Читать книгу Qasoskorning oltin boshi - - Страница 5
BIRINCHI QISM
PAXSAKASHLAR ISYONI
IV bob
PAXSAKASHLAR
ОглавлениеJarqishloq bu atroflardagi Qo‘shqo‘rg‘on, Eshimoqsoq, O‘klon, Cho‘michli, Toymurod qishloqlari orasida eng go‘zal, qishloqning shundaygina ostidan shovullab Qiyot arig‘i oqib yotadi. Qishloq ming tanobcha keladigan ulkan tepalik ustiga joylashgan. Bu yerdan Jiyanbek cho‘llari kaftda turgandek ko‘rinib turadi. Kunyurish tomonida poyonsiz ekinzorlar bor. Uzumzorlar, zardolizorlar yoz bo‘yi yashnab turadi. Qishloqchaning shundoqqina biqinidan katta yo‘l ham o‘tgan. Mitan, Chelak, Loyish bo‘lisi atrofidagi mavzelarning fuqarosi shu yo‘l orqali bordi-keldi qilib turadi. Otliqlar, eshak minganlar, tuyakashlar goho Qiyot arig‘i bo‘yidagi salqin choyxonada dam olib o‘tishadi. Katta chinor ostidagi yog‘och so‘rilarga yonboshlashib, xudojo‘y kishilarning qumg‘ondan damlab bergan choylarini ichishib, shu xonadonlar sha’niga duoi fotiha qilib ketishadi. Namozning ana shu qishloqning fuqarosi bo‘lganiga uch-to‘rt yil bo‘lib qoldi. Avvaliga pochchasi Xolbek paxsakash bilan birga turardi. Ikki yil bo‘ldi, pochchasi unga yarim tanob yer ajratib berdi. Shu mulkning etagiga yana shu pochchasining yordami bilan Namozbek yetti bolorli uy tiklab oldi.
Akromqul qishloq chetida Namozni aravadan tushirayotib:
– Demak, shu hafta ichi albatta borasiz-a? – deb takror so‘radi.
– Xudo xohlasa, gap bitta, – dedi Namoz oqko‘ngil, dilbar bu yigitdan astoydil minnatdor bo‘lib.
– Lekin jon aka, o‘tin pulini bir yog‘liq qilib berasiz, umidimiz faqat sizdan.
– Xudo xohlasa, bir unnab ko‘raman.
– Xo‘p xayr, Olloning panohiga, – Akromqul otiga qamchi bosdi. – Chu, tulporim!
Namoz pochchasining uyigacha bo‘lgan yarim chaqirim yo‘lni mamnun, o‘zida yo‘q xursand bir kayfiyatda bosib o‘tdi. Yo‘q, nima bo‘lganda ham bu dunyoda yaxshilar ko‘p, ha-ha, bu dunyo faqat boylikka ruju qilgan ochofatlarning, amaliga bino qo‘ygan amaldorlarning zulm-u zaxmatidan, fit-na-yu fujuridan iborat emas. Yo‘q, bu dunyoda yetim-yesirlar yo‘liga jonini fido qilgan Devona bobolar, dardmanlarning dardiga malham qo‘yishga tayyor turgan o‘ris tabiblar, yo‘lda qolganlarga yo‘ldosh bo‘lishga hamisha shay turgan Akromqul singarilar ham bor…
– Tog‘a, jadalroq yursangizchi? – yig‘lab xayolini bo‘ldi jiyanlaridan biri.
Namoz bir cho‘chib tushdi:
– Nima gap, Barotvoy?
– Otamni urib o‘ldirayozdilar.
– Nima, nima deding?
– Hammayog‘ini qora qonga beladilar, – ko‘ksini yirtib dodlab yubordi jiyani, – tog‘ajon, tog‘ajonim.
Namoz yelkasidagi sovg‘alar to‘la og‘ir xurjunni qo‘liga olib, tor yo‘lakdan to‘rt hatlab o‘tib, hovliga kirib bordi. Odam degani hovliga sig‘may ketibdi. Qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar g‘am-u hasratda. Namozboyning jiyanlari bo‘zlab turishibdi. Ichkaridan sochlari to‘zg‘ib, yig‘lagancha opasi Ulug‘oy chiqib keldi.
– Ukam, pahlavonim! – shunday deb Namozning ko‘ksiga boshini qo‘yib shunday bir dard, shunday bir alam bilan chinqirdiki, bu alam nashtarlari to‘planganlarning yurak-bag‘rini ezib, suyak-suyaklarigacha zirqiratib yubordi.
– Nima gap, axir, gapirsangizchi!..
