Читать книгу Soliqlar va soliqqa tortish - Ulug'bek To'lakov - Страница 4

KIRISH

Оглавление

Mamlakatimiz ta’lim tizimini shaklan va mazmunan isloh qilish, uning huquqiy bazasini takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ta’lim-tarbiya mazmuni, shakl va usullari samaradorligini oshirish borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda ta’lim tizimini takomillashtirish orqali har tomonlama yetuk, barkamol, mustaqil fikrlashga qodir, irodali, fidoiy va tashabbuskor kadrlarni tayyorlashga katta e’tibor berilmoqda. Bu borada kadrlar tayyorlash va ta’limning uzluksiz tizimini isloh qilish bo‘yicha ko‘plab qonuniy asoslari yaratildi.

Uzluksiz ta’lim tizimida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, ularda ilmiy dunyoqarashni, mehnatga ijodiy munosabatni tarkib toptirish, yuksak mehnat intizomini shakllantirish bo‘yicha «Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» qabul qilindi.

Qisqa vaqt davomida har tomonlama yetuk, komil inson va barkamol shaxsni tarbiyalashga qaratilgan uzluksiz ta’limning yaxlit tizimi yaratildi. Respublikada oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash sohasida ham islohotlar bosqichma-bosqich, tadrijiy ravishda amaliyotga joriy etildi. Oliy ta’limning jahon standartlariga javob beradigan ikki bosqichli tizimi – bakalavriat va magistratura yaratildi. So‘nggi yillarda oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirildi hamda shakllangan stajyor-tadqiqotchi-izlanuvchilar va katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutlarining moddiy ta’minoti mustahkamlandi.

O«zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov mazkur muammoning ijtimoiy-iqtisodiy va amaliy ahamiyatini «Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq butun mamlakat miqyosida ta’lim va tarbiya, ilm-fan, kasb-hunar o‘rgatish tizimlarini tubdan isloh qilishga katta zarurat sezila boshladi»1 deb asoslaganlar. Shu bois, hozirgi davrda ta’lim samaradorligini oshirish, pedagog kadrlarni innovatsion faoliyatga yo‘naltirish, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘quv jarayoniga innovatsion ta’lim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tadbiq etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirish va maqsadli yo‘naltirish oliy ta’lim tizimini modernizatsiyalashdagi dolzarb vazifalar sifatida belgilandi.

Xususan, 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining «Ijtimoiy sohani rivojlantirish» deb nomlangan to‘rtinchi yo‘nalish2 maktabgacha ta’lim muassasalarining qulayligini ta’minlash, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim sifatini yaxshilash hamda ularni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.

O«zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatning yetakchi olimlari, ziyolilari, akademiklari bilan uchrashuvida o‘tgan 25 yil davomida mamlakatda katta islohotlar amalga oshirilgani, barcha sohalarda ulkan yutuqlar qo‘lga kiritilganini e’tirof etgan holda bugungi ta’lim sifatini shiddat bilan rivojlanib borayotgan zamonaviy dunyoning yangicha talablarga moslashtirish lozimligi, bu masalalarni bugun hal qilinmasa, ertaga kech bo‘lishini ta’kidladi. Uchrashuvda qayta-qayta tilga olingan masala kadrlar tayyorlash tizimi bo‘ldi. O‘zbekistonda bu borada tegishli baza yaratilgan, faqat uni mukammal tizimga aylantirish, buning uchun esa OTMda ta’lim dasturlarini takomillashtirish talab etiladi.

Sohani isloh qilish bo‘yicha milliy modelimizning o‘ziga xosligi shundaki, unda yangilanishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Avval, ta’lim tizimining huquqiy asoslari shakllantirilib, moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi, pedagog kadrlarni tayyorlash tizimi va ta’lim muassasalarining ilmiy-metodik jarayonni olib borishi yo‘lga qo‘yildi.

