Читать книгу Qasoskorning oltin boshi - - Страница 9
BIRINCHI QISM
PAXSAKASHLAR ISYONI
VIII bob
QOZI KALON QASOS OLMOQCHILAR
ОглавлениеShodixon to‘ram hali peshin namoziga taraddud ko‘rayotganlarida Mirza Qobil lip etib, tashqariga chiqdi-yu, oyog‘ini qo‘lga olib, Hamdamboyning qo‘rg‘oniga yugurdi. Bo‘lsa o‘ziga, bo‘lmasa o‘g‘illaridan birontasiga Boybuva ustidan arzgo‘ylar kelganini ma’lum qilib qo‘ymoq-chi edi u. Niyati: «Ko‘rayapsizmi, Boybuva, men sizga qanchalik sodig‘-u sadoqatliman. Qozi kalon bo‘lsalar sizdek ulug‘ zotning oldilaridan bir og‘iz o‘tmasdan ustingizdan jinoiy ish qo‘zg‘ab yubordilar…» degan ma’noni ta’kidlash edi. Mirza Qobil garchi tashqaridan qozi janoblariga g‘oyat e’tiqodli va samimiy ko‘rinib, har bir harakati bilan ul zotning nozik ko‘ngillarini ovlab tursa-da, zimdan payini qirqishga, obro‘yini to‘kishga harakat qilar, uch saylovdan buyon qozilikka saylanib kelayotgan Shodixon to‘rani ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q edi. Erta-yu kech qozilik lavozimini egallashga yo‘l axtarar, yo‘l axtargan sari Shodixon to‘ramning qo‘l-oyoqlarini tinmay yalar edi.
Hamdamboy tushlik taomdan so‘ng yonboshlab qaynoq-qaynoq choy ichib, cho‘ri qizga oyog‘ini uqalatib, huzur-halovatda yotgan edi. Dastyor bola kirib xabar qildi:
– Mirza Qobil amakim zarur ish bilan kelibdilar.
– Ayt, kirsin, – buyurdi Boybuva.
Mirza Qobil Hamdamboy qarshisiga tortinibroq kelib, odob bilan qo‘l qovushtirdi.
– Ha, Mirza, it quvgan soqovdek buncha hovliqmasang? – so‘radi Hamdamboy.
– Boybuva, bir qoshiq qonimdan kechsangiz…
– Kechdim, nima gaping bor?
– Qozi kalon sizga nisbatan beodoblik qildilar, ustingizdan jinoiy ish qo‘zg‘ab yubordilar.
Yonboshlab yotgan boy turib chordana qurdi:
– Qanaqa jinoiy ish ekan?
– Kecha qo‘rg‘onda bo‘lib o‘tmish g‘avg‘olar xususida.
Boyning qoshlari past-baland bo‘lib ketdi:
– Shunaqa degin?
– Va yana alarning pul da’volari bor ermish.
– Itvachchalar!
– Namoz Pirimqul o‘g‘li otliq bir yalangoyoqni o‘zlariga vakil qilib sayladilarkim, ul xiyla badtarin ko‘rinadi.
– Shunaqa qilishayapti degin?
– Men qozi hazratlariga valine’matimiz Boybuvamni ogoh etaylik, dedim. U kishi qo‘l siltab, boy o‘z yo‘liga, qozilik ishlari o‘z yo‘liga, deb kaminani urishib berdilar.
– Nonko‘r ekan-ku, to‘rang! – Hamdamboyning uzun bo‘ynidagi ikki tomiri o‘qlog‘dek bo‘rtib chiqdi, yutindi. Mirzaga bir so‘lkovoy oltin sovg‘a qilib, minnatdorchilik bildirdi. So‘ngra o‘z uyidan nari borsa ikki yuz qadam keladigan hokimning mahkamasiga oshiqdi. Mirza Hamid peshin namoziga taraddudda ekan.
– Namozni keyin o‘qirsan, – dedi Hamdamboy hokim taklif qilgan yumshoq o‘ringa o‘tirayotib. – Maslahat chiqib qoldi. Buni faqat ikkimiz bilmog‘imiz va yana juda tez hal qilmog‘imiz darkor.