– Tezroq kir, jigarim, pochchang jon berayapti.
Ichkarida uch-to‘rt mo‘ysafid qurshovida chindan ham Xolbek paxsakash jon olib-jon bermoqda edi. Aftini tanib bo‘lmaydi uning, hammayog‘i qon, ko‘zi olayib tepaga tortib ketibdi, nafasi og‘ir, qisqa-qisqa xirillayapti, ko‘kragi temirchining bosqonidek ko‘tarilib tushib turibdi. Namoz cho‘kkalab, asta pochchasining ustidagi choyshabni ko‘tardi: yo xudoyim, badan deganning sog‘ joyi qolmabdi; hammayoq ko‘karib, mo‘mataloq bo‘lib ketibdi… Namozning barmoqlari beixtiyor mushtga tugilib, baquvvat tishlari g‘alati g‘ijirlab ketdi:
– Nima bo‘ldi o‘zi? – negadir juda sokin, xiyla bosiq bir ohangda so‘radi Namoz.
– Saroyliklar kaltaklashibdi, – g‘amgin boshini ko‘tarib dedi mo‘ysafidlardan biri.
– Saroyliklar?
– Ha, Hamdamboyning ko‘ppaklari.
Namoz ko‘zlarini chirt yumgan ko‘yi boshini solintirgancha bir nafas jim qoldi. So‘ng sekin o‘rnidan turib tashqariga chiqa boshladi… Uning vajohati juda xunuk edi shu paytda, ko‘zlari g‘alati olaygan, burun kataklari behad kengaygan, bo‘yin tomirlari o‘qlog‘dek irg‘ib chiqqan, uloqchi otdek og‘ir-og‘ir nafas olib turibdi. To‘planganlar beixtiyor orqaga tisarilishdi.
– Omon qani? – so‘radi Namoz.
– Jiyaningni qamab qo‘ydim,—tushuntirdi Ulug‘oy,—hozir borib Hamdam hojini chopib tashlayman deb boltaga yopishdi… Bir kori hol chiqarmasin deb arang qamadik… Pochchang sho‘rlikni Sherniyoz o‘rtog‘ing olib keldi. Ana o‘ziyam kelayapti… Endi nima qildik, ukaginam?
Hovlida yigirma-yigirma bir yoshlardagi, o‘rta bo‘y, chayirgina yigit Sherniyoz ko‘rindi. Ko‘rishish uchun Namozga qo‘l cho‘zgan edi, uning vajohatini ko‘rib, negadir shoshilib orqasiga tisarildi.
– Assalomu alaykum! – qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi Sherniyoz.
– Nima gap bo‘ldi o‘zi? – so‘radi Namoz.
– Men bo‘lis hokiminikiga o‘tin olib borgan edim, – tushuntira boshladi Sherniyoz, – qaytayotsam yo‘lovchilar: «Marg‘ilontepada jang bo‘layapti. Jarqishloqliklarni, qushqo‘rg‘onliklarni paxsaga loy tepgandek rosa tepkilashayapti», deyishdi.
– Aravang qayerda? – gapni bo‘ldi Namoz.
– Tashqarida.
– Mujik qishlog‘idagi O‘ris tabibning uyini ko‘rganmisan?
– Topaman.
– O‘zini taniysanmi?
– Sal-pal.
– Mening nomimdan iltimos qil, tezda yetib kelsin.
– Keyin, to‘g‘ri borsam…
– Jo‘na tezroq! – ovozini tishlarining orasidan chiqarib dedi Namoz. So‘ng ichkari kirib, dard bilan olishib yotgan pochchasining bosh tomoniga cho‘kkalab, uzoq o‘tirib qoldi. Hol-ahvol so‘ragani chiqqan qarindosh-urug‘lar-u, qo‘ni-qo‘shnilar birin-ketin tarqay boshlashdi. Ulug‘oy sharpasiz kelib Namozning yoniga cho‘kdi:
– Qaynatangni ham bir ko‘rib chiqsang bo‘lardi.
– Unga nima qilibdi?
– U sho‘ring qurg‘urni ham aravada olib kelishdi.
Nayman urug‘i urf-odatlariga ko‘ra qiz bilan yigit unashar bo‘lgach, odatda kuyov bo‘lajak qaynotasi bilan qaynonasidan o‘zini olib qochib yurishi, ro‘para kelmasligi kerak. Ammo, bugun boshlariga nogahoniy falokat tushgani uchun ular Namozboyni kechirishlari mumkin edi. Shunday bo‘lsa ham, Namoz botinolmadi. Birga kiraylik deb opasiga iltimos qildi.
