Читать книгу Mehrobdan chayon - - Страница 13
11. MAHDUMNING TAHDIDI
ОглавлениеAnvar o‘rtag‘a dasturxon yozib, ikki lagan manti chiqarib qo‘ydi, uch kishi qamti o‘lturib, manti tanovul qilishdilar. Taom asnosi Shahidbek sekin-sekin maqsadg‘a yonda-shib keldi.
– Xalq og‘zida duv-duv gap, – dedi manti chaynab, – go‘yo siz marhum sarmunshiy o‘rnig‘a nasb72 qilinar emishsiz, deb… Bu haqiqat gapmi yoki ovozami, yaxshi payqolmadiq. Bu so‘zning haqiqatini hozir o‘zi sizdan eshitamizku va lekin sizga xayrixoh bo‘lg‘an taqsirim va mendek kishilarni bu shoyi’a73 benihoyat xursand qildi, xrrr… Darhaqiqat, bu martabaga nihoyatda layoqatingiz bor ekanini o‘rda arboblaridan ham eshitamiz…
Shahidbek so‘zni shu joyg‘a keltirib maxdumga qaradi. Maxdum soqolidag‘i xamir ushog‘ini olib, mehmonni laganga targ‘ib qildi.
– Kecha va o‘tkan kunlarda, – dedi maxdum lagandan olg‘an mantisini qo‘lida ushlagan ko‘yi, – bu shoyia’larg‘a men ham ishonmag‘andek edim. Ammo bu kungi dovruq meni ham taajjubka qo‘ydi. Voqi’an Anvar sarmunshiylikka mansub qilinsa ne g‘aroyiblig‘i bor? Alhamdulilloh, fazli kofiy, aqli solim74, iste’dod bo‘lsa boz inchinin 75…
Anvar qo‘li laganda ekan, kulimsib qo‘ydi. Shahidbek kech harorati va manti issiqlig‘i ta’sirida yana o‘bdan terlagan edi. Ro‘ymoli bilan manglay va bo‘yin terlarini artar ekan, Anvarga qaradi:
– Xo‘sh, Mirzo Anvar?
– Shunday gaplar bor, – dedi Anvar, maxdumga ko‘z qirini yuborib, – ammo bu gaplar menim xohishim va rag‘batim xorijida bo‘lmoqda. Shuning uchun bu shoyi’alarg‘a ahamiyat berishka arzimaydir.
Shahidbek maxdum bilan ko‘z urushdirib oldi.
– Ya’ni siz sarmunshiylikni xohlamaysiz? – deb so‘radi.
– Albatta.
– Sabab?
– Sababi shulki, – dedi Anvar, – men buningdek mas’ul, ayniqsa, tantanalik vazifalarga havaskor emasman.
– Albatta, shunday-ku, – dedi Shahidbek, – ammo ki-shi, alalxusus76 sizga o‘xshash yigitlar hamisha bir o‘runda o‘lturib qolmaydilar. Tajriba, iste’dodlari o‘skan sayin, yuqoriroq martabalarga mina boradirlar. Shuningdek, sizni ham yuqori martabaga ko‘tarmakchiga o‘xshaydirlarkim, xrrr… buni sizning havaskorlig‘ingiz emas, fazlingiz taqozo qilib, bunda siz asosan har qancha qarshi bo‘lsangiz ham, xrrr… layoqatingiz yana sizni bu xizmatni qabul qilishg‘a majbur etadir.
– Kishilar mubolag‘a qilg‘andek menda iste’dod yo‘q,– dedi Anvar, yerga qarag‘an holda. – Undan keyin o‘rdag‘a kechagina borg‘an menga o‘xshash yoshlarning “bosh mirzo bo‘laman”, deb umidlanishlari ayni bir kulgidir. Ya’ni, demakchimanki, bu vazifa tama’ida o‘n, yigirma va balki o‘ttuz yillab ko‘zini to‘rt qilib kelgan munshiylar, mufti va shoirlar bor. Ularning yonida menga o‘xshash bir yosh tajribasizning ham tama’lanishi kulgi emasmi? Ayniqsa, o‘rdadag‘i urfi odatlarni va tajribalarni o‘z ko‘zidan va bo-shidan kechirib turg‘an kishilar tomonidan bu shoyi’ani durust deb ishonilishiga taajjub qilaman…
Shahidbek qo‘lini artar ekan kuldi:
– Shu ishonchsizlig‘ingizning o‘zi ham bir bolaliq.
– Bolaliq, bolaliq, – deb qo‘ydi maxdum.