O«zbekistonda siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha tomonlarini izchil isloh etish va erkinlashtirish, jamiyatimizni demokratik yangilash va modernizatsiya qilish jarayonlari yildan-yilga jadal sur’atlar bilan kengayib bormoqda.

Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda mamlakatimiz iqtisodiy siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri soliq siyosatini yanada liberallashtirish soliqqa tortish tartibini soddalashtirish soliq yukini pasaytirish xo‘jalik sub’ektlarining huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha choralar majmuini amalga oshirish hisoblanadi.

Ushbu ustuvor vazifalarni ro‘yobga chiqarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti 2017 yil 7 fevral kungi farmoni bilan 2017—2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini tasdiqladi. Strategiya loyihasi dolzarb hamda aholi va tadbirkorlarni tashvishga solayotgan masalalarni kompleks o‘rganish, qonunchilik, huquqni muhofaza qilish amaliyoti va xorijiy tajribani tahlil qilish yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilganligi maqtovga sazovordir. Harakatlar strategiyasining uchinchi vazifasi ham aynan iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga yo‘naltirilgan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish, hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish iboratdir. Hususan, soliq yukini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini soddalashtirish yo‘lini davom ettirish, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish va rag‘batlantirishning tegishli choralarini kengaytirishga urg‘u berilgan.3

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab o‘tganlaridek yaqinda qabul qilingan yangi Soliq kodeksiga muvofiq, bu yildan boshlab ko‘plab yangiliklar amaliyotga joriy etilmoqda. Jumladan, soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Soliqlarni to‘lash muddatini uzaytirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berish bo‘yicha yengillashtirilgan mexanizmlar kiritildi. Birinchi marta tadbirkorlarga ichki bozorda sotgan mahsuloti bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibi joriy etilmoqda. Hozirgacha bu tartib faqat mahsulot eksport qilinganda qo‘llanar edi. Endi tadbirkor tomonidan to‘langan ortiqcha soliq o‘z muddatida qaytarilmasa, unga Markaziy bankning asosiy stavkasi bo‘yicha budjetdan foiz to‘lanadigan bo‘ldi4.

Soliqlar davlat budjetining asosiy daromad manbai ekanligini bilamiz. Shunday ekan, bugungi kunda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar yig‘iluvchanligining zarur darajasini ta’minlash, xufiyona sektorda faoliyat yurituvchi shaxslar faoliyatini legallashtirish, soliq to‘lovchilarning o‘z soliq majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda bajarishiga erishish budjet daromadlarini oshirishning asosiy omillari sifatida qaraladi. Shu bois ularni oliy ta’lim muassasalari bakalavr ta’lim bosqichi talabalari tomonidan o‘zlashtirilishi va uni o‘qitishning mavjud muammolarni aniqlash, o‘z vaqtida hal etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur holatlarni hisobga olgan holda O`zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2008 yil 21 iyuldagi qo‘shma qaroriga asosan 2008—2009 o‘quv yilidan boshlab Respublika oliy o‘quv yurtlari va kollejlarining barcha noiqtisodiy ta’lim yo‘nalishlarida «Soliqlar va soliqqa tortish» fani o‘qitila boshlandi. Oliy ta’lim tizimining noiqtisodiy yo‘nalishidagi talabalarga soliq munosabatlariga oid masalalarni endigina o‘rganishga kirishilayotganligini e’tiborga olgan holda ularga soliqlarni mohiyati va ahamiyati haqida samarali va kengroq tushunchalar berish uchun nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni o‘qitishda innovatsiyalardan va ilg‘or xorijiy tajribalardan keng foydalangan holatda o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

1

Karimov. I.A. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. – T.: O‘zbekiston, 2011. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi 4947-sonli Farmoni.

2

3 www.press.servis//Ilm-fan yutuqlari – taraqqiyotning muhim omili.

3

O«zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi 4947-sonli Farmoni.

4

O«zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. 2020 yil 24 yanvar

Soliqlar va soliqqa tortish

Подняться наверх