Mirza Hamid Hamdamboyning sodiq quli. Sababi shundaki, shu valine’matning ko‘magida u hokimlikka saylangan. Va yana shu kishining soyasi davlatida davri davron surib yuribdi.
– Tinchlikmi, Boybuva? – chinakam tashvishga tushib so‘radi hokim.
– Sen aralashsang, xudo xohlasa tinchlik bo‘ladi.
– Qulingizman, – barkashdek katta kaftini ko‘ksiga qo‘yib, og‘ir sallali boshini xiyol egdi bo‘lis hokimi.
– Jarqishloqlik Namoz degan yigitni taniysanmi?
– Taniyman, yaxshi uloq chopadi, to‘yga taklif qilmoqchi edingizmi?
– Uloq chopadi degin?
– Kurash ham tushadi, Boybuva, xudo xohlasa to‘yingizda katta sovrinni shu yigit olsa ham ajab emas…
Mirza Hamid Mirza Qobilchalik hushyor yigitlardan emas edi. Boyning g‘azabi oshib, chakka tomirlari bo‘rtib, ko‘zlarida qahrli o‘t yona boshlaganini payqamadi u. Aksincha boy Namozni xizmatga olmoqchi bo‘lsa kerak deb o‘ylab, yana ta’riflashga tushdi:
– Mard, halol yigit deyishadi…
– Bas qil, tiling kesilgur! – Hamdamboy o‘rnidan turib ketdi. Hech narsaga tushunmay, angraygancha Mirza Hamid ham o‘rnidan turdi:
– Kechirasiz, Boybuva!
– U it emgan kechagi g‘alayonchilarga bosh bo‘lib kelgan emish.
– Yo‘g‘-e!
– Sendaqangi hokimdan o‘rgildim-e!
– Boybuva, men qulvachchani kechiring, hoziroq borib u muttahamning bo‘ynini sapchadek uzib tashlayman.
Ikkovlari da’vogarlardan «qutulish» yo‘lini uzoq muhokama qildilar. Nihoyat, boshliqlarini gum qilish kerak, degan xulosaga kelib, shoshilib tashqariga chiqdilar…
Mirza Hamid avaxtaxonaga qo‘li orqasiga qayrilib kishanlangan Namozni itarib kiritarkan, urishga hech qanday vaj-u sabab bo‘lmasa ham, o‘zining Hamdamboyga sadoqatli ekanini namoyish etish maqsadida yigitning yalang‘och betiga uch-to‘rt qamchi tortib yubordi. Qiziq, Namoz ikki oyog‘ini kergancha, og‘ir-og‘ir yutinib jim turardi. Yuzlaridan tirqirab qon chiqib ketsa hamki, miq etmadi u…
Qozixona mahkamasida hang-u mang bo‘lib qolgan arzgo‘ylar esa Sherniyoz: «Bu tuhmat-ku, taqsir», deb baqirib yuborganidan keyingina asta-sekin o‘zlariga kela boshladilar. Nima qilishlarini bilmay yelka qisib, «Astag‘furullo» deya kalima o‘girib, bir-birlariga qarab qo‘yishar edi.
– Xo‘sh, taqsir, buyog‘i endi necha puldan tushdi? – piching aralash so‘radi qozog‘ovullik Eshbo‘ri.
Qozi kalon hamon o‘zlariga kela olganlaricha yo‘q edi. Izzat-nafslari behad haqoratlandi u kishining. Avom oldida boyning shunday shakkoklik qilishi, qozilikning xos o‘rnidagi atlas ko‘rpachalarni kir oyog‘i bilan toptashi yaxshimi! Yo‘q, boy bo‘lsa o‘ziga! Yo‘q, yo‘q! Shodixon to‘ram bu muqaddas dargohni, Kallomulloi sharifning tartib-u yo‘riqlarini oyoq osti qildirib qo‘ymaydilar. Qasos oladilar, qasos!
– Labbay, bo‘tam? – sekin boshlarini ko‘tardilar qozi kalon.
– Biz ne qildig‘ endi? – takror so‘radi Eshbo‘ri.
– Bir dag‘dag‘a bilan da’voingiz puchga chiqdimi?
– Asla shunday emas, taqsir. Biz qiyamatqacha da’vogarbiz.
– Yana shu ish xususida da’vogarlardan bormi?
