Читать книгу Mehrobdan chayon - - Страница 10

8. BIR O‘RDALIQ

Оглавление

Maxdumning havlisi uch qabat edi. Ko‘chadan birin-chi qabatda mehmonxona, maktabxona va mashhxona edi. Ikkinchi qabat murabba’47, yarim tanob chamasi boqcha, bunda shaftolu, olma, anjir kabi mevalik daraxtlar va bir necha keksa so‘ri toklar qulp urib o‘sqan edilar. Maxdumning bolalar kuchidan yaxshi foydalang‘ani uchun bo‘lsa kerak, boqchaning har bir qarishi bo‘sh qolmag‘an, unda har turluk ko‘katlardan bor edi. O‘rtadag‘i so‘rining osti bir yarim gaz ko‘tarilib ishlangan sufa, sufaning uch tarafiga yoz gullari ekilgan, rayhon va boshqa chechaklar atrofka o‘z atriyotlarini ongqitib yotar edilar. Birinchi qabatdan kirgach, boq-chaning sufasiga hamda ichkariga yuruladirgan yo‘lkalar bor edi.

Hozir mezon48 oyining ikkinchi haftalari, boqchaning mevalari yetilinqirag‘an, ayniqsa so‘ridagi qora husayni uzumlardan qo‘yo bollar tomib yotar edi. Yo‘lkalarga suv sepilgan, sufaga gilam solinmasa ham gullik kiyiz to‘shalib, uch tarafiga ko‘rpachalar yozilg‘an edi.

Maxdum etni uyga berib chiqg‘andan keyin ikki soat chamasi husnixatdagi bolalar bilan shug‘ullandi, oradan “abjad” so‘zini durust yozib chiqarg‘an bir bolaning qo‘lini bog‘lab uyiga yubordi. Bola uyidan “qo‘l eshar” olib kelgandan so‘ng hammaga javob berib, bu kungi vazifasini tamomladi.

Maxdum mashqxonadan chiqib ichkari kirishga adim uzg‘an holatda darbozadan sipohi kiyimda bir kishi kirdi va maxdumga tabassum bilan salom berib, yaqing‘a yurib keldi. O‘rdaning devonxona xizmatchilari kiyimida bo‘lg‘an bu kishini maxdum o‘z umrida birinchi martaba ko‘rat edi. Javob salomdan keyin ko‘rishdilar. Maxdum taraddudlanib, maqsad so‘rashdan o‘ng‘aysizlanib mehmonni mehmonxonag‘a boshladi. Mehmon ham takalluflanmay domlaning orqasidan mehmonxonag‘a kirdi, o‘lturishdilar, so‘ng fotiha o‘quldi. O‘rdaliq tabassum ichida maxdumga qarag‘andan so‘ng yig‘ishtirinib oldi.

– Xato qilmasam janoblari mirzo Anvarning ustozlari bo‘lsalar kerak?

– Faqir…

– Uy ichlari bilan xo‘b salomatmilar?

– Alhamdulilloh.

Maxdumga kutulmagan ravishda mehribon muomala qilg‘uchi bu o‘rdaliq qirq yoshlar chamasida, uzun bo‘yliq, qora uzun soqolliq, simobi sallasining peshini tushirg‘an qoracha tuslik bir yigit edi.

– Kaminalari ham, – dedi o‘rdaliq, – Mirzo Anvar bilan birga devonxonada ishlayman. Balki quloqlarig‘a chatilg‘an bo‘lsa kerak, ismim Sultonali mirzo…

– Xo‘b, xo‘b, – dedi kulib maxdum, – Anvardan eshitkanim bor edi, janoblarining tavsiflarini eshitkanman. Nachuk xudo yorlaqadi? Faqirxonag‘a tashriflari bilan bisyor xushnud bo‘ldim.

– Adabsizlik bo‘lsa ham, – dedi mirzo Sultonali, – muborakxonalarig‘a bostirib keldim. Bunga ham burodarim Mirzo Anvarning muhabbati majbur qildi.

Sultonalining bu keyingi so‘zi maqsadni bir daraja domlag‘a onglata yozdi. Kayflanish, huzurlanish maxdumning yuzida o‘runlashqan edi. Ko‘zini qisinqirab Sultonaliga qaradi.

– Xo‘b, xo‘b, – dedi maxdum, – mulla Muham- mad Rajab marhumning o‘rnig‘a bosh munshiy ta’yin qilindimi, qo‘lim tegib bu to‘g‘rida Anvar bilan so‘zlasholmadim?

