Читать книгу Tom Soyerning boshidan kechirganlari - Марк Твен, ReadOn Classics, Charles Dudley Warner - Страница 6
Oltinchi bob
TOM BEKKI BILAN TANISHADI
ОглавлениеTom Soyer, dushanba kuni ertalab uyqudan uyg‘onarkan, o‘zini juda baxtsiz his qildi. Har bir dushanba kuni erta bilan uning ahvoli hamisha shunday bo‘lar, chunki uning maktabda kechiradigan azob-uqubatlari haftasi shu dushanba kunidan boshlanar edi. U hatto kechagi kunning bayram bo‘lganligi uchun ham achinar, chunki ozodlikda yurgandan keyin, yana erksizlikka duchor bo‘lish undan ham og‘irroq edi.
Tom o‘ylanib yotardi. Birdan unga o‘zini kasallikka solish va shuning bilan maktabga bormay, uyda qolish istagi ma’qul tushdi. Chindan ham bu oliyjanob ish bo‘lar edi-da! U o‘z vujudini tekshirib ko‘rdi. Hech bir yeri og‘rimaydi va u, o‘z tanasining turli yerlarini yana bir qayta qo‘li bilan ushlab ko‘rdi.
Unga qorni sanchib og‘riyotgandek tuyuldi va keyinroq bu og‘riq kuchayib ketar degan umid bilan juda sevingan edi. Biroq, aksincha, qornining og‘rig‘i pasayib, sekin-asta butunlay yo‘qolib ketdi. Tom yana o‘yga botib turar ekan, birdan tishining qimirlab qolgani esiga tushdi. Bu uning uchun juda qulay bir narsa bo‘lib chiqdi, va u, endi ingramoqchi bo‘lgan edi. Birdan esiga shunday narsa kelib qoldi, agar tishim, deb og‘zimni ochdim degunimcha, xolam darhol tishimni sug‘urib olib tashlaydi, bu esa juda alamli bo‘lar, deb o‘yladi. Shuning uchun u, tish og‘rig‘ini bir tomonga qo‘yib turib, boshqa biror hiyla topishga urinmoqchi bo‘ldi. Biroz vaqt hech narsa o‘ylab topolmay turdi. Keyin u, bir kishining ikki-uch hafta kasal bo‘lib yotgani va unda barmog‘idan ajralish xavfi tug‘ilgani to‘g‘risida bir doktorning qilgan hikoyasini esladi. Bola darhol ko‘rpaning ostidan oyog‘ini chiqarib, bosh barmog‘ini tekshirib ko‘ra boshladi. Lekin u o‘sha kasalning qanday belgilari bo‘lishini bilmas edi. Shunday bo‘lsa ham bir sinab ko‘rsam zarar qilmas, deb o‘zidan o‘zi ingray boshladi.
Sid uyg‘onmay yotar edi.
Tom qattiqroq baqirishga tutindi va unga endi chindan ham barmog‘i og‘riy boshlagandek tuyuldi.
Sid esa hech qimirlamay, uxlab yotardi.
Tom baqiraverib, hansirab qoldi. U, biroz damini olib nafasini rostlagandan keyin, bir necha marta juda g‘alati qilib baqirdi.
Sid xurrak otishdan to‘xtamasdi.
Sidning uyg‘onmay yotishi Tomning jahlini chiqardi. U, bir-ikki marta «Sid! Sid!» deb chaqirib, ukasining yelkasidan ushlab silkib qo‘ydi. Tom yana qattiqroq ingray boshladi. Sid bir esnadi, kerishib olgandan keyin tirsagi bilan suyanib turdi-da, burnini torta-torta Tomga tikilib qarab qoldi. Tom ingrashida davom etar edi. Sid unga qarab:
– Tom! Menga qara! Tom! – dedi.
Javob bo‘lmadi.
– Eshitayapsanmi, Tom? Tom Senga nima bo‘ldi, Tom?
Sid ham akasining yuziga tikilib qarab, uning yelkasidan ushlab silkib qo‘ydi.
Tom qattiq ingrab:
– Qo‘y, Sid! Menga tegma! – dedi.
– Senga nima bo‘ldi, Tom? Men hozir xolamni chaqiraman.
– Yo‘q, kerak emas, chaqirma. Balki bu kasal o‘zidan o‘zi tuzalib ketar. Hech kimni chaqirma, kerak emas.
– Yo‘q, yo‘q, albatta chaqirishim kerak. Buncha ingramasang-chi! Qanday yomon bu! Ko‘pdan beri og‘riydimi?
– Bir necha soat bo‘ldi. Voy! Xudo xayr bersin, Sid, menga ko‘p qattiq tegma! Sen meni o‘ldirib qo‘yasan.
