ko‘ngil qayg‘ularini, oila o‘chog‘idan ayrilgan g‘arib, tanho ruhning to‘lqinlarini kechaning sukut to‘la og‘ushiga quysa…
Nay to‘g‘risida o‘ylar ekan, tog‘asining qizi Nuriniso va u kungi uchrashuv yodiga tushdi. Voqea butun tafsilotn bilan uning xayolida jonlanarkan, yigitlikning sho‘x havaslari yurakda bir lahza chayqalib ketdi, u iljayib qo‘ydi. Lekin shu vaqtgacha biron marta uni eslamagan edi. U kun Nurinisoning hiylasiga ilinib, shohi ko‘ylak ichida balqigan yumshoq, qizg‘in badanni o‘z quchog‘iga bir lahza, olishga majbur bo‘lib, so‘ng qocharkan, uni bir necha soat qo‘rquv va sirli, shirin hayajon quchsa ham, keyin tezda ko‘ngli sovigan edi: «Bu hiylakor qiz, juda quv qiz. Meni sevmaydi yurakdan. U yolg‘iz ersirab qolgan. Unga o‘yin kerak. «Teng – tengi bilan, tezak – qopi bilan». Mirzakarimboyning qizi bilan mening oshiq-ma’shuqligim ertakka ham sig‘maydi…» deb o‘ylagan edi Yo‘lchi. Ammo uning qalbi goh-goh boshqa bir qiz yodi bilan to‘lib-toshar edi. U, Yo‘lchi quyoshning olov selida cho‘milib, to‘nka kavlar ekan, uchragan kambag‘al qiz, uzoqdan unga qayrilib boqib, sof, sodda, samimiy tabassum baxsh etgan go‘zal qiz!..
Yo‘lchi hozir Nuriniso bilan bo‘lgan uchrashuvni eslarkan, yuragi, xayoli, o‘yi yana o‘sha begona qizga bog‘landi. Bir zum qarash bilan yurakka naqshlangan uning chehrasini yana ko‘z oldida jonlantirishga tirishdi va: «Kimning qizi u? Yana ko‘rarmikanman?» deb o‘z-o‘zidan so‘radi.
– Shoqosim nashani urdi, hidini qara, butun dalani tutdi-ya, bay-bay… puhu…– do‘mbirani to‘xtatib gapirdi O‘roz.
Salqin shamol past tomondan, Shoqosimning chaylasi tomondan, nashaning chuchmal, qo‘lansa hidini keltirar edi. Yo‘lchi O‘roz tomonga bir ag‘darilib so‘radi:
– Ilgariyam chekarmidi? Nega chekadi?
– Nega emish! Ahvoli tang. Kambag‘alchilik.... Yana buning ustiga xotindan ayrildi…
– Chakki qiladi Shoqosim aka. Nasha bir kuni uni rasvo etadi.
– Yo‘lchi, mana erta-indin qish keladi, to‘rt yashar o‘g‘ilchasi bilan nima qiladi u?
– Nasha ahvolini o‘nglaydimi! Qiyinchilikdan qo‘rqish kerak emas, dadil bo‘lish kerak. To‘g‘ri yo‘l – shu.
Ikkisi ham jim bo‘ldi. Qorong‘ilik orasidan bir otliq kelib chiqdi.
– Shundamisizlar? Ish qalay? – Yormatning tovushi yangradi.
Otni daraxtga bog‘lab Yormat kelib o‘tirdi. Atrofdan bironta tarvuz topib keltirish uchun O‘rozga yalindi. Keyin Yo‘lchiga yangi xabarni, to‘g‘risi, xo‘jayinning yangi buyrug‘ini bildirdi:
– Tantiboyvachchanikiga boramiz ertaga. U kishi xo‘janinning kuyovi bo‘ladi. Juda xo‘roz odam. Ko‘rsangiz o‘zingiz ham hayron qolasiz. Asli oti Mir Ishoqboyvachcha, lekin Tantiboyvachcha deb ot olgan. Sizni u yerga eltaman-da, o‘zim qaytaman.
– Hamisha o‘sha yerda qolamanmi? – ikkilanib so‘radi Yo‘lchi.
– Yo‘g‘-e… hasharga borasiz, bir qancha kun. Yeri ham yaqin, bizdan bir oz pastroqda. Boy otaning buyrug‘i, uka.
Yo‘lchi «ma’qul» dedi. O‘roz, qayerdandir, katta tarvuz keltirib, o‘rtaga qo‘ydi.
– Yeng, – dedi u Yormatni turtib, – bizlarga to‘g‘ri kelmaydi, qornimiz och…
– Nima, oziq bitdimi, qozon osmadinglarmi?
– Qozon qaynatishga suvdan boshqa narsalar kerak bo‘ladimi? Yo oshqovoqdan moy chiqarsakmikai, Yormat aka! – dedi kinoyali kulish bilan Yo‘lchi.
Yormat hech nima demadi. Har vaqt maqtaydigap pichog‘ini qinidan sug‘urib, tarvuzni kesdi. Bir pallasiii o‘zi olib, ikkinchi pallani Yo‘lchi va O‘roz oldiga qo‘ydi.
Kecha sukutini nog‘ora va chirmanda sadosi birdan buzib yubordi. U juda yaqindan, go‘yo boy yerining etagidan kelganday tuyuldi Yo‘lchiga. Yormat pichoq uchiga ilgan garvuzni og‘ziga otmay, quloq solib mo‘ljalladi.
– To‘g‘on chavandoznikida emasmi, O‘roz?
– Aniq o‘shanikida.
– Chavandoz qurg‘ur dunyoning zavqini biladi-da, – hasadlanib gapirdi Yormat.– To‘g‘on chzvandoz deganimiz shunday odamki, Yo‘lchi, umrini uloq, eiyofat, bazmda o‘tkazib keladi. Qancha marta beli, qobirg‘asi singan, oyoqlari majaqlangan: jamisi uloqdan… Yuzi ham tirtiq-mirtiq. Bu ham uloqdan. Qirqta jo‘rasi bor, hammasi serzavq, yuragi o‘g‘itli odamlar. Mana o‘shalarniki…
– Davlati kattadir? – dedi Yo‘lchi beparvolik bilan. O‘roz javob berdi:
– Yer-suv ko‘p, xizmatkor undan ko‘p, har kuni bozorga besh-o‘n arava yuk tushiradi… yana unga nima kerak? Yaxshi taniyman uni. Eski xo‘jayinning oshnasi edi. Xizmatkorlari ovqatdan toliqmaydi. Lekin, chavandozning jahli chiqsa, xizmatkorlarni tutib uraveradi, yoshmi, qarimi, surishtirmaydi. Shuning uchun odamlar unda uzoq ishlamaydi…
– Katta ko‘ppak deng, – dedi Yo‘lchi.
