Читать книгу Mehrobdan chayon - - Страница 21
19. IFLOS BIR MOZIY
ОглавлениеImomning tab’i juda sustlandi. Shom va xuftan asnolarida ham hech kim bilan so‘zlashmadi. Safar bo‘zchining “Buxoroyi sharifda necha yil o‘qub kelib, nihoyati mahallaga imom bo‘ldingiz. Xudoy bermasa shunday bo‘ladi, taqsir” – degan so‘zi zaharli xanjar kabi uning yuragida yangidan yangi jarohat ochar edi.
Darhaqiqat, Safarning bu so‘zi imomning eski jarohatini mudhish tuzlab tashladi. Bu jarohat shu kungacha ichdangina fasodlanib yurg‘an bo‘lsa, bu kun Safar bo‘zchi kabi bir “bema’ni” bu yarani rahmsiz suratda yorib yubordi. Samad bo‘qoq va Shukur so‘fi kabi bemazalar oldida imomning obro‘sini to‘kdi. Bu bir yoqdan. Ikkinchi tarafdan, Safarning “ul bo‘lsa, madrasa ko‘rmasdan mirzolarning mirzosi bo‘lmoqchi…” jumlasi yana dard ustiga chipqon. Ya’ni imomning hasad o‘ti to‘rt tomondan puflandi, go‘yo ul ikki olov o‘rtasida qolg‘andek bo‘ldi.
Anvarning bosh munshiylikka yaramaydirg‘anlig‘ini, ilmsiz, fazlsizligini nega buncha isbot qilishg‘a tirishdi? Safar bo‘zchi kabi bir “ablah” bilan bahslashib, o‘ziga nega buncha xafalik ortdirdi? Garchi, Anvarga xolis qiymat bermakchi bo‘lg‘anida ham buni Safar kabi ilmsiz, nodon bir kishiga tushundirmoq uchun qanday hojat bor edi? Buning sababini so‘zlashdan ilgari imom afandining o‘tkan tarixig‘a biroz ko‘z tashlab olishg‘a majburmiz. Chunki busiz o‘quvchimizni ta’min qilish mumkin emasdir.
Hozirg‘i imomimiz – mulla Abdurahmon mundan yigirma yillar muqaddam, qisqag‘ina, ahamiyatsizgina “Rahmon” ismi bilan atalar edi. Abdurahmonning otasi ulamo naslidan, ammo bu sharaf nima sabab bilandir, uning otasig‘a nasib bo‘lmog‘an, biroq Abdurahmonning amaklari ota kasbini ushlab, tahsil ko‘rgan joylari Buxoroda katta mudarrislardan sanalar edilar. Abdurahmon yosh bola ekan, otasi o‘lib, onasi va ota tomonlari tarbiyasida qoldi. O‘n besh yoshlarg‘acha Solih maxdum maktabida savod o‘qug‘ach, mudarris amaklaridan Buxoroyi sharifka kelib tahsil qilishg‘a da’vat xati oldi. Xatda Abdurahmonning bobo kasblari ulamoliq ekanini, shuning uchun boshqa kasblarga urunib umr zoe’ qilish abasligi105
105
Abas – befoyda, behuda.