Читать книгу UCH OG‘AYNI BOTIRLAR - - Страница 4

XASIS BOY

Оглавление

Qadim o‘tgan zamonda, biz bilmagan tomonda bir boy bo‘lgan ekan. Uning haddan tashqari xasisligini qishloqda hamma bilar ekan. Bir kuni boy tong saharda bomdod namozini o‘qish uchun masjidga chiqibdi. Azon aytilib, imom «Allohu akbar» – deb namozini boshlaganda, xasis boyning uyda chiroqning yoniq qolgani, o‘chirib kelish esidan chiqqani yodiga tushibdi-da, namozini ham tashlab, uyiga yuguribdi. Halloslagancha yetib kelgan boy eshikni taqillatishdan o‘zini zo‘rg‘a to‘xtatibdi. Har eshikni taqillatganda bo‘yog‘iga zarar yetib, ohiri ketishi mumkinligini o‘ylabdi. Axiri, boshqacha yo‘l topibdi, u ovozi boricha baqirib uydagilarni chaqiribdi. Ichkaridan kelini chiqibdi. U eshikni ochishi bilanoq boy yugurib borib chiroqni o‘chiribdi.

– Xudoga shukr, yaxshiyam chiroq yonib qolgani esimga tushibdi-ya, qizim, namozni o‘qib kelgunimcha qancha yoqilg‘i, qancha pilik yonib tugardi-ya, – debdi u hansirab. Kelini shaddodroq ekan:

– Dadajon, namozni o‘qib kelguningizcha qancha kerosin, qancha pilik ketishini o‘ylabsizu, masjiddan yugurib kelguningizcha kovushingizning tagi qanchalar yeyilishini o‘ylamabsiz-da? – debdi.

Shunda boy miyig‘ida kulgancha der emish:

– Bu yog‘ini ham o‘ylab qo‘ygandim! Kovushni qo‘ltig‘imga qistirib yugurdim. To‘g‘ri, tovonimga bir-ikki tikan kirdi, ha, mayli, oyoq-ku ikki-uch kunda tuzalib qoladi, ammo kovushimga biror nima bo‘lganda men chidolmasdim!

Kelini uning haqiqiy ziqna ekanligiga yana bir bor tan beribdi.

UCH OG‘AYNI BOTIRLAR

Подняться наверх