Читать книгу Dunyoning ishlari - - Страница 6

DUNYONING ISHLARI
QARZ

Оглавление

Bir kuni gapdan gap chiqib, aka-ukalar oyimga hazillashdik:

–Har oy pensiya olasiz. Shuncha pulni qayoqqa qo‘yyapsiz? Sandiqqa bosyapsizmi?

– Sandiq qatta, bolam? – deb kuldi onam. – Qarzlarim bor. O‘shanga beraman-da.

Akamning qovog‘i osildi:

– Qarz? Hali birovdan qarz ham olasizmi?

– E, senga nima, bolam! Mening ishimga aralashib nima qilasan?

Keyin gap boshqa yoqqa aylanib ketdi. Bu suhbatni butunlay unutib yuborgan edim. Qaysi kuni ertalab hovlida aylanib yursam, qo‘shinimizning yetti yashar qizchasi Nilufar chiqib qoldi. Oppoq bantik taqib, atlas ko‘ylak kiyib olibdi.

– Ha, Nilu, yasanib olibsan, mehmonga ketyapsanmi?– dedim erkalab.

– Bugun man tug‘ildim, – dedi u qop-qora ko‘zlarini pirpiratib jilmayarkan.

– Iya, yubilyar ekansan-da, shoshmay tur-chi, hozir…

Uydan bir hovuch konfet olib chiqdim.

– Mana, o‘rtoqlaring bilan ye.

Nilufar kattalardek jiddiy bosh chayqadi:

– Men ishkalad yemayman. Tishim tushgan. – Keyin yana o‘sha jiddiy ohangda qo‘shib qo‘ydi: – Bultur poshsha buvim menga tufli olib beruvdilar. Tug‘ilganimda. – Qizcha o‘ylanib qoldi. – Keyin-chi, Bahoga uch oyoqli velosiped, Baxtiga ko‘ylak…

Qo‘limdan konfet tushib ketdi.

Dunyoning ishlari

Подняться наверх