– Erta-indin to‘ying bo‘lay deb turibdi-ku, kiravermaysanmi! – jerkib berdi Ulug‘oy.
Javlonqulning tovuq katagidek tor hovlisida xayriyat begona odam yo‘q ekan, hol-ahvol so‘rovchilar Javlonqulni yaratganning o‘ziga havola qilib, bu yerdan ham chiqib ketishgan ekan.
– Kim bor? – hovlida turib ovoz berdi Namoz.
Ovchilarning gazasidek pastdakkina uydan Javlonqulning qizaloqlari birin-ketin chopqillab chiqishdi. Uning peshonasiga xudo o‘g‘il bitmagan. Ammo, bir-biridan ko‘hlik to‘rt qiz ato qilgan. Kattasi Nasiba Namozboyga fotihalik.
– Voy, Namoz aka! – shunday deb Nasiba orqasiga bir odim tashladi; tashladi-yu, ikki qo‘li bilan yuzini berkitib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Otalari kaltaklanganligi uchun izzat-nafslari toptalgan, o‘zlarini bu dunyoda ojiz-u notavon bilib, xo‘rliklari oshib o‘tirgan qizchalar ho‘ngrab hovlini boshlariga ko‘tarishdi. Namoz garchi har-har zamonda bir o‘zgalarga sezdirmay, pinhona bir yig‘lab oladigan odati bo‘lsa ham, birovning ko‘zyoshiga hech toqat qilolmas, u dunyo-yu bu dunyosi qorong‘i bo‘lib ketardi.
– Yig‘lama, Nasiba! – o‘zini arang bosib dedi Namoz. – Xudo xohlasa, qasosli dunyo bu, o‘chimizni ham olarmiz.
Ichkaridan qaynonasi Bibiqiz xola chiqib, Namozning yelkasidan olib, uzoq ko‘rishdi. «Sho‘rimiz qurib qoldi», deb u ham ko‘zyoshi qildi. Yig‘lay-yig‘lay Namozni ichkari boshladi:
– Kiravering, otangiz sizni kutib yotibdilar, – deb dalda berdi.
Javlonqul yoshi elliklarga borib qolgan, mosh-guruch soqoli ko‘ksini qoplab tushgan, keng yuzli, barvasta kishi edi; uy bilan bitta bo‘lib yotibdi.
– E, polvon o‘g‘lim, bormisan? – dedi u uyning shipiga tikilgancha. Kel, kela qol, peshonangdan o‘pay! Xayriyat, mening ham o‘g‘lim bor ekan! Onasi, mana o‘g‘limiz bor-ku, nega hadeb yig‘layverasan!
– Nima bo‘ldi, amaki, – Javlonqulning oyoq tomoniga o‘tirayotib so‘radi Namozboy.
– Hamdamboy yedi meni, o‘g‘lim, – bir to‘lg‘anib oldi Javlonqul, – belimni sindirishdi nomardlar. Naq kelisop bilan urishdi-ya! Qars etib singanini eshitdim. E, xudoyim!
– Kuyinmang amaki! – qaynotasining boshi tomon surilib, peshonasidan marjon-marjon oqayotgan terni to‘nining o‘ngiri bilan artgan bo‘ldi Namoz, – qasosli dunyo bu, kuyinmang!
– Xayriyatki, Sherniyoz jo‘rang borib qoldi, sherdek olishdi azamat. Xudo jonimni salomat qilsa, dunyosiga o‘t qo‘yaman bu boyning!.. O‘g‘lim, pahlavonim, kel, peshonangdan yana bir o‘pay!
Kun botib, xona qorong‘ilasha boshladi. Ikki tokchaga qorachiroq keltirib qo‘ydilar. Qizlar chekka-chekkaga cho‘kib, boshlarini solintirib g‘am-u anduh og‘ushida o‘tirishibdi. Bibiqiz xola dasturxon yozib non, qand-qurs, ikki taqsimchada mayiz qo‘ydi. Nasiba katta qora qumg‘onda choy keltirib, sopol piyolalarga quya boshladi. Uyga go‘ristondek og‘ir jimlik cho‘kkan, ahyon-ahyonda qizlarning xo‘rsingani, og‘riqqa dosh berolmay, betoqat bo‘layotgan pahlavon Javlonqulning ingragani eshitilib qoladi.
– Yo‘q! – sakrab o‘rnidan turib ketdi bir mahal Namoz. – Men buni shunday qoldirib ketmayman! Boy bilan hisob-kitobni o‘zim qilaman, kerak bo‘lsa o‘zim o‘t qo‘yaman uning xonadoniga!