Читать книгу Qasoskorning oltin boshi - - Страница 3
BIRINCHI QISM
PAXSAKASHLAR ISYONI
II bob
YO‘LOVCHILAR
ОглавлениеMing to‘qqiz yuz to‘rtinchi yilning o‘n sakkizinchi o‘ktabr kuni choshgoh mahalida uch yo‘lovchi Samarqand shahridan shitob bilan chiqib kela boshladi. Samarqand-Dahbed yo‘li har qachongidan ham gavjum: shaharga kirib kelayotgan aravalar yuk og‘irligidan g‘ijirlaydi, eshak mingan va suvoriylar yelkalariga og‘ir yuk ko‘targan yo‘lovchilarning ko‘zini kuydirib, jadal o‘tib ketishadi, faytunlarning hisobi yo‘q – o‘rindiqlarda viqor bilan o‘tirgan sersavlat xo‘jayinlarni, katta-kichik amaldorlarni olib o‘tishadi ular.
Goho hammayoqqa loy sachratib, ot choptirib o‘tib qolishadi.
– Oqposhshoning arzandasi bo‘lsang ham evi bilanda! – deydi yo‘lovchilardan biri yuziga sachragan loyni artib.
– Mingani qirchang‘i baytal-u, – deydi boshqa yo‘lovchi ham dili og‘rib, – shahar hokimidek dag‘dag‘asi bor-a!
Yo‘lovchilardan biri Namozboy. Oyog‘ida ixcham tikilgan choriq, egnida yangigina mayda gulli chopon, boshida ko‘k parchadan salla. Ikkinchisi Hayitboy, uchinchisi To‘xtash. Ikkovlarining ham yoshi o‘n uch-o‘n to‘rtlarda. Hayitboy dum-dumaloq, yalpoq yuzli. Uning hammayog‘ini, hatto, bo‘yin va quloqlarigacha yiringli yara bosib ketgan, oyog‘ida katta odamlarning etigi, ustma-ust yamoq tushaverganidan etik ekanligi ham bilinmay ketgan. U yalang‘och badaniga eski chopon kiyib olgan. To‘xtashvoy bo‘lsa ozg‘in, ta’riflab bo‘lmaydigan darajada ozg‘in, bo‘yni olmaning sabog‘idek ingichka, yuzi za’faron. Ko‘zlari ich-ichiga botib ketgan, oyog‘ida poyma-poy charm kovush, egnida qat-qat bo‘z ko‘ylak, amma ko‘ylaklar egasi kiygandan buyon yuvilmagan bo‘lsa kerak, qasmoq boylab ketgan. Ikkov bolaning ham boshida yangi do‘ppi. Kir ishtonga zar jiyak, deganlaridek mayda gulli, chiroyli tikilgan do‘ppilar bolalarning eski kiyimlariga, kir boshlariga uncha yarashmayroq turgandek.
– Xo‘sh, To‘xtash polvon, charchab qolmadingmi? – orqasiga o‘girilib so‘radi Namozboy.
To‘xtash darrov javob qaytarmadi. Yurishda to‘xtab chuqur entikdi, Namozboyga qarab g‘alati jilmayib qo‘ydi:
– Yo‘q, charchaganim yo‘q, – dedi u yelkasi bilan nafas olib, – o‘zim shunaqa bo‘lib qoldim, sal yursam terlab ketaveraman.
– Quvvating yo‘q-da, – gapga qo‘shildi oldinroqda borayotgan Hayitvoy.
– Hechamda! – izzat-nafsi qo‘zg‘alib dedi To‘xtashvoy. – Quvvatim o‘zimga yetarli… Faqat yursam terlayman. Avvalgi kuni Toshoxurdan kela turib ham shunaqa bo‘luvdim.
– Toshoxurga ne deb boruvding? – so‘radi Namozboy. – Yo gubernatorning otini sug‘orishga bordingmi?
– Yo‘q, – ojizgina kulib qo‘ydi To‘xtashvoy,– kecha ayttim-ku, u yerning odamlari saxiyroq deb, tilamchilarga ko‘proq berishadi.