Manti tanovul qilinib bitdi. Maxdum laganlar tegini ichib-yaladi. Fotihadan so‘ng, lagan va dasturxonlarni ichkariga eltmakchi bo‘lg‘an Anvarni Shahidbek to‘xtatdi:
– Laganlarni qo‘yib turing-chi mirzo, ilgari haligi masalani yeshaylik.
Anvar qo‘lidag‘i dasturxon va laganni sufa labiga qo‘yib o‘lturdi. Maxdum gulduros bilan kekirib, ustidan “alhamdulilloh” ham deb oldi.
– Xo‘sh, Mirzo Anvar?
– Gap boyag‘icha, bek aka, – dedi Anvar, – bu masala ahamiyat berishka arzimaydir.
Shahidbek maxdumga qaradi. Maxdum Anvarni jerkti:
– Arziydirmi, yo‘qmi, axir, so‘zga qulod ber-da, Anvar bolam.
– Xo‘b, marhamat qilsinlar.
– Eshitishimizga qarag‘anda, – dedi qo‘lini o‘ynatib Shahidbek, – janobg‘a manzur qiling‘anlar orasida sizning nomzadingiz bor ekan.
Anvar kulimsidi:
– Bor deb eshitdim.
– O‘rdadag‘i ishonchlik kishilarning so‘zlariga qarag‘anda, yorlig‘ sizning otingizg‘a bo‘lar emish.
– “Bo‘ldi” bilan “bo‘lar emish” orasida katta farq bor.
– Xo‘b, – dedi o‘zini yelpib Shahidbek, – biz bu ikkisini bir yoqqa qo‘yayliq-da, ikki oradan “basharti bo‘lsa” fe’lini olayliq, xe-xe-xe… Basharti yorlig‘ sizning ismingizga bo‘lib qolsa, siz shunda nima qilasiz?
Anvar kulib maxdumga ko‘z qirini tashladi.
– Siz bu “basharti bo‘lsag‘a ham ishonmang, bek aka.
Maxdum xo‘mrayib Anvarga qarab qo‘ydi. Shahidbek yana so‘radi:
– Axir, shu ehtimolga qarshi javob bering-da, xrrr.
– Men iste’fo va uzr arizasi berar edim…
– Hamoqat!77 – dedi maxdum va teskari qarab oldi.
Shahidbek taassuf qilg‘an kabi boshini chayqadi:
– Bu so‘zingiz bilan boyag‘i gapingizga qarshi bordi-ngiz. Boya “mendan boshqa bo‘ladirg‘anlar ham bor, men bu ishka umidlanmasam ham bo‘ladir”, degandek qilg‘an edingiz, hozir ersa boshqa narsani aytasiz, xrrr.
– Kufroni ne’mat, non tepkulik, – dedi maxdum. Anvar yana kulimsidi, ammo jiddiy tus olg‘an edi:
– Xayr, kishilar o‘ylag‘andek, mening mirzoboshiliqqa iste’dod va layoqatim ham bo‘lsin, agar yorlig‘ bersalar, bu vazifani qabul ham qilayin, – dedi, – ammo anovi – yigirma-o‘ttuz yildan beri shu mansabning qayg‘usida kelgan kishilar tinch yotadir, deb o‘ylaysizmi, har zamon oyog‘imdan chalmaydirlar deb ishonasizmi? Mana shu andishada tuban va ahamiyatsiz bo‘lsa ham, hozirg‘i xizmatimni a’lo ko‘raman va shu mulohaza bilan taqsirim aytkanlaridek, kufroni ne’mat qilmoqchi bo‘laman.
Shahidbek maxdumga qaradi, maxdum Anvarga qarshi chiqdi:
– Sen o‘z ishingni bilib qilsang, vazifangda sustlik ko‘rsatmasang, – dedi, – senga butun olam dushman bo‘lg‘anda ham bir mo‘yingni xam qilolmas. Chunki haq hamisha g‘olibdir, haqsizlik ersa mag‘lub. Tuhmat va bo‘hton xavfida ma’rakadan78 yuz o‘gurish – yigitlarning ishi bo‘lmas. Chunonchi, ushbuning misoli turkiyda ham bor: «Chumchuqdan qo‘rqib, tariq ekmagan», deb qo‘rqoq kishilarni masxara qiladirlar. Shunga o‘xshash sen ham chumchuqdan qo‘rqib, tariq ekmaguchilar xilidan bo‘lsang… men yanglishib yurg‘an ekanman-da, bolam!
