Читать книгу Mehrobdan chayon - - Страница 4
2. AMIR UMARXONNING KANIZI
ОглавлениеSolih maxdum 1230–1390-nchi hijriy yillarda “Ho‘qandi firdavsmonand”da yashag‘an bir muallim va imom, o‘z zamonasining istilohi2 bilan aytkanda “maktabdor domla”dir. Solih maxdum sinfi jihatdan ulamo oilasiga mansub bo‘lib, bobosi Olimxon3 va Umarxon4 davrlarida muftilik, qoziliq mansablarida xizmat qilg‘an, otasi ersa Qo‘qonning Madali (Muhammadali) xon5 madrasasida necha yillar mudarris bo‘lgandir. Qisqasi maxdumning ota-bobolari xonlar qo-shida mumtoz va xalq nazarida “sharaflik va muhtaram” mavqi’ni ushlab kelganlar. Biroq bu mumtoz silsila bizning maxdumgacha yetib kelalmay, Madalixonning qatli bilan birga kesilgan, buning mojarosi ersa quyidag‘ichadir:
Turkiston xonlig‘i tarixidan xabardor kishilarga ma’lumdirkim, Amir Umarxon oxir umrida o‘z saroyidagi yosh kanizlardan biriga muhabbat qo‘yadir. Kaniz yosh bo‘lg‘anlig‘i va balog‘atka yetmaganligi uchun uni nikohiga ololmay vaqt kutadur. Shu kutib yurish yillarida Umarxon murodiga yetalmay vafot qiladir, taxtka o‘g‘li Madalixon minadir. Oradan bir necha yillar o‘tib boyag‘i kaniz qiz balog‘atka erishadir va bir husniga o‘n husn qo‘shulib otaning bolasi bo‘lg‘an Madalixonni ham o‘ziga oshiq qiladir. O‘z saroyida o‘skan bu qizni yosh xon hamisha ko‘z o‘ngida yuritsa ham biroq… tarixning bizga xabar berishiga qarag‘anda Madalixon shu qizning dardida necha yillar yonadir. Chunki ulamolar bu go‘zalni Madaliga ona maqomida hisoblab, nima uchundir xonning orzusig‘a ko‘ndalang keladirlar:
“Otangiz, agarchandi kanizni o‘z nikohlariga olmag‘an bo‘lsalar ham va lekin balog‘atka erishkach olarman, deb niyat qilg‘anlar. Binobarin bu kaniz sizga ona maqomida, shari’at ruxsat bermaydir!” deydirlar.
Madalixon bu fatvodan keyin dardini ichiga yutishg‘a majbur, bo‘lib, ammo ikkinchi tarafdan o‘zining orzusig‘a qarshi borg‘an ulamoni sekin-sekin “ilmiy” ishlardan olib ular o‘rnig‘a yangilarini qo‘ya boshlaydir. O‘z orzusig‘a zamin hozirlag‘ach, bir necha yilni o‘tkazib, yana ulamog‘a shu to‘g‘rida fatvo so‘rab murojaat qiladir. Tabi’iy, yaqindag‘ina og‘zi oshqa yetkan yangi ulamolar o‘z valiyi ne’matlari bo‘lg‘an Madalixong‘a xiyonat qilmaydirlar-da:
“Ba nazdi mujtahidini kirom asli e’tibor aqdi shar’iydir6. Otangiz marhum – nikohlanaman deb aytkan bo‘lsalar ham nikohlandim, deb aytmaganlar. Bas, amiralmo‘minin mazkurani xud nafslariga7 aqdi sha’riy8 qilsalar joiz va durustdir. Vallohi a’lam bis savob”, deb fatvonomani “binni mufti marhum”, “binni mudarris marhum”, “binni Hoqandiy marhum” – muhri bahaybatlari bilan qalashdirib beradirlar va Madalixon to‘y va tomoshalar bilan murod-maqsadig‘a yetadir…
Kimlarning vositasi bilandir mazkura go‘zal kanizning ta’rifi Buxoro amiri – amir Bahodir – (Botur)9 xong‘a yetib, ul ham ilgaridan haligi kanizga g‘oyibona oshiq bo‘lg‘an edi. Ammo qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham shu kanizni qo‘lg‘a kirgizish fikrida bosh og‘ritib, nos chakib yurgan Bahodirxon qulog‘iga bu xabari jonso‘z yetib dumog‘idan dud chiqadir va darhol Buxoroning zabardast ulamo, mufti, a’lam, hokazo va alo-hozalqiyos peshvolarini o‘z huzuriga chorlab, darg‘azab voqi’ani so‘zlaydir va ulardan darhol bir “fatvoyi bahaybat”ni talab qilg‘anida ulamoyi kirom ham daron botahorat-betahorat, masalani eshitar-eshitmas fatvo yozadirlarkim:
“Bir jamoa mo‘minlarga amir bo‘lg‘an zotning vazifai shar’iysi shuldurkim, islomda ustivor turg‘ay, ahkomi islomni10 kamokon11 ijro qilg‘ay. Har bir amirikim arkoni islomdan12 zarracha yuz o‘gursa, ul kimarsa jamoai islom ustiga amir emas, sharirdir13. Nauzanbillahkim Farg‘ona va Turkiston mamlakatining alhol14 amiri bo‘lg‘an Muhammadalixon volidining15 mankuhasi16, ya’ni volidai ayni va rizo’isini17 o‘z aqdig‘a olibdir, nauzanbillahi, nauzanbil- lahi. Oyat va ahodisi sharifa va ba chahori mazhab18 va ba nazdi mujtahidini kirom va ulamoi zul-ehtirom19 muttafaqun20 alayhi kofirdir. Kazolika21 o‘shandog‘ murtadning qatli avvalo digar22 islom amirlariga va ba’d az23 barcha mo‘minlarga farzi ayndir!”
