Читать книгу UCH OG‘AYNI BOTIRLAR - - Страница 5
QAYIQCHI
ОглавлениеQadim zamonda bir qayiqchi bo‘lgan ekan. U daryo bo‘yida yashar va har kuni daryodan baliq ovlab, sotar ekan. Qayiqchi bolalari bilan Xudoga ibodat qilishni kanda qilmas ekan. Buni ko‘rolmagan shayton qayiqchini yo‘ldan urishga urinibdi:
– Qayiqchi, bu daryo qayerga borib qo‘shiladi?
– Bilmayman, – deya javob qaytaribdi qayiqchi.
– Dengiz degan katta suvga qo‘shiladi. Bu katta suvda turli xil baliqlar bo‘ladi. Go‘shtining ta’mi tovuqning go‘shtidan ham, mol go‘shtidan ham shirin bo‘ladi. Kattaligi senday, vazni xo‘kizday. Bittasini tutib sotsang, o‘rniga sut beradigan yaxshi bir sigir beradi.
Qayiqchi og‘zini ochib, shaytonning gapiga laqqa ishonibdi.
– Bu yerda bir umr baliqchilik qilib kuningni bazo‘r o‘tkazayapsan. Menga qara, qayiqchi, sen katta bir qayiq yasa, bir marta baliq tutsang, umrbod to‘kin-sochin yashaysan.
Qayiqchi nafsga, orzu-umidlarga berilib, Yaratganni unutibdi. Bir hafta deganda, u katta qayiq yasabdi. Bola-chaqasi bilan xayrlashib, ularga tayinlabdi:
– Sizlar hamma xonalarni bo‘shatinglar. Xonalarga baliq to‘ldiramiz.
Shu payt qayerdandir paydo bo‘lgan o‘sha shayton qayiqchining yelkasiga yana o‘tirib olibdi.
– Xafa bo‘lma, qayiqchi, men bilan do‘st tutinganlarning yelkasiga o‘tirishni yaxshi ko‘raman. Qayiqchi, sen tayyormisan? Bo‘lmasa, ketdik.
Qayiqchi xursand edi, u shaytonning ko‘rsatmalariga so‘zsiz itoat etardi. Shayton va qayiqchi ikki kun suzganlaridan keyin «dengiz» deb ataladigan katta bir maydonga chiqishibdi. Dengizni ko‘rib, qayiqchi shaytonga qayta-qayta minnatdorchilik bildiribdi.
– Rahmat senga, do‘stim, endi ayt, qayerga to‘r tashlay?
– Shoshilma, sohil bo‘ylarida baliqlar kichkina bo‘ladi. Dengiz o‘rtasida aytganimdek, xo‘kizday-xo‘kizday baliqlar bo‘ladi.
Ular dengiz o‘rtasigacha suzib borishibdi. Qayiqchi shaxd bilan eshkak eshib, kun botganini ham sezmay qolibdi. U dengiz o‘rtasiga borib, charchab, biroz dam olgisi kelibdi. Dengizning na boshi va na oxiri ko‘rinarkan. Birdan chaqmoq chaqib, yomg‘ir yog‘a boshlabdi. To‘lqin ko‘tarilib, qayiqni chayqata boshlabdi. Timsohga o‘xshagan hayvonlar qayiqqa hamla qila boshlabdi. Qayiqchi bunday qo‘rqinchli manzarani endi ko‘rishi ekan.
Qayiqni dengiz o‘z domiga torta boshlabdi.
– Do‘stim, qaydasan, qayerga olib kelding, meni?
Shayton qax-qax kulib:
– Men seni to‘g‘ri yo‘lingdan adashtirdim. Agar menga ergashmasang, xozir mazza qilib bola-chaqangni oldida yayrab, ibodatingni qilgan bo‘larding. Shunga aytadilar-da, «Uzoqning bug‘doyidan yaqinning somoni yaxshi» deb.
Qayiqchi tushunibdi, «do‘sti»ning shayton ekanligini fahmlabdi. Qayiqchi dod-voy qilganicha suvga g‘arq bo‘libdi…