Читать книгу Mehrobdan chayon - - Страница 14

12. BAXMALBOFDA FAQIR BIR OILA

Оглавление

Anvar 126785-nchi hijriya miyonalarida Qo‘qonning Baxmalbof mahallasida86 faqir bir oilada dunyog‘a keldi. Onalar tuqqan bolalarini sizga «tilab-tilab olg‘an falonim», deb, otalar «xudoy bergan o‘g‘ulcha» deb taqdim etadirlar. Ammo bizning Anvar bo‘lsa onasining «tilab-tilab olg‘ani» emas va otasi ham uni «o‘gulchag‘a» hisoblamag‘an edi. Otasining kasbi bo‘yoqchiliq, hamisha yarim belidan nil suviga cho‘milib yotqan bir kambag‘al va bir qarich, ikki qarich bolalardan beshtasiga dada edi. Shu besh bolaning yonig‘a izzatsiz, hurmatsiz oltinchi «mehmon» bo‘lib, bizning Anvar qo‘shildi. Ya’ni Anvar tilab oling‘an bola emas, dadasi bilan onasining tilaklariga qarshi, faqat ularning baxtsizlik va qashshoqliqlarig‘a xizmat qilg‘uchi bo‘lib tug‘ildi. Bola tilab olinsa, so‘yinch-quvonch, nog‘orachi-surnaychi va shunga o‘xshash cho‘zma-chalpak, is-charog‘ marosimlari nuqsonsiz ijro etiladir. Ammo Anvarning dunyog‘a kelishi munday marosim, tantanalar va orzu-havaslar bilan bus-butun aloqasiz edi. Masalan onasi o‘z yonig‘a doya chaqirib takalluflanmadi, to‘ng‘uch qizi Nodiraning ko‘magida tug‘di; bolalarini qo‘ni-qo‘shnig‘a so‘yinchi uchun chiqarmadi. Chunki qo‘shnilarning qaysi holingg‘a tug‘ding?» yoki «o‘zi o‘lgur it mizojmi?», deb ta’na qilishlaridan cho‘chidi.

Shu holda yetti-sakkiz kunlab Anvarning dunyog‘a «tashrifi» sir bo‘lib kechti. Anvar ohorliq yangi yo‘rgak ko‘rmaganidek, og‘alaridan birining eski beshigiga to‘q-quzinchi kun belandi emas, tiqildi.

Anvarning «chillasi charog‘ ko‘rmagan» bo‘lsa hech borki yo‘qdir, biroq yigirma kunlab beshikda ismsiz yotishi qiziqdir, chunki yangi «qadrlik mehmon»ga ot qo‘yish na otasining esiga va na onasining xotirig‘a kelgan edi. Oradan yirima kun o‘tsa-ku, bolag‘a ism qo‘ymasalar, deb ota-onani ayblash og‘ir. Balki Salim bo‘yoqchining tiriklikdan qo‘li bo‘shamag‘andir. Anorbibining bo‘lsa olti bolaning xarxashasidan qulog‘i tinchimay miyasi suyulgandir, harholda bu «qadrlik» bolaning oti muhtaram mahalla imomi tarafidan qo‘yilmag‘anidek, ota-ona tomonlaridan ham nasib bo‘lmadi. Ism qo‘yish vazifasini yigirma ikkinchi kunlarda o‘n ikki yoshliq Nodira ado qildi.

Nodira o‘z yaqinlaridag‘i maxdumlardan birining bolasini yaxshi kiyimi, ayniqsa, yoqimliq eshitilgan «Anvar» ismiga suqlanib, havaslanib yurar edi. O‘ylab-netib turmadi-da, yangi chaqaloq ukasining otini ham «Anvar» deb atadi va beshikda chalqancha yotib, nursiz qora ko‘zlari bilan dadasining faqir hayotig‘a «razm qo‘yg‘an» bu chaqaloqning tevaragidan aylanib, «Anvarjon, Anvarjon!» deb xitob qila boshladi. Shuni ham aytib qo‘yish kerakki, Anvarning dunyog‘a kelishini birdan bir tabrik etib so‘yingan shu No-dira edi. So‘ngroq yana unga onaliq martabasida qolg‘uchi, hatto shu kungacha Anvarning eng mehribon kishisi bo‘lib kelguchi yana shu Nodiradir.

Shu yo‘sun Salim bo‘yoqchining mavridsiz laylaklari ichida bemahal g‘urrak bo‘lib Anvar ham yashay boshladi. Bolalari ko‘paygan sayin Salim akaning ishi ham keyinga ketkanidek, kundan kun, ehtiyojdan ehtiyojg‘a o‘tib borar edi. Anvar uch yoshqa kirganda, besh yillardan beri Salim akaga yopishib olg‘an bobosir kasali uning yoqasidan olib yiqitishg‘a muvaffaq bo‘ldi. Ya’ni Salim aka qonsirab, darmonsizlanib yotib qoldi. Muolajaga pul kerak, mundan ham ilgari oilaning umumiy kasali bo‘lg‘an oziqqa ham shu narsa kerak. Salim bo‘yoqchi sarmoyasidagi nil, tuz va shunga o‘xshash dastmoyalarni sotib muolaja qildirg‘an bo‘ldi. Dard ancha ulg‘ayg‘an edi. Bu chiqimlar foyda o‘rnig‘a zarar keltirdilar. Do‘kon dastgohini sotib, ro‘zg‘or qildi. Bular ham bitkandan keyin bu oilaning og‘ir kunlari boshlandi. Ochliq, yalang‘ochliq, ayniqsa kasal boqish.

Shu qish ayniqsa qattiq kelgan edi. Sovuqdan saqlanish uchun ularning hozirliklari yo‘q. O‘pkasiga sovuq tegdirib Salim akaning to‘rtinchi bolasi o‘ldi. Ko‘klamga chiqar-chiqmas Salim bo‘yoqchining o‘zi ham dunyo bilan vido‘lashdi. Buning ustiga Anvar, yana ikki og‘asig‘a qizamiq toshib bir bola munda ham o‘lib berdi. Shu yo‘sun olti oy ichida Anorbibi eridan va ikki bolasidan ayrilib, to‘rt go‘dak orasida tirik beva bo‘lib qoldi. Nodiraning bo‘yi cho‘zilib qolg‘an, har nachuk bir joyini topib ketar, ammo uchta yosh bolaning ishi qiyin edi. Eridan bolalarning tarbiyasiga yararliq hech gap qolmag‘an, bir-ikkita xum, uch-to‘rtta mo‘ndi va shunga o‘xshash rezrov, boshqa bir balo ham yo‘q. Anorbibi mehnat bilan yashab, yetti-sakkizni tug‘ib, yoshi ham qirqlarg‘a borib, tusiga ajin kirib, keksaymasa ham qarimsiq bo‘lib qolg‘an, shuning uchun birartaga tegib olishi to‘g‘risida o‘ylash ham behuda.

Anorbibiga o‘xshash tul xotinlarning qiladirgan ishlari har kimga ham ma’lum: mahallada dasturxonchilik, boylar eshigida oqsochliq, hunarmandroq bo‘lsa – kinnachilik va hokazo. Anorbibi shu hunarlarning hamasiga ham qobiliyat e’lon qilib, bolalarini boqish fikriga tushdi. Va bu orada qizi Nodirani bir bo‘zchi bolasig‘a uzatib, yukini ham biroz yengillatdi.

85

Milodiy hisob bilan 1850–51-yillar.

86

Baxmalbof mahalla – duxoba to‘quydurg‘anlar mahallasi (mual.).

Mehrobdan chayon

Подняться наверх