Читать книгу Mehrobdan chayon - - Страница 6

4. MAXDUMNING BA’ZI XISLATLARI

Оглавление

Yuqoridan o‘qug‘uchig‘a bir daraja onglashilg‘an bo‘lsa kerakki, yaqin yigirma yillardan beri maxdumning kelimi shahar yoki qishloq so‘rab turg‘an bir bekcha bo‘lmasa-da, undan qiyiroq, harholda shahar madrasasida darsgo‘lik qilib, vaqfni o‘z qabzig‘a32 olg‘an bir mudarrisning tushimidan albatta ko‘b. Kelimning shu yo‘sun yaxshi bo‘lishig‘a qaramasdan uning tabi’atida harchand tirishilsa ham maxtab bo‘lmaydirg‘an xususiyatlar bor: xasislikka o‘xshag‘an holat, tama’girlik kabi odat, ichqoraliq singari harakat va amsoli…

Yosh chog‘ida otasi o‘lib, qattig‘chiliqda o‘sdi, uning ba’zi yarashmag‘an harakatlari balki o‘sha qattig‘chiliqning ruhka singib qolg‘an yomon ta’siridir. Harholda bizning mundagi vazifamiz maxdumni tahlil qilish emas, balki uning shaxsiga xiyonat va bo‘hton qilishdan saqlanib, ya’ni ortdirmay va kamsitmay o‘qug‘uchig‘a butun taqdim eta bilishdir.

Oyni etak bilan yashirib bo‘lmaydir. Maxdumning xasislikka o‘xshash holatlari albatta bor edi. Maxdum topib-tutmag‘an yillarda bu ishni yo‘qliqdan qiladir, desak-da keyingi vaqtlarda ham shu odatini tark etmagani uchun tabi’atida birmuncha xasislik bor ekan, deymiz.

Ko‘ylak-ishtonining aksar yetti-sakkiz joyidan yamog‘i bo‘ladir. Yetti qishdan beri guppi – chopon yangilagani ma’lum emas, faqat qish kelib ketkan savin alak guppining yengi o‘zgaribkina turadir va astari yil sayin yangidan yangi yamoqlar bilan boyiydir, shu guppi butun umrida birgina martaba va shunda ham maxdumdan beruxsat ammo, Nigor oyimning zo‘ri bilan tog‘orag‘a tushib cho‘mildi. Bu kunda bo‘lsa to‘rt yil burung‘i g‘usli33, yetti yillik tusi, turlik-turlik yamog‘i bilan sakkizinchi qish maxdum pochchasig‘a sodiqona xizmat qilish uchun bo‘g‘joma ichida o‘ziga kuch yig‘ib yotadir. Mahalla kushilari maxdumning bu choponig‘a “moltopar” deb ism berganlar, guppi kiyilib chiqilg‘an kun maxdumga sezdirmay “moltopar savdodan qaytibti… hali baquvvat, ish qilib yamoqqa charchamasang yana o‘n yillingmi, Mamarayim!” deb kulishadirlar.

Qisqasi: besh-olti qayta boshlatilib qo‘nji bir qarichg‘a kelgan aybaki34 maxsi, charmi ust-ustiga uyulib yerdan uch ellik chamasi ko‘tarilgan ikki chorak vaznlik kafsh, yoshi mahalla kishilarining ko‘blariga ma’lum bo‘lmag‘an, harchand ehtiyot qilinsa ham necha joyidan popiltirig‘i osilg‘an oqbo‘z salla mahalla kishilarining ermaklaridandir. Bulardan boshqa hayit kunlari va to‘ylardagina kiyiladirgan banoraz to‘ni, sovuq qattig‘roq bo‘lg‘anda ichidan kiyadirgan adras guppisi ham bor. Mahalla kishilari banoras to‘nni “zarurat” deb atag‘an bo‘lsalar ham, adras guppiga hali nom qo‘yg‘uncha yo‘qlar, chunki buning dunyog‘a kelganiga faqat to‘rt-besh yilgina bo‘lg‘andir.

Kezi kelganda maxdumning yozliq kiyimlarini ham bir sidra aytib ketaylik:yo‘lluq, qizil qalami bo‘zdan yaxtak, oq bo‘zdan jihak yoqaliq keng ko‘ylak (chunki tor bo‘lsa yirtiladir) va lozim (ya’ni ishton) hamda sarpoychan kiyishka yengilcha sag‘ri35 kafsh, ammo salla qishin, yozin bitta.

32

Qabz – tutam; changal; qo‘l osti.

33

G‘usl – yuvinish.

34

Aybaki – mol terisidan ishlangan sifati past charm.

35

Sag‘ri – ot terisining dum tomon qismidin tayyorlangan charm.

Mehrobdan chayon

Подняться наверх