– Nega meni oldinroq uyg‘otmading, Tom? Unday ingrama, jonim! Sening ingrashingdan badanlarim muz bo‘lib ketayotir. Qayering og‘riydi?
– Sid, men barcha gunohlaringni kechirdim!… (Ingraydi). Sen mening oldimda har qanday ishga aybli bo‘lsang ham, men hammasini kechirdim. Men o‘lganimdan keyin…
– Hoy, Tom, nahotki, sen o‘lib ketsang? Tom jonim, o‘lma… Qo‘y, kerak emas, balki…
– Sid, men hammaning gunohini kechirdim. (Ingraydi). Sen shuni ularga yetkiz. Mening deraza ramkam bilan bir ko‘zlik mushuk bolamni bo‘lsa, ana shu shaharga yaqinda kelgan qizga ber va unga aytginki…
Biroq, Sid shu vaqt chalvorini qo‘liga olib yugurganicha ketdi: Tom endi chinakamiga kasal bo‘lgan, uning kallasi astoydil ishlar va uning ingrashlari ham juda tabiiy, kasal kishining tovushidek eshitilar edi.
Sid zinapoyadan yugurib tushib borar ekan:
– Xola, Polli xola, tezroq keling! Tom o‘lay deb yotipti, – deb baqirdi.
– O‘lay deb yotipti, deysanmi?
– Ha, ha, nimaga qarab turasiz? Tezroq yursangiz-chi!
– Behuda gap! Ishonmayman!
Ammo shunday bo‘lsa ham, u shoshilganicha yuqoriga qarab yugura boshladi, Sid bilan Meri esa uning orqasidan chopishib bordilar. Polli xolaning ranglari o‘chib ketgan, lablari qaltirab turar edi. U, Tomning to‘shagi yoniga yetib borar ekan:
– Tom bolam, senga nima bo‘ldi? – degan so‘zlar og‘zidan zo‘rg‘a chiqdi.
– Oh, xola, men…
– Nima bo‘ldi, nima bo‘ldi, bolam?
– Oh, xola, barmog‘imning ichi o‘t bo‘lib yonayotir!
Polli xola stulga o‘zini tashlab kulib yubordi, keyin yig‘ladi, keyin yana kulib, yana yig‘ladi. Kampirning bu qilgani uning yuragini ancha bo‘shashtirdi, keyin u:
– Tom, meni juda ham qo‘rqitib yubording-ku! Qani, endi bunday jinniliklaringni yig‘ishtirib qo‘yib, o‘rningdan tur! – dedi.
Tomning ingragan tovushlari bir damda jimib, barmog‘ining og‘rig‘i ham o‘sha ondayoq to‘xtadi. Bola biroz xijolat bo‘lib:
– Polli xola, bu barmog‘im butunlay jonsizlanib qolgandek bo‘ldi, u shunday og‘ridiki, hatto tishimning og‘rig‘ini ham unutib yubordim, – dedi.
– Ana, buni ko‘ringlar-a! Xo‘sh, sening tishingga nima bo‘ldi?
– Tishimning bittasi qimirlab qolgan va shunday og‘riydiki, chidab bo‘lmaydi.
– Ha, bas endi, bo‘lmasa yana ingray boshlarsan. Qani, og‘zingni och-chi! Ha, tishing chindan ham qimirlab qolgan ekan, biroq bu bilan odam o‘lmaydi-ku. Meri, menga bir qatim ipak bilan oshxonadan chala yongan kosovni keltirib ber.
– Jon xola, qo‘ying, kerak emas, u endi og‘rimaydi. Agar yana og‘risa ham men hech ingramayman, hatto og‘riganini ham bildirmayman, xolajon, qo‘ying, unday qilmang, men uyda qamalib o‘tirishni xohlamayman, men maktabga boraman…
– Ha, ha, shunday degin! Sen bu hiylalaringning hammasini, maktabga bormay, o‘qish o‘rniga baliq ovlab yurish uchun o‘ylab chiqargan ekansan-da! oh, Tom, men seni shuncha yaxshi ko‘raman-u, sen bo‘lsang doim shunday yaramas ishlarni qilib, meni ranjitib yurasan.
Shu orada tish sug‘urish asboblarini ham olib keldilar. Polli xola ipning bir uchini sirtmoq qilib bog‘ladi-da, uni Tomning og‘rigan tishiga solib, ipning bir uchini bo‘lsa karavotning temiriga bog‘lab qo‘ydi. Keyin, yonib turgan kosovni olib, uni Tomning basharasiga qarab turtmoqchi bo‘lganda, Tom boshini bir silkib, tortib yuborgan edi, uning tishi sug‘urilib chiqib, karavotga bog‘langan ipda osilib qoldi.