– Haqiqat… – deb kuldi Anvar va biroz o‘ylanib to‘xtaldi. – Haqning haqsizliqqa g‘olib kelganini og‘izda eshitsam ham, shu choqqacha amalda ko‘ralmadim, – dedi ,– masalan, mendan ham o‘zingizga ravshanroqdirkim, mirzolardan Sayidxon, mulla Siddiq va Mo‘minjonlarning boshig‘a qanday falokatlarni solmadilar, holbuki haqiqatda ular xon o‘ylag‘ancha xiyonatchi kishilar emas, faqat bu uchavining yomonliqlari bir necha adovatlik mirzolarning to‘quma tuhmat va bo‘htonlari edi79, Ayniqsa, o‘zim bir necha yildan beri o‘rdada ishlab, shuningdek o‘z ora fisq-u fasodlarni har kun uchratmakdaman va shuning uchun bulg‘anch bir muhitda munday talashliq vazifani o‘z ustimga olishdan xazar qilaman.
– Sening misoling, – dedi maxdum, – nodiran voqi’adir… Agar shunday hodisalarni o‘ylab tursang, o‘rdada emas, hatto ko‘chada ham yurishing maholdir. Baxting bunchalik kulgan ekan, jabonat80 bilan davlat qushini qo‘ldan uchurish kufroni ne’mat, bolam!
– Ha, taqsir, – dedi Shahidbek, – ayni hikmat so‘zlaysiz… Ukam Mirzo Anvar, baxt degan narsa yigitka butun umrda faqat bir martaba qaraydir, xrrr, agar shunda mahkam tutib qolsangiz, xo‘b, bo‘lmasa hamisha otning keyingi oyog‘isiz-da.
– Tilak va tashviqotlaringiz xolisona bo‘lg‘ani uchun tashakkur aytaman, – dedi Anvar, – yana shu holda meni ma’zur ko‘rasiz…
Maxdum yana qizishdi, o‘ng ko‘zini qisib, bir yoqlama Anvarga qaradi. Chunki ul juda achchig‘i chiqqan kezlarda kishiga shu xilda qarar edi.
– Men kim, Anvar?
– Siz… Siz ustozim…
– Bas, ustozingning, – dedi maxdum, – shu kungacha qaysi ta’limidan zarar va qaysi kengashidan zoeg‘lig‘ tortding?
– Nafdan boshqa hech. Lekin o‘z umrimda bir gustoxliq81 qilmoqchiman.
Maxdum yana achchig‘lanib, bir-ikki tamshandi:
– Boshqa narsaga gustoxlik qilsang qil, illo hozirg‘i inoding ayni hamoqat! – dedi qo‘lini paxsalab, – agar men senga ustoz va ota bo‘lsam, bu ishka quloq qoqma, illo o‘zing bil, tuzukmi?!
Anvar indamadi, chunki maxdum keyingi jumla bilan ma’lum bir tahdidgacha borib yetkan edi.
– Qizishmang, qizishmang, – dedi Shahidbek, – Mirzo Anvar siz o‘ylag‘an yigitlardan emas. Albatta, Mirzo Anvar aytkandek, xrrr… o‘rdada o‘shanday gaplar ham yo‘q emas va lekin men azmoyishchi82 bo‘lsam, xrr, shuni aytib qo‘yayki, o‘rdadag‘i kattadan kichik Mirzo Anvarga hurmat bilan qaraydir. Chumolini og‘ritmag‘an kishiga kim ham adovat qilsin – xrrr…
– Habba! – dedi maxdum, – endi nima qoldi; orada go‘daklik xavfidan boshqa hech gap yo‘q… Oyig‘a qirq tillo vazifa, anvo‘i hadyai shohona, yana – eldan ko‘riladirgan obro‘, hurmat, hay, hay, hay…
Maxdumning keyingi jumlasi Anvarni kulimsitdi. Kuchlanib jiddiyatini saqlag‘an holda:
– Hozircha meni bosh munshiy qilib yorlig‘ berganlari yo‘q, – dedi, – shuning uchun bu to‘g‘rida so‘zlashish menga qolsa hali ertaroq ko‘rinadir.
– Men ham buni bilib turibman, bolam Anvar – dedi maxdum. – Basharti bu martabani xudoyi taolo senga nasib qilsa, haligidek bolaliq aqling bilan nobud qilib qo‘ymag‘il, deb so‘zlayman. Eshitishimga qarag‘anda, janobg‘a bir ariza yozib, uzr bayon qilmoqchi emishsan…
– Kim aytdi?
– Kim aytkanini qo‘yaber, ammo boyag‘i harakatlaring bu kori baddan ham qaytmaslig‘ingg‘a bizni ishontiradir. Darhaqiqat, ushbu xabar to‘g‘rimi?
