Читать книгу Tom Soyerning boshidan kechirganlari - Марк Твен, ReadOn Classics, Charles Dudley Warner - Страница 1

Birinchi bob
TOM O‘YNAYDI, URUSH-TO‘POLON QILADI, YASHIRINADI

Оглавление

– Tom!

Hech kim javob bermadi.

– Tom!

Hech kim javob bermadi.

– Qayoqqa gumdon bo‘ldi ekan bu tirmizak?.. Tom!

Kampir ko‘zoynagini burniga tushirib, uning ustidan butun uyni ko‘zdan kechirib chiqdi; so‘ngra ko‘zoynagini peshonasiga ko‘tarib qo‘ydi-da, uning tagidan qaray boshladi. U, bolaga o‘xshagan kichik bir narsani qidirishga to‘g‘ri kelganda, hech vaqt ko‘zoynagi bilan qaramas edi, chunki bu, qalbidan sevgan birdan bir takallufli ko‘zoynagi bo‘lib, u chinakam zaruratdan emas, balki «olifta» ko‘rinish uchungina taqilar edi. Kampir pechkaning mo‘risidan ham xuddi shu taxlitda mo‘ralay olar edi. Dastlabki daqiqada u go‘yo hovliqib qolganday bo‘ldi va unchalik jahl bilan aytmasa ham qattiq ovoz bilan:

– Shoshma, qo‘limga tushib qolarsan, men seni…– deb qo‘ydi.

U so‘zini aytib tugatmadi, chunki xuddi shu vaqtda engashib olib pol yuvadigan cho‘tka bilan karavot tagini zo‘r berib axtara boshlagani uchun nafasi tiqilib qolgan edi. U karavot tagidan mushuk bolasidan boshqa hech narsa topa olmadi.

– Qanday yaramas bola ekan-a! Bunday bolani umrimda ko‘rgan emas edim.

U lang ochiq turgan eshik yoniga keldi va ostonada to‘xtab, bog‘dagi bangidevona o‘tlar hamda pomidor ko‘chatlari orasidan Tomni sinchiklab qidira boshladi. Tom u yerda yo‘q edi. Keyin yana bir marta qattiqroq tovush bilan:

– To-o-m! – deb qichqirdi.

Orqa tomonda bir narsa shitirladi. U qayrilib qararkan, endigina qochmoqchi bo‘lib turgan bolaning yengidan mahkam ushlab oldi.

– Ana, aytmadimmi! Men bir karra shu omborni qarashim kerak edi-ya! Hoy, sen bu yerda nima qilib yurib eding?

– Hech narsa.

– Hech narsa deysanmi? Qo‘llaringni qara, og‘zingni qara nimaga bo‘yab olgansan?

– Bilmayman, xola!

– Sen bilmasang, men bilaman! Murabbo yegansan, bildingmi! Men senga bu murabboga tegma, agar tekkuday bo‘lsang, xipchin bilan savalayman, deb qirq marta aytgan edim. Qani, xipchinni menga ber-chi!

Xipchinning shipillagan ovozi havoni yorib o‘tdi. Kaltak yeyish xavfi aniq edi.

– Voy, xola, ana uyoqqa qarang, orqangizda turgan narsa nima?

Kampir qo‘rqqansimon orqasiga endigina qayrilib qaragan va xavfli balodan qutulish uchun, etagini yig‘ishtira boshlagan ham ediki, bola lip etib qochdi-da, baland taxta devor ustidan oshib, yugurganicha ketdi.

Polli xola biroz hayron bo‘lib turdi-da, keyin sekingina kulib qo‘ydi.

– Obbo, tirmizagey! Nahotki, men uning bunaqangi ishlarini shu choqqacha fahmlamasam-a? U meni ozmuncha ahmoq qildimi? Ammo, ko‘rinib turibdiki, qari odam barcha ahmoqlardan ham ahmoqroq bo‘lar ekan. Qari itni yangi qiliqlarga o‘rgatib bo‘lmaydi, degan so‘z bejiz emas ekan. Biroq Tomning qiliqlari ham har xil: hech qaysisi bir-biriga o‘xshamaydi, shunday bo‘lgandan keyin, uning nima qilmoqchi bo‘lib yurganini bilib bo‘ladimi? U jahlim chiqqan choqda dumini xoda qiladi, yoki qanday qilib bo‘lsa ham meni kuldiradi va shundan keyin butun g‘azabim tarqaladi-yu, unga tirnog‘imni ham tegiza olmayman. Men zimmamdagi vazifani bajara olmayotirman, xudo gunohimni kechirar. Bolani kaltaklamagan odam uni halok qilishligi muqaddas kitobda aytilgan1.


