Читать книгу Mehrobdan chayon - - Страница 7
5. OILA VA KISHILAR BILAN MUOMALA
ОглавлениеMaxdum oilasini ham kiyim-kechak vajidan o‘zi kabi tutar edi. Kiyim-kechakdagina emas, hatto oziq-ovqat to‘g‘rilarida ham uning anchagina kelishimsiz qiliqlarig‘a yo‘liqilar edi. Masalan, bir oy to‘lmasdan kir yuvishg‘a ruxsat bermas, agar Nigor oyimning bir oysiz kir yuvg‘anini ko‘rib qolsa – “kiyimni tog‘orada churutasan!” deb, g‘ovg‘a solar edi. Ikki haftasiz palovni ko‘rmaslar (ozodliq oshlari, albatta mundan mustasno), ko‘b ovqatlari ugra, tuppa, mastava, qo‘g‘urma sho‘rba bo‘lar edi.
Nigor oyimning qozoni yo‘qcha, yelcha qo‘shtni faqat palov sharofati bilangina ko‘rar edi. Lekin maxdum ba’zi narsalar bilan oshxonani yaxshig‘ina mo‘liqdirar, masalan: shalg‘am, qovoq, lavlagi. Bu to‘g‘rida xotini harchand rad qilsa ham, qoplab shalg‘am, yigirma-o’ttuzlab qovoq xarid qilishini qo‘ymas – “shalg‘am – Bibi Fotimai Zuhraning duolari barakati, qovoq bo‘lsa hazrati Yunusning mo‘jizalari”, deb bahosi arzon va lekin xosiyati ko‘b bo‘lg‘an bu mablag‘lar36 bilan oshxonani to‘ldira berar edi. Har hafta bir-ikki martaba qovoq somsa yopdirmay qolmas, ammo – “yog‘ni kam sol, qovoqning ta’mini buzadir!” deb ta’kidlashni ham unutmas edi. Uyda non yopilmag‘anidek, bozordan ham sotib olinmas, chunki, panjshanbalik non yetib, ortib yotar, hatto ba’zi vaqtlarda bozorg‘a ham chiqar edi.
Mahdumning o‘qug‘uchi bolalar bilan muomalasi juda yaxshi edi. Savog‘ini bilmagan yoki sho‘xliq qilg‘an bolalarni har qancha so‘kib, koyisa, do‘q urib, davara qilsa ham urmas, bu jihat bilan butun Qo‘qon bolalarining muhabbatlarini o‘ziga jalb etkan edi. Ammo “ozodliq” masalasida bolalardan hech kimni ham afu etmas, boy bolasig‘a “ozodliq” lozim bo‘lg‘an bo‘lsa, albatta undirishka, kambag‘al bolasidan mumkin qadar uzib olishg‘a harakat qilar; bolalar Haftiyak, Qur’on, So‘fi Olloyor va shunga o‘xshash kitob boshlasalar ozodliq majburiy, maktabdan ma’zun37 bo‘lg‘anlarning ziyofat qilib maxdumga sarupo berishlari qoidada bor bo‘lsa ham, lekin aksar bolalar bu to‘g‘rida domlani – “ana-mana” bilan aldab ketarlar, saxiyroq otalar bu marosimni ado etib “ustoz”ni rozi qilmasalar, ammo ko‘bchilik maxdumni ranjitar edilar. Panjshanbalik bo‘lsa maktabning asos haqqi va bulardan boshqa “Qulyog‘a quymoq – Ammaga bo‘g‘irsoq – Yosing‘a yupqa”38 degan gaplar ham bo‘lar edi. Bolalar har yili bir marta “bo‘ryo puli” va oyig‘a bir necha bora “supurgi puli” ham to‘lab turar edilar.