– Hozir ta’yin qiling‘uncha yo‘q, erta-indin ta’yin qilinar, deb turamiz.

– Ko‘b yaxshi, nomzadlar bordir?

– Bor, – dedi Sultonali, – bir necha nomzadlar hazrati xong‘a manzur qiling‘anlar, jumladan shoir Madhiy, mulla Shahodat mufti va boshqa yana bir nechalar. Masmux’ingiz49 bo‘lsa kerak garchi o‘zi rizoliq bermasa ham bir necha mirzolar shogirdingiz Mirzo Anvarning ham nomzadini xolis ariza bilan janobga manzur qilg‘an edik. Umid xudodan, yorlig‘ Mirzo Anvarga qoyim50 bo‘lur, deb turamiz.

Maxdum soqolini tutamlab shipka qaradi. Go‘yo Sultonalining keyingi ikki jumlasiga qaysi yo‘sun muqobala qilishdan ojiz edi.

– Bir necha yaxshilarning Anvarga bo‘lg‘an husni tavajjuhlarini eshitkan edim, – dedi maxdum minnatdor ohangda, – ammo faqirg‘a shunisi mushkilroq ko‘rinadirkim, basharti Anvar bosh munshiylik vazifasiga yorlig‘ olg‘undek bo‘lsa, bu lavozimotni ado qila olurmi, kaminaning nazarimda bosh munshiylik alalxusus ul janobning huzurlarida behad ulug‘ va mushkil ko‘rinadir?

Sultonali yengilcha kulib qo‘ydi:

– Bosh munshiylik lavozimoti borasidagi fikringiz darhaqiqat to‘g‘ri, – dedi, – ammo Mirzo Anvarning uhda qila olishi muhaqqaqdir51. Zero, Anvarning bu boradagi iste’dodi janoblaridan ko‘ra kaminaga ma’lum- dir, bu to‘g‘ridan xotirjam’ bo‘lsinlar.

– Darvoqi’, Anvarga ko‘b mehnatim singgan, – dedi maxdum mahtang‘ansumon, – bir qarish yoshidan boshlab kaminaning ta’limida o‘sti, o‘z qo‘limda tarbiya topqan necha yuz, balki minglab shogirdlarim ichida ko‘b tavajjuhim52 shu bolag‘a bo‘ldi. Ushbu sababdan ham munchalik musta’id53 bo‘lg‘an bo‘lsa ajab emas, deb o‘ylayman… Va lekin holog‘i54 so‘zim shuning uchundirkim, fazli va iste’dodi kofiy55 bo‘lsa ham yoshliq, kam tajribalik qilmasmukin, deb mulohaza qilurman.

– Bo‘stoni ma’rifat va gulshani haqiqat, – dedi Sultonali, – Imomi A’zam rahmatullohi alayhi56 o‘n ikki yoshlarida darsgo‘lik qilib va hokazo kutubi mutabarraka ta’lifotig‘a ham ibtido qilg‘an57 ekanlarkim, bu karomat janoblaridan po‘shida emasdir. Bas, indal’uqalo58 yoshliqning hech bir nuqs va ahamiyati yo‘q, ammo fazl-u zakovat lozimdir. Masalan, kaminangiz tahsilda “Aqoid”g‘acha59 bordim va qariyb o‘n yildan beri mirzoliq qilurman. O‘z hunarimda yaxshi tajriba ham ortdirdim, shuning bilan birga nafsilamrni iqror etishka majburmankim shogirdingiz Mirzo Anvardan ko‘b daraja quyidaman: tahrirda60, taqrir61 va faroizda62 Anvaringizning yordamig‘a muhtojman. Holbuki yoshim undan barobar katta, men o‘qug‘an darslarni ehtimol Anvar o‘qumag‘an… Anvarning zakovatiga yolg‘iz men emas marhum munshiy mulla Muhammad Rajabning o‘zi ham tahsin qilar, ajoyib o‘g‘lon deb qo‘yar edi. Meni Mirzo Anvarni bu o‘rung‘a sa’i qilishim63 bo‘lsa bir g‘araz yuzasidan emas, xolisonadir. Agar g‘arazg‘a hisoblansa, masalan: “Birarta noahlning qo‘l ostida ishlagandan, ahlining jag‘ida tishlangan ma’qul” so‘ziga binoandir. Lekin Mirzo Anvar nima uchundir biz bir necha mirzolarning ra’yimizga qarshi tushib, bizdan ranjib yuriydir. Hatto janobg‘a bir ariza kirgizib, menim nomzadim yanglish ko‘rsatilibdir, men bu vazifani uhda qilolmayman, deb uzr bayon qilmoqchi emish. Uning bu yo‘sun inodi nima uchun, bilalmadik… faqir, og‘aynilar tarafidan garchi adabsizlik bo‘lsa ham huzurlariga iltimos uchun keldim. Avvalo Mirzo Anvarga otaliqlari, soniyan ustozliqlari bor. Siz janob targ‘ib qilsangiz va kengash bersangiz qabul qilar, deb o‘yladiq.