Men uni sho‘x o‘stirganim uchun gunohkorman axir; buning uchun biz har ikkimiz ham jazolanajakmiz. Uning miyasi har xil yomon o‘ylar bilan band ekanligini bilganim bilan nima qila olar edim? Axir, u rahmatli singlimning o‘g‘li-da, shuning uchun uni kaltaklashga qo‘lim bormaydi! Har doim men uning ta’zirini bermay, qochirib yuborganimda, vijdonan azoblanamanki, uni aytib ham berolmayman, agar uni jazolasam, achinganimdan ko‘nglim pora-pora bo‘ladi. Muqaddas kitobda to‘g‘ri aytilgan, odamzodning umri kalta va g‘am-g‘ussa bilan to‘la. Xo‘p, mayli! U bugun saboqdan qochib, maktabga bormadi: tushki ovqat vaqtidan kechgacha tentirab yuradi, ertaga esa unga jazo berishga – uni qiyin bir ishga o‘tqazib qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Yakshanba kunlari, bolalarning hammasi bayram qilib o‘ynab yurgan vaqtlarida, uni ishlashga majbur qilish – rahmsizlik bo‘lar, lekin boshqacha iloj yo‘q: uning yomon ko‘rgan narsasi – ish. Axir, men qachon bo‘lsa ham unga nisbatan o‘z vazifamni ado qilishim zarur-ku, aks holda bu tirmizak butunlay buzilib ketadi.

Tom chindan ham kun bo‘yi shataloq otib o‘ynab yurdi va vaqtini juda xushchaqchaqlik bilan o‘tkazdi. U, xizmatkor negr bolasi Jimga ertangi kun uchun o‘tin arralab, tutantiriqlar tayyorlab qo‘yish ishiga yordamlashishi yoki (aniqroq qilib aytganda) Jimga o‘zining boshidan kechirganlarini so‘zlab berishi kerakligi uchungina uyga qaytib kelgan edi. Tomning ukasi Sid (o‘gay ukasi), u kelgan vaqtda o‘z ishlarini bitirib qo‘ygan edi (unga tarasha va payrahalar to‘plab qo‘yish buyurilgan edi), chunki u itoatli, kattalar oldida hech vaqt sho‘xlik qilmaydigan bir bola edi.

Tom o‘zining kechki ovqatini yer va bir bo‘lak qand o‘g‘irlab olish uchun payt poylab o‘tirar ekan, Polli xola, Tom o‘z og‘zidan ilinib, qilgan ishlarini aytib berarmikan, degan umidda unga dudmol savollar berar edi. Ko‘p soddadil kishilarga o‘xshab, u ham hech mag‘rurlanmasdan, o‘zini juda hiylakor bir ayol hisoblardi va o‘zining eng sodda maqsadlarini ham o‘taketgan hiylakorlik, deb sanar edi.

– Tom deyman, – dedi u, – bugun maktab juda isib ketgan bo‘lsa kerak, shunday emasmi?

– Ha, xola, ancha issiq bo‘ldi.

– Rostanam isib ketdimi?

– Ha, xola juda isib ketdi.

– Daryoda cho‘milging kelgandir-a, Tom?

Tomning ko‘nglida shubha paydo bo‘ldi. U diqqat bilan Polli xolaning yuziga tikildi, lekin uning yuzlaridan hech narsa anglayolmadi. Tom esa javob berdi:

– Yo‘q, xola, cho‘milgim kelmadi.

Kampir qo‘lini cho‘zib, Tomning ko‘ylagini ushlab ko‘rdi.

– Har holda, – dedi kampir, – unchalik terlamabsan.

Kampir o‘z nazarida Tomning ko‘ylagi quruqligini qanday ustalik bilan bila olganiga va o‘z miyasida nimalar borligi to‘g‘risida hech kim hech narsani xayoliga ham keltirmaganligiga mag‘rurlanar edi. Biroq Tom shamolning qaysi tomonga qarab esayotganini payqagan edi. U bundan keyingi so‘roqlarning oldini olib:

– Maktabimizdagi bolalarning hammasi salqinlanish uchun boshlarini suvga tiqib oldilar. Ko‘rdingizmi, shuning uchun ham sochlarim haligacha ho‘l, – dedi.

Polli xola ranjigan edi: qanday qilib u, shundoqqina aybini fosh qilib turgan dalilni qo‘ldan berib qo‘ydi? Biroq shu zamon uning miyasiga yangi bir fikr keldi.

