Читать книгу Dunyoning ishlari - - Страница 10

DUNYONING ISHLARI
BOLA YIG‘ISI

Оглавление

Onamning jahli chiqqanini kamdan kam ko‘rardim. Ammo bu gal juda qattiq achchiqlandi. Opamnikiga ketayotgan edik. Tor ko‘chaga burilishimiz bilan yig‘i ovozi eshitildi. Ko‘cha chetida uch yoshlardagi bola yerga dumalab tajanglik bilan chinqirar, oppoq ko‘ylagi, ishtonchasi qora tuproqqa belangan edi.

– Mashinani to‘xtat, o‘g‘lim, – dedi onam xira tortgan ko‘zlarini o‘sha tomonga tikib.

– Nima edi?

– To‘xtata qol, bolam, – deya onam ma’yus jilmaydi.

Ikkilanibroq to‘xtatdim.

Onam inqillab-sinqillab eshikni ochib tushdi. Uvishgan oyoqlarini uqalagancha oqsoqlana-oqsoqlana orqaga, bola yig‘layotgan tomonga qarab ketdi. Men ham beixtiyor ergashdim. Bola hamon yerga dumalar, har dumalaganda quloqni teshib yuborgudek chinqirar edi. Uning tepasida o‘zi ham o‘pkasini arang bosib turgan yoshgina juvonga endi e’tibor berdim.

– Jinni bo‘lib qolgan bu, – dedi juvon yig‘lamoqdan beri bo‘lib. – Morojniy ober, dedi. Olib bersam bunaqa qilyapti.

Bola hamon chinqirib yig‘lar, xarxasha qilar edi:

– Issiq manoj! Issiq manoj obering!

– Unaqasini qayoqdan topaman! – Juvonning toqati toq bo‘ldi shekilli, dumalayotgan o‘g‘lini yerdan yulqib ko‘tardi. Orqasiga bir-ikki shapatiladi.

– Hoy, qizim, bola-ya bu, bola-ya! – onam chumchuqdek chirqillab juvonga yopishdi. – Kel, jonim, – dedi bolani bag‘riga bosib. – Kela qol, o‘zim senga issiq morojniy olib beraman.

Bola yig‘idan to‘xtamadi. Ammo avvalgidek tipirchilamasdi. Uning shunchalik jahlini chiqargan «sovuq manoj» oqib ko‘ylakchasining oldini shalabbo qilgan, boshdan oyog‘igacha loy edi.

– Nimaga qarab turibsan? – dedi onam menga to‘satdan. – Yo sen ham bolamisan? Bor, olib kel mashinangni. Hozir u-utaga boramiz. Di-ditga tushamiz-a?

Rostini aytsam, bolani shu ahvolda mashinaga o‘tqazgim kelmadi. Chet eldan keltirilgan yangi parolon g‘ilof olgan edim. Hammasini rasvo qilib yuboradi endi. Noiloj mashinani tislantirib olib keldim, qovog‘imdan qor yog‘ayotganini o‘zim ham sezib turardim.

Onam yoniga o‘tirgan juvonga tushuntirdi:

– Bunaqada bola xuyli bo‘lib qoladi, qizim. Aldab-suldab ovuting-da. Ana, di-ditga tushdik.

Bola endi yig‘lamas, ammo o‘pkasi to‘lib to‘xtovsiz hiqillar edi.

– Qayoqqa ketayotgan edinglar, o‘rgilay? – dedi onam ayolni ham yupatuvchi ohangda.

Meni ona-bolaning qayoqqa borishi emas, o‘rindiqning qancha joyi loyga belangani ko‘proq o‘ylantirardi.

Ayol chimirilib o‘tirganimni sezdi shekilli, xijolat chekib shosha-pisha qo‘l siltadi.

– Mana, keldik. Rahmat. Shu yerda trolleybusga chiqamiz. – U ovunib qolgan o‘g‘ilchasini ko‘tarib shosha-pisha mashinadan tushdi. – Katta rahmat, baraka topinglar.

Qarasam, xuddi o‘zim o‘ylagandek: o‘rindiqning yarmi loyga belanibdi.

– Qiziqsiz, – dedim jahlimni bosolmay, – hammaning ishiga aralashaverasizmi?

– Nima hammaning ishi?

– Birovning bolasi bo‘lsa… Yig‘lasa, sizga nima? Yig‘lab-yig‘lab ovunadi.

– Nimaga birovning bolasi bo‘larkan! – To‘satdan onamning jahli chiqib ketdi. – Yig‘lab turgan bolaning begonasi bo‘ladimi? Uyalmaysanmi shunaqa degani? Yig‘lab turgan norasidaga rahmi kelmagan odam – odammi?

Indamadim. Ammo baribir o‘shanda onamni nohaq hisoblagan edim. Yo‘q, chamamda, onalarning biz tushunmaydigan, bizning o‘lchovimizga sig‘maydigan o‘z olami borga o‘xshaydi.

Dunyoning ishlari

Подняться наверх