Читать книгу Mehrobdan chayon - - Страница 18
16. XONNING ILTIFOTI
ОглавлениеDevonda rasmiy mirzo bo‘lishining uchunchi yilida Anvar juda katta e’tibor qozong‘an edi. Ayniqsa, turkiy tahrirda mirzolarning har birisidan ustun: chiroylik uslubi, oson tarkib96 va ifodasi bor edi. Buni mirzolardan boshlab saroy shoirlari, saroy muftilari, bosh munshiy Muhammad Rajabbek, hatto xonning o‘zi ham e’tirof qilar edilar.
Xudoyor muhr bosish asnosi yozilg‘an yorlig‘ va nomalarni o‘qutib eshitar, munshiylarning eshitilmagan arab va fors so‘zlari orqaliq to‘qug‘an yarim turkiy jumlalariga aksar vaqt tushunmas: “Enalaring‘ arapqa tekkanma?” deb mirzo, muftilarni koyir edi97. Ammo, Anvarning yozg‘an har bir jumlasini musiqiy kabi rohatlanib, tushunib tinglar va “shu bala barilaring‘dan ham o‘qug‘anraq chiqar!” deb, boshqa mirzolarning yuragiga o‘t yoqar edi.
Muhammad Rajab munshiy keyingi kunlarda muhim tazkiralar tahririni Anvarga topshiradirg‘an bo‘ldi. O‘zi birar joyg‘a ketadirgan bo‘lsa, devon idorasini Anvar qaramog‘ig‘a qoldirar, har bir to‘g‘rida ham boshqalardan ko‘ra Anvarga ishonar edi. Zero, Anvar har bir ishni to‘g‘ri va xolis ado qilar, vazifasidan tashqari ishlarga kirishmas, oladirg‘an maoshidan ortiqcha tama’ga tushmas edi. Bu o‘rinda Anvarning bir xususiyatini ataynoq yozib o‘tishka burchlimiz: o‘rus istibdod idorasi yonidag‘i musulmon qozixonalari va ulardagi mirzolarni ham kim xotirlaydir. O‘sha mirzolarning unar-unmaska “qalam uchi” so‘rashlari, kichkina ishni ulg‘aytib mazana98 chiqarish harakatlari ham bizga ma’lumdir.
Shu qozixona mirzolari, baayni hikoyamizning mav-zu’i bo‘lg‘an Xudoyor saroyi munshiylarining kichkina nusxalari edilar. Xong‘a yoziladirg‘an arzidodlar saroy mirzolaridan tashqarida tahrir qiling‘an bo‘lsa, aksar vaqt ishka oshmas edi. Ya’ni chetda yozilg‘an ariza qabul qilinsa ham, ariza egasi qalam uchini begona qilg‘ani uchun arizani xong‘a va sarmunshiyga ko‘rsatmay, yirtib tashlar edilar. Ariza egasi natija so‘rasa, “arizangizni savodsiz kishi yozg‘an ekan; janob iltifotsiz qoldirdilar”, – deb savodliq kishidan boshqa ariza yozdirib berishka maslahat ko‘rsatar edilar. Ariza berguchi ikkinchi martaba xarajatlanib, saroy mirzolarining o‘zlaridan yozdirishg‘a majbur bo‘lar edi. Mundan boshqa, bir-birlari ustidan xong‘a shikoyat qilish, o‘z aro bitmas adovat ham davom etib, aksar bir-birlarining tegiga suv ham quyib turar edilar. Yana aksariyat mirzolar xonning xufiyalik xizmatini ham ado qilib, shaxsiy adovat yoki xong‘a yaxshi ko‘runish uchun fuqarodan nechalarning gunohsiz qonig‘a cho‘milib, mudhish foji’alarg‘a ham sababchi bo‘lar edilar. Shuning uchun xalq ayniqsa, kambag‘allar saroy mirzolarig‘a nafrat bilan qarar, ular yonig‘a yaqinlashishdan qo‘rqar, ilojsizlikdan ikki bukulib salom berar edi.