– Tom, boshingni ho‘llash uchun, yoqangdagi men tikib qo‘ygan yerni so‘kishga to‘g‘ri kelmadimi, axir? Qani, yoqangni ko‘rsat-chi?

Tomning yuzidagi qo‘rquv yo‘qoldi. U, nimchasining tugmalarini yechdi. Ko‘ylagining yoqasi mahkam tikilganicha turar edi.

– Ha, yaxshi, barakalla! Men seni maktabga bormay, cho‘milib yurgandirsan, deb o‘ylagan edim. Sen mug‘ombir bo‘lsang ham, ba’zan o‘ylagandan ham yaxshi bola bo‘lib ketasanki, asti qo‘yaber.

Polli xola o‘zining hiylalari chippakka chiqqanligidan juda xafa bo‘lsa hamki, ayni zamonda Tomning shu kundan boshlab gapga kiradigan bo‘lib qolganligi uchun juda xursand edi.

Shu orada Sid oraga suqildi.

– Agar men yanglishmasam, – dedi u, – siz uning yoqasini oq ip bilan tikkan edingiz, hozir esa unda qora ip ko‘rinadi.

– Ha, aytgandek, men oq ip bilan tikkan edim-a, Tom!

Biroq Tom, bu so‘zni oxirigacha tinglab o‘tirmadi, lip etib qochib, chiqib qichqirdi:

– Sid, ha, senimi, bu qilgan ishing uchun mendan ko‘rguligingni ko‘rarsan!

Tom bir pana yerga bekinib olib, nimchasining yoqasi ostiga qadab qo‘yilgan va iplar taqilgan ikkita katta ignani ko‘zdan kechirdi. Ignaning biridan oq ip, ikkinchisidan esa qora ip o‘tkazilgan edi.

– Shu Sid bo‘lmasa, xolam ham payqamas edi. Ha shayton, u axir, har xil ip bilan tikadi-da, goho oq ip bilan goho qora ip bilan, uning qanday ip bilan tikkani esimda turadimi? Koshki, u bir xil ip bilan tiksa!… Har holda bu qilgan ishi uchun Sidning ta’zirini beraman-a!

Tom ibrat bo‘ladigan odobli bola emas edi. Ammo kim ibratli bola ekanligini u yaxshi bilar va undaylarni ko‘ra olmas edi.

Oradan ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas, u, o‘zining butun xafachiliklarini unutib yubordi. Bu xafachiliklar odatda katta kishilarni qiynaydigan xafachiliklarga qaraganda og‘ir bo‘lgani uchun emas, balki xuddi shu daqiqada uning boshiga katta qayg‘u tushib, xafachiliklarni siqib chiqargani uchundir. Katta kishilar biror narsa bilan qiziqsalar, ular ham shuningdek xafachiliklarni unutib yuboradilar.

Tomni hozirgi vaqtda ko‘rkam bir ish qiziqtira boshladi. U o‘ziga tanish bo‘lgan bir negrdan g‘alati qilib hushtak chalishni o‘rgandi, shu ish ustida bemalol mashq etishni xohlar edi. Negr qush ovoziga o‘xshatib hushtak chalar va u juda g‘alati chiqar edi. Buning uchun tilni tanglayga tez-tez tegizib olish kerak edi.

U, ko‘chada quvonib, shaxdam qadamlar bilan gurs-gurs yurib borar edi. Og‘zini to‘latib-to‘latib, yoqimli, ohangdor hushtaklar chalar va qalbi minnatdorchilik bilan to‘la edi. U o‘zini, osmonda yangi sayyora kashf etgan astronom kabi his qilar, ammo uning quvonchi o‘ziga xos edi.

Yoz kunlarining kechki paytlari ancha uzoq bo‘ladi. Hali kun yorug‘ edi. Tom birdan hushtagini to‘xtatdi. Uning oldida o‘zidan kattaroq, begona bir bola turar edi. Kichkina, qashshoq shaharcha – Sankt-Peterburgda2 paydo bo‘lgan har bir yosh-dagi yangi odam Tomni qiziqtirar edi. Buning ustiga bola, bayram bo‘lmasayam yaxshigina kiyingan! Mana shu ahvol kishini juda ham hayron qoldirardi-da! Uning boshida chiroyli qalpoqcha, ustidagi ko‘k movutdan tikilgan nimchasi ham shimiga o‘xshab qaddi-qomatiga juda kelishgan, butun tugmalari qadalgan, yap-yangi va ozoda edi. Oyoqlariga chiroylikkina kavush kiygan. Hattoki bo‘yniga och rang lentadan galstuk ham taqib olgan. Umuman, shaharning olifta yigitlariga xos qiyofasi bilan Tomning g‘ashini keltirar edi. Tom bu ajoyib qiyofali bolaga qancha tikilib qarasa, u shuncha tumshug‘ini yuqoriroq ko‘tarar va uning ustidagi kiyimlarini mensimagandek bo‘lardi, Tomga esa o‘zining kiyimlari avvalgisidan ham eskiroq ko‘rinar edi. Ikkov bola ham bir-birlariga churq etishmay turaverdilar. Biroq ularning biri bir qadam siljishi bilan, ikkinchisi ham uning yon tomoniga bir qadam qo‘zg‘alib qo‘yar edi. Shu zayilda ular, bir-birlarining ko‘zlariga tikilishib, yuzma-yuz turaverdilar. Nihoyat, Tom:

– Olishsam, seni urib tashlayman, – dedi.

– Qani, urib ko‘r-chi!

– Nima qilar eding, uraman!

– Urib bo‘psan!

– Uraman!

– Yo‘q, urolmaysan!

– Yo‘q, uraman!

– Yo‘q, urolmaysan!

Ular o‘rtasidan bir nafas g‘arazli jimjitlik hukm surdi. Nihoyat, Tom:

– Sening oting nima? – deb so‘radi.

– Ishing nima?

Shoshmay tur, men senga ko‘rsatib qo‘yaman!

– Kuching yetsa, nimaga qarab turibsan?

– Yana ikki og‘iz so‘z aytib ko‘r-chi, adabingni berib qo‘yaman.

– Ikki og‘iz so‘z! Ikki og‘iz so‘z! Ikki og‘iz so‘z! Ana, aytdim! Xo‘sh?

– Ajab chaqqon ekansanmi! Agar men seni urishni xohlasam, qo‘limning bittasini orqamga bog‘lab qo‘yib, bitta qo‘lim bilanoq urib tashlar edim.

– Xo‘sh, nega endi urmaysan?

– Shunday qilib g‘ashimga tegabersang, albatta, uraman-da!

– Eh-e-e! Sendaylarning ko‘pini ko‘rganmiz!

– Oliftagarchiliging bilan juda katta kishi bo‘lib ketdim, deb o‘ylaysanmi? Qalpog‘ingni qara-yu!

– Qani, kuching yetsa shu qalpog‘imni boshimdan urib tushir-chi? Keyin mendan ta’ziringni yeysan…

– Yolg‘on aytasan!

– O‘zing yolg‘onchisan!

– Po‘pisa qilishdan boshqani bilmaysan, o‘zing esa qo‘rqoqsan!

– Ha, yaxshi, jo‘na, jo‘nab qol!

– Hoy, menga qara: agar sen yana g‘ashimga tegsang, kallangni uzib tashlayman.

– Ohho, kallamni uzib bo‘psan!

– Albatta, uzib tashlayman!

– Qani, uzib tashlay qol, nimani kutib turibsan? Do‘q qilasan-u, qo‘lingdan hech narsa kelmaydi, bundan chiqdi qo‘rqoq ekansan-da!

– Qo‘rqish xayolimda ham yo‘q!

– Yo‘q, qo‘rqoqsan!

– Yo‘q, qo‘rqmayman.

– Qo‘rqasan!

Yana jimjitlik hukm surdi. Bolalar bir-birlari atrofida aylanishib, yana bir-birlariga qaray boshladilar.

Nihoyat, bir-birlariga juda yaqinlashib, yelkama-yelka kelib turdilar.

– Yo‘qol bu yerdan! – dedi Tom.

– O‘zing yo‘qol!

– Men ketmayman.

– Men ham ketmayman!

Shunday qilib, ular yuzma-yuz turishdi; har birlarining oyoqlari orasidagi oraliq bir xil burchak tashkil qildi. Ular bir-birlariga g‘azab bilan tikilishib, kuchlari boricha olisha ketdilar. Lekin ikkovlari ham bir-birlarini yenga olmadilar. Ular shunchalik uzoq mushtlashdilarki, yuzlari o‘t kabi yonib, qip-qizarib ketdi. Garchi ularning har biri xezlanib tursa hamki, endi ular biroz hovurlaridan tushdilar, shu paytda Tom:

– Sen qo‘rqoq laycha kuchuksan. Qarab tur hali akam kelsa chaqaman. U seni bitta jimjilog‘i bilan yerga yotqizib, sulaytirib qo‘ya qoladi, – dedi.

– Sening akangdan qo‘rqadigan yerim yo‘q! Mening ham akam bor, u sening akangdan ham kattaroq. Akangni hov anavi devorning naryog‘iga uloqtirib yubora oladi.

