Читать книгу Dunyoning ishlari - - Страница 2
DUNYONING ISHLARI
OQ, OYDIN KECHALAR
ОглавлениеBolaligimni eslasam, iliq yoz kechalari ko‘z oldimga keladi. Hovlimizda bir tup bodom bo‘lardi. Erta bahorda qiyg‘os gullardi-yu, hech meva tugmasdi. Onam: «Bodom yolg‘iz bo‘lgani uchun meva qilmaydi», deb tushuntirardi. Shu bodom tagida supa bor edi. Kun botishi bilan onam hovliga ko‘loblatib suv separ, kunbo‘yi oftobda qizigan yer hidi supa oldidagi rayhonlar isiga qo‘shilib ajib bir tarovat taratar, atrof jimjit bo‘lib qolar edi.
Keyin yirik-yirik yulduzlar bilan to‘lgan osmonga tillaqoshdek ingichka oy suzib chiqardi. Oyim oyga tikilib turib ohista pichirlar edi:
Oymomaxon xulla,
Qanotlari tilla.
Subxon allo sizga,
Umr bersin bizga…
Shunday deb boshimni silardi. Oymoma esa bu sehrli qo‘shiqni yana bir eshitgisi kelgandek, muallaq to‘xtab qolar, yulduzlar o‘ychan ko‘zlarini tikib muloyim boqib turishar, onam ertak aytar edi.
Toshlar orasiga kirib g‘oyib bo‘lgan baxtsiz qizcha yig‘lab-yig‘lab qo‘shiq aytardi:
Ochil-ochil, oq toshlar-a,
Men onamni ko‘rayin-a,
Diydoriga to‘yayin-a.
– Men osmondan yulduzimni tanladim. Qarang, oyi, yetti og‘ayni orasidagi eng yorug‘ yulduz – meniki…
– Mayli, o‘g‘lim. O‘sha yulduz seniki. Anovi to‘rtinchisi – meniki.
– Nega, oyi, to‘rtinchisi eng kichkina yulduz-ku!
– Shuning uchun ham meniki… To‘rtinchi yulduz– yetimcha yulduz. Ko‘rdingmi, yaxshi o‘smay qolgan. Yetimlarga rahm qilish kerak.
Yulduzlar sirli ko‘z qisishar, tillaqoshdek ingichka oy sirli mo‘ralar, shabada sirli shivirlar, sadarayhon bilan tuproq sirli hid taratar, osmon ham, yer ham sirlarga to‘la edi.
Goho-goho osmonda birdan yulduz uchib qolardi. Hozirgina yonib turgan yulduz to‘satdan lop etardi-yu, ingichka, nurli iz qoldirib g‘oyib bo‘lardi. Onam cho‘chib tushardi:
– Esiz… Bir bechoraning joni uzildi-ya…
Yuragim shuv etib, onamning pinjiga kirardim. Ishqilib, boshqa yulduz uchmasin!
… Bolaligimni eslasam, iliq yoz kechalari ko‘z oldimga keladi. Bilmadim, ehtimol o‘sha oq, oydin kechalarda onam ilk bor qo‘limga qalam tutqazgandir.
Yulduz to‘la osmonga tikilaman. Ehtimol, osmondagi eng yorqin yulduzlar onalarning jonidir. Ehtimol, onalarning so‘ngan yulduzlari birlashib quyoshga aylangandir. Oftobni ona deyishlari, ehtimol, shundandir.