Bazm borgan sari qizimoqda, chirmanda gumburiga qo‘shilib, yalpi qiyqiriqlar eshitila boshladi. Yormat tarvuzni tugatib, to‘satdan taklif qildi:
– Boramizmi? Rostini aytsam, uchib ketgim kelyapti.
– Guruch orasida kurmak bo‘lamizmi? – e’tiroz qildi Yo‘lchi.
– Borasanmi, O‘roz?..
– Yo‘q!
– Yo‘lchi, yur, uka, menga hamroh bo‘l! Bir chetda o‘tirib tomosha qilamiz. Qirg‘izga do‘mbira bo‘lsa bas. Shoshma, sindiraman uni.– Yormat o‘rnidan turib, Yo‘lchining qo‘lidan sudradi.
Juda yaqin tuyulgan bazmga yetish uchun xiyla yo‘l yurishdi. Ilgarilashgan sari bazmning butun dabdabasi aniqroq sezilib, Yormatni bezovta qilaverdi.
Katta darvozadan kirish bilanoq u Yo‘lchidan ayrildi.
Keng, yop-yorug‘ sahnda yigitlarga yumush buyurib, ko‘ksini jo‘rttaga baland ko‘targan, yakka kift, gerdaygan, suyakdor, bo‘ychan, xunukkina odam – chavandozga duch keldi, qo‘l uzatib ko‘rishmoqchi bo‘ldi. Lekin Yormatning qo‘li muallaq qoldi, takabbur chavandoz payqamaganday turtib o‘tib ketdi. Faqat, Yormat hech qanday qisilish, sarosimalik sezmadi, bo‘ynini cho‘zib, u yoq-bu yoqqa alangladi-da, odamlar orasini yorib kirdi, davradan joy topib, yengini shimarib chapak chala ketdi.
Yo‘lchi yo‘g‘on terakka suyanib, tek turib davrani qurshagan odamlar orqasidan tomosha qila boshladi.
Bazm butun shavkati, butun an’ana va odati, nahshiy suroni bilan davom ztadi. Yuzlarcha odam siqilib, chor burchak tashkil qilib o‘tirishadi. Bularning orqasida tek turgan odamlar, bir-birlariga zanjir bilan bog‘lanib qo‘yilgan kabi, zich va tig‘iz. Bular orasida yigitlar, keksalar, bolalar bor, hammalari atrofdan kelgan tomoshabinlar.
Nog‘orachilar va chirmandakashlar terlab-pishib, o‘zlarini unutayozgan kabi, keskin sachrab, keskin to‘lg‘anib, goh qiyshayib, goh keskin silkinib chaladilar. Davra qurib o‘tirgan bazmchilarning harakatlari, qiliqlari, bo‘g‘iq nidolarini tavsiflashga til kifoya kilmaydi!.. Chapakka chidagan qo‘llarga, shart-shart savashlarga bardosh bergan ko‘kraklarga balli! O‘rtada o‘n olti-o‘n yetti yashar bachcha o‘ynaydi. U rangsiz, xipcha, «tekisgina», yana to‘g‘rirog‘i, «popukday» bola… Uning ustida yangi, yarqirab yoqabeqasam to‘n, ko‘k shohi belbog‘ni pastroq bog‘lagan. Oyoqlarida bejirim xrom etik. U yumshoq gilamlarda yengil uchadi.
Atrofda bir to‘p yigitlar shoshib-pishib, baqirib-chaqirib har xil yumushlarni bajarishadi. Daraxtlarga osilgan katta lampalar ko‘zni qamashtiradi. Bir tomonda «chars-churs» bilan gulxan yonadi, u ba’zan juda baland alangalanib, kechaning cheksiz qora og‘ushidan katta nur o‘pqini yoradi. Daraxtlarda yengil olov pardasi titraydi.
Nog‘ora cho‘pining tez urilishi, bachchaning chir aylanishi va kuchli, yalpi qiyqiriq bilan bazmning birinchi qismi tugadi. Odamlar birpasgina yoyilib, hoy-huy bilan qirilgan, qaqragan halqumlarini ho‘llasha boshladilar. Bir kecha minutdan so‘ng o‘rtaga chiroyli bir «qiz» tushdi. Nog‘ora va chirmandalar avvalgidan ko‘ra ohistaroq, yengilroq chalindi. «Qiz» ayollarga xos noz va qiliq bilan raqs eta boshladi. Egnida uzun qizil shohi ko‘ylak, kimxob nimcha, boshida shaftoli rang yorqin tovlangan ipak durracha. Mayda o‘rilgan qora, uzun kokillar beliga tushadi, yengil yo‘rg‘alagan sari yoyilib silkinadi. Bu «qiz» haligi bachcha edi. Yo‘lchi o‘z ichida: «Voy shaytonlar, rosa o‘xshatibdi qizga!» dedi-da, jimgina tomoshaga berildi. Nogahon davrada bir nima «pang» yetdi. Keskin, quloqni bitiruvchi bir tovush! Hamma birvarakay o‘rnidan sakradi, arining uyasiga cho‘p tiqilganday, duv ko‘tarildi, ko‘zlar ola-kula. Hamma ust-ma-ust qulashib, parokanda bo‘ldi, o‘rtada kishi oz qoldi, «qiz» – bachcha yiqila-qo‘pa qochib, o‘zini hovuzga otdi. Chakmon kiygan, yo‘g‘on, yumaloq, qoragina odam qo‘lidagi to‘pponchani mahkam ushlagan holda gandiraklab, so‘kinib, hovuz labida «ovini» qidira boshladi.
– Otmang, qutqaringlar! —Sado daraxtlar bilan qurshalgan hovuzda yangradi.
Yo‘lchi bir sakrashda zo‘ravonning oldiga bordi, to‘pponcha tutgan qo‘lni mahkam siqib, orqaga qayirdi. To‘pponch» «shaq» etib yerga tushdi. U kishi so‘kinib, butun kuchi va g‘azabi bilan Yo‘lchidan qutulishga tirishdi.