Kishining har bir tortgan qiyinchiligi qanday bo‘lsa ham mukofotlanmay qolmaydi. Tom nonushtani qilib maktabga kelganida hamma o‘rtoqlari unga suqlanib qaray boshladilar, chunki uning yuqoridagi qator tishlari orasida bo‘sh qolgan yeri unga juda yangi va bugungacha hech ko‘rilmagan usulda tupurishga imkoniyat berardi. Uning bu ahvoliga qiziqqan bolalar, orqasidan talashib ergashib yurar edilar. Bundan ilgari bolalardan biri barmog‘ini pichoq bilan kesib olib, uning bilan barcha bolalarning hurmat va diqqatini o‘ziga tortib yurar edi, bolalar Tomning tishini ko‘rganlaridan keyin, unga qaramay qo‘ydilar. Bu bilan u, o‘z ixlosmandlarini yo‘qotdi, uning shuhrati so‘ndi. Shu sababli u ancha xafa bo‘ldi va Tomga istehzo bilan qarab: «Tom Soyerning bunday tupirishi hech gap emas, uni har kim ham qila oladi» – dedi; boshqa bir bola esa «Yoshsiz, halig‘o‘rasiz!» deb qo‘ydi. Shundan keyin bolaning ancha shaxdi qaytib, bularning oldidan nari ketdi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Tom, shaharda hammaga mashhur bo‘lgan bir araqxo‘rning o‘g‘li – Geklberri Fin degan bola bilan uchrashdi. Shahardagi hamma bolalarning onalari Geklberrini chin ko‘ngillaridan yomon ko‘rar, lekin shu bilan birga, undan juda qo‘rqar edilar, chunki u juda yalqov, yaramas, axloqsiz bola bo‘lib, hech qanday tartib va qonunlarga bo‘ysunmas edi. Yana shuning uchun qo‘rqar edilarki, bolalarning hammasi ham undan o‘zlarini olib qochmas, garchi taqiq qilingan bo‘lsa-da, u bilan o‘ynashni, birga bo‘lishni sevar va hamma narsada unga ergashmoqchi bo‘lar edilar. Tom, «yaxshi xonadonlardan» chiqqan bolalardek, kuni bo‘yi hech bir ish qilmay yuradigan bu bolaga qiziqib qarar edi. Bu chuvrindi bola bilan o‘ynash Tomga ham qattiq man qilingan edi. Albatta, xuddi shuning uchun, Tom ham bu bola bilan biroz o‘ynab olish yo‘lida har bir to‘g‘ri kelgan paytdan foydalanib qolishga tirishar edi. Geklberri kattalarning egnidan tushgan eski-tuski uvadalarni kiyib yurar edi. Yilning har qanday mavsumida ham uning kiyimi har xil dog‘lar bilan qoplanib, uvadalari osilib yurar, boshidagi qalpog‘i ham go‘yo nuragan chordevorga o‘xshar, qalpog‘ining bir parcha yirtiq yeri xuddi yarim oy singari pastki tomonga cho‘zilib tushgan edi. Ustidagi kamzuli birovning eskisi bo‘lgani uchun, etagi tovonlariga tegib yurar, uning orqa tomondagi, beldan yuqori yerdagi tugmalari esa belidan ancha pastda turar, chalvori bittagina ip bilan yelkasiga tortib qo‘yilgan, orqa tomoni esa halpillab osilib yotar, pastki pochalari titilib ketgan va loyda sudralib yurar edi. Geklberri qayerni xohlasa shu yerda daydib yuruvchi erkin bir qushcha edi. Havo ochiq vaqtlarda u harqayerda, eshik ostonalarida tunab qolar, yog‘ingarlik vaqtlarda esa bo‘sh bochkalar ichiga kirib yotardi. Uni hech kim maktabga va cherkovga borishga majbur etmasdi. Uning bo‘ysunadigan kishisi, ya’ni tepasidan xo‘jayinlik qiluvchi kishisi yo‘q.U, xohlagan vaqtida va xohlagan yerida baliq ovlab yoki cho‘milib yurar va suv ichida ham xohlaganicha o‘tira berar edi. Birov bilan mushtlashishni ham unga hech kim man qilmasdi. Uxlashga ham xohlagan vaqtida, hatto yarim kechadan keyin ham borib yota berardi. Ko‘klam bo‘lsa, u boshqa bolalarning hammasidan oldin yalangoyoq yura boshlar, kuzda esa oyoqlariga hammadan keyin etik kiyar edi. U yuz-qo‘llarini yuvishni va toza kiyim-bosh kiyishni hech o‘ylamasdi. So‘kishishga kelganda esa, juda usta edi. Xullas, bu bola, hayotga shodlik kiritadigan xususiyatlarning hammasini egallagan edi… Sankt-Peterburgning «yaxshi uylari»da «yaxshi tarbiya» olgan va o‘z erklari bilan yura olmaydigan bolalarning hammasi shunday deb o‘ylar edilar. Tom haligi romantik daydi bolaga salom berib:
– Hoy, Geklberri! Beri kel! – deb chaqirdi.