Lekin Anvar tama’ni, shaytanatni, adovatni ayniqsa, xufiyalikni bilmas, devonda o‘ziga topshirilg‘an vazifanigina ado qilar, alalxusus mazlumlar dodnomasini xong‘a eshitdirishka va yaxshi natijalantirishka tirishar edi. Ul o‘zining shu to‘g‘rilig‘i soyasida hamisha anovi mirzolarning ishiga biloqasd99 xalal berib, chirishni100 buzub turar, ham shu va boshqacha sabablardan ularning adovatiga yaxshig‘ina hadaf101 ham bo‘lg‘an edi. Biroq, Anvarning homiysi – Muhammad Rajabbek katta e’tibor va nufuzga molik, ham xong‘a inobatlik, shuning uchun mirzolar Anvarga qarshi hech narsa qilolmas edilar. Mirzolar orasida Anvarga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lg‘an Shahodat mufti kabi keksa mirzolar yashag‘anlaridek, uning iste’dod va zakosiga xolis maftun bo‘lg‘an Sultonali kabi mirzolar ham bor edilar.
Shu yo‘sun tajriba yilidan tashqari besh sana saroyda ishlab kelar edikim, mundan o‘n besh kunlar muqaddam sarmunshiy Muhammad Rajab poygachi bir haftagina og‘rib, vafot etdi. Anvar o‘ziga samimiy mehribon bo‘lg‘an bir kishidan ayrildi. Necha yillardan beri Muhammad Rajabbekning o‘lumini yoki boshqacha bir falokatini kutib, undan so‘ng bosh munshiylikka o‘zini chog‘lab yurg‘an Shahodat mufti xizmat bilan qishloqqa chiqib ketkanligi uchun, muvaqqat ravishda bosh munshiylik vazifasini Anvar ado qila boshladi. Va shu bir necha kun ichida Anvarning bosh munshiy bo‘lish shoyi’asi yurib qoldikim, hozirga bu to‘g‘rida bir mulohaza aytish qiyindir. Chunki bu mansabga intilguchi kazo va kazolar, shoir a fuzalolar ko‘bdir.
96
Tarkib – jumla tuzish.
97
Xudoyor qipchoqlar ichida o‘skani uchun tili o‘zbekchadir. Enalaring so‘zidagi “ng” harfini “ng‘“ ravishida qalin so‘zlaydir. Bu kungi farg‘ona o‘zbeklarida ham (ayniqsa qishloqlarda) yumshoq “ng” o‘rnida qalin “ng‘“ ishlatish ko‘b eshitiladir. Hozirg‘i isloh qiling‘an harfimizda bu qalin “ng” ning maxsus shakli yo‘qdir. Yozg‘anda (n-g‘) harflaridan bir tovush yasalsa ham, biroq o‘qug‘anda har kim buni o‘z maxrajidan chiqarolmas, yanglish o‘qur. Bu qalin “ng” o‘zbekcha bir necha so‘zdagina ishlatilmay ko‘b ellilab so‘zda iste’mol qiling‘ani uchun manimcha alohida bir shakl qabul qilish ehtiyoji his etiladir. Masalan mashhurlari: zang‘, pang‘, lang‘, darang‘, qalang‘i-qasang‘i, dang‘, to‘ng‘uz, shang‘i, to‘nig‘illamoq, to‘ng‘, to‘ng‘uch va ang‘iz, ting‘ boshqalar… Eski “ning” “ng” ravishida isloh qiling‘an. Bu yo‘g‘on “ng‘“ ham “g‘“ harfining ustiga uch nuqta qo‘yulib yozilsamikin… (mual.).
98
Mazana – shirinkoma.
99
Biloqasd – qasdsiz, niyat qilmay.
100
Chirish – bitayotgan ishni buzish.
101
Hadaf – nishon.