– Kimsan o‘zing, saniyam otaman, qo‘shmozor qilaman qo‘yvor! – to‘pponchani olish niyatida tipirchilandi. Yo‘lchi uni mahkam quchoqlab ko‘tarib, bir qancha qadam nariga yeltib tashladi. So‘ng chavandoz va boshqa jo‘ralar yalinib-yolvorib, nihoyat, uni bir yoqqa sudrab ketishdi.
Odamlar to‘planishib, bir-birlaridan so‘rashadi:
– Yopiray, nima bo‘ldi?
– Bachchaga achchiq qildi-da. O‘zi mast ham tez odam, ma’lum-ku.
– Ajali yetmagan ekan, bola bechora sog‘ qoldi…
– Naq boshimdan oshirib otdi. Tuproqqo‘rg‘ondagi to‘pday gumburladi savil…
Yo‘lchi qo‘lini beliga tirab, bir chetda sokin turarkai, Yormat zarda bilan turtdi:
– Yuring endi, jo‘naymiz!
Yo‘lchi unga xo‘mrayib qaradi-da, izidan jo‘nadi, bir qancha minut ikkisi jim ketdi. So‘ng Yormat asabiylanib dedi:
– Odam degan har nimaga aralashavermaydi. qayerda g‘alva qo‘psa, qochavering: och qornim, tinch qulog‘im. Kimni himoya qilasiz? Bir bachchanimi? Uzingizni otib qo‘ysa, ish nima bo‘lar edi?
– Yormat aka, insof qiling, – beparvolik bilan javob bera boshladi Yo‘lchi, – bir quturgan mast odam ko‘z oldimda kishini otib o‘ldirmoqchi bo‘lsa, men qarab turaymi? Bu odamgarchilik emas. To‘g‘ri, jon shirin, har kim o‘z jonini ayaydi, lekin odamning yuragida boshqalarga mehr bo‘lishi kerak, kerakli vaqtda ko‘maklashish kerak. O‘sha bachcha ham odam farzandi. Ota-onasi kambag‘allikdan uni bachchalikka sotgandir. Yo u yetim qolib, shu yo‘lga kirgandir. Uyinini ko‘rib, esingiz og‘di, yana yomonlaysiz.
– Bilasizmi, Yo‘lchi, bu yerda kimni sudradingiz?
– Yo‘q, kim o‘zi u it?
– Ana xolos!.. Eh, bilib qo‘ying: Tantiboyvachcha – shu, tog‘angizning kuyovi-ya.
Yo‘lchi qattiq kuldi.
– Kim bo‘lmasin, mayli! – dedi Yo‘lchi.– Lekin u ablahga ham yaxshilik qildim. Yormat aka, ertaga boramizmi, unaqa odamlar juda kekchi bo‘ladi-ku?
Yormat indamadi. Yo‘lchi hozir qilgan ishidan o‘zi xursand. Bir ko‘p odamlar unga rahmat aytdi, ba’zilari uning yelkasiga qoqdi. Ishi Yormatday toshko‘ngilli, qo‘rqoq odamga yoqmasa yoqmasin!..
Yo‘lchi o‘z manziliga qaytib, pichan «to‘shakka» cho‘zilarkan, haligi yerdan yana nog‘ora taraqladi: bazm!
IV
Vaqt namozasrga yaqin edi. Tantiboyvachcha kechagi bazm va ichkilik kayfini butun kun cho‘zilgan uyqu bilan tiniqtirib, qo‘rg‘on eshigidan bog‘ tashqarisiga chiqdi. Yum-yumaloq qornini silab, bir necha minut kezdi. So‘ng, hovuzda yuz-qo‘lini yuvib, supada yonboshladi.
– Qambar, chilim keltir! – daladan qaytgan xizmatkoriga buyurdi.
Qambar ixcham, yarqiroq mis chilimni olib keldi, «pishitib» xo‘jayinga tutdi.
– Xo‘jayin, – odatdagicha takallufsizlik bilan dedi u, – bukun bir talay ish qildik. Qaynatangiznikidan kelgan yigit juda yaxshi ishladi.
– Aha, keldimi? Durust! Qaynatam ishning ko‘zini biladigan odam. Xizmatkorlari bari yaxshi ishlaydi. Mana sen bo‘lsang, ovqat yeyishdan boshqani bilmaysan.
– Ana, kelyapti, – ketmonni yelkaga olib, og‘ir qadam bosib kelayotgan Yo‘lchini ko‘rsatdi Qambar.
Yo‘lchi hovuz bo‘yiga yaqinlashganda Tantiboyvachchaga ko‘zi tushdi. Jo‘rttaga dadil yurib ketmonni devor tagiga qo‘ydi-da, shoshmay, beparvolik bilan betini yuvdi, belbog‘ini yechib ohista artdi, so‘ng boyvachcha bilan ko‘rishdi.
– Horma, yigit, o‘tirchi, – Yo‘lchiga boshdan-oyoq tikilib dedi boyvachcha.
Yo‘lchi uning qarshisiga o‘tirdi. Tantiboyvachcha unga jilmayib, bir nimadan o‘kingan kabi, boshini tebratib dedi:
– Kechasi bazmda bormiding? U yigit sen emasmi?
– Men edim, – dedi Yo‘lchi.
– Mastlik, qursin, toza mashmasha qilibman, he-he-he, – sovuq kuldi boyvachcha.
– Xo‘jayin, har yerda bir g‘alva qo‘tarasiz. Asli nomingizni «To‘polonboyvachcha» qo‘yish kerak edi, – iljayib dedi Qambar.
Tantiboyvachcha uni hazilsimon koyib, keyin Yo‘lchiga so‘zladi:
– Birinchi o‘qdan xudo asradi bachchani, ikkinchi o‘qdan sen saqlab qolding. Otar edim, kayfim taraq edi.
– Nimaga u bechoraga o‘q uzdingiz? —voqeaning sababini yaxshiroq anglash uchunmi, yo jo‘rttagami so‘radi Yo‘lchi.
U bir nafas sukut qildi. Yirik, lekin qizil, mayda tomirchalar bilan qoplangan xira ko‘zlarini qisib javob berdi:
– Bilmayman, tutgan choyimni olmadimi, yo qoshini uchirmadimi, xullas, jahlimni chiqardi, la’nati. Xo‘p, o‘tgan ishga salavot. Qalay, ekinlarimiz durustmi?