– Jami oltmish kishimiz, taqsir.
– Ertaga barchangiz jamlanib, bu yerga kelgaysizlar, – qasos o‘tida yonib, dedilar Shodixon to‘ram, – men Samarqanddagi okrug sudi janoblariga siz jabrdiydalar nomidan arznoma bitib bergayman. Toki ishni ko‘rib chiqmoqni mirovoy sudyalar boshqargay. Inshoollo, niyatlaringizga yetgaysizlar. Endi bandai musurmonlar uylaringizga qaytingiz. Ertaga, xudo xohlasa, shu yerda yuz ko‘rishgaymiz. Aminmanki, battol Hamdamboy yon bergay. Sababkim, sizlar ko‘pchiliksiz, xudo ham ko‘pchilikning iltijosini inobatga olgay.
Shodixon to‘ram xufton mahaligacha vozillab yurdilar. O‘zlarini qo‘yarga joy topolmay goh guzarga, goh masjidga chiqib, bari bir hech joyda o‘tirolmadilar… Bir tomondan boyning g‘azabidan, shu g‘azabdan kelib chiqadigan xunuk oqibatlardan qo‘rqar, ikkinchi tomondan el o‘rtasida qoziyi bokaramning sariq chaqalikcha obro‘yi yo‘q ekan, degan mish-mishlar tarqab ketishidan hayiqar edilar. Yo‘q, vozillab yurishlarining birdan bir sababi faqat shugina emas edi. U kishi bu janjallarni tinchitish borasida kamida o‘n ming tanga daromad qilmoqni rejalab qo‘ygandi. Ana shu tangalardan mahrum bo‘lib qolayotganlari uchun ham yurak-bag‘irlari kuyib bormoqda edi. Xufton namoziga tahorat olmoq uchun endigina hovliga chiqqan ham edilarki, kimdir ko‘cha eshikni ot keldisiga olib duppilatib qoldi. Qarol yigit borib ochsa – Hamdamboyning mirzosi Mirza Olim ekan. To‘ramni yo‘qlab kelibdi.
– Xush ko‘rdik, qadamlariga hasanot! – dedilar Shodixon to‘ram allanechuk betoqat bo‘lib.
– Boybuvam duoyi salom aytdilar, – Mirza Olim atrofda hech kim yo‘qmikan, deya uyoq-buyoqqa ko‘z tashlab oldi.
– Umrlari ziyoda bo‘lsin!
– Daryo bo‘yidan mulk sotib olayotganingizni eshitib, behad xursand bo‘ldilar va ozgina ko‘mak berib yubordilar…—Mirza Olim Shodixon to‘ramning qo‘liga baxmal xaltacha uzatib, keskin bir harakat bilan orqasiga burildi. – Xudo xohlasa boshqa ishlaringizga ham yordam bermoq niyatlari bor.
«E, xudoyim, bugun qanaqa kun bo‘ldi, o‘zi? Nahotki, chorshanbani shunaqangi alg‘ov-dalg‘ov qilib yaratgan bo‘lsang! Boyning kunduzgi vahshatini qarang-u, endi mana bu marhamatini ko‘ring! E tavba! E tavba!! Lekin, nima bo‘lganda ham, – o‘ylashda davom etdilar Shodixon to‘ra, – qurgur boyning ham xonligi, ham bekligi borda!.. Ammo, sho‘ring qurg‘ur da’vogarlarga jabr bo‘ldi-da! Nachora, yaratganning o‘ziki shuni buyurib turgandan keyin, men bandai ojizning qo‘lidan nima kelardi…
Shodixon to‘ra ikki qo‘llarini boshlari uzra ko‘tarib, Hamdamboyni uzoq duo qildilar, notavon tuhmatdan, bemahal o‘limdan o‘zing asragin, davlati bundan ham ziyoda bo‘lsin, oblohu akbar, deb yuzlariga fotiha tortdilar.
Jarqishloqlik arzgo‘ylar ertasiga kelib, qozi-yu kalonni mahkamadan topolmadilar, indinisiga ham uchratib bo‘lmadi. Shodixon to‘ram og‘ir betobman deb, mahkamaning barcha yumushlarini Mirza Qobilga topshirib, bir oygacha bu yerga qadam ranjida qilmadilar.