– Ishing bo‘lsa o‘zing kelaqol…
– Qo‘lingdagi nima?
– O‘lgan mushuk.
– Qani, Gek, menga ber, bir ko‘ray! Juda qotirib qo‘yibsan-ku. Qayerdan topding buni?
– Bir boladan sotib oldim…
– Nima berding?
– Bitta ko‘k bilet bilan kushxonadan o‘g‘irlab olgan ho‘kizning pufagini berib oldim…
– Ko‘k biletni qayerdan olding?
– Bundan ikki hafta ilgari Ben Rojersdan bir qamchi berib olganman.
– Menga qara, Gek, bu o‘lgan mushuging nimaga yaraydi?
– Nimaga yaraydi, deysanmi? So‘galni yo‘qotadi.
– Rostdanmi? Men uning bundan ko‘ra yaxshiroq dorisini bilaman.
– Bundan yaxshi dorisi yo‘qligiga garov bog‘lashaman, sening aytganing qanday narsa?
– Sasigan suv.
– Sasigan suvmi? Sen aytgan sasigan suv hech narsaga yaramaydi.
– Hech narsaga yaramaydi? Sen uni so‘gallarni yo‘qotish yo‘lida ishlatib ko‘rganmisan?
– Ishlatib ko‘rgan emasman. Bob Tanner buni sinab ko‘rgan.
– Sen buni qayerdan bilasan?
– U buni Jef Techerga aytgan. Jef Jonni Bekkerga aytgan. Jonni Jim Xolmsga aytgan. Jim Ben Rojersga aytgan. Ben bir negrga aytgan. Negr esa menga kelib aytdi. Shuning uchun men buni bilaman.
– Xo‘sh, nima bo‘pti? Ular hammasi yolg‘onni juda boplaydilar. Faqat sen aytgan negrni bilmayman. Biroq negrlarning ham yolg‘on so‘zlamaydiganlarini men shu vaqtgacha ko‘rgan emasman. Bularning hammasi quruq safsata! Gek, sen menga ayt-chi, Bob Tanner so‘gallarni qanday qilib yo‘qotdi?
– Ortiqcha bir ish qilgani yo‘q. Daraxtning chirik, kavak bo‘lib qolgan yerida to‘planib qolgan yomg‘ir suviga qo‘lini tiqib olgan, xolos.
– Kuppa-kunduz kuni-ya?
– Albatta.
– O‘sha daraxt to‘nkasiga qarab turib-a?
– Ha, shunday. Boshqacha iloji bo‘larmidi?
– Shunday qilayotganida, u biror narsa deb so‘zlaganmi?
– Hech narsa demagan bo‘lsa kerak… Bunisini men qaydan bilayin?
– Ha, ha. Sen hali bir ishni yaxshilab udda qila olmaysan-u, yana shu sasigan suv bilan so‘gallarni yo‘qotmoqchi bo‘lib yurasanmi? O‘z-o‘zidan ma’lumki, bunday aqlsizlikdan hech qanday natija chiqmaydi. Buning uchun, kishi yolg‘iz o‘zi eng qalin o‘rmon orasiga borib, shunday sasigan suv bor daraxtni mo‘ljallab kelishi, so‘ngra xuddi yarim kechada o‘sha daraxt yoniga borib unga orqasini o‘girib turib, qo‘llarini o‘sha daraxt kavagidagi suvga tiqishi va qo‘llarini suvga tiqqan vaqtda:
Arpa – don, arpa – don,
To‘kilib un bo‘l,
Sassiq suv, sassiq suv,
So‘gallarni yuv!
deb aytishi kerak. Shundan keyin darhol ko‘zlarini yumib, o‘sha daraxt yonidan o‘n bir qadam nariga borishi, keyin uch marta to‘xtab, orqasiga burilib qarashi va yo‘lda hech kim bilan so‘zlashmasdan uyga qaytishi kerak. Agar shunda og‘zingdan biror kalima so‘z chiqarsang, qilgan hamma ishlaring bekor bo‘ladi.
– To‘g‘ri, bu aytganlaring chinga o‘xshaydi, faqat Bob Tanner buni boshqacha usul bilan qilar edi.
– Albatta, u o‘z bilganicha qilib yurgandir! Shaharimizdagi hamma bolalarning ichida uning so‘gali ko‘proq. Agar u, so‘galni sassiq suv bilan yo‘qotish yo‘lini bilganida, uning so‘galidan birorta ham qolmas edi. Shunday yo‘l bilan men o‘zim ham mingtachasini yo‘q qilib yubordim. So‘gallar menda juda ko‘p edi, chunki men ko‘p vaqt qurbaqalarni o‘ynar edim. Ba’zan men so‘gallarni no‘xat poyalari bilan yo‘qotardim.