– Ekinlar juda soz. Ayniqsa, kartoshka bilan sabzi mo‘l hosil beradi.
– Aniqmi? Mana bu cho‘loq, – Qambarga ishorat qildi boyvachcha, – ancha-muncha yerga ekin ekdim degan edi. O‘zim yaxshi qaraganim yo‘q. To‘g‘risi, dehqonchilikka sira tushunmayman. Mana shu cho‘loqqa ishonaman. Cho‘loq bo‘lsa ham qo‘li barakali. Ekini har yil ham chakki bo‘lmaydi, shundaymi, Qambar?
Sho‘x, gapdon yigit – Qambar bir oyog‘ini sudrab bosar edi. U ayyorcha kulib, sariq tukdan iborat qoshlarini chimirib so‘zlab ketdi:
– Mirishoq aka, jilla bo‘lmasa, mehmonlarning oldida cho‘loq demang… Qani, chopishasizmi men bilan?
– Chilimni sol, cho‘loq, hazilni bilmagan kal Fozil! To‘g‘ri, o‘zi cho‘loq-ku, lekin shamoldan tez uchadi, hayronman. Ham o‘zi dilkash yigit. Ishni puxta qiladi. Bir aybi shuki – cho‘loq. Xax-xax, xax.
– Yerni maymoq oyog‘im gullatib turibdi, xo‘jayin. Qani, torting chilimni. Muchangiz sog‘ bo‘lsa ham chilim so‘rishdan boshqa ishga yaramaysiz!
Tantiboyvachcha chilimni tortib, tutun orasidan Qambarga jiddiy tus bilan so‘zladi:
– Toyni minib shaharga tush, ikki shisha konyak ol. Tez. Uhu, o‘hu… yo‘tal qursin! Asqar polvonlar kelishadi, tushundingmi?
– Ehhe, ish katta-ku. Omad tilayman, yo‘taldan cho‘zasiz-da. Lekin, toy yo‘q, Mirishoq aka. «Kichkina chavandoz» uloqqa minib ketgan edi.
– Yo‘rg‘ani min!
Shu vaqtda, egar-jabdug‘i yap-yangi bo‘lgan, manglayiga tumorcha va munchoqlar osilgan semiz, chiroyli qora toychani yetaklab «kichkina chavandoz» kirib keldi. Bu, Tantiboyvachchaning o‘g‘li Obidjon edi. U o‘n uch-o‘n to‘rt yoshli, oriq, chayir bola, o‘zini kattalarday tutishga tirishsa ham, butun harakatlaridan «erka qo‘zi» ekani ko‘rinib turar edi. U toyni Qambarga topshirib, kiyimlaridan changni qoqa boshladi.
– O‘g‘lim, – deb qichqirdi kulib dadasi, – kimniki oldi?
– Tohir gubchakning jiyroni. Ot bolasi unga to‘g‘ri kelmas ekan.
– Iya, Obidjon, – tirjayib gapirdi Qambar, – men o‘ylovdimki, uloqni taqimga bosib kelasiz, bu yerda qozon osamiz deb, quruq tomosha deng.
– Shoshma hali, Qambar, qozoningni moy qilarman bir kun…– kibrlanib dedi Obidjon.
– Hazratalining duldulini hech bir ot quvib yetgan emas, kitoblarda shunday yozilgan. Toy o‘ssin, naq duldulday bo‘ladi. Ammo, uloq olish uchun chavandoz bo‘lish kerak, kuch kerak, ukam Obidjon! – deb Qambar toychaning qorinbog‘ini bo‘shatib, qoziqqa bog‘ladi. Keyin xo‘jayindan pul olib, boshqa otda shaharga jo‘nadi.
Tantiboyvachchaning mehmonlari shomdan so‘ng kelishdi. Ular bedapoyaga qaratib solingan ayvonga o‘tqazildi, to Qambar kelguncha, xizmatni Yo‘lchi bajarib turdi. Hammadan Tantiboyvachchaning chilimi zeriktirdi. Minut sayin ayvondan baqiradi: «Chilim». Chilim uning yonida. Lekin sarxonani yangilab, o‘t qo‘yib tutish kerak… Boyvachcha chilimni bir marta yengil tortish bilan kifoyalanadi, lekin bir zum o‘tmasdan, yana talab qiladi. Qambar kelib, o‘zining malaka orttirgan xizmatini bajara boshlagach, Yo‘lchi qorong‘i supadagi taqir namat ustiga cho‘zildi. Qambar bir lagan sovib qolgan palov keltirdi, o‘zi ham o‘tirdi.
– O‘yin boshlanganga o‘xshaydi… o‘yinni juda qiziqib o‘ynaydi, xo‘jayin. Qarang, chilim yodidan ko‘tarildi.
– Qanaqa o‘yin? – dedi Yo‘lchi.
– Qimor…– sekin javob berdi Qambar.
– A, mehmonlari qimorbozga sira o‘xshamaydi-ku. Domla imomlarday salla-kallali odamlar.
– Qimorboz deb kimni aytasiz? – og‘zidagi oshi bilan g‘uldiradi Qambar.– Ko‘kragi ochiq, qo‘shbelbog‘, yakka kift chapanilarnimi?.. Yo‘q, qimorbozlarning uchchiga chiqqani bular. Sersoqol, katta sallali – eshonning o‘g‘li. Bularning bog‘ida har juma zikr bo‘ladi. Dadasi bo‘lmaganda zikrga o‘zi boshliq bo‘ladi. Muridlari juda ko‘p. Katta eshon.
– Tavba! Eshon «gardkam» deb oshiq otadimi, a?
– Bular qartada o‘ynaydi. Baribir qimor-da, qaytaga, bu yana yomonroq… Ha, ichishini so‘rang. Nomi ichkilik bo‘lsa – bas. Cho‘lda bir hafta suvsiz qolgan tuyaday shimiradi. Bo‘zami, aroqmi, musallasmi, konyakmi, – qo‘ymaydi eshon.
– G‘irt palid odam deng, – dedi-da, eshonni o‘xshatib so‘kib qo‘ydi Yo‘lchi.
– Chilim, cho‘loq!
Qo‘liga olgan oshini laganga to‘kib, yugurdi Qambar. U chindan oyog‘i sog‘ kabi, tez yugurar edi. Yo‘lchi ichida o‘yladi: «Cho‘loq odam uchun xizmatkorlik qiyin, boyoqish Qambar bu kamchilikni bildirmaslik uchun yugura-yugura yugurik bo‘lib qolganda».