– Habba! – dedi maxdum xursandlik bilan, – bu to‘g‘rida yaxshi so‘zlashmag‘an edik, so‘zlasharmiz, inshoolloh ko‘nar.

– Salomat bo‘lingiz, taqsir.

Maxdum soqolini ushlab ko‘zini qisdi:

– Boya peshin asnosida, – dedi, – qavmlar kaminadan istifsor64 qilishdilarkim, “o‘g‘lingiz Anvar munshiy ta’yinlanar emish, ushbu axbor to‘g‘rimi?” deb… Mazmuni shaharga ham mashhur bo‘lg‘an ekan-da?

– Balki, – dedi kulib Sultonali va birozdan keyin ohista sir yo‘sunida qilib so‘zladi, – o‘rda ichidan bir nechalarimiz ustoz mulla Muhammad Niyoz domlag‘a65 va haramdan Og‘acha oyimg‘a66 Anvar to‘g‘risida iltimos qilishdiq. Shuning uchun Mirzo Anvarning bosh munshiy ta’yin qilinishig‘a shubha qilmaymiz. Faqat uni ko‘ndirilsa bas.

– Va lekin, – dedi maxdum nihoyatda ochilg‘an qiyofatda, – bu tadbirlaringiz beandoza ma’qul bo‘libdir, ya’ni masalan, janobg‘a domla shog‘ovul va malika xonimlarni vosita qilishlaringiz…

– Biz ham shunday o‘ylaymiz. Endi umid xudodan, natija ham orzumizcha bo‘lg‘ay.

– Inshoolloh.

– Demak, Mirzo Anvarni ko‘ndirish vazifasi odobsizliq bo‘lsa ham sizga qoldi-da, taqsir? – deb Sultonali takror so‘radi.

– Xotirjam’, – dedi, maxdum qanoat bilan, – albatta noinsofni ko‘ndirsamiz kerak.

Shundan so‘ng Sultonali o‘zining bu yerga kelganini Anvarga bildirmaslikni ta’kidlab, o‘rnidan turdi. Maxdumning aztahidil “mohazarimiz67 bor edi” deb qistashig‘a qarshi uzr aytib xayrlashdi. Maxdum aksar o‘z uyiga kelguchi kishilarga qilmaydirg‘an favqulodda bir takalluf bilan uni darbozag‘acha uzatib chiqdi.

47

Murabba’ – to‘rtburchak, kvadrat.

48

Mezon – 22-sentabr – 21-oktabr.

49

Masmu’ – eshitilgan.

50

Qoyim – qaror.

51

Muhaqqaq – haqiqat.

52

Tavajjuh – e’tibor.

53

Musta’id – qobiliyatli, iste’dodli.

54

Holog‘i – haligi.

55

Kofiy – yetarli.

56

Imomi A’zam (taxallusi, melodiy – 699–767) – ismi Abu Hanifa Nu’mon ibni Sobit. Islomdagi hanafiya mazhabining asos-chisi.

57

Kutubi mutabarraka ta’lifotig‘a ham ibtido qilg‘an – tabarruk kitoblar yozishg‘a ham boshlag‘an ekanlar.

58

Indal’uqalo – oqillar nazdida.

59

Ilgarigi tahsilda tolibning masalan: “Ozomil”, “Kofiya”, “Sharhi mullo Jomiy”, “Muxtasar” yuqoriroq darajada “Aqoid” (Ollohning borligini tasdiqlovchi ilm), so‘nggida esa “Tafsir” ilmlarini o‘qiganligiga qarab ilm darajasi belgilangan.

60

Tahrir – yozish.

61

Taqrir – matnning mazmunini tushuntirish.

62

Faroiz – musulmonchilik qoidalarini o‘rganish ilmi.

63

Sa’i qilish – undash, da’vat etish.

64

Istifsor – so‘ramoq.

65

Xudoy orning shog‘ovulboshisi – ilmiya vaziri, “Tarixi Shahruhiy”ning muallifi, shoir (mual.).

66

Xudoyorning suyukli xotuni (mual.).

67

Mohazar – taom.

Mehrobdan chayon

Подняться наверх