– Ha, bu yaxshi dori. O‘zim ham uni qilib ko‘rganman.
– Qanday qilib?
– No‘xat poyasini olib, ikki bo‘lakka ajratasan. Keyin bir tomchi qon olish uchun so‘galingni pichoq bilan kesasan va shu qon bilan no‘xat poyasining yarmini qonlab, so‘ngra chuqur kovlab shuni yerga ko‘masan… Yarim kechada, ko‘kda oy bo‘lmagan vaqtda, yo‘lning ayrilish joyiga ko‘masan… Ikkinchi yarmini esa kuydirib tashlaysan. Shunday qilsang qonli birinchi poya o‘ziga poyaning ikkinchi yarmini tortadi. Shu orada qon so‘galni o‘ziga tortadi va so‘gal darrov yo‘qoladi.
– To‘g‘ri aytasan, Gek, to‘g‘ri, agar sen qonlangan poyani yerga ko‘mayotib, «poya yerga kirsin, so‘gal yo‘qolsin, bundan keyin meni qiynamasin» degan so‘zlarni aytsang, yana yaxshiroq bo‘lar edi. Shunday qilsang, tezroq yo‘qoladi. Jo Garper so‘gallarni shunday yo‘qotadi, u juda tajribali, ko‘pni ko‘rgan kishi… Xo‘sh, o‘lik mushuk bilan so‘galni sen qanday qilib yo‘qotasan?
– Mana bunday. Mushukni olib yarim kechaga yaqinlashganda qabristonga bor, unda bir badjahl kishi ko‘milgan yerni top, yarim kecha bo‘lganda o‘sha yerga shayton keladi, balki ulardan ikkita-uchtasi ham kelishi mumkin, biroq, ular sening ko‘zingga ko‘rinmaydilar, sen faqat shamol sharpasidek tovush eshitasan, balki ularning o‘zaro so‘zlashganlarini ham eshitarsan. Shunday qilib, ular o‘likni olib keta boshlaganlarida, sen qo‘lingdagi o‘lik mushukni ularning orqasidan otib: «Shayton o‘likning orqasidan, mushuk shaytonning orqasidan ketdilar, so‘gallar ham endi mushukning orqasidan ketsinlar, ular menga kerak emas!», – deysan. Shunday qilsang, so‘gallaring bitta qolmay to‘kilib ketadi.
– Bu so‘zlaring chinga o‘xshaydi, Gek, sen o‘zing buni qilib ko‘rganmisan?
– Yo‘q. Buni menga Gopkins degan qari xolam aytib bergan edi.
– Unday bo‘lsa bu to‘g‘ri gap. Gopkins xolani jodugar deb so‘zlaydilar-ku.
– So‘zlaganlari nimasi! Men o‘zim buni yaxshi bilaman. U mening otamni ham shunday qilib ishdan chiqardi. Otamning o‘zi menga aytib bergan. Bir kuni otam kelayotsa, o‘sha kampir otamga qarab «sehr qilayotgan» emish. Otam yerdan bir katta tosh olib unga otgan ekan, u o‘zini zo‘rg‘a chetga olib qolgan. Xuddi o‘sha kuni kechasi otam ayvonchaning tomi ustiga chiqib, mast holda uxlab yotgan yeridan yumalab ketib, qo‘lini sindirib olgan.
– Juda qiziq gaplar-a! Xo‘sh, uning «sehrlayotganini» otang qanday bilgan?
– Nega bilmasin! Otam: jodugarning sehrlashini bilish hech gap emas, dedi. Otam shunday deydi: agar kimki senga qattiq tikilib qarasa va o‘zicha nimalarnidir so‘zlab, ming‘illab tursa, albatta, o‘sha kishi sehr qilayotgan bo‘ladi. Chunki jodugarning ming‘illab so‘zlayotgani – duolarni teskari o‘qiyotgani bo‘ladi, tushundingmi?
– Menga qara, Gek, sen o‘z mushuging bilan qachon tajriba qilib ko‘rmoqchisan?
– Bugun kechasi. Fikrimcha, Vilyams cholning o‘ligiga shu kechasi albatta shaytonlar kelishsa kerak.
– Gek, uni shanba kuni ko‘mganlar-ku. Uni o‘sha shanba kuni kechasiyoq olib qochib ketgan bo‘lsalar kerak.