Haqiqatda esa har ikkovining ham akasi yo‘q edi.

– Yolg‘on aytasan!

– Sen yolg‘on deganing bilan yolg‘on bo‘laveradimi?

Tom, oyog‘ining boshmaldog‘i bilan tuproq ustini chizib qo‘ydi-da:

– Seni shu chiziqdan o‘tkazmayman, agar o‘tsang, shunday do‘pposlaymanki, o‘rningdan turolmay qolasan, – dedi.

Begona bola shu paytning o‘zidayoq chiziqdan o‘tishga shoshildi va:

– Qani, qanday qilib meni do‘pposlar ekansan! – dedi.

– Yo‘qol! Ko‘p yopishaverma, deyman!

– Seni do‘pposlayman, deb maqtangan o‘zing-ku! Nega endi urmaysan?

– Urishim aniq. Urolmaydi deysanmi? Ikki sent bersang uraman-da!

Begona bola cho‘ntagidan ikkita chaqa olib, kulimsirab Tomga uzatdi.

Tom uning qo‘lidagi chaqalarni bir urib, yerga tushirib yubordi. Bir damda ikkala bola mushuk singari yerda ag‘anadilar. Ular bir-birlarining sochlaridan, nimcha va shimlaridan tortishar hamda chang-tuproqqa belanishib bir-birlarining burunlarini chimchilashar, tirnashar edilar. Nihoyat shu xil urush-to‘palon ichida o‘z dushmanining ustiga minib olib, uni do‘pposlayotgan Tomning gavdasi ko‘rindi, Tom:

– Qalay, endi bo‘ldimi? – der edi.

Bola qanchalik chiransa ham, undan o‘zini ajrata olmas va ko‘proq kuchsizligidan achchig‘lanib, tovushining boricha baqirardi.

– Qalay, ta’ziringni yedingmi? Mana senga! Mana senga! – Tom mushtlashda davom etar edi. – Tovba qildim de, yaramas bola!

Nihoyat, begona bolaning bo‘g‘iq tovush bilan «qo‘yib yubor» degan ovozi eshitildi. Tom uni qo‘yib yuborar ekan:

– Bu senga saboq bo‘lsin, bundan keyin sinamaganga tega ko‘rma! – dedi.

Begona bola, o‘rnidan turarkan, ustidagi changlarini qoqdi va ho‘ngrab, burnini tortib, o‘z yo‘liga qarab ketdi; u yo‘l-yo‘lakay dam-badam orqasiga burilib, boshini qimirlatib qo‘yar va Tomga qarab: «Bir kun qo‘limga tushib qolarsan» deb do‘q qilar edi. Tom esa uni masxara qilib kularkan, o‘zining g‘alabasidan xursand bo‘lib, uyiga qarab jo‘nadi.

Biroq u yo‘liga qayrilib ulgurmagan ham ediki, haligi begona bola bir tosh bilan uning yelkasiga tushirdi-da, o‘zi kiyikdek sakrab-sakrab qochib ketdi. Tom uning izidan tushib, uyigacha quvlab bordi va uning uyini ko‘rib oldi. U o‘z dushmanini qaytadan urushga chaqirib, eshigining og‘zida ancha vaqt qarab turdi, lekin dushmani derazadan aft-basharasini burishtirib masxara qildi va uning oldiga chiqishni istamadi. Nihoyat, dushmanining onasi chiqib, Tomni axloqsiz, yaramas bola deb qarg‘ab, tezlikda bu yerdan ketishini buyurdi. Tom ketmoqchi bo‘ldi, ammo ketish oldida uni poylab yurishini bildirdi.

U uyiga juda kech qaytib keldi; tovush chiqarmaslik uchun, sekingina derazaga chiqdi. Lekin deraza tagida uni xolasi poylab turgan ekan. Xolasi uning ust-boshlarini ko‘rar ekan, bayram kuni qamab qo‘yish to‘g‘risida qattiq qarorga keldi.

1

Kampir Tavrotni muqaddas kitob deb biladi.

2

Amerikaliklar o‘zlarining kichik shaharchalarini poytaxtlarning ulug‘ nomlari bilan atashni yaxshi ko‘rardilar. Ularda bir necha Parij, uch to‘rtta Quddus, Stambul bor va hokazo. Bu kitobda tasvir etilgan shaharchani ular o‘sha vaqtdagi Rossiya imperiyasi poytaxtining nomi bilan ataganlar.

Tom Soyerning boshidan kechirganlari

Подняться наверх