Tantiboyvachcha har safar «cho‘loq» deb qichqirar ekan, Yo‘lchiga qattiq ta’sir qilar edi: «hazil emas, mensimaslik bu» der edi ichida.
– Menga qarab o‘tiribsizmi? Olavering, – qaytib kelib dedi Qambar.– Xo‘jayinning karmoni o‘pirilganga o‘xshaydi, tolei yo‘q-da. Shu bu yil yutqizishdan boshi chiqmay qoldi. Nuqul «boy beradi». Davlat zo‘r, unchalik bilinmaydi, ammo, pirovardi yomon bo‘ladi. Ana shunda ko‘zi moshdek ochiladi. Bu xarajat, bu isrofgarchilikka tog‘ ham chidamaydi, do‘stim Yo‘lchi.
– Boyvachcha nima ish qiladi? – dedi Yo‘lchi.
– Ish? —«piq» etib kuldi Qambar.– Oshdan oling, keyin eshitasiz.
Lagan bo‘shagach, Yo‘lchi qo‘lini tortdi. Qambar laganga barmoqlarini ishqab, yaladi. So‘ng laganni chetga surib, Yo‘lchiga juda yaqin o‘tirdi, ovozini pasaytirib, so‘zlay boshladi:
– Hemirilik ishi yo‘q… Otasi o‘lganiga o‘n besh yil bo‘lib qoldi, shundan buyon har qanaqa ishni yig‘ishtirgan. Men hammasidan xabardorman. Bu odamnikida to‘rt yildan buyon ishlayman… Lekin shaharda bir mahallada bo‘lganimiz uchun, ahvolini obdan yaxshi bilaman. Xo‘jayinning dadasi katta boy edi, mol-mulkni behad yiqqan edi. Bir qancha do‘kon, yana yer-suv, yangi shaharda bir necha qo‘ralar… Chol o‘ldi, o‘g‘il yeb yotibdi: gap-gashtak, bazm, uloq, mehmon-izlom inchunin. Mulla, eshon, boy, qimorboz yog‘ilaveradi. Har kun norin, manti, shilpildoq, palov. Mana yaqinda shaharga ko‘chamiz. Haligi bir qarich bolani uylantirmoqchi. Qizni beshikda unashtirib qo‘ygan ekanlar. Shu bola xotinning ma’nisini biladimi?! O‘g‘li ham o‘ziga o‘xshaydi. Na o‘qishni biladi, na to‘qishni… Xadradagi o‘ris maktabga bir qancha oy qatnab, tashlab qochdi. Bolaning es-hushi uloqda, otda, yosh-yosh boyvachcha jo‘ralar bilan ulfatchilik qilishda. Ota-bola birlashib davlatni kemiradi. Hozir, eshitishimcha, uchdan biri qolgan emish. Bu ham sotilib-sovrilib shamolga uchadi.
Uzoqdan Tantiboyvachcha bo‘g‘ilib baqirdi: «Chilim!» Qambar so‘zini kesib, xo‘jayinga yugurdi. Bir zumda qaytib, yana shivirladi:
– O‘rtada pul xirmonday uyulgan. Oqpodshoning surati tushgan nuqul shaldirama qog‘ozlar-a… Qarasam, ko‘zimdan olov chiqib ketadi. Bir-ikki donasi menda bo‘lsa edi, qayerga borsam: «Keling-keling, mulla Qambar!» U yo‘q: «Cho‘loq Qambar, mo‘loq Qambar!»
– Xo‘jayin tanti deb tanilgan ekan, tantiligini sizga ko‘rsatdimi, Qambar aka? – dedi Yo‘lchi.
– Tanti, lekin bizga emas, – shivirladi Qambar, – o‘zining oshna-og‘aynilariga ham o‘ziga tantilik qiladi. Ziyofatlarini yegan odamlar unga Tanti ot qo‘yishgan. Menga ovqat beradi, kiyim juda to‘zisa, kiyim qilib beradi. Lekin, pulchadan yo‘qroq… Qo‘ldan berganga qorin to‘ymas, degan gapni bilasiz-ku! Ba’zi vaqtda uncha-muncha pul ham so‘rab olaman. Lekin, chirt-pirt bo‘lib qo‘ldan uchadi-ketadi. Oh, pul! Ikki tanobgina yer olsam, oz bo‘lsin, soz bo‘lsin deganday, qantday ish qilar edim. Ko‘rdingiz-ku, qancha yerga ekin ekkanman. Yolg‘iz o‘zim!.. Har yil xo‘jayinga arava-arava hosilot beraman.
– Birov ishlaydi, birov rohatini ko‘radi, yering bo‘lsa mehnati ham, rohati ham o‘zingniki bo‘ladi. Pul yig‘ib yer oling, Qambar aka! – dedi Yo‘lchi.
– Xizmatkor yolg‘iz o‘zini boqadi, bir tiyin ham tugishi qiyin. Xo‘jayinlarning ostonasi shunday la’nati bo‘lar ekan, hatlayman desang, oyog‘ingdan chalar ekan…
Shu topda xo‘jayinning mast va asabiy tovushi yangradi:
– Cho‘loq, «doruv» dan olib kel!
– Musallasga gal keldimi?– dedi Yo‘lchi.
– Eshonning boshini xumga tiqaman! – deb kuldi Qambar va qorong‘ida yo‘qoldi.
Yo‘lchi quruq namatga yotib, ustiga ko‘rpacha yopdi. Ko‘rpachadan zax hidi bilan ot shiptirining qo‘lansasi dimoqqa urdi. Buning ustiga mast qimorbozlarning baqirishi, yakkam-dukkam «xirgoyilari» qo‘shilib, Yo‘lchining uyqusini o‘chirdi. Ochiq qolgan oyoqlarini nima bilan va qanday yopishni bilmay, urinib yotarkan, boshida Qambar egilib shivirladi:
– Uxladingizmi?
– Yo‘q.
– Ichasizmi? Ozgina quyib beray. Juda xushta’m musallas.
– Sira tatib ko‘rgan emasman. Kerak emas. – Xa, xa, xa!
Qambar birdan qattiq kulib, Yo‘lchining yoniga yonboshladi. Og‘zidan musallas hidi gurkirar edi.