– Nimalar deb valdirayapsan, axir! Yarim kecha bo‘lmay turib, ular qanday qilib uni olib ketsinlar? Yarim kechadan keyin esa yakshanba kuni bo‘ladi. Shaytonlarning yakshanba kunlari yer yuzida erkin yurganliklarini men shu vaqtgacha eshitgan emasman.
– To‘g‘ri aytasan. Bu haqda men o‘ylamaganman. Meni o‘zing bilan olib borasanmi?
– Agar qo‘rqmasang, albatta, olib boraman.
– Qo‘rqar edimmi! Gapingni qara-ya! Sen derazaning ostiga kelib miyovlaysanmi?
– Ha, men miyovlayman… Agar chiqolsang sen ham menga javoban miyovlab qo‘y. O‘tgan safar shunday qilib, mening qancha vaqtimni olding. Men o‘sha kuni miyovlayverib charchadim, oxiri Geys degan chol chiqib, menga tosh otib: «Baloga yo‘liqsin-da shu mushuk!» – dedi. Men uning shu qilgan ishi uchun deraza oynasini g‘isht bilan urib sindirdim, faqat buni hech kimga aytma.
– Xo‘p bo‘ladi. O‘sha kechasi men hech miyovlay olmadim, chunki xolam hamma vaqt mening orqamdan poylab yurdi. Bugun esa albatta miyovlayman. Menga qara, Gek, u qo‘lingdagi nima?
– Yo‘q, hech narsa emas, anchayin kana.
– Qayerdan olding uni?
– O‘rmondan topib oldim.
– Qanchaga berasan?
– Bilmadim. Men uni sotmoqchi emasman.
– O‘zing bilasan. Kanang ham kichkinagina ekan.
– Bo‘lmasa-chi! Birovning narsasini hammavaqt yomonlab yerga urmoqchi bo‘ladilar-da! Menga esa shuning o‘zi yaxshi.
– O‘rmonda bunday kanalardan mingta desang ham topiladi. Agar men istasam, bulardan allaqanchasini topar edim.
– Xo‘sh, bo‘lmasa nega bormaysan? Ha, ha. Bu ish qo‘lingdan kelmasligiga aqling yetadi-da. Senga aytsam, qo‘limdagi kana bu yilgi kanalarning ichida eng erta yetilgani.
– Menga qara, Gek, sen menga shu kanangni bersang, men senga o‘zimning tishimni beraman.
– Qani, ko‘rayinchi.
Tom qo‘ynidan qog‘ozga o‘ralgan bir narsani olib, sekin-asta ochdi. Geklberri tishni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. U bunga juda ortiq darajada qiziqib qolgan edi. Nihoyat, u Tomga qarab:
– Bu chinakam tishmi? – deb so‘radi.
Tom, ustki labini ko‘tarib, tishi tushgan bo‘sh o‘rinni ko‘rsatdi.
– Bo‘ldi, bo‘ldi, – dedi Geklberri. – Qani, bor baraka.
Tom kanani olib, qo‘ng‘iz saqlagan piston qutichasiga solib qo‘ydi va ikkalasi ham qilgan ishlaridan xursand bo‘lishib, bir-birlaridan ajralishdi.
Tom, maktab joylashgan kichkinagina yog‘och uyga yaqinlashib borar ekan, darsga insof bilan oshiqib kelayotgan bolalardek, shoshilganicha binoning ichiga kirib, boshidagi qalpog‘ini mixga ilib qo‘ydi-da, ishi tiqilinch kishilardek kursiga o‘tirdi. Eskirib, kishi o‘tiradigan yerlari yorilib ketgan baland o‘rindiqda o‘tirgan muallim, bolalarning darsni takrorlab g‘o‘ng‘irlashgan tovushlari ichida tinchlanib, mudramoqda edi. Tomning kirishi uni uyg‘otib yubordi.
– Tomas Soyer! – dedi u.
Muallimi uning ismi va laqabini to‘la aytganida, bundan yaxshilik chiqmasligini yaxshi anglardi.
– Labbay, ser! – deb javob berdi Tom.
– Buyoqqa kel! Qani, ser, bugun yana nimauchun kechikib keldingiz?
Tom biror yolg‘on gap to‘qimoqchi edi, lekin xuddi shu vaqt ko‘ziga, o‘rilgan uzun sariq sochlar chalindi. U, bu sochlarni sevgi-muhabbat o‘tlari tufayli darhol tanib oldi. U sinfning qizlar o‘tirgan yarim bo‘lagida faqat o‘sha qizning yonidagi joyning bo‘sh ekanini ko‘rdi-da, birdan:
– Men yo‘lda Geklberri Finn bilan biroz so‘zlashib qoldim, – deb javob berdi.
