Читать книгу Mehrobdan chayon - - Страница 5

3. MAXDUMNING UYLANISHI VA MAKTABDORLIG‘I

Оглавление

Solih maxdum otasining vafotida yigirma yoshliq talaba edi. Otasi marhum bo‘lg‘andan so‘ng o‘zidan bir necha yosh kattaroq og‘asi Marg‘ilong‘a imom bo‘lib oilasi bilan ko‘chib ketdi. Solih maxdum onasi va o‘n olti yoshliq Na’ima ismlik singlisi bilan Qo‘qonda qoldi. Birar joydan kelim bo‘lmag‘anliqdan bu oila ko‘b tanglikka tushib oxirda Solih maxdum tahsilni tark etishka, qorin to‘ydirarliq bir kasb izlashka majbur bo‘ldi.

Albatta, Solih maxdum og‘irroq kasbni uxda qilolmas, imomatka bo‘lsa soqoli chiqmag‘anliqdan yarolmas edi. Ko‘b ozor chekib nihoyat qorindosh-urug‘ va mahalla ki-shilarining kengashlari bilan o‘z uyiga maktab ochdi, mahalladan besh-o‘nta bola yig‘di va yeng shimarib maktabdorliqqa boshladi.

Bir necha yil maktab rivojga minmadi, ya’ni bolalar o‘n besh-yigirmatadan narig‘a o‘tmay, “panjshanbalik” arang it azobi ro‘zg‘org‘a yetib turar edi. Maxdum va oilasining shundan boshqa daromad manba’lari bo‘lmag‘ani uchun har-holda, yana shunga qanoat qilmoqqa majbur edilar.

O‘g‘ul yigirmaga, qiz o‘n beshka yetdimi – onalarning dardi kelin va kuyav savdosi bo‘lib qoladir. Shunga o‘xshash maxdumning onasi Mohlar oyimning kasali qo‘yo “dard ustiga chipqon” edi: maxdumning yoshi yigirmadan oshti, Na’ima ham o‘n sakkizga to‘ldi, ya’ni kelin ham kerak, kuyav ham. Na’ima to‘g‘risidan tashvish yo‘q, husn, odob, yumish, hammasidan ko‘ngil to‘q, bek bo‘lmasa – bekzoda, mudarris bo‘lmasa – mukarrir29.

Ammo maxdum masalasi biroz mushkilroq edi: topish-tutish ma’lum, otasidan qolg‘ani faqat ichki ashqi havli, mundan boshqa hech gap. Bas, Mohlar oyim o‘z tirikligida maxdumning “boshini ikki” qilmasa, o‘zidan so‘ng uning uylana olishi amri mahol. Shuni ko‘zda tutib Mohlar oyim maxdumning uylanishiga mazkura Na’imani vosita qilmoqchi bo‘ldi. Ya’ni Na’imani uzatib evaziga uzatilgan joydan kelin olmoqchi edi. Qarshi quda bo‘lmoq uchun qizliq va o‘g‘ulliq havlini uchratish va buning ustiga “nasl-u nasabda tekislik”, olinadirg‘an kelinning silliqina bo‘lishi – ana shunday mushkilotlar orqasida ikki yil chamasi Na’imaning umri sarg‘ayib o‘tdi. Yurt emasmi, degandek yurtchilikda yurak og‘rig‘ig‘a davo topilmay qolmas. Shunga o‘xshash Mohlar oyimning yarasi ham nihoyat uchunchi yilda davosini topdi:

Xon o‘rdasining mutavaffo30 mirzolaridan bittasining madrasada o‘qub yurg‘an o‘g‘li bor edi va uyida chaqich chaynab o‘lturgan o‘n olti yoshliq qizchasi ham bor edi. Bu oila Mohlar oyimning taklifini ma’almamnuniyat31 qabul etdi. Chunki o‘xshatmay uchratmas” degandek narigi taraf ham Mohlar oyimning bittasi edi. Sovchilar Na’imani yoqtirib, Mohlar oyimning taklifini qabul qilib ketdilar. Mohlar oyim marhum mirzoning uyiga qiz ko‘rgali borib ul ham “qizi jajjigina ekan” deb keldi. Kuyavlar ko‘rulib ular ham zararsiz topildilar. Shart-u sharoit so‘zlashildi: ikki orada qalin-palin degan gaplar yo‘q, har kim o‘z ulushiga tushkan osh-suvini qiladir, kelinni o‘rab chirmab oladir, vassalom.

“Hay etti, huy etti, ikki koski to‘y etti” deganlaridek har ikki to‘y ham bir hafta ichida o‘tti, Na’imaxonim uyoqqa ketib, Nigorxonim buyoqqa keldi. Shunday qilib Solih maxdum xotinliq bo‘ldi.

Solih maxdumning maktab ishi ham uchunchi yildan boshlab biroz jonlang‘an, bolalar ham o‘ttuz qirqqa yetkan edilar.

Solih maxdum o‘ttuz yoshlarg‘a borg‘anda maktabdorlig‘i ham yaxshig‘ina shuhrat topadir, shogirdlar soni bir yuzga yetadir. Mehmonxona torliq qilg‘anliqdan maktab uchun maxsus bino yopadir, imlo, insho va husnixat mashqi uchun alohida xona ayiradir. Mahdum yolg‘iz shuning bilangina qanoatlanmay xotini Nigorxonimni ham ishka soladir, ya’ni uning savodini tuzatib “otin bibi” qiladir. Ikki-uch guzarning qizlari Nigorxonimning sabog‘ig‘a yig‘iladirlar. Qisqasi, maxdum maktabdorliqda yaxshi shuhrat qozong‘anidek, uy-ro‘zg‘orini, yurish-turish, kiyim-solim va boshqa taraflarini ham tuzatib oladir.

Oirq yoshlarida mahallaga imom bo‘ladir va maktabini yana ham kengaytirib, shu dahaning har bir tabaqasi ichida “ustoz mulla Solih maxdum” bo‘lib taniladir. Masalan, o‘zida savod chiqarg‘an kosib, savdogar, mullabachcha (madrasa talabasi) va shuningdek yangi bo‘g‘imlarg‘a ustozlik unvonini oladir. Hatto keyingi vaqtlarda uning shogirdlaridan xon o‘rdasigacha borib kirganlari bordirkim, maxdumning bu muvaffaqiyatini boshqa boblarimizda o‘qursiz.

29

Mukarrir – assistent.

30

Mutavaffo – vafot etgan.

31

Ma’almamnuniyat – mamnuniyat bilan.

Mehrobdan chayon

Подняться наверх