– Oz-moz ichib turilsa, zarari yo‘q, – gapga tushdi Qambar, – ba’zi vaqt, Yo‘lchiboy, yuragim tars yorilguday bo‘ladi, dunyo ko‘zimga qorong‘i ko‘rinadi. Ana shunaqa vaqtlarda xo‘jayindan bekitib bir-ikki piyola ichib olaman. Ba’zi vaqt o‘zi ham beradi. Asli, meni xo‘jayin o‘rgatdi. Ilgari bir qatra og‘zimga olmas edim. Goh-goh dunyoni o‘ylab, xo‘jayinga tan beraman: umr qisqa, besh kunlik dunyoda eavq surish g‘animat. Mana uning isqirt dadasi yemadi-ichmadi, ammo molini mozorga orqalab ketmadi.
– Ziqna odammidi u? – boshini ko‘tarmay so‘radi Yo‘lchi.
– Ziqnaning pir urgani edi. Xasisligini, isqirtligini hamma biladi: Kimsan terifurush falonchi boy! Lekin ko‘rgan odam yamoqchimi, bo‘zchimi deb o‘ylar edi. Qish-yoz oyog‘ida og‘ir sag‘ri kavush. Mahsi ham ming yamoq. Boshida kir, to‘zg‘igan salla, choponi ham qo‘sqi. Keyin, har vaqt yerga qarab yurar edi. Ko‘chada yotgan eski taqa, zanglagan mix, tugmacha, shunga o‘xshash balo-battarga ko‘zi tushsa, darrov olar edi. Korimga yaraydi bir kun, der ekan. Bir vaqt, yosh pallamda, ikki dona arava mixni qo‘limdan aldab olgan edi.
– Rostmi? Picha lofi bo‘lsa kerak, – dedi Yo‘lchi.
– E… so‘zlaganlarim daryodan bir tomchi, – davom etdi Qambar, – shoshmang, mana bunga quloq soling: kuz kelsa mahalladan bir to‘da bolalarni mana shu dalaga olib kelar, xazon supurtirar edi. Bir yil bolalar bilan men ham keldim. Juda ko‘p xazon supurib, qanorlarga miqtilab joyladik. Kechki paytda qattiq shamol turdi. Daraxtlarda to‘kilmay qolgan barglarni shirt-shirt yulib, har yoqqa uchiraverdi. Shamol zo‘rayib, daraxtlarni silkitgan sari, barglarini osmonga pirillatib uchirgan sari, biz sevinamiz. Boy bizlarni so‘kadi, oyog‘i kuygan tovuqday notinchlanadi. «Ota, nimaga xafasiz?» dedik. U nima dedi: «Xudoning bemaza ishlari ko‘p bo‘ladi. Qaranglar, daraxtlarimda bitta yaproq qo‘ymasdan, barini ko‘kka uchirdi».
– Obbo, la’nati kalxamak!
– Shoshmang, yana bir narsani aytib beray, buni cho‘pchak deysiz, lekin o‘ngkay chin so‘z. Boy yaxshi ovqatlarni – palov, norin, qazi-qartani yemas ekan. Palov me’damga mixdek qadaladi, qazi-qarta mijozimga to‘g‘ri kelmaydi, der ekan. Albatta, hammasi bahona. Har kun yovg‘on xo‘rdi, so‘k oshi qildirar ekan. O‘g‘li – xo‘jayinim – uylangandan keyin, ro‘zg‘orni yaxshilab, ovqatlarni mo‘l-jo‘l qila boshladi. Lekin juda yashirin. Otasining pulidan o‘g‘irlab, xarajat qilaveribdi-da. O‘zlari shiringina taom pishirib yeb, kechqurun boyga g‘ozi yo‘q, suyuq osh tayyorlab qo‘yishar ekanlar. Bir kun shahardan boy ertaroq qaytadi. Yo‘lda uchragan bir yaqin qarindoshini ham uyga boshlab keladi. Suyuq oshini kutib hovlida gaplashib o‘tirishadi. Lekii shu vaqtda bir chekkaga uyulib qo‘yilgan bir necha bog‘ pichan orasidan buriqsib tutun chiqa boshlaganini sal ko‘rib qoladi-ku. Bu nima, deydi-da, darrov pichanga yuguradi. Orasini yorib qarasa: damlog‘lik qozon chiqadi, tuvoqni ko‘taradi. Palovning bug‘i, shirin hidi guppa uradi. Mana shunda hamma sir unga ayon bo‘ladi. Tushundingizmi? Xotinlar palovni damlagan vaqtda, boy kelib qoladi. Ular qo‘rqqanlaridan o‘choq, qozon ustiga pichan tashlaydilar. Boy o‘z joyiga borib o‘tiradi. Bezgakday shaq-shaq titraydi, qarindoshi uni yupatishga kirishadi: «Xafa bo‘lmang, xudoga shukur, siz davlatmand odamsiz. Yesa, o‘z farzandingiz yeydi. Ko‘pdan buyon bu hovlida ikki qozon osiladi, biri sizga, biri o‘zlariga. Kechiring ularni», falon-piston deydi. Bu gapni eshitgandan keyin keksa boy boshini quyi solib birdan ho‘ngrab yig‘lab yuboradi. Obdan yig‘lab shunday deydi u:
«Yeshim yetmishda. Ellik yil mol, pul qayg‘usida yurdim. Yaxshi yemadim, yaxshi ichmadim, yaxshi kiymadim. Mana umrim o‘tdi, nuqul azob ichida o‘tdi. Bular rohatda, men hasratda yashabman. O‘z ahmoqligimga yig‘layman, qarindosh!» Mana otasi qanaqa, bolasi qanaqa!..
– Axir, pushaymon qilipti-da, go‘rso‘xta, – dedi Yo‘lchi hayratda, yoqasini ushlab.
– Pushaymon qildi, lekin behuda. Bir oyog‘i go‘rda edi-da. Shundan keyin bir yil o‘tar-o‘tmas o‘lgan. Qani, siz ayting – otasining yo‘li qalay, bolasining yo‘li qalay?
– Ikkisi ham ahmoq. Ikkisining yo‘li ham, menimcha, gumrohlikdan boshqa narsa emas. Biri yig‘ib o‘lgan, biri yeb o‘ladi, – dedi Yo‘lchi sekingina.