Muallim bo‘g‘ilib ketdi: u, o‘zini yo‘qotib qo‘yib, Tomga g‘azab bilan tikilar edi. Bolalarning g‘ovur-g‘uvurlari tindi. Ular bir-birlaridan: «Bu bola jinni bo‘ldimi, nega shunday deb javob beradi?» – deb so‘radilar. Piravordida muallim so‘zga kirishib:
– Sen… Sen nima ish qildim, deding? – deb so‘radi.
– Men yo‘lda to‘xtab, Geklberri Finn bilan biroz gaplashdim.
– Tomas Soyer, sening bu tariqa javob berishing kishini hayron qoldiradi va men bunday javobni umrimda birinchi marta eshitishim. Bunday orsizlarcha jasorat qilganing uchun, seni jazvar taxta bilan urish kifoya qilmaydi. Qani, nimchangni yech!
Muallim qo‘llari charchaguncha urdi-da, keyin:
– Endi, ser, borib qizlar bilan birga o‘tir! Bu kaltak sen uchun saboq bo‘lsin, – dedi.
Sinf ichidagi bolalarning hiring-hiring qilib kulishlari uni ancha uyaltirdi. Haqiqatda esa bu his unda boshqa, katta sabablar tufayli tug‘ilgan edi. Tom qarag‘ay kursining bir chekkasiga borib o‘tirdi.
Qiz boshini bir silkib qo‘ydi-da, undan nariroqqa siljib o‘tirdi. Ro‘parasidagi bolalarning hammasi bir-birlariga ko‘z qisishib, shivirlashardilar. Ammo Tom esa, pastak uzun partaga suyanganicha, tinchgina, odob bilan kitobini o‘qiy boshladi. Sinfdagi bolalar ham uning qiliqlarini bora-bora eslaridan chiqarib o‘z o‘qishlari bilan ovora bo‘lib, avvalgidek gurunglasha boshladilar. Shundan keyin Tom, sekin-asta yashirincha yonida o‘tirgan qizga qaradi. Qiz ham uning qaraganini sezib, lablarini burishtirdi-da, orqasini o‘girib oldi. Birozdan keyin u qaytadan sekingina Tomga qayrilib qaragan edi, yonida turgan bir shaftoliga ko‘zi tushdi. Qiz uni itarib tashladi. Tom uni yana avvalgi joyiga qo‘ydi. Qiz yana itarib tashladi, lekin bu gal avvalgidek dushmanlik nazari bilan qaramadi. Tom shaftolini yana qaytadan uning oldiga surib qo‘ygan edi, qiz bu gal unga tegmadi. Tom oldida yotgan qora taxtachaga «Marhamat qilib shuni oling, menda yana bor», deb yozib ko‘rsatdi. Qiz taxtaga qarasa hamki, hech javob bermadi. Shu paytda bola, chap qo‘li bilan taxtani qizdan pana qilib, unga yana allanimalarning rasmlarini chiza boshladi. Qiz bunga dastlab e’tibor qilmagandek bo‘lib o‘tirsa ham, keyin-keyin qiziqish tug‘ila boshladi. Bola, buni sezmagandek taxtaga chizib o‘tirishda davom etar, qiz esa o‘zining qiziqqanini bolaga bildirmasdan, uning chizgan rasmini ko‘rishga intilar edi. Tom bo‘lsa hali ham, buni payqamagandek bo‘lib o‘tirardi. Nihoyat, qiz chidab turolmadi, sekin-asta shivirlab:
– Menga bering, bir ko‘ray! – dedi.
Tom o‘zi chizib o‘tirgan va anchagina karikatura qilib ishlangan rasmning bir chetini ochib ko‘rsatdi. Unda tomi ikki yoqqa nishab qilib olingan va tom ustida mo‘rilaridan buralib-buralib tutun chiqib turgan bir uyning rasmi tushirilgan edi.
– Qanday chiroyli-a! Endi bir kishining suratini soling, – dedi.
Rassom o‘sha uy yoniga hovli yuzida turgan bir kishining suratini soldi. U kishi go‘yo og‘ir yuklarni ko‘taradigan kranga o‘xshar va shunchalik novcha ediki, agar u istasa, o‘sha uy ustidan bemalol hatlab o‘ta olar edi. Biroq qiz janjallashib o‘tirishga qobil emasdi, shuning uchun ham u shunchalik xunuk bir suratdan mamnun bo‘lib:
– Juda ham yaxshi bo‘ldi! Endi shu kishining ro‘parasiga mening ham suratimni solib qo‘ying, – dedi.
Tom, go‘yo qum soatiga o‘xshatib chiziqlar tortib, tepasiga to‘linoy nusxasidek qilib uning yuzini ishladi, ingichka cho‘pdek qilib qo‘l va oyoqlari shaklini chizdi, barmoqlari yozilgan qo‘liga katta yelpig‘ich tutqizib qo‘ydi. Qiz buni ko‘rar ekan:
– Bu ham juda yaxshi bo‘ldi. Men ham rasm solishni o‘rganishni istar edim! – deb qo‘ydi.