– Sizga arz qilg‘an kishi balki bilib so‘zlagandir… Basharti siz bu fikrimni ma’qul topmasangiz.. albatta majburman.
– Habba, – dedi maxdum tamom ochilg‘an qiyofatda, – go‘daklik lozim emas, jabonat ko‘b mazmum83 sufat, «Osilsang ham baland dorg‘a osil» maqoli ko‘b purhikmat so‘z.
Maxdum shu gapni aytish orasi qone’84 va mag‘rur Shahidbekka qarab oldi. Chunki ul bu mag‘ruriyatka ikki jihatdan haqli edi; «basharti siz ma’qul ko‘rmasangiz…», deb Anvar o‘z rizolig‘ini maxdumning yolg‘iz shaxsi bilan bildirdi, ham shu jumla bilan ustozidan boshqalarning o‘z ra’yiga qarshi bora olmasliqlarini onglatdi.
Yaxshig‘ina tushurilgan manti va odatdan tashqari entikib, halloslab ko‘b so‘zlash natijasida Shahidbek charchab, yostiqqa suyanib qolg‘an edi. Shuning uchun ul ikki oradag‘i onglashishni yonboshlag‘an ko‘yi tabrik etdi:
– Balli, mirzo, balli, gap shunday bo‘lsin, xrrr…
Bir-ikki piyola choy ichishkandan so‘ng, maxdum bilan Sahidbek fotiha o‘qub, shom namozig‘a qo‘zg‘alishdilar. Anvar Shahidbekni o‘rta eshikkacha kuzatib bordi. Shahidbek Anvar bilan xayrlashar ekan:
– Inshoolloh yorlig‘ olarsiz, deb o‘ylayman… Bir ne-cha zakotchilar to‘g‘risida siz bilan kengashadirgan gaplar ham bor. O‘z farzandimizdek yigitsiz, sizning mirzoboshi ta’yinlanishingiz bizga ayni muddao, – dedi.
– Yovda bo‘lsa, tezagi tegar emish. Anvar o‘z bolangiz-da.
Anvar ularning so‘ziga qarshi majhul bir vaziyat saqlag‘an holda bosh qimirlatib sufaga qaytdi.
72
Nasb – tayinlash.
73
Shoyi’a – yoyilgan, tarqalgan xabar.
74
Aqli solim – sog‘lom aql.
75
Inchinin (inchunin) – shuningdek.
76
Alalxusus – xususan.
77
Hamoqat – ahmoqlik.
78
Ma’raka – jang maydoni.
79
Bir vaqt Xudoyor, «odil podshoh» bo‘lmoq niyatida mazkur uch mirzoni maxfiy ravishda viloyatlarga jo‘natib, ularga: «Zolim beklarim, poraxo‘r qozi va boshqa amaldorlarim bo‘lsa, menga bilib beringiz, men ularning jazolarini beraman», deb buyuradir. Sayidxon, mulla Siddiq va Mo‘minjon – bu uchavi viloyat, tumanlarda necha vaqt maxfiy kezib, bek, qozi, umuman, mansabdorlarni tekshirib chiqadirlar.Ularning to‘g‘ri baho berishlari natijasida ma’lmurlardan qariyb to‘qson foizi zolim va poraxo‘r ko‘rsatiladirlar. Xon bu holg‘a hayron bo‘lib, o‘rdadan bir necha kishilarga sirni ochadir. Bu kishilar boyag‘i uch mirzoning raqiblaridan bo‘lib, xong‘a ig‘vo qiladilarkim: «Mirzolar o‘zlariga pora berguchilarni yaxshi ko‘rsatib, bermaguchilarni yomon ko‘rsatadirlar. Yo‘qsa sizning ovoni adolatingizda shunchalik yomonlar bo‘ladimi? Bu ko‘rnamaklar nafs so‘ziga kirib, janobingizning aksar sodiq qullaringizni sizdan yuz o‘gurishlariga va saltanatingizga raxna solishg‘a sababchi bo‘lmasinlar», deb «odil podshoh» bu ig‘vog‘a laqqa uchib, mazkur uch mirzoning quloq-burunlarini kesib, o‘zlarini o‘rdadan haydashka va ular ko‘rsatkan o‘n foiz yaxshi kishilarni ham ishdan olishg‘a buyuradir. Anvar esa yuqorida shu voqi’ag‘a ishorat qilmoqdadir.
80
Jabonat – yuraksizlik, qo‘rqoqlik.
81
Gustox – adabsiz, andishasiz; erkin, erka.
82
Azmoyish – mushohada, o‘ylash.
83
Mazmum – ayb, yomon.
84
Qone’ – rozi.