Читать книгу Mehrobdan chayon - - Страница 9

7. RA’NO

Оглавление

Ism bilan jism aksar bir-birisiga muvofiq tushmaydir. Mening yosh vaqtim, ayniqsa, go‘zallik qidirg‘an mag‘rur chog‘larim edi. Oilamizdami, boshqa yerdami, baharhol xotiramda yaxshi qolmag‘an, Lola otlig‘ bir qizning chevarligi to‘g‘risida so‘z bo‘ldi. Majlis ahli menga yaqin, ya’ni ular oldida husndan bahs ochish uyat bo‘ladirg‘an kishilar edilar. Shuning uchun menga Lolaning chevarligidan ko‘ra muhimroq bo‘lg‘an “husn”i masalasida izohot so‘rashning imkoni bo‘lmadi. Lekin Lola ismining ostida bir malakni ko‘rgan – “Lolaning ismiga o‘xshash husni ham bor”, deb o‘ylag‘an edim. Shu kundan boshlab Lolani ko‘rish hajriga tushdim. Bo‘yi yetkan qizlarni ko‘ra olish bu kunlarda ham amri mahol bo‘lg‘anidek mundan o‘n yillar ilgarida yana mushkilroq, edi. Necha vaqt “hijron o‘tida yonib”, ko‘cha poylab, nihoyat, Lolani suv olish uchun ko‘za ushlab ko‘chaga chiqqan holatda uchratdim. Burnidagi buloqisidan boshqa (agar buloqi husnga qo‘shilsa) “Lola”likka arziydirgan hech gap yo‘q edi.

Yaqindag‘i bir boladan suv olg‘uchining kim ekanini so‘rag‘an edim:

– Lola opam, – dedi.

Bolaning talaffuzi menga “Mola opam” bo‘lib eshitildi. Bir necha kunlar bu qizning otini “Lola” deb qo‘yg‘anlari uchun achchig‘lanib yurdim. Chunki, afu etasiz, o‘sha kezlarda achchig‘lanishg‘a haqqim bor edi…

Ammo Ra’noning ismi – jismiga yoxud husniga juda muvofiq tushkan edi. Men rassom emasman. Agar menda shu san’at bo‘lg‘anda edi, so‘z bilan biljirab o‘lturmas, shu o‘runda sizga Ra’noning rasmini tortib ko‘rsatar, qo‘yar, faqat menga Ra’no gulining suvigina ko‘proq kerak bo‘lar edi.

Solih maxdum xasis, ta’magir, harholda sajiyasi e’tibori bilan uni yaxshilar qatorig‘a qo‘yib bo‘lmaydir. Va lekin tabi’at xasis emas, tikandan gul, aridan bol yarataberadir. Shunga o‘xshash tikanlik yog‘ochdan xush islik, latif ko‘runishlik Ra’no yaratilg‘an edi.

Bizning o‘zbeklarda, ayniqsa Qo‘qong‘a maxsus bir tus, sariqqa moyil bir tus bor. Lekin bu tusni kesdirib sariq deb bo‘lmaydir. Chunki biz og‘riq kishining tusini sariq deymiz. Zarcha, za’far tuslari ham bunga dag‘alliq qiladirlar. Ta’birimiz qo‘pol tushmasa, bu go‘zal qiz, och ra’no gulining tusida yoki oq sariq tusda yaratilg‘an edi. A’zoda o‘skan tuklarga ham haligi tusning ta’siri bo‘ladir. Ra’noning sochi gungurt-qora, ya’ni quyoshsiz joylarda qora ko‘rinsa ham quyoshda bir oz sarg‘ish bo‘lib ko‘rinar edi. Shunga o‘xshash Ra’noning ko‘zida ham buning asari ko‘ruladir: mudavvarga42 moyilroq jodu ko‘zi kishiga qattiq qarag‘anda qoraliqdan boshqacha yana bir turluk nur sochar edi. Kipraklari ostida nafis bir surma doirasi bor edi. Qoshi tutash kabi ko‘rinsa ham ko‘ndalang yotqan ikki qilich orasini nafis bir quyulib ko‘tarilish ajratib turar edi. Burni hech bir munaqqidg‘a43 berishmaslik mutanosib, har zamon uyalish tabassumiga hozir turg‘an, nafis irinlarining yuqorig‘i qismida sezilar-sezilmas tuklar ko‘kargan edi. Yuzi cho‘ziq ham emas, oy kulcha ham deb bo‘lmas, kishiga kulib qarag‘anda qizil olma ostlarida ikkita zamma ravishlik shakl hosil bo‘lar, go‘yo bizga chin ra’no guli ochilg‘an holatda ko‘rinar edi. Sochlari juda quyuq, sanoqsiz kokillar Ra’noning orqa, o‘ngini tutib yotar, qaddi uzunliq bilan qisqaliqning o‘rtasi, do‘nduq barmoqlarining jimjilog‘ida xina gullari, harholda bu qiz yolg‘iz Qo‘qonningg‘ina emas, umuman Farg‘onaning kuylariga qo‘shulib maxtaladirg‘an go‘zallaridan edi.