– Bu ish uncha qiyin emas, – dedi Tom shivirlab, – o‘zim sizga o‘rgatib qo‘yaman.
– Chindanmi? Qachon o‘rgatasiz?
– Hali, katta tanaffus bo‘lganida o‘rgatib qo‘yaman. Siz ovqat qilgani uyga borasizmi?
– Istasangiz, bormasligim ham mumkin.
– Durust. Sizning otingiz nima?
– Bekki Techer. Sizniki-chi? Ha, bilaman-a. Tomas Soyer.
– Meni biror narsa uchun jazolaydigan bo‘lganlarida shunday deb ataydilar. Men o‘zimni yaxshi tutib yursam, meni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Tom deb ataydilar. Siz ham meni Tom, deb ayting, xo‘pmi?
– Xo‘p bo‘ladi.
Tom yana taxtaga nimalarnidir yoza boshladi va yozgan narsasini qizdan yashirdi. Biroq, qiz endi o‘zini chetga tortmay, balki Tomdan yozayotgan narsasini ko‘rsatishni so‘radi. Tom unga turli bahonalar topib:
– Yo‘q, unda hech narsa yo‘q, – derdi.
– Bor, unda bir narsa bor!
– Yo‘q, hech narsa yo‘q; bor bo‘lgani bilan siz uni ko‘rgingiz ham kelmaydi-ku.
– Yo‘q, men uni juda ko‘rgim keladi, chin aytayapman. O‘shani menga ko‘rsating!
– Birovga aytib qo‘yasiz.
– Yo‘q, hech kimga aytmayman!
– Hech kimga, o‘la-o‘lguningizcha hech kimga aytmaysiz-a?
– Hech kimga aytmayman, ko‘rsata qoling endi!
– Ko‘rgingiz kelmaydi-ku, nega buncha qistaysiz…
– Tom, siz, har qancha o‘jarlik qilganingiz bilan ham, men ko‘raman dedim, ko‘raman.
Shu so‘zlardan keyin u kichkina qo‘llarini Tomning qo‘llari ustiga qo‘ydi. Orada yengilgina kurash boshlandi. Tom ko‘rinishda qarshilik qilayotgandek bo‘lsa ham, lekin o‘zi sekin-asta qo‘lini siljitib yozuv ustidan olib borar edi. Nihoyat, taxtadagi yozuv ochilib: «Men sizni yaxshi ko‘raman!» degan so‘z ko‘zga chalindi. Qiz birdan o‘zgarib:
– Voy, basharangiz qursin! – dedi-da, Tomning qo‘liga qattiqqina bir urdi. Shu bilan birga qiz qip-qizarib ketdi, go‘yo o‘z-o‘zidan mag‘rurdek ko‘rindi.
Xuddi shu paytda kimdir qulog‘idan mahkam ushlab cho‘zayotganini va partadan ko‘tara boshlaganini Tom sezib qoldi. Shu zaylda uni butun sinfdagi bolalarning qichqirib kulishlari ostida qulog‘idan sudrab olib borib, sinfning ikkinchi tomoniga – o‘z o‘rniga o‘tirg‘izib qo‘ydilar. Muallim bir necha minut davom etgan sukunat ichida indamay uning tepasida turdi-da, keyin churq etmay sekin-asta o‘z o‘rniga qarab ketdi.
Tomning qulog‘i og‘riq zarbidan lovullab yonayotgandek bo‘lsa hamki, yuragi quvonch bilan to‘lgan edi.
Maktab ichi tinchlanganidan keyin, Tom, insof bilan o‘zini yaxshi tutib, ya’ni zehn qo‘yib o‘qishga urindi, lekin uning kallasi turli o‘ylar bilan g‘uvullab ketgan edi. Kitob o‘qish darsida u yanglishib, bir so‘z o‘rniga boshqa bir so‘zni aytar, jug‘rofiyada esa ko‘llarni tog‘ qilib, tog‘larni daryo qilib, daryolarni quruq yerga aylantirib yuborar, xullaski, uning so‘zlaridan dunyo yaratilishidan avvalgi vaqtlarda hukm surgan tuturiqsiz bir narsa kelib chiqar edi. Husnixat darsida ham eng oddiy so‘zlarda son-sanoqsiz xatolar qilib, xullas, o‘quvchilar orasida hammadan past darajaga tushdi; bundan bir necha oy ilgari yaxshi o‘qiganligi uchun unga taqdim etilgan va u mag‘rurlik bilan ko‘kragiga taqib yurgan qalayi nishonini ham undan olishib, boshqa o‘quvchiga berdilar.