Читать книгу Dunyoning ishlari - - Страница 12
DUNYONING ISHLARI
SURAT
ОглавлениеDunyoning ishlari doim shoshilinch. Odatdagidek tik turgancha nonushta qilayotgan edim. Onam odatdagidek qistardi:
– O‘tirsang-chi, bolam. Birpas o‘tirgin.
– Bo‘ldi, ketdim.
–Shoshma, bolam. – Onam ko‘zimga odatdagidan boshqacha, qandaydir mung bilan termildi. – Gap bor.
Tipirchilab soatga qaradim: hali benzin olish kerak, ishga borish kerak, keyin nashriyotga o‘tish…
– Nima edi?
Onam ko‘zimga hamon ma’yus termilib o‘tirardi.
– Suratga tushaylik, – dedi to‘satdan.
Ajablandim.
– Nega?
– Yaqinda men o‘laman.
Onam bu gapni xuddi: «Qo‘shninikiga chiqib kelaman», degandek ohangda aytdi. Kulib yubordim.
– Qo‘ysangiz-chi, oyi.
Shunday dedim-da, chiqdim ketdim.
Oradan ikki hafta o‘tdi-yu… Kechalari uyg‘onib ketaman, o‘ylayman. O‘ylayman: sen nomard, sen ahmoq nimaga, nimaga o‘shanda kulding? Suratga tushishga vaqting yo‘qmidi? Kerak bo‘lsa topasan-ku! Kitob uchun, jurnal uchun, ish ustida, bog‘da, ko‘chada… Nima, sen kinoyulduzmisan? Jahonshumul shaxsmisan? Ana, bir dasta surating yotibdi. Har xil. Har yerda… Faqat… Onang bilan tushgan surating yo‘q!