Ra’no Nigor oyimning to‘ng‘uchi, bu yil o‘n yetti yoshni to‘lduradir. Savodni otasidan o‘qub, o‘n to‘rt yoshida ibtidoiy maktab pro‘g‘ramida bo‘lg‘an barcha darslarni bitirgan, masalan: diniy qismdan – “Haftiyak”, “Qur’on”, “Chahor kitob”, “So‘fi Olloyor”, “Maslaki muttaqin”, adabiyotdan– Navoiyning barcha asarlari, devoni Fuzuliy ma’a44 Layli Majnun; Amiriy, Fazliy va shulardek, chig‘atoy-o‘zbek katta shoirlarining asarlari; forsiydan – Xoja Hofiz Sheroziy va Mirzo Bedil, xusnixat, insho va boshqalar. Bu kunlarda bo‘lsa bir tomondan, qizlarg‘a saboq berib onasig‘a ko‘maklashsa, ikkinchi tarafdan, otasida kofiya (arab nahv va sarfi) hamda Shayxi Sa’diyning “Guliston”idan dars oladir va shuning qatorida o‘zi yaxshi ko‘rgan chig‘atoy-o‘zbek shoirlarining badi’a asarlaridan alohida bir majmu’a tuzub yuriydir. Ba’zan “ovlog‘roq joylarda” o‘zicha manzumalar to‘qusa ham, biroq bularning isi o‘zidan chetka chiqmaydir. Agar to‘qug‘an she’r yoki manzumasi o‘ziga ma’quldek tushsa, faqat bir kishigagina ko‘rsatib oladir. Va ul kishi ham bu sirni chetka chiqarmaydirg‘an ishonchlik o‘z kishisi.

Qisqasi biz yuqorida Ra’noning she’riy bir husnini ko‘rganimizdek, uni fazl va zakovatda ham o‘tkan xon zamonlari asrining nodir uchraydirgan yakto fozila qizlaridan sanaymiz va sanashg‘a ham o‘zimizda majburiyat his etamiz.

Ra’no qancha jiddiy bo‘lsa ham yana unda bolalik tabi’ati butun ko‘yi saqlanadir: ukalarining o‘yunig‘a komil huquqli bir a’zo tariqasida ishtirok etadir, onasining ko‘zini chalg‘itib o‘qug‘uchi qizlar bilan janjallashib oladir, qizlar saboqlarini bilmasalar arazlab, ularni o‘qutmay tashlab ketkan chog‘lari, arzimagan gapdan tez mutaassir bo‘lg‘an kezlari ko‘b bo‘ladir. Ra’no o‘zining munday harakatlariga qarshi onasidan yaxshi-yomon mukofot olmasa ham, ko‘pincha otasidan tanbih eshitadir. Koyish eshitkani uchungina emas, uy-ro‘zg‘or to‘g‘rilarida onasini siqib ushlaganidan va fohish tangligidan45 ranjib otasini uncha xushlamaydir. Otasidan achchig‘lang‘an kezlarda onasig‘a jiddiy qilib: “Hamma ayb o‘zingizda, otamdan ko‘ra tuzukroq erni topib tegsangiz munchalik qiynalishib yurmas edik”, deb bo‘g‘ilg‘an Nigor oyimni kulduradir.

Qattig‘ ranjigan bir kun otasi – Solih maxdumga bag‘ishlab qiziq bir hajv yozg‘an va “o‘z kishisiga” ko‘rsatib uni kuldurgan edikim, biz kulgulik uchun bu o‘rung‘a bir necha misra’ini ko‘chiramiz:

Yog‘lar to‘kilsa yerga yotib yalar taqsirim,

Bo‘lsa bozorda pastlik sotib olar taqsirim.

Menim uchun bir zirak, Ra’nobonug‘a jevak46,

Desa oyim – “Ne kerak?!” yumma talar taqsirim.

“Quloq teshish fazl emas, pulni topish hazl emas,

Jevak taqish farz emas!” g‘avg‘o solar taqsirim.


Muhtaram o‘qug‘uchini qahramonlarimizning bir qismi bilan tanishdirishni shu yerda to‘xtatamiz.

Ularning ichki va tashqi tabi’atlari yaxshi yeshilmag‘an bo‘lsa, hikoyamizning davomida yana ham ochilib va kengayib borar, deb ortiqcha tafsiyaga kirishmadik.

42

Mudavvar – to‘garak.

43

Munaqqid – tanqidchi.

44

Ma’a – bilan.

45

Fohish tangligi – ortiqcha siquv.

46

Jevak – qizlarning bu kunda isti’moldan qolg‘an ko‘krak ziynati (mual.)

Mehrobdan chayon

Подняться наверх