Maxdum mumkin qadar bolalarni o‘z maktabiga jalb qilishg‘a tirishar, ayniqsa boy va bek bolalarini o‘z qo‘lig‘a olish uchun har bir chorani ko‘rar edi. Masalan, boy va a’yondan birining o‘g‘li boshqa maktabda o‘qub yurgan bo‘lsa, uni bolalar vositasi bilan o‘z maktabiga chaqirar, nima o‘qug‘anini, nimalar bilganini so‘rar, bola savog‘idan yaxshi javob beralmasa “sizda ayb yo‘q, o‘g‘lim, ustozingiz biroz shundayroq odam… xo‘b, xo‘b; bizning maktablarga ham kelib yuring! Men o‘zim sizni juda do‘st tutaman-da!” der edi. Tabi’iy, bolaning shu kundan boshlab o‘z domlasidan ko‘ngli sovur, tez kunda maxdumning maktabiga kelib kirar edi. Ba’zi vaqt chet maktab bolalari bilan shunday muomalani ko‘chalarda ham qilar va o‘g‘li bo‘lg‘an boy va ashroflarga ham juda sertakalluf, xoksorona salom berib, tanimasa ham ular bilan so‘rashar, nechta o‘g‘li borlig‘ini va ularning o‘qub-o‘qumag‘anliqlarini, o‘qishg‘a ixloslarini tekshirib, o‘zining ta’limida qo‘llang‘an yengil usullarini ham birmuncha tiqillatib o‘tar edi. Tabi’iy, maxdumning bunday harakatlari ko‘pincha foydasiz bo‘lmas, maktabiga yangidan yangi shogirdlar to‘planib turar edilar.
O‘z qatoridag‘i maktabdor domlalarni aslo ko‘ralmas, ularga qarshi yuragida umrlik kek saqlar edi. Ba’zi majlislarda yo‘suni kelib qolsa – “ha, mulla falonchimi, ko‘b bolalarning umrini zoyi’ qilyapti, deb eshitaman… shogirdlaridan bir nechasi shikoyat qilishib menga kelishkan edilar… Qanday qilay, shogirdlarim o‘zimdan yetib ortsalar ham umrlari zoyi’ bo‘lmasin, dedim”, der va eshitkuchilarga sezdirmay raqibini chimchilar; kezi keldi deguncha ikkinchi maktabdor to‘g‘risida shu yo‘sun zamzama so‘zlar edi.
Maxdum bo‘ychan, olago‘sht, siyrak mo‘y, oq tan, istarasi issig‘ bir domla edi. Yoshi ellikdan oshqan, soch va soqolida birmuncha oqlar ko‘rinar edi. Kishi bilan so‘zlashkanda, ayniqsa, bir narsadan taajjublanganda siyrak va lekin to‘g‘ri, baquvvat o‘skan soqolini tutamlab, o‘ng ko‘zini biroz qisib qarar, odat qilg‘andan bo‘lsa kerak, gap orasida “habda” degan so‘zni ko‘proq ishlatar edi. Domlaning bu “habda”si nima ma’noda qo‘llanilar, o‘zidan boshqa hech kim bilmaganidek, undan bu to‘g‘rida izoh ham so‘ramag‘an edilar. Harholda “habba – habhali” yoki “ha, barakalla” bo‘lsa kerak. Chunki ul bir narsadan xursand va rozi bo‘lg‘anda aksar “habba” deb yuboradir.
Shu yergacha bir necha sahifalarni maxdumning ta’rifi bilan to‘ldirdiq. Ehtimolki, domlaning g‘iybatini ham qildiq va qilarmiz. Lekin shunisidan xotirjam’mizki, yo‘qni yo‘ndirmadiq, maxdumning sha’nida bor gaplarnigina yozdiq va yozarmiz. Maxdumning hamma nuqsonini yuvib ketarlik bir jumladan so‘ng yana o‘z ishimizda bo‘lamiz:– nima bo‘lg‘anda ham maxdum o‘z zamonasining eng olding‘i domlalaridan, Qo‘qon aksariyatining savodxon bo‘lishlarig‘a sababchi ustozlardan, hatto ulug‘ xizmatlarga kishi yetishdirib berguchi nodir muallimlardan edi.
36
Mablag‘ – boylik.
37
Ma’zun – ruxsat, izn olgan.
38
Qulyo, Amma, Yosin – Qur’ondagi suralar nomi.