Darvoqi’ “xolisona” bu fatvoga amir Bahodirxon “betarafona” qiymat berib, “din yo‘lida xolis bir jihodi akbar”24 deb jami’i qo‘shunlari bilan Farg‘ona ustiga yurish qiladir. Amiri Bahodirning bu “xolisona” jihodi Turkiston xonlig‘i tomonidan qanday muqovamatlarga25 uchradi va ikki tarafdan qancha boshlar kesildi, albatta bu to‘g‘rida bizning ishimiz yo‘qdir. Faqat bu mojarodan bizga keraklik nuqta shundakim, natijada Madalixon shikast topdi, ham amiri Bahodir tomonidan qatl qilindi. Madalixong‘a fatvo yozib bergan Qo‘qon ulamolaridan bir nechalari had uruldilar26 va bir nechalari qochib qutuldilar. Amiri Bahodirxon bo‘lsa Farg‘ona hukumatiga o‘z kishisini qo‘ydi, fathu nusrat27 bilan kanizni olib Buxorog‘a qaytdi.
Maqsadg‘a kelsak, Madalixong‘a fatvo yozib berishda ishtirok qilg‘an va Bahodir tomonidan had urulg‘an ulamolarning biri shu bizning Solih maxdumning otasi edi. Had urulg‘andan so‘ng ko‘b yasholmadi, o‘ldi va shuning bilan bu oilaning burung‘i imtiyoz va sharafi ham bitdi. Chunki mundan so‘ng Turkiston taxtiga o‘lturgan xonlarning hammalari deyarlik Buxoro amirining himoyasida kabi edilar. Va Madalixonning fatvosiga ishtirok qilg‘an ulamolar hamisha e’tiborsiz, mardud28 bo‘lib qoldilar.
2
Istiloh – atama.
3
Olimxon Norbo‘tabiy o‘g‘li (1775–1811) 1798–1811-yillarda Qo‘qon xoni bo‘lgan.
4
Umarxon (1785–1882) Olimxonning ukasi. 1811–1822-yillarda Qo‘qon xoni bo‘lgan.
5
Madalixon (Muhammadalixon) Umarxon o‘g‘li (1806–1842) 1822–1842-yillarda Qo‘qon xoni bo‘lgan.
6
Ba nazdi mujtahidini kirom asli e’tibor aqdi shar’iydir – hurmatga loyiq din allomalarining nazaricha asosiy e’tibor shariat qonunlariga qaratilishi kerak.
7
Xud nafsiga – o‘z nafsiga.
8
Aqdi sha’riy – shar’iy nikoh.
9
Amir Bahodir (Botur) – Nasrulloxon (1826–1860-yillarda xonlik qilgan) nazariga aytiluvchi laqab.
10
Ahkomi islom – islom hukmlari, qonunlari.
11
Kamokon – bekam-u ko‘si.
12
Arkoni islom – islom ruknlari, asoslari.
13
Sharir – yomonlik qiluvchi, zararkunanda.
14
Alhol – hozirgi, bugungi.
15
Volid – ota.
16
Mankuha – nikohli xotin.
17
Volidai ayni va rizo’i – o‘z va emizgan onasini olibdir… (mual.).
18
Va chahori mazhab – sunniylik yo‘nalishidagi shari’atning xanafiya, malikiya, shofi’iya, hanbaliya mazhablari.
19
Zul-ehtirom – ehtirom egasi.
20
Muttafaqun – kelishilgan.
21
Kazolika – shuning uchun.
22
Digar – boshqa, o‘zga.
23
Ba’d az – keyin, so‘ng.
24
Jihodi akbar – ulug‘ yurish, urush.
25
Muqovamat – qarshilik.
26
Had urmoq – huquqsizlantirmoq.
27
Fathu nusrat – g‘alaba.
28
Mardud bo‘lmoq – haydalmoq, quvilmoq.