Qambarni xo‘jayin chaqirdi. Yo‘lchi uxlash uchun ko‘zlarini yumdi, lekin uyqusi o‘chib, xayollarga cho‘lg‘ondi. Ko‘zi yumilarkan Qambar hozirgina tasvir etgan xasis boyni tushida juda mudhish tasavvur etdi. Uning ko‘z oldida xasis boy dahshatli qiyofalarda jonlandi. Goh uning skeleti go‘ristondagi och itlar bilan qorong‘ida suyak talashadi, goh pichan orasidan topgan qozondan palovni ag‘daradi, mozor ichida bir qarich tilini osiltirib, quruq qozonni yalaydi. Goh kuchli bo‘ron orasida chirpinib faryod ko‘taradi, faqat og‘zidan xazon to‘foni uchadi…
V
Yo‘lchining hasharga kelgani Nurining qulog‘iga yetgach, unda sabr qolmadi, fursatni g‘animat bilgani uchun, uzoq o‘ylamadi. Opasini sog‘ingani va qovun polizni sayr qilishni bahona qildi-da, akasining o‘g‘li Rafiqjon bilan birga yo‘lga tushdi.
Mana hozir uch kundan beri bu yerda, opasining bog‘ida yashaydi. Uning maqsadi Yo‘lchi bilan uchrashuv, albatta. U boshiga yengil bir nimani ilib, har kun bir necha marta bog‘ni va polizlarni aylanadi, kezadi. Lekin Yo‘lchiga yaqin kela olmaydi. Yo‘lchi ertadan kechgacha, dam u ekinda, dam bu ekinda. Qambar bilan birga ishlaydi. Shuning uchun dadillik qilib qaltisroq qadam bosishga qo‘rqadi, ham bu yer uncha qulay emas. Chunki devorsiz, keng, ochiq dala. Baxtiga qarshi, Tantiboyvachcha ham odatdagicha biron yerga yo‘qolib ketmaydi. Har kun mehmon, har kun tashqarida ichkilik, shovqin-suron bilan vaqt kechiradi…
To‘rtinchi kun kechasi, xuftondan keyin Tantiboyvachcha o‘g‘liga buyurdi:
– Anov kim, ha, Yo‘lchiga chiqib ayt. Ayvonda yotsin. Ko‘rpa-yostiq, gilam hammasi u yerda qolgan. Qambar bu kecha kelmaydi.
Bu so‘zni eshitish bilan Nurining so‘ngan umidi alangalandi, ko‘kragi yoniq orzular bilan to‘ldi. Sevinch va hayajonini bildirmaslik uchun opasining yumushlariga qarasha boshladi. Keyin bolalarga tezgina o‘rin soldi. Ularni dam qarg‘ab, dam ularga yalinib, nihoyat barchasini yotqizdi. O‘zi uchun kampir quda xolaning yoniga emas, bolalarning orasiga o‘rin soldi.
Keng ko‘ylak ichida tog‘araday qornini osiltirib, pishillagan homilador opasi Umriniso hovlida mayda-chuyda ishlarni saranjomlab bo‘lgach, chirog‘ni o‘chirdi, erining yoniga kirib ketdi. Lekin bolalar qorong‘ida ko‘rpa-yostiqni tortishib, bir-birlarining ustlaridan dumalashib ancha vaqtgacha sho‘xlikni davom ettirishdi. So‘ng, kampir buvining dag‘dag‘asi bilan tinishdi.
– Buvi, cho‘pchak aytib bering! – dedi bir nabira.– Jon buvi, ayyor kalni ayting.
– Jim yot, kechasi ham tinchlik bermaysanlar, og‘iz ochishga darmonim yo‘q.– Kampir ko‘rpasiga burkanib oldi.
Bolalar Nuridan so‘rashdi. Nuri ertak emas, bir necha topishmoq aytishga majbur bo‘ldi. Lekin og‘zidan chiqmasdan bolalar topaverdi. Topilishi qiyin topishmoqlarni ko‘p bilgan Nuri, hozir o‘ylay-o‘ylay, birini ham esga keltira olmadi. G‘o‘yo, hammasi boshidan izsiz ko‘chgan… Obidjon juda qo‘pol va beadab bir topishmoqni qichqirib aytgan edi, kampir uni qattiq qarg‘adi, «bolalarga qo‘shilib hingillashgan» Nuriga ham piching qildi. Hamma jim bo‘ldi. Ertadan kechgacha yaylov dalada tinmay o‘ynab, charchagan sho‘x bolalarni bir lahzada va birdan uyqu oldi…
Qizda uyqu yo‘q. Uning badani qizigan, tomog‘i qaqragan, yuragi shiddatli uradi. «Chiqsinmi, chiqmasinmi?» Bu savolni u o‘z-o‘ziga beradi, goh sevinib, shirin xayollarga botib, sabrsizlanadi. Goh butun vujudini qo‘rquv bosadi.
U butun diqqatini to‘plab quloq solsa-da, kampirning uyqudami, uyg‘oqmi ekanini payqolmadi. Nuri kampirdan qo‘rqar edi. Chunki og‘zida bitta tishi yo‘q, beli bukchaygan kampir hali ziyrak edi, quv edi. Har kimning yurish-turishidan ma’no qidirishni yaxshi ko‘rar edi. Nurining harakatida agar qitday shubha sezsa, qolganini kampir o‘zi to‘qib-jo‘yib ola bilishiga qiz ishonar edi…
Mana hovli orqasidagi chakalakdan sekin-sekin oy ko‘tarila boshladi. Kechaning qorong‘isida erib yo‘qolgan daraxtlarni nurlantirib, ularga ko‘rkam, xayoliy manzaralar shaklini berdi. Oy yorug‘ida kecha jimjitligi yana chuqurlashgan kabi tuyuldi…
Kampir kuchsiz xurrak torta boshladi. Nuri ancha vaqtgacha taraddudlanib, atrofga qarab yotdi. So‘ng, titrab o‘rnidan turdi. Kuz kechasining salqini uning qizg‘in badanini seskantirdi. Darrov qoziqdan nimchasini olib kiydi. Yo‘lchi uchun keltirgan tugunchak yodiga tushdi. Uni paranjiga o‘rab, taxmonning burchagiga yashirib qo‘ygan edi. Tugunchakni olish uchun oyoq uchida borar ekan, choynakni turtib, ag‘dardi. Qiz dir titrab, bir lahza qotib qoldi. Lekin choynakning shaqillashi hech kimning uyqusini buzmadi…
Qiz tugunni qo‘ltiqlab hovliga tushdi. Kavushini kiymadi. Yalang oyoq, «ship-ship» yurib ketdi. Hovlining o‘rtasiga borganda to‘xtadi, atrofga qo‘rquvli nazar tashlab, quloq solib, yana eshik tomonga yumshoq yo‘rg‘aladi. Devor tagida katta sigir boshvog‘ini yerga yoyib, bemalol kavsh qaytarib yotardi. Uning qo‘ng‘ir tuklari oydinda oltinlanib yaltirardi. Nuri yaqinlasharkan, sigir beparvo nazar bilan boqib, pishillab, og‘ir nafas oldi.
Nuri eshik zanjiriga qo‘l uzatdi, lekin birdan cho‘chib ketdi: «Zanjir jaranglaydi, eshik g‘ijirlaydi. Kampir uyg‘onib qolsa, nima bahona topaman? Bunga bahona topib bo‘ladimi? Bu eshik g‘ijirlarmikan, yo yo‘q?» Shuncha vaqtdan buyon bu narsaga diqqat qilmaganiga o‘kindi. Tavakkal qilib zanjirni ohistagina tushirdi. Eshikni juda ehtiyot bilan yarim ochib, o‘zini tashqariga oldi. Supaga qadar bo‘lgan sahn tutash tiniq oydin, hatto tuproq ham yiltiraydi. Boshqa yerlar ola-chalpoq nim oydinlik. Nuriga endi kecha va jimjitlik, nechundir qo‘rqinchliroq tuyuldi. Katta-kichik daraxtlarning yerga tashlagan ko‘lkalari, gerdayib ko‘kka uzaygan haybatli qayrag‘ochlar sirli, vahimali ko‘rindi. Qiz ularga qarashga botinmadi, go‘yo har tomonda “ajina”larning ko‘lkalari sakrashganday… U qattiq yugurib ayvonga bordi. Ertaklarda uchraydigan botir kabi g‘urur, salobat bilan uxlab yotgan Yo‘lchning bosh ustida cho‘kkaladi. Kechaning bir zum avval sirli va mudhish ko‘ringan manzarasi endi yo‘qoldii. Atrofda hammaa narsa to‘zal va yoqimli bir shakl oldi. Yigit ko‘kka qarab, tinch uxlar edi. Ayvon yoqasidagi ikki tun jaftoli orasidan tushgan oy nuri yigit yuzida ko‘lka aralash jim-jim titraydi. Nuri uning ko‘ksiga qo‘lini qo‘ydi, bir qo‘li bilan peshonasini sekin siladi. Yo‘lchi seskanib ko‘zlarini ochdi, boshini keskin ko‘tardi.
– Kim bu?
– Men, men… Nuri, Yo‘lchi aka. Jim, sekin…– Nuri o‘z yuzini yigitning yuziga taqadi.
– Siz, shu yerdamisiz? —shivirlab, hayajon bilan dedi Yo‘lchi, – nimaga bemahal bu yerga chiqdingiz? Bilib qolsalar nima bo‘ladi? Barchaga sharmanda bo‘lamiz. Men bir xizmatkorlaring bo‘lsam… Siz juda yengil o‘ylaysiz.
– Nima qilibdi, xizmatkor odam emasmi? Siz qarindoshimiz. Siz qanday yaxshisiz, – sovuqdanmi, yo hayojondanmi, Nuri titrab gapirdi.– Sizni deb bu yerga keldim, Yo‘lchi aka. Bu yerda ekanligizni eshitib, ko‘zimga xech nima ko‘rinmadi, uchib bora qolsam, dedim. Bu yerda uch-to‘rt kundan buyon kunduzi ham, kechasi ham es-hushim sizda. Tavakkal qilib chiqdim.
Kuz kechasining salqin shamolida jimgina silkingan daraxtlarning barglari orasidai tushgan oy nuri kizning sochlarida, yuzida jim-jim o‘ynar, qizlik latofatiga sirli va sehrli bir nima bag‘ishlar edi. Yo‘lchi atrofga ko‘z tashlar, shamolda shildiragan har bargdan cho‘chir edi. U qiz bilan ikki og‘iz jiddiy so‘zlashib, kelajakka qanday qarashni bilmoqni istasa-da, lekin Nurining ko‘zlaridan, harakatlaridan uning bu yerga so‘z sotish uchun chiqmaganini sezdi. Qiyinlik bilan erishilgan bu nodir fursatda yoniq orzularini, sho‘x ehtiroslarini alangalanganiga qizda kuchli intiluv borligini ravshan ko‘rdi. Yo‘lchi qizga tomon yaqin egildi va ko‘zlariga tikildi va titroq lablari bilan bazo‘r dedi:
– Shundaymi-a? Men uchun keldingizmi?
– Yolg‘iz sizni deb…
Yo‘lchi qizning qo‘llarini mahkam siqdi. Nuri o‘z boshini uning yelkasiga sekingina tashladi… Yigitning qo‘llari qizinig bellariga chirmashdi, ko‘kraklari bir-biriga qapishdi.
Oy. Nozik jimjitlik. Salqin shamollargina qizning sochlari bilan o‘ynashadi…
Nuri ketish oldida, tugunchakni Yo‘lchiga berdi.
– Nima bu!?
– Arzimaydi. Sizga bir ko‘ylak olib kelgandim. Pul kerakmi sizga? Yo‘lchi aka, aytavering, uyalmang— Yo‘lchining qo‘lini maxkam ushlab, dedi Nuri.
Yo‘lchi og‘ir bir xo‘rsinib tugunchakni qizmnng oyog‘iga tashladi.
– Olib keting. Menga hech nima kerak emas. Na kiyim na pul. O‘z kuchim bilan topaman. Oling xozir, opa
– Men ataylab siz uchun olib keldim. Bir qo‘shni xotinga yashirin tikdirdim. Hozir biron joyga berkiting. Katta yerga borganda, kiyarsiz.
– Oling, xafa bo‘laman.
– Roziligimga qarang, Yo‘lchi aka!..
Nuri yana avvalgiday qo‘rquv ostida ehtiyot bilan qo‘rg‘on hovliga kirdi. Ayvonchaga oyoq uchida yurib bordi. Kampir uyquda ekaniga ishongach, yuragi birdan tinchlandi. Endi u, mabodo kampir uyg‘onsa, zaruriyat uchun turgan ekan, deb o‘ylasin, degan niyatda, jo‘rttaga dadil yurdi, yo‘taldi, ayvon oldiga yetgach kavushlarga qoqilgan bo‘ldi.