Namoz bu ikki yetimni Bozori asp yonidagi «Panohi sag‘iron» choyxonasidan olib kelyapti. O‘zi ham bolaligida mana shu choyxonada jon saqlagan. Och qolganda bir burda qotgan non, sovuqqotganda bir piyola dog‘ suv shu yerdan topilgan unga. Yillar o‘tib, ulg‘ayib, odam qatoriga qo‘shilganda ham «Panohi sag‘iron»ning sohibi Devona boboni hech unutmaydi…
Aytishlaricha hozir yoshi ellik besh-ellik oltilarga borib qolgan Devona bobo ota-onadan juda erta judo bo‘lib, ko‘cha-ko‘ylarda tilamchilik qilib ulg‘aygan. Tilamchilik bilan topgan chaqalarini yemay-ichmay yig‘ib yurib, tashlandiq bir hovlini sotib olgan, yetimxona ochgan. Bu dargoh bora-bora «Panohi sag‘iron» nomini olgan…
Namoz ba’zan oyida bir, ba’zida ikki oyda bir kelib, choyxonada tunab yurgan yetimlarni mehmon qilib, foytun aravaga solib, o‘ynatib, dillarini xushlab, yetimligini bir nafas bo‘lsa ham unuttirib ketadi. Kecha uning yo‘li yana Samarqandga tushib qoldi. Yoz bo‘yi chorakorlik qilib topgan olti qop bug‘doyini sotib, unashtirib qo‘yilgan qaylig‘iga sarpo qilmoqchi edi. Opasi Ulug‘oy uni shu maqsad bilan jo‘natgandi. Namoz bug‘doyni kapponga kirmayoq Siyob bozori darvozasi yonida ko‘tarasiga sotib yubordi. Umuman, bozor qilishga hafsalasi yo‘q uning: narsa olsa albatta qimmatiga oladi, sotsa albatta arzonga sotadi. Nimaiki xarid qilsa opasi Ulug‘oyga ma’qul tushmaydi, gap eshitadi.
Devona bobo bilan birgalashib bozor qilarmiz, deya shoshilib «Panohi sag‘iron»ga jo‘nadi. Kelsa, xayriyat, Devona bobo shu yerda ekan. Choy damlashni dastyor bolaga qoldirib, o‘zi tengi ikki-uch mo‘ysafid bilan yonboshlashib, choyxo‘rlik qilishib, suhbati jonon qurib o‘tirishgan ekan. Choyxona pastqam, boz ustiga darichalari ham yopiq bo‘lgani uchun qorong‘ilikda Namozboy ularni darrov payqayolmadi.
– E, Polvon o‘g‘lim! – deb Devona boboning o‘zi unga peshvoz chiqdi. Bag‘riga olib, uzoq quchoqladi, ikki qo‘llab yelkalarini siladi, – suf-suf-suf! Ko‘z tegmasin, xo‘p yetilibsan, polvon bo‘lib ketibsan! Qani-qani to‘shakka, obbo, o‘g‘limey, ukalaringni sog‘inibsan-da?
– O‘zingizni ham sog‘indim, ota!
– Umringdan baraka top, Polvon o‘g‘lim!
Choyxo‘rlar chiqib ketgach, ikkovlari yolg‘iz qolib, eski to‘shaklarda yonboshlashib olib, xo‘b otamlashdilar. Namozboy qishloqdagi gaplardan, Devona bobo shahardagi yangiliklardan so‘zladi. Bu yerda nimalardir bo‘layotgan ekan, janob Yudinning izvosh haydovchilari ish haqimizga yana yarim tangadan qo‘shmasang ishlamaymiz deb, to‘polon ko‘tarishibdi, ertasiga Nordman janoblarining aroq zavodi korgarlari, Nikolayev janoblari choy qadoqlash fabrikasi xodimlari ham ularga qo‘shilibdi. Bu g‘alvalar bir yoqli bo‘lmasdan turib, temir yo‘l tomonda ur-yiqit boshlanib ketibdi. Ishga chiqmagan temiryo‘lchilarni jazolash uchun yigirmata kazak soldat yuborilgan ekan, miltiqlarini tortib olib, o‘zlarini rosa kaltaklashibdi.
– E, Polvon o‘g‘lim, oxir zamon bo‘lganga o‘xshaydi, – uh tortib dedi Devona bobo, – xo‘jayinlarda insof qolmayapti, yurtda qut-u baraka, boylarda diyonat yo‘q. Xudo o‘zi bir yo‘lga boshlamasa, qiyomat-qoyim bo‘lishi hech gap emas.
– Lekin, ota, o‘rislar yo‘l oxtarishyapti, – dedi o‘yga tolib Namoz.
– Qanaqa yo‘l ekan, Polvon?
– Qanaqa yo‘l ekanligini bilmayman-u, lekin ular zulmga qarshi bosh ko‘tarishyapti.
– E o‘g‘lim, bu xalq o‘zi boshqacharoq ekan. Ta’bi adolatga moyil, haqsizlikka toqati yo‘qroq kelarkan. Bir-ikkitasi choyxo‘rlikka kelib turadi. Yetimlarning boshini silayotganimni eshitib, bittasi ataylab meni ko‘rgani kelibdi. «Boboy, sen yaxshi», deb qo‘ymasdan bir so‘lkavoy tashlab ketdi… Lekin, o‘g‘lim, sen ehtiyot bo‘l. Poshsholikka qarshi gap aytganlarni ushlab, avaxta qilishyapti. Endigina qo‘ling oshga yetganda tag‘in burning qonamasin.
– Xo‘rlikda osh yegandan ko‘ra, mushtlashib qon yutganing ham ma’qulmi, deb qo‘ydim-da, – dedi Namozboy otaxonga e’tiroz bildirib.
– Qo‘y, Polvon unaqa dema. Musulmon bandasiga bunday gap yarashmaydi, – choy quyib mehmonga uzatdi Devona bobo, – tepada xudo bor, zolimlarning jazosini o‘zi beraveradi… Undan ko‘ra to‘ydan gapir. Xo‘sh, boshingni qachon ikkita qilasan?
– Xudo xohlasa ro‘zadan keyin.
– Mashshoqlarni o‘zim oboraman, – negadir xursand bo‘lib dedi Devona bobo, – arava kirasiga pul yig‘ib yuribman.
Kechqurun bu yerga o‘n-o‘n ikki chog‘liq yetim-yesirlar, tilamchilar, dastyor-u boshpanasiz qolgan g‘arib-u g‘urabolar to‘planishdi. Namozboy ularga atab ikki tustovuq go‘shti, guruch keltirgan edi; o‘zi osh damladi, ketidan qovun so‘yib berdi. Ammo, Hayitboy bilan To‘xtashvoyning ahvoliga Namozboy qattiq achindi, o‘lib qolishlari mumkin, deb qo‘rqdi, olib ketib, o‘ris tabibga davolataman, sog‘ayganlaringdan so‘ng o‘ris boyning xizmatiga kiritaman degan edi, ikkovi ham darrov ko‘na qolishdi.
– Namoz aka, endi aytib bering, – iltimos qildi charchaganidan qora terga botib borayotgan To‘xtashvoy.
– Nimani aytay, Polvon ukam?
– Aytuvdiz-ku, men ham yetim bo‘lganman deb.
– Yetim bo‘lganda ham juda xunuk yetim bo‘lganman, ukaginam, shunaqa dunyo ekan bu. So‘zlab beraman, hammasini so‘zlab beraman… Lekin o‘pkam to‘lib, yig‘lavorsam kulmaysilami?
– Sizday polvon odam ham yig‘laydimi? – hayron bo‘ldi Hayitvoy.
– Yig‘layman, to‘yib-to‘yib yig‘lab olaman goho. Pahlavonda ham yurak bor, uning ham g‘am-g‘ussasi bor, ukam… Shunday qilib, men ham bir vaqtlar xuddi silarga o‘xshab yetimchaydim. Aytishlaricha, men shumqadam bo‘lib tug‘ilganakanman. Kattaqo‘rg‘on degan bir shahar bor, eshitganmisilar?
– Yo‘q, eshitmaganmiz, – barobariga javob qaytarishdi o‘smirlar.
– Ha, mayli, nasib qisa bir olib borib o‘ynatib ham kelarman… Men ana shu shaharga yaqin O‘tarchi degan qishloqda tug‘ilganman, bomdod nomozi vaxti dunyoga kelganakanman. Onam rahmatlik ko‘z yora turib olamdan o‘tibdi. Bu shum xabarni machitta otam eshitib, xastai notavon ekan, yuragi yorilib u ham bandalikni bajo keltiribdi. Shu boisdan otimni Namoz qo‘ygan ekanlar… mana shunaqa gaplar, ukajonlarim. Boylarning molxonasida katta bo‘ldim. Ho‘kizlar bilan kunjara talashgan paytlarim bo‘lardi. Ikki marta mani qul qilib sotishdi. Xayriyatki, shu Devona bobo bor ekan, Ivanboyga ro‘para qilib qo‘ydi. Ivanboy xiyla insofli bir kishi edi. O‘qitdi, til o‘rgatdi, Moskov, Peterburglarga sayohat qildirdi… Xudo xohlasa, silar ham yaxshi yigitlar bo‘b ketasizlar. Xo‘sh, polvonlar, o‘zlaring asli qayerlik bo‘lasizlar?
– Qo‘qon tarafdan kelganmiz, – barobar javob qaytarishdi bolalar.
– O‘ho‘, juda olis yurtdan ekansizlar-ku. Qanday kelib qoldilaring?
– Otash aravaga osilib kelganmiz.
– Samarqandda qarindoshlaring bormidi?
– To‘xtash, «xolam bor», degan edi, – shoshilib dedi Hayitboy.
– Jim ket endi, – jerkib dedi To‘xtashvoy, – Samarqandda yetimlarga tekin taom berisharkan, deb har kuni qistarding-ku! Otash aravaga chiqquncha yelkamdan itarib boruvding-ku!
– Ota-onalaring yo‘qmi?
– Men onam o‘lgandan keyin tug‘ilgan ekanman, – tushuntira boshladi To‘xtashvoy.
– Yo‘g‘-e!
– Rost, odamlar sen to‘rqovoqda katta bo‘lgansan, deyishadi.
– Hayitvoy, sen-chi, nega indamaysan?
Oldinroqda jimgina borayotgan Hayitboy yurishdan to‘xtab, kulimsiradi:
– Nima dey?
– Ota-onang bormi?
Hayitboy yelkasini qisib, yara toshgan aftini g‘alati bujmaytirdi:
– Bilmayman.
– Machitning so‘pisini otam deb yurardi bu, – gapga qo‘shildi To‘xtashvoy.
– O‘zing-chi, o‘zing? Paranji yopingan xotinni ko‘rsang enam shu bo‘lsa kerak deb, orqasidan ergashasan-ku!
– Qachon ergashibman?
– Har kun ergashasan.
– Enamni unaqa haqorat qima.
– Enang o‘zi yo‘q-ku?
– Bor, xudo xohlasa topib ham olarman.
Yigitchalar yurishdan to‘xtab, cho‘qishishga hozirlangan jo‘jaxo‘rozlardek bir-birlariga hezlanib qolishdi. To‘xtashvoy jo‘rasiga tikilib turib, to‘satdan gandiraklab ketdi-yu, orqasi bilan yerga o‘tirib oldi.
Namozboy shoshilib uning yoniga keldi:
– Nima bo‘ldi?
– O‘zim… – yelkasi bilan tez-tez nafas ola boshladi To‘xtashvoy, – darmonim yo‘q, yursam ter bosadi, boshim aylanadi… men qola qolay, jon aka, keyin darmonga kirsam olib ketarsiz.
– Ko‘tarib olaymi?
– Yo‘q, yo‘q!
– Bo‘lmasa, yuringlar. Qarshi guzariga borib, bir choylashib olamiz. Bu yerda kavobni xo‘p o‘xshatib pishiradilar. Xo‘sh, To‘xtash polvon, somsaga tobing qalay?
– Somsadan ko‘ra men uning sho‘rvasini yaxshi ko‘raman, – kulimsirab o‘rnidan tura